Maktabda sport zali yo‘q bo‘lsa o‘qituvchi aybdormi?
Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda Xalq ta’limi vazirligining bir buyrug‘i tarqalib, ko‘p bahslarga sabab bo‘ldi. Bilishimizcha, bu buyruq joriy yilning 4-martida Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov tomonidan imzolangan.
Mazkur buyruqda 2020-2021- o‘quv yilidan boshlab sport zali mavjud bo‘lmagan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida qishki davr(dekabr, yanvar, fevral oylari)da jismoniy tarbiya fani darslari o‘quv soatlarini 10 hafta davomida 5–10-sinflarda haftasiga 2 soatdan 1 soatga kamaytirish va sport zali mavjud bo‘lmagan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida jismoniy tarbiya fanining qish mavsumida qisqartirilayotgan o‘quv soatlari bo‘yicha “UzASBO” dasturiy majmuasiga tegishli o‘zgartirishlar kiritish topshirig‘i berilgan.
Xabar berishlaricha, “UzASBO” dasturiy majmuasiga tegishli o‘zgartirishlar kiritilganligi bois XTB iqtisodchilari sport zali mavjud bo‘lmagan maktablarda ishlayotgan jismoniy tarbiya o‘qituvchilarining dars soatlari dekabr, yanvar, fevral oylarida 5–10-sinflarda 1 soatdan qisqarganligi uchun qayta tarifikatsiya qilib, ularning oylik maoshini oz miqdorda to‘lashni boshlabdi.
Endi ko‘pchilikda savol tug‘ilyapti. Maktablariga davlat tomonidan sport zali qurib berilmagan bo‘lsa, bunga jismoniy tarbiya o‘qituvchilari aybdormi? Mantiqan o‘ylab qarasak, pandemiya munosabati bilan o‘zi shundoq ham jismoniy tarbiya darslari o‘tilmayotgan bo‘lsa, unda nima uchun dars soatlari qisqartirilishi kerak? Bu yerda asosiy maqsad bolalarni sovuqdan himoya qilishmi yoki jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilarining oylik maoshini qisqartirish?
O‘zi shundog‘am “Yoshlik” jismoniy tarbiya va sport jamiyati uchun yig‘ilayotgan pullar keng muhokamada bo‘lib turgan paytda bunisi oshiqcha bo‘ldi nazarimda.
O‘tgan o‘quv yilida 1–4-, 11-sinflarda jismoniy tarbiya fani haftasiga 1 soatdan o‘tilayotgan edi. “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni imzolangach, 2021-2022-o‘quv yilidan boshlab umumiy o‘quv soatlari doirasida jismoniy tarbiya fani barcha sinflarda haftada 2 soatdan o‘tilishi yaxshi yangilik bo‘lgandi. Shuncha ishlardan so‘ng vazirlikning bu buyrug‘i chiqishi, uni asos qilib ayrim o‘qituvchilarning oylik maoshlarini qisqartirish mantiqsizlik emasmi?
Bu masalaga Xalq ta’limi vazirligi rasmiy munosabat bildirishini kutib qolaman.
Ulug‘bek PO‘LATOV