Xo‘rozqand chet elniki
Oktabr oyini ham bir amallab yakunlab oldik. Bir yil nima, ko‘z ochib yumguncha o‘tib ketadi. Qarabsizki, yana oktabr…
Kechagina til haqida kuyib-pishib hamma gapirayotgan edi. Bugun yana eski hammom, eski tos. Bundan bir necha yil oldin Omonulla Madayev televideniye orqali yaxshi fikrlarni ilgari surgandi...
Tilimizning bu ahvolga kelishiga kim aybdor? Qo‘lini bigiz qilib hamma bir-birini ko‘rsatadi. Oxiri barcha birlashib o‘qituvchini. Rost aytasiz. Bemahal qor yoqqaniga, chaqmoq chaqqaniga, shamol qattiqroq esgani-yu, quyosh qizdirganiga ham o‘qituvchi aybdor. Hamisha shunday bo‘lib kelgan…
Maktablarimiz tajriba quyonchasi. Uzoq Sharq, Yevropa, Amerikada ta’lim tizimi... bizda sinab ko‘rilmagan biror davlat qolmadi-yov. Shu paytgacha sof o‘zimizning tizimimizni ishlab chiqolmadik. Xo‘rozqand yaxshimi, yomonmi, nima bo‘lganda ham chet elniki.
Ba’zan o‘ylab qolaman. Beruniy, Ibn Sino, Ulug‘bek kabi buyuk ajdodlarimiz qaysi millatning ta’lim tizimidan yetishib chiqqan ekan, deb.
Xullas, kechagi gaplar, xulosa o‘zingizdan. Tarbiya, til — masalasi hayot-mamot masalasi. Shunday ekan yetti yoshdan yetmish yoshgacha barchamiz mas’ulmiz, shuni unutmaylik. O‘zimiz uyg‘onsak, muallimni uyg‘otish hech narsa emas.
Qahramon ESHMURODOV, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 74-maktab o‘qituvchisi