“Talabalarga chegirma bor”, lekin…
Bilamizki, bir viloyatdan poytaxtga borib o‘qish, ishlash mashaqqat. Buni talaba sifatida juda yaxshi tushunaman. Lekin hozir yozayotgan holatga birinchi marta duch keldim. Aslida Toshkentga o‘qishdagi amaliyotim yuzasidan qaytgan edim. An’anaviy darslar boshlanishini aytishdi, lekin viloyatdagi ko‘pchilik talabalar qiynalishini inobatga olib, onlayn o‘qish ma’qul ko‘rildi. Xullas, amaliyot masalasidagi ishlarim bitishi bilan viloyatga qaytadigan bo‘ldim.
Shimoliy vokzaldagi temir yo‘l kassasiga bordim. 6-kassadagi qiz xushmuomalalik bilan o‘qish joyingizdan ma’lumotnoma olib kelsangiz, sizga chegirma bor, dedi. Kassadan chiqib, dekan muoviniga qo‘ng‘iroq qildim va holatni tushuntirdim. Borsam, yozib berishini aytgach, o‘qishimga borib, ma’lumotnomani olib qaytdim. Ishim tez bitganidan xursand bo‘lib kassaga yo‘l oldim. Avtobusda ketayotganimda kech tushib bo‘lgan, kamiga yomg‘ir ham yog‘a boshlagandi.
O‘rin almashishgan shekilli, 6-kassada boshqa qiz o‘tirgan ekan. Navbatim kelgach, qizga yuzlandim.
— Assalomu alaykum, men talabaman. “Toshkent — To‘rtko‘l” yo‘nalishida chegirmali bilet olmoqchiman”, deb pasport, talabalik guvohnoma va ma’lumotnomani xodimga uzatdim. “Bularning nusxasi qani?” deb savol berdi u. Hayron bo‘ldim, pasport va talabalik guvohnomadan nusxa olib kelishimni aytdi.
— Sizda buning iloji yo‘qmi? Axir soat kechki sakkizga yaqinlashmoqda. Qayerdan topaman shu paytda” deya iltimos qildim.
— Biz sizga bu masalada yordam berolmaymiz. O‘zingiz olib kelishingiz kerak edi, qonun shunaqa.
Kassadagi navbatchi xodimdan so‘radim, 150 metr naridagi do‘konda bor ekan. Yomg‘irda tez-tez yurib borsam, sotuvchi apparati ishlamayotganini, yo‘lning narigi tomonida yana bitta do‘konda borligini aytdi. Yer osti yo‘lidan boshqa tomonga o‘tdim, bu yerdagi apparat ham ishlamayotgan ekan. Nima qilishni bilmay qoldim. Chap tomondagi bank yopilish arafasida, kirib iltimos qilsam yordam berarmikan, deyman ichimda. Shu payt bankdan ikki kishi chiqdi, kimnidir kutyapsizmi dedi, vaziyatni tushuntirgandim, yordam berishdi. Juda xursand bo‘ldim, yaxshi insonlarga uchraganimdan. Yomg‘irda qolganim ham parvoyimga kelmay, kassaga yugurdim. Yana navbat kutishga to‘g‘ri keldi. Kech qorong‘isida atrofga nazar soldim, bugungi kunimni tahlil qila boshladim. Nahotki, O‘zbekiston temir yo‘llari kassalarida qog‘ozdan nusxa qilish uchun sharoit yaratish qiyin bo‘lsa? Aslida haqiqiy hujjat turganda nusxasining nima keragi bor? Talabalarga chegirmalar ularga biroz bo‘lsa-da yengillik berish uchun-ku, lekin aksincha, ortiqcha ishlar ko‘paydi. Kassaning o‘zida 3 marotaba navbat kutdim, fakultetga borib keldim, ustiga ustak yomg‘irda qoldim, nusxa olishga qancha vaqtim ketdi.
Navbatim kelganda ishqilib yana bir muammo chiqmasmikan degan hadik bilan o‘rnimdan qo‘zg‘aldim.
Go‘zal OTAJONOVA,
talaba