O‘zbek tili o‘qituvchisi ruschani bilishi shartmi?
“Rus sinflarida o‘zbek tilini o‘qitadigan o‘qituvchi rus tilini bilishi kerakmi?”, degan savol tez-tez uchrab turadi. Rus tilida o‘qiydigan o‘quvchilar o‘tirgan sinfxonaga kirar ekanman, har bir inson qalbiga, avvalo, uning ona tili orqali kirish eng ma’qul, eng to‘g‘ri va eng yaqin yo‘l ekanini zinhor unutmayman.
Shu bilan birga, o‘ylaymanki, rus sinflarida o‘zbek tilini o‘qitadigan o‘qituvchi nafaqat o‘zbek tili va uning qonun-qoidalarini o‘rgatishi, balki o‘quvchi qalbida O‘zbekiston deya atalgan buyuk davlatga, uning ko‘p millatli xalqiga, ayniqsa, o‘zbek xalqining buyuk tarixi, o‘tmishi, ulug‘ ajdodlari, o‘ziga xos madaniyati, ilmiy salohiyatiga til orqali qiziqish va hurmat uyg‘ota olishi lozim. “Til – dil kaliti”, deb bejiz aytilmaydi. Bolalarning til orqali dilidan joy olgan o‘qituvchi endi uning qalbida o‘zbek tiliga mehr va qiziqish uyg‘ota oladi.
O‘zbek tili fani o‘qituvchisi o‘zbek va rus tillarini qiyoslab, har bir tilning o‘ziga xos jozibasi, go‘zalligini o‘quvchi qalbiga singdira olishga erishmog‘i lozim. Ayniqsa, grammatik qonun-qoidalarni o‘rgatish uchun o‘qituvchi, albatta, rus tilini bilishi shart. Garchi rus sinflarida o‘qiydigan bolalarning katta qismini o‘zbek millatiga mansub oila farzandlari tashkil qilsa-da.
Rus sinflarida o‘qiydigan o‘zbek bolalarining talaffuzi masalasi ham juda dolzarbdir. O‘zbek oilasida tug‘ilib o‘sganligiga qaramay o‘zbek tilining talaffuz me’yorlarini buzib gapiradigan bolalar ko‘pchilikni tashkil qiladi. Sababi, ular alifboni rus tilida o‘rganishgan, deyarli rus tilida “tili chiqqan”. Endi bu bo‘shliqni to‘ldirish uchun o‘zbek tili o‘qituvchisi o‘zbek tilining barcha jozibasini ko‘rsatib bera oladigan darajada go‘zal va boy nutq egasi bo‘lmog‘i lozim.
O‘zbek tili o‘qituvchisi haqiqiy vatanparvar, yuksak maqsadlarni ko‘zlaydigan, o‘zbek xalqi tarixi, madaniyati va tilini yuksak qadrlaydigan inson bo‘lsin. Shundagina u zimmasiga yuklangan mas’uliyatni sharaf bilan ado eta oladi.
Nazokat KUNDUZOVA, Yashnobod tumanidagi 151-maktabning o‘zbek tili o‘qituvchisi