Ta’lim ravnaqiga munosabat bu
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasini barchamiz katta qiziqish bilan tingladik.
Ayni paytda joylarda Murojaatnomani o‘rganishga bag‘ishlangan turli tadbirlar o‘tkazilmoqda. Jumladan, Bo‘stonliq tumanidagi 45-maktabda tashkil etilgan tadbir ham shu mavzuga bag‘ishlandi. Unda mahalla faollari, hududdagi tadbirkorlar qatnashdi.
So‘zga chiqqanlar Murojaatnomada ilm-fan, zamonaviy va uzluksiz ta’lim tizmini yanada takomillashtirish zarurligi, mamlakatimiz aholisining yarmini tashkil etadigan yoshlar bilan ishlash masalasi bundan buyon ham eng asosiy vazifalardan biri bo‘lib qolishi alohida ta’kidlandi. Shuningdek, ertamiz egalarini tadbirkorlikka jalb etish, ular bandligini ta’minlash bo‘yicha imkoniyatlar yanada kengaytirilishi, turizm, transport va umumiy ovqatlanish sohalariga berilgan imtiyozlar kelgusi yil yakunigacha uzaytirilishi va 20 ming tadbirkorning 400 milliard so‘mlik yer va mol-mulk solig‘ini to‘lash muddatini yana bir yilga uzaytirish Prezidentimiz tomonidan taklif etilganligi ayni muddao bo‘lganligi aytildi.
Davlatimiz rahbari Murojaatida ta’lim-tarbiya bilan bog‘liq yana bir nozik masalaga, jamiyatda o‘qituvchi kasbi eng nufuzli va obro‘li kasb bo‘lishi lozimligiga to‘xtalib, pedagoglar malakasini oshirish, ularning mashaqqatli mehnatini rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratilishini ta’kidladi:
“Ma’lumki, muallimlar hozirgi vaqtda eskicha usulda har 5 yilda malaka oshiradi. Bundan buyon ularning, “hayot davomida o‘qish” tamoyili asosida, o‘z malakasini uzluksiz oshirib borishi yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, o‘qituvchilarning o‘z fanini bilishi, pedagogik mahorati va psixologik tayyorgarligidan kelib chiqib, toifa berish mezonlari ham qayta ko‘rib chiqiladi.
Yana bir bor takrorlayman, jamiyatda o‘qituvchi kasbi eng nufuzli va obro‘li kasb bo‘lishi lozim. Muallimlarimiz bolalarga sifatli ta’lim berish va o‘z ustida ishlashdan boshqa narsa haqida o‘ylamasligi uchun davlat barcha sharoitlarni yaratib berishi zarur.
Shu bois, o‘qituvchi, murabbiy va metodistlar mehnatiga munosib haq to‘lash bo‘yicha boshlagan ishlarimiz kelgusi yilda ham davom ettiriladi.
Buning uchun xalq ta’limi xodimlarini rag‘batlantirish hududiy jamg‘armalariga 330 milliard so‘m yo‘naltiriladi.
Shu bilan birga, 240 mingdan ziyod maktab o‘qituvchilariga sinf rahbarligi uchun ustama to‘lovlar 1,5 barobarga oshirilib, budjetdan 400 milliard so‘m qo‘shimcha mablag‘ ajratiladi”. Ana shu fikrlar maktab o‘qituvchi va o‘quvchilarini behad quvontirdi. Buni tadbir davomida yigit-qizlarning o‘zlari katta hayajon bilan e’tirof etdi. O‘qituvchilarimiz o‘zlari tanlagan soha, fan sirlarini chuqur o‘rganib, mamlakatimiz ta’lim ravnaqiga munosib hissa qo‘shishlarini bildirishdi.
Yahyoboy MAVLEDDINOV, Bo‘stonliq tumanidagi 45-maktab direktorining ma’naviyat va ma’rifat ishlari bo‘yicha o‘rinbosari