“Ma’rifat” yulduzlari
Gazetamizda o‘z ijod namunalari bilan qatnashib, ta’lim-tarbiyaga oid fikr-mulohazalari, takliflarini ilgari surib kelayotgan faol muallimlar talaygina. Ammo har yilning o‘z topildiqlari bor. 2020-yilgi “Ma’rifat” yulduzlari ham biz uchun shu yilda kashf etilgan faol mushtariylarga aylanishdi. Xo‘sh, ular uchun bir yillik yaqin hamkorlik nima berdi?
Gulnoza XOLDOROVA, Namangan tumanidagi 21-IDUMI o‘qituvchisi:
— Sevimli adibim O‘tkir Hoshimovning bir hikmati bor: “Deraza – oynadan yasaladi. Ko‘zgu ham. Farqi shuki, ko‘zgu o‘zingni o‘zingga ko‘rsatadi. Deraza esa hammasini ko‘rib turadi-yu, o‘zini ko‘rmaganga soladi… Ko‘zguga ko‘proq qara!
Ta’bir joiz bo‘lsa, “Ma’rifat” xalq ziyolilari uchun ko‘zgu kabidir. Ta’lim tizimidagi yutuqlarimiz, kamchiliklarimizni ham bo‘y-basti bilan ko‘rsatadigan, tanqidlarimizdan parchalanmaydigan ko‘zgu!
“Ma’rifat” gazetasida e’lon qilingan birinchi maqolam tanqidiy ruhda edi. Avvaliga nashr qilinmasligiga ishonchim komil bo‘lgan. Keyingi sondayoq maqolamni ko‘rib hayratda qolgandim. O‘shanda amaldagi “Ona tili” va “Adabiyot” darsliklaridagi xatolar, kamchiliklar, takliflar gazeta sahifalarining o‘zidagina qolib ketmadi. Respublika ta’lim markazi bilan hamkorlikda yangi nashr qilinishi mo‘ljallangan darsliklar loyihasini tayyorlashga ham taklif qilishdi.
Shu mavzudagi maqolalarim ketma-ket e’lon qilindi. 2019-yil sentabr oyida Xalq ta’limi Vazirligining “Darsliklarni birgalikda takomillashtiraylik” tanlovida 3-o‘rin g‘olibi bo‘ldim. Tanlovda “Ma’rifat” gazetasi uchun tayyorlagan tezislarim bilan qatnashgan edim. 2020-yilda “Ma’rifat” gazetasining “Qish fasli g‘oliblari” qatoridan joy oldim.
Gazetada e’lon qilingan maqolalarim tufayli o‘z sohamning fidoyilari bilan tanishdim. Ona tili darsliklarining yangi avlodini shakllantirishga munosib hissa qo‘shayotgan Baxtiyor Mengliyev boshchiligidagi ijodiy guruh bilan ishlash baxtiga muyassar bo‘ldim. 11-sinf “Ona tili” darsligida taqrizchi sifatida ishtirok etdim.
Ilmning erta-kechi yo‘q deganlaridek, 2020 yilida Namangan davlat universitetiga magistratura bo‘limiga o‘qishga qabul qilindim. Pedagoglik bilan birga ilmiy faoliyatimda ham “Ma’rifat” doimo hamrohim bo‘ladi. Erishayotgan barcha yutuqlarim uchun senga rahmat “Ma’rifat”!
Dilbar NORMURODOVA, Termiz shahridagi 11-maktab o‘qituvchisi:
— “Ma’rifat” bilan hamkorlikda ishlash men uchun hayotga qiziqish, maqsad sari intilish, yangiliklar sari dadil qadam, o‘z ustimda ishlash, fikr almashish, do‘stlar safining kengayishi, oilam uchun esa haqiqiy hamsuhbat, sog‘lom muhit, omadlar eshigining ochilishi degani. Bu gazeta tajriba almashish uchun katta davra hisoblanadi. Mana, 20 yildan beri u bilan hamkorligim davom etadi. Har safar tahririryat eshigidan kirsam shirin so‘zli, qalbi nurga to‘lgan jonkuyar qalamkashlar bilan yuzlashaman. Ularning biz o‘qituvchilarga e’tibori, hurmati balandligini his qilib, yanada zavqqa to‘lib ishga qaytaman.
Xosiyat HAMROYEVA, Ellikqal’a tumanidagi 66-maktab o‘qituvchisi:
— O‘tgan yil boshida “Ma’rifat” gazetasining telegram tarmog‘idagi “Ma’rifat” mushtariylari” guruhiga a’zo bo‘ldim. Guruhda jamuljam bo‘lgan bir-biridan qobiliyatli, mahoratli ustozlarning ta’lim-tarbiya haqidagi bahs-munozaralarini kuzatib, tez fursatda o‘zim ham bu davra ishtirokchisiga aylandim. Respublikamizning turli hududlarida faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilar bir-birlari bilan metod va foydali maslahatlar almashishlari meni juda quvontirdi. Gazeta ijodkorlari bilan yaqindan tanishdim va “Ma’rifat” atrofida yig‘ilgan juda ko‘p mutolaasevar hamkasb do‘stlar orttirdim. Kichik-kichik maqolalarim gazetada e’lon qilina boshlandi. “Ma’rifat” chang bosayotgan qalamimni yana qo‘limga tutqazdi. Natijada o‘qish-o‘rganishga bo‘lgan ishtiyoqim kundan-kunga osha boshladi. Gazeta bilan hamnafas holda bakalavr ta’limini tugatganimdan 12 yil keyin, ya’ni tugallangan yilda Nukus davlat pedagogika institutining magistratura bo‘limiga qabul qilindim. Bunday dadil qadamni qo‘yishimga “Ma’rifat” bilan do‘stlashish, hamkorlik turtki berdi. Buning uchun gazetamizning jonkuyar xodimlari va o‘tkir mushohadali mushtariylaridan minnatdorman.
Botirjon KARIMOV, Kosonsoy tumanidagi 4-maktab o‘qituvchisi:
— “Ma’rifat” gazetasini pedagogik faoliyatimni boshlagan davrlardan boshlab mutolaa qilaman. U eng yaqin uslubiy ko‘makchimga aylangan. Ochig‘i, yillar davomida mening ham qandaydir tavsiya, ishlanma yoki maqolalarim chop etilishini orzu qilardim.
Biologiya fanidan berilayotgan testlar, masalalarning yechimi bo‘yicha uslubiy tavsiyalar yaratdim, gazetaning telegramdagi mushtariylar guruhidagi mavzular bo‘yicha fikrlarimni bildirib bordim, kunlarning birida bosh muharrir Husan Karvonli mening fikrim gazetada chop etilishini aytdilar,birinchi qadam shu bo‘ldi.
Shundan so‘ng PISA testlarini tuzish, fandagi muammo va yangiliklar bo‘yicha tavsiyalar yaratish ustida ishlay boshladim. “Ma’rifat” orqali hamkasblarimga o‘z tajribalarimni ulashishni maqsad qildim. Bu bo‘yicha gazetada materiallarim e’lon qilinganidan so‘ng tumanda PISA bo‘yicha seminarlar tashkil qildik. Maktabda trener-uslubchi hamda ko‘plab repetitor va abituriyentlarga tavsiyanoma va qo‘llanmalar yaratib kelmoqdaman. Yil oxirida sarhisob qilsam, “Ma’rifat” gazetasi bilan hamkorlikda ishlagan yilim ancha sermahsul, ijodga boy o‘tganini angladim. Meni ijodkor o‘qituvchiga aylantirgan sevimli tahririyatga yangi yil muborak bo‘lsin! Kelajakda bundan ham samarali hamkorlik qilamiz, degan umiddaman.
Dilnoza NARZULLAYEVA, Vobkent tumanidagi 21-maktab o‘qituvchisi:
— “Ma’rifat” gazetasida ilk maqolam e’lon qilinganiga roppa-rosa 5 yil bo‘libdi. Gazeta muxbiri Rayhona Xo‘jayeva yordami bilan tayyorlangan bu maqola o‘zimga bo‘lgan ishonchni oshirdi.
Gazetani muntazam o‘qib, unga maqolalar yozishni o‘rgangan edim. Qanday qilib o‘quvchilarim qalbiga yo‘l topayotganim haqidagi hikoyalar, yangi qo‘llayotgan metodlarimni hamkasblarimga tezroq ulashish maqsadida gazetaga chunonam mehr qo‘ydimki, keyinchalik tahririyatning barcha jonkuyar xodimlari bilan yaqindan tanishdim va yanada ko‘proq maqola yozishga kirishdim. “Ma’rifat” bilan o‘zim ustimda har doim ishlashda davom etaman, kasbimizning naqadar ulug‘ligi-yu mas’uliyatini his etaman. “Ma’rifat” mushtariylari” telegram guruhi ham respublikamizda faoliyat olib borayotgan mehnatkash, izlanuvchan o‘qituvchilar bilan tanishib, tajriba almashish imkonini berdi. Gazetada chop etilayotgan tanqidiy-tahliliy maqolalar hushyorligimni oshiradi.
Muzaffar ISMOILOV, Andijon tumanidagi 38-maktab o‘qituvchisi:
— “Ma’rifat” bilan maktabda o‘qib yurganimdan buyon yaxshi tanishman(u vaqtlari “O‘qituvchilar gazetasi” deb nomlanardi). Otam ham o‘qituvchi bo‘lgani uchun bu gazeta uyimizda doimo o‘qilgan va hozir ham shunday. Ayniqsa, so‘nggi yillarda unda eng muhim masalalar ko‘tarilmoqda. Gazeta muammolar, takliflar, fikrlarimni keng ommaga yetkazishimda yaqin vositachimga aylangan. O‘z ustimda izlanishim, bilimimni oshirishim, yangi do‘stlar orttirishim, pedagogik mahoratimni oshirishimda muhim ahamiyat kasb etadi. “Ma’rifat” jamoasi va mushtariylari bilan do‘stlashish kasbiy faoliyatimga yanada mazmun bag‘ishladi. Maqolalarim, fikrlarim gazetada chop etildi. O‘zi keskin tanqid va achchiq gaplarim bilan ko‘pchilikka ham manzur bo‘lavermayman, ammo “Ma’rifat” ularni bir shaxsning erkin fikri sifati to‘g‘ri qabul qiladi.
Iskandar G‘OZIXO‘JAYEV, Yangiqo‘rg‘on tumanidagi 21-maktab o‘qituvchisi:
— “Ma’rifat”ga talabalik davridayoq mushtariy bo‘lgandim. Undagi bir-biridan qiziqarli ma’lumotlar, fikr va mulohazalar meni o‘ziga tortardi. O‘qituvchilik faoliyatimga mana sakkiz yil bo‘libdiki, hamisha “Ma’rifat” men bilan birga. Gazetani o‘qish bilan bir vaqtda nutq madaniyatim, dunyoqarashim, o‘quvchi yoshlarga ta’sir doiram oshib borayotganini his qildim. Qachonlardir sevimli nashrimda fikrlarim chop etilarmikan degan yaxshi niyat aslo tark etmasdi. 2020-yilda bir emas, bir necha maqolam chop etilishi nafaqat meni, balki butun jamoamizni xursand qildi. Ayniqsa, “O‘qituvchi cho‘ntagiga ko‘z tikmang, janob mutasaddilar” nomli maqolamdan so‘ng bir qancha ijobiy o‘zgarishlarni ustozlar katta mamnuniyat bilan e’tirof etishdi. Gazeta sahifalaridagi ilmiy, pedagogik, tanqidiy-tahliliy maqolalar hammamizga manzur bo‘lmoqda. Bu ezgu yo‘lda tahririyatning barcha a’zolariga ulkan zafarlar tilab qolaman. Yo‘limizni hamisha “Ma’rifat” nuri yoritsin!
Norchuchuk NORMURODOVA, Shahrisabz shahridagi 16-maktab o‘qituvchisi:
— 2020-yil men uchun juda omadli keldi. “Ma’rifat” gazetasi 31 yillik beminnat maslahatgo‘yim bo‘lsa-da, ish faoliyatimdagi tajribalarimni gazeta sahifalarida yoritish baxti shu yilda nasib etdi. Dastlab “Ma’rifat” mushtariylari” telegram guruhida bildirilgan fikrlarim, so‘ng “Avval matematika, keyin hammasi...” rukni ostida mantiqiy masalalarni yechish usullarini o‘z ichiga olgan qator maqolalarim chop etildi.
Tahririyatning jonkuyar xodimlari bizga o‘zaro tajriba almashish va ta’lim tizimining rivojlanishi yo‘lida izlanishlar olib borishda fikrimizni erkin ifoda etish imkonini yaratib berishmoqda. Yangi O‘zbekiston maktab ostonasidan boshlanadi. Buni amalga oshirishda ta’lim beruvchilar va ta’lim oluvchilarning hamda mahalla va ota-onalarning yaqin hamkorligi muhim ahamiyat kasb etadi. “Ma’rifat” bog‘ining bog‘bonlarini kirib kelgan 2021-yil bilan samimiy muborakbod etaman.
Sanobar BERDIYEVA, Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 286-maktab o‘qituvchisi:
— 2020-yil dunyo xalqlari uchun og‘ir va sinovli keldi. Biroq har bir ishda xayr bor. Pandemiya davrida o‘z ustimizda ishlash, o‘qituvchilikdan tashqari iste’dodimizni namoyon qilish imkoni bo‘ldi. Bunda bizga “Ma’rifat” gazetasi va uning telegram guruhi yaqindan yordam berdi. Hammamiz uchun sevimli bo‘lgan “Ma’rifat” gazetasi respublikamizdagi ziyolilarning chin ma’nodagi do‘sti va hamrohidir. Quvonarlisi, telegram guruhida o‘qituvchilar tomonidan bildirilayotgan fikrlar gazeta sahifalarida muntazam yoritib borildi. O‘tayotgan yilda erishgan yutuqlarim bevosita shu gazeta bilan bog‘liq desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Ko‘plab tanishlar orttirdim, ulardan ko‘p narsa o‘rgandim, bir-birimizni hayotda ko‘rmagan bo‘lsak-da, eng yaqin insonlarimga aylanishdi. Shu sabab ham “Ma’rifat”dan minnatdorman.
Mohidil HUSHVAQTOVA, Izboskan tumanidagi 15-maktab o‘qituvchisi:
— “Ma’rifat” gazetasi haqida o‘ylaganimda doimo yuzimda tabassum uygonadi, kayfiyatim ko‘tariladi. U orqali kasbimning mazmun-mohiyatini teranroq anglay boshladim. Gazeta ijodkorlari biz ustozlarning fikrlariga juda ham e’tiborli. Kecha telegram guruhida bildirgan fikrim, bugun gazetada o‘rin olsa qanchalar sevinaman, o‘zim bilan ishlaydigan hamkasblarimga, oila a’zolarimga maqtanib, gazetani ko‘rsataman. “Ma’rifat” orqali mamlakatning turli hududlarida yashab, mehnat qilayotgan ustozlar bilan yaqindan tanishdim. G‘oyibona bo‘lsa-da, bilimi kuchli, tajribasi yuqori hamkasblarim bilan ta’lim-tarbiyaga oid dolzarb masalalar ustida bahslashamiz, savollarga javob izlaymiz, bir-birimiz bilan tajriba almashamiz. Bular, albatta, ish faoliyatimizda asqotadi.
Zilola MADATOVA tayyorladi.