Qishloqdan adib chiqmaydimi?
Kasbi tumanidagi 10-maktab eski o‘quv maskanlaridan. Bitiruvchilari safida xizmat ko‘rsatgan qishloq xo‘jaligi, madaniyat xodimlari, o‘nlab fan doktori va nomzodlari bor. Men ham shu maktab bitiruvchisiman va shunday bilim dargohida savodim chiqqanidan, ilm ziyosidan bahramand bo‘lganimdan faxrlanib yuraman. Nasiba ekan, necha o‘n yillardan beri poytaxtda umrguzaronlik qilib, jurnalistikada rizqimni terib yuribman. Shu yillarda kimlarnidir tanidim, kimlardir meni tanidi. Biroq qanday xayrli ishga qo‘l ursam, uning natijalaridan birinchi navbatda qishloqdoshlarim bahramand bo‘lishini istadim, shunga harakat qildim.
Yaqinda o‘z hisobimdan navbatdagi kitobimni nashr ettirdim. Albatta, uning ilk o‘quvchilari yurtdoshlarim bo‘lishini istaganim — bor gap. Lekin andisha shunda ediki, hozirgi sharoitda buni hurmatli ustozlar qanday tushunishar ekan? Yana ilinj bor ediki, ayni paytda xalq ta’limiga katta e’tibor berilyapti, ayniqsa, maktablarga ijodkorlarni jalb etish yuzasidan amaliy ishlar bo‘layotgani turtki berdi-da, maktab direktori Kenja Bobomurodovga qo‘ng‘iroq qilib, tabriklardan so‘ng asta muddaoga o‘tdim. Kitob chiqqani haqida eshitib, xursand bo‘lish, tabriklash yo‘q, aksincha, rahbarning nafasi ichiga tushib ketdi. Demak, birinchi navbatda uni kitoblarni tarqatish va “pulini yig‘ib berish” muammosi tashvishga solgan. Holbuki, hali bu haqda gap ham bo‘lmagan, hatto kitoblarni tekinga sovg‘a qilish niyatim ham bor edi. Direktor biroz o‘zini o‘nglab oldi, chamasi, chuqur nafas olib gap boshladi: “Kitobning bir donasini olib kelib, o‘rtaga tashlaymiz. Agar o‘qituvchilar “olaman” desa, shunga yarasha muomala qilamiz”.
Albatta, bunday javobdan keyin boshqalar o‘zini qanday tutadi, bilmadim, lekin men o‘zimni yo‘qotmadim, chunki bunaqalarga ko‘p duch kelingan. Gapning nafsilambrini aytganda, voqeaning davomini kutdim, qani, pedagog o‘z lafzida turadimi? Oradan ikki haftalar o‘tdi hamki, u yoqdan sado bo‘lmadi. Demak, kitob o‘qish rad etilgan. Bu holning jiddiy sabablari, masalan, tuman yoki viloyat rahbari xuddi shu yo‘nalishda qat’iy topshiriq bergan, kitob o‘qishni “taqiqlab qo‘ygan” bo‘lishi mumkindir, biroq shu maktabda o‘qigan, ishlagan muallifning nebir chig‘iriqdan o‘tib, chiqargan kitobi qishloqdosh ma’rifatchilarni qiziqtirmagani o‘zimga ham alam qildi. Axir mehnating yon qo‘shning, qishloqdoshingga asqotmasa, bunday yumushning nima keragi bor? Bilmadim, Siz ham shu holga tushgansizmi, yo‘qmi, ammo men bunday munosabatni davr ruhini his etmaslik, ilm-ijod ahliga hurmatsizlik, deb tushundim. Yuz nafardan ziyod jamoa adabiy jurnallar, boshqa nashrlarga emas, hatto soha gazetasi “Ma’rifat”ga ham obuna bo‘lmagan ekan. Hayotdan uzilib qolgan (yangilik kirib bormagach, uzilib qoladi-da) bunday maktab bugun qo‘yilayotgan talablarga qay yo‘sinda javob bera oladi? Umuman, aytiladigan gaplar ko‘p, ularga ham endi navbat yetadi, chamasi.
Hakim SATTORIY
Maqola ko‘pchilikning e’tiboriga muhokama uchun e’lon qilinmoqda. Umuman, mahalliy ijodkorlarga e’tibor, munosabat qay tartibda bo‘lishi kerak, ayni shu o‘rinda qanday yo‘l tutish ko‘zda tutilgan? Fikrlaringizni kutamiz.