Darsliklar nashri va “O‘qituvchi” nashriyoti taqdiri
Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev olib borayotgan ichki va tashqi siyosat xalqimiz hamda jahon jamoatchiligining jiddiy e'tibori, chuqur hurmatiga sabab bo‘lmoqda. Chet ellarda bu hurmat va e'tirofga guvoh bo‘lib, shu yurt farzandi bo‘lganimdan faxrlanaman.
Bugungi kunda tashqi siyosatda jahon hamjamiyati bilan teng qadam tashlash, rivojlangan davlatlar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik qilish, O‘zbekistonga dunyoni va dunyoga O‘zbekiston eshiklarini ochib, ichki siyosatning turli sohalarida dadil islohotlarni amalga oshirish, ayniqsa, korrupsiyaga qarshi ayovsiz kurashni barcha sohalarda tizimli ravishda olib borish mamlakat Prezidenti va uning timsolida davlatimizning obro‘yini kun sayin oshirmoqda. Ana shu obro‘ tufayli jahonning rivojlangan mamlakatlari O‘zbekistonga jiddiy e’tibor qaratmoqda va siyosiy-iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirmoqda. Yevropa Ittifoqi mamlakatlari Markaziy Osiyo hududida faqat O‘zbekiston bilan hamkorlikni davom ettiramiz demoqda. Buning yorqin isboti sifatida aytish mumkinki, Prezidentimizning 2019-yil yanvar oyida Germaniyaga rasmiy safaridan boshlab bu mamlakatning O‘zbekistonga kiritayotgan investitsiyalari hajmi 10 milliard dollardan oshdi. Ana shunday xalqaro obro‘yimiz oshib borayotgan bir paytda turli sohalarda, ayniqsa, ta’lim va matbaachilik yo‘nalishlarida bir qator kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadga muvofiq.
Ma’lumki, mamlakat g‘ildiragini mutaxassis aylantiradi. Mutaxassisni esa oliy ta’lim va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari tayyorlaydi. Mutaxassislar tayyorlovchi kasb-hunar kollejlari va oliy o‘quv yurtlari uchun kerakli o‘quv adabiyotlari va ularning taqdiri bilan bog‘liq nashriyotlar faoliyatidagi ahvol nazarimda jiddiy islohotga muhtoj. Mutaxassislikdan dars beruvchi o‘qituvchilar ta’limni eng avval o‘quv adabiyotlari — darslik, o‘quv va uslubiy qo‘llanma hamda turli maxsus adabiyotlar yordamida amalga oshiradi. Yaqin besh-o‘n yildan buyon ana shu o‘quv adabiyotlari nashri tender asosida amalga oshirilyapti. Tenderda aniq o‘quv fanlari va sohalar bo‘yicha maxsus tahririyati yo‘q nashriyotlar “yutyapti”. Vaholanki, har bir darslik – bu didaktik hujjat, uni shu sohani o‘qitish bo‘yicha didaktik va metodik tajriba orttirgan mutaxassislar yaratishi kerak. Buning uchun, masalan, matematika fanini bilishning o‘zi kifoya emas, matematikani o‘qitish metodikasi nazariyasi va amaliyotini yaxshi egallagan, o‘quvchi fiziologiyasi va psixologiyasini yaxshi bilgan o‘qituvchi bo‘lish kerak. Ayni kunda maxsus tahririyati bo‘lmagan xususiy va davlat nashriyotlari darsliklarni “choppillatib” chop etib yotibdi. Shu faktning o‘ziyoq tender tanlovlarining xolis o‘tayotganiga nisbatan shubha uyg‘otadi. Aksariyat fanlar bo‘yicha chiqarilgan darsliklar nafaqat imlo xatolari, balki son-sanoqsiz metodik va didaktik xatolarga to‘la. Mualliflar va ularning jamoalari shakllanishida, darsliklar ekspertizasida ham salbiy holatlar (guruhbozlik, mahalliychilik va h.k.) ko‘rinadi. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi qoshidagi muvofiqlalashtiruvchi kengash va Xalq ta’limi vazirligi qoshidagi Respublika ta’lim markazi tavsiyasi bilan chop etilgan aksariyat o‘quv adabiyotlarida son-sanoqsiz kechirib bo‘lmas xatolar ko‘zga tashlanadi. Masalan, nemis adabiyoti tarixi darsligiga fransuz adabiyoti mutaxassisi mas’ul muharrirlik qilgan. Darslik mualliflarining aksariyati esa Toshkentda ishlayotganlar... Viloyatlarda ham qobiliyatli, kompetentli, mualliflikka loyiq mutaxassis o‘qituvchilar yo‘qmi?
Bundan xulosa shuki, darsliklarni faqat va albatta umumta’lim fanlari bo‘yicha tashkil qilingan maxsus tahririyatlari bor nashriyotgina chiqarishi mumkin. Tenderni ham ana shu nashriyot doirasidagina qilish kerak. Masalan, 1-sinf “Nemis tili” darsligini bir necha mualliflar jamoasi alohida yaratsin. Maxsus metodik va didaktik komissiyadan qaysi jamoa (darsligi) g‘olib chiqsa, o‘sha darslik chop etilsin. Turli badiiy, publitsistik va boshqa nodidaktik nashrlarni xohlagan boshqa nashriyot chiqaraversin... Bir paytlar mamlakatda shunday 10 tacha maxsus fanlar bo‘yicha tahririyatlari bo‘lgan “O‘qituvchi” nashriyoti bor edi. Men o‘sha nashriyotda ishlaganman. Biroq noshirlikdan xabari yo‘q turli katta-kichik rahbarlarning noshud faoliyati natijasida bu nashriyotning bugungi kunda bittagina umumiy tahririyati, to‘rt-beshtagina muharriri bor. Endi bu nashriyot ham davlat tasarrufidan chiqib, xususiylatirishga mahkum etilgan. Agar bu nashriyotni ham biror nomutaxassis tadbirkor xususiylashtirib olsa bormi, u qanday darslik chiqara boshlashi mumkinligi tasavvurga sig‘maydi, chunki uni darslikning sifati emas, eng avval bu nashrdan unga qancha foyda kelishi qiziqtiradi.
Darsliklarni nashr qilish ayni paytda xuddi shou biznesga aylanib bormoqda. Hozir maxsus mutaxassislari bo‘lmagan, asosiy faoliyati matbaachilikdan iborat “KolorPAK”dek xususiy korxonalar kimlarnidir o‘rtaga solib darsliklarni nashr qilishni qo‘liga olyapti. Farzandlarimiz o‘qiydigan darsliklarni, metodik qo‘llanmalarni tayyorlash biznesga aylanmasligi lozim, ular davlat nazoratida bo‘lishi zarur. Rivojlangan Amerika, Germaniya, Yaponiya, Rossiya, Xitoy va boshqa davlatlarda darsliklar tegishli davlat organlarining nazoratida, kuchli ekspertlar xulosasi olinib, keyin nashr qilinadi. Darsliklarning mazmuni, ularning sifati bozorga tashlanmaydi, maxsus tajribaga ega mutaxassislari bo‘lgan nashriyotlargina darslik nashri bilan shug‘ullanadi.
Darsliklarning sifati bo‘yicha O‘zbekiston Oliy Majlisi deputatlari, jamoatchilik tomonidan qattiq e'tirozlar bildirilmoqda. Bu o‘rinda gap idishning zo‘r va qimmatbaholigida emas, avvalo, uning ichidagi mahsulot sifati haqida bormoqda. Ammo mazmun bilan matbaa ijrosining farqiga bormaydigan soha rahbarlari e'tirozlarning mohiyatini tushunib yetmay, darsliklarning matbaa (tipografik) ijrosiga yopishib olishgan. Aslida sifat deganda darsliklarning matbaa ijrosi emas, uning mazmuni, metodikasi, didaktikasi tushunilishi kerak.
Darslik va o‘quv adabiyotlarining mazmuni va ekspertizasi, ularni davlat ta’lim standarti va o‘quv dasturlariga mos ravishda tayyorlash bilan ayni paytda XTV qoshidagi Respublika ta’lim markazi va Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi qoshidagi Muvofiqlashtirish kengashi shug‘ullanadi. Biroq bu markaz va kengash qoshida tuzilgan bo‘limlarda ba’zi fanlar bo‘yicha tuzilgan o‘quv-metodik komissiyalarga ham metodika va didaktikani yaxshi biladigan mutaxassislarni jalb qilish lozim. Asosiy didaktik va metodik talablarga amal qilinmaganligi uchun birgina 1-sinf “Nemis tili” darsligining dastlabki 2013-yilgi varianti nashri 130 ta metodik, didaktik va lisoniy hamda imlo xatolari bilan chop etilgan edi. Nemis tili bakalavriati uchun yozilgan “Nemis adabiyoti tarixi” darsligida esa minglab qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘yilgan. Bu kabi holat boshqa yuqori sinflar uchun yozilgan darsliklarda ham, boshqa fan darsliklarida ham ko‘plab uchramoqda. Darsliklar sifati haqida gapirganda ularni tayyorlovchi mualliflarning mehnatlarini munosib rag‘batlantirish masalasi ham hamon oqsamoqda. Hozirgi bozor iqtisodiyoti davrida esa bu juda dolzarb masala hisoblanadi. Muallif va ekspertlarga, darsliklarni nashrga tayyorlovchi muharrirlariga qoniqarli mehnat haqqi to‘lanmas ekan, darsliklarning talab darajasidagi sifati haqida gapirish qiyin. Chunki darslik yaratish va uni ekspertizadan o‘tkazish, ularni nashrga tayyorlash – bu ertak yozish, hikoya to‘qish emas. Bu o‘ta mashaqqatli va mas’uliyatli ish. Bugungi bozor iqtisodiyoti davrida bu masalaga panja orasidan qarab bo‘lmaydi. Ayrim sabablarga ko‘ra mualliflarning darsliklari o‘z taqdirini kutib, yillab chang bosib yotgani ham ayni haqiqat. Zamon esa tez o‘zgaryapti, darsliklarning mazmuni esa kun sayin eskirib bormoqda. Va natijada oldin yoziligan darsliklarni qaytadan yozishga to‘g‘ri kelmoqda. Bu esa mualliflarning hafsalasini pir qilmoqda. Bechora bilimli domla yaxshi dars o‘tsinmi, darsiga tayyorlansinmi va ayni bir paytda yana zamonaviy darslik ham yaratsinmi? Shu sababdan darslik mualliflariga maxsus shart-sharoit yaratish ham muhim masaladir.
Nashriyotlar orasida O‘zbekiston Respublikasi iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlovchi Mirzo Ulubek nomli jamg‘arma qoshida faoliyat yuritayotgan “Ta’lim” nashriyoti ham bor. Bu nashriyotga hurmatim baland. Chunki u yerda o‘quv va ilmiy adabiyotlarga jiddiy talablar asosida yondashiladi. Darslik va qo‘llanmalar yuqori didaktik talablar asosida chop etilmoqda.
Mavjud holatdan kelib chiqadigan xulosa va takliflarim:
1. O‘quv adabiyotlari nashrida tobora ko‘zga tashlanib borayotgan salbiy holatlarni bartaraf qilish lozim. Aks holda mamlakatni chalasavod mutaxassislar bilan ta’minlayveramiz. Yaqin va olisdagi mamlakatlar mutaxassislari bilan raqobatbardosh ham bo‘lolmaymiz.
2. Vazirliklar ishtirokida yagona TA’LIM MARKAZI tuzish va uning qoshida umumta’lim maktablari, kasb-hunar kollejlari va oliy ta’lim muassasalari uchun o‘quv adabiyotlari yaratish bo‘yicha asosiy fanlar uchun maxsus bo‘lim(tahririyat va komissiya)lar tashkil qilish.
3. O‘quv adabiyotlari nashrini yagona davlat ta’lim siyosati asosida nashrga tayyorlash va chop etish maqsadida hozirgi “O‘qituvchi” va “Ta’lim” nashriyotlari bazasida yangi mustaqil davlat didaktik nashriyoti tuzish kerak.
4. Yangi O‘zbekistonning yangi nashriyoti faoliyatini zarur professional muharrirlar bilan ta’minlash va ularga qoniqarli ish haqi to‘lanishini kafolatlash lozim.
Nazarimda, ana shunday nashriyotgina davlat ta’lim siyosatini, davlat ta’lim standartlari kafolatini ta’minlovchi tashkilot bo‘la oladi. Ana shu yangi nashriyot qoshida 30 yil avvalgi “O‘qituvchi” nashriyoti misolida umumta’lim maktablarida o‘qitilayotgan asosiy o‘quv predmetlari (fanlar) bo‘yicha alohida maxsus tahririyatlar tuzish, ularga yoshidan qat’i nazar, mamlakatimizdagi pedagog olimlar, tajribali metodist mutaxassislarni jalb qilish, ularning faoliyatini moddiy va ma’naviy jihatdan rag‘batlantirish, muqobil tarzda yangi darsliklar avlodini yaratish va chop etish zarur. Bu masalada rivojlangan mamlakatlar, ayniqsa, Germaniyaning didaktik nashriyotlari va butun dunyoga namuna bo‘layotgan, o‘quv adabiyotlari yaratish bo‘yicha eng ilg‘or dastur va andozalar asosida ishlayotgan “CORNELSEN” nashriyoti bilan yaqindan hamkorlik qilish orqali mamlakatimiz kelajagini yaratuvchi yosh avlodga eng zamonaviy o‘quv adabiyotlarini yetkazib berish mumkin.
Aytilgan holatlarni bartaraf etish qiyin emas, albatta. Aks holda, xalq ta’limi va oliy ta’limimizda yaxshi qarorlar yomon ijro etilishi, yaxshi islohotlar o‘ylanganday natija bermasligi va ko‘zlangan maqsadga olib bormasligi mumkin.
Biz professor-o‘qituvchilar Prezidentimizning “O‘zbekistonda adabiyot va san’at, madaniyat, ommaviy axborot vositalari, ma’naviyat va ma’rifat biznesga aylanmasligi shart va biz bunga hech qachon yo‘l qo‘ymaymiz!”, degan so‘zlariga amal qilishimiz lozim. Maqsadimiz — Yangi O‘zbekiston yigit-qiz kadrlariga xalqaro standartlar asosida yaratilgan yangi o‘quv adabiyotlari yordamida zamonaviy ta’lim va tarbiya berish...
Xurram RAHIMOV,
Germaniyadagi Germaniya – O‘zbekiston Ilmiy jamiyati raisi,
O‘zbekiston nemis tili o‘qituvchilari
assotsiatsiyasi raisi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, professor