Ixtiyoriy obunadan ham baribir yuz o‘girdik(mi?)
Prezidentimiz o‘tgan yili “O‘qituvchi va murabbiylar kuni”ga bag‘ishlangan tantanali marosimda “Ayting-chi, o‘qituvchi o‘z ustida ishlashi, bilim va mahoratini oshirishi uchun qo‘shimcha metodik yordamni qayerdan oladi? Albatta, shu sohaga oid kitob va qo‘llanmalardan, maxsus pedagogik nashrlardan oladi. Afsuski, biz keyingi yillarda “majburiy obuna” bahonasida ixtiyoriy obunani ham yo‘q qildik. Buning natijasida maktab va oliygohlarning o‘qituvchi va domlalari o‘zlari uchun zarur bo‘lgan gazeta va jurnallardan ajralib qoldi...”, deb ta’kidlagandi. Mutasaddilarga har bir ta’lim muassasasi kutubxonalarini pedagogik nashrlar bilan ta’minlash topshirig‘ini bergandi. Biroq o‘qituvchilar minbari bo‘lgan ta’lim nashri — “Ma’rifat” gazetasi uchun 2021-yilgi obunani viloyatlar kesimida tahlil qilsak, o‘n mingdan ziyod maktabning har biri uchun bir nusxadan ham to‘g‘ri kelmasligi ayanchlidir. Respublikamizdagi 10008 ta umumta’lim maktabi uchun umumiy 7500 nusxa obuna bo‘lingan. Jumladan, Xorazm viloyatida jami 546 ta maktab bo‘laturib, ushbu gazetaga atigi 73 tagina obuna bo‘lingan, Toshkent viloyatidagi 891 ta maktab — 134 ta, Andijon viloyatida 764 ta maktab mavjud bo‘lsa-da, obuna 151 taga yetgan, xolos.