Olimpiadaga qatnashmasaydi...
Saharda xavotir bilan uyg‘ongan Marjona onasiga ko‘rgan tushini aytib berdi. Negadir ko‘ngli g‘ashlanib, shu olimpiadaga qatnashmasam nima bo‘larkan deb o‘yladi. Ammo onasidan dakki eshitdi. “O‘qituvchining farzandi bo‘laturib sen shunday qilsang, boshqalardan nima kutish mumkin. Fan o‘qituvching ham, direktor ham gap eshitishi tayin-ku. Har xil xayollarni miyangdan chiqar, undan ko‘ra 1-o‘rinni olib, hammamizning yuzimizni yorug‘ qilishni o‘yla”. Onasining gapidan ko‘ngli taskin topgan Marjona yaxshi kayfiyatda yo‘lga otlangan edi…
Inson ertangi kuni, hatto umrining keyingi soniyalarida uni nima kutayotganini bilmas ekan.
Agar bilganida Marjona ham bugun oilasi davrasida bo‘lmasmidi, sinfdoshlari qatori o‘ynab-kulmasmidi.
Agar onasining gapiga kirmaganda…
Agar a’lo baholarga o‘qimaganda…
Agar olimpiadaga qatnashmaganda…
Atigi 17 bahorni ko‘rgan murg‘ak jon baxtsiz hodisa qurboniga aylanmas edi!
Qishning qorong‘i, ayozli kunlarining birida Nurota tumanida istiqomat qilayotgan ikki oilaning boshiga og‘ir musibat tushdi. Bundan butun tuman, viloyat, balki respublikadagi ta’lim sohasi vakillari g‘amga botdi. Navoiy shahrida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan fan olimpiadasining viloyat bosqichiga Nurotadan to‘rt yo‘lovchini olib ketayotgan yengil avtomashina “Qoraqarg‘a” dovonidan o‘tayotganda haydovchining ehtiyotsizligi sabab yo‘ldan chiqib ketadi. Oqibatda 42-maktabning kimyo fani o‘qituvchisi, 28 yoshli Zohidjon Shokirov va 2-maktabning 11-sinf o‘quvchisi Marjona Hazratqulova yorug‘ olamdan ko‘z yumadi.
Ana’anaviy tarzda maktab o‘quvchilari o‘rtasida fan olimpiadalari o‘tkazib kelinmoqda. Bundan ko‘zlangan maqsad o‘quvchilarning bilimi, iqtidori, ijodiy qobiliyatini tekshirish, o‘zlari tanlagan fanlarga qiziqishini oshirishdir. Fan olimpiadasining ta’limda ahamiyati yuqori ekani, o‘qituvchiga ham, o‘quvchiga qator afzallik va imtiyozlari borligini bilamiz. Ammo ushbu tanlov har doim og‘riqli mavzu bo‘lgan. Hakamlarning adolatsizligi, o‘rinlarning sotilishi, “katta”larning farzandlari g‘olib bo‘lishi, qatnashuvchilar uchun hech qanday sharoit yaratilmasligi va boshqa holatlar doim o‘qituvchilarni ham, o‘quvchilarni ham qiynagan. O‘qituvchilar orasida eng ko‘p noroziliklarga sabab bo‘ladigan yana bir holat bu olimpiadaning qahraton qish kunlariga to‘g‘ri kelishidir. Olis hududlarda istiqomat qiladiganlar shu bo‘yicha doim qiyinchiliklarga duch keladi. O‘qituvchining sovuqda ikki kunlab o‘quvchisi bilan sarson yurishi, tanlov tugaguncha tik oyoqda tashqarida kutishi, qatnashchilar uchun ham yengilliklar yaratilmasligi doim ishtirokchilarni qiynagan.
Butun O‘zbekistonni larzaga solgan ikki yosh insonning vafoti voqeasi ham aynan mana shunday qish tongi qorong‘isida, tabiatning injiqliklarini hisobga olmaslik oqibatida yuzaga kelgan desak adashmagan bo‘lamiz.
— Navoiyning ob-havosi boshqa viloyatlardan farq qiladi. Yozimiz issiq, qishimiz sovuq. Qahraton kunlarda uzoqroq hududga chiqmaslikka harakat qilamiz, — deydi Nurota tuamanidagi 42-maktab o‘qituvchisi Zuhra Qosimova(ism-familiyasi o‘zgartirildi). — Bu yilgi fan olimpiadasi respublikamizda kuzatilgan anomal sovuq kunlarga to‘g‘ri keldi. Mudhish voqea sodir bo‘lgan kuni izg‘irin, tuman, qolaversa, yo‘llar muzlagan edi. Halokatda kimdir yoki ob-havo sabab deya olmaymiz. Avvalo, Ollohning irodasi, lekin qalbimizni o‘rtaydigan vajlar yo‘q emas. Albatta, ob-havo, uzoq hududlardan keladiganlar uchun vaqt masalasi ham hisobga olinishi kerak edi. O‘sha kuni tanlov 8:00 da boshlanishi rejalashtirilgan. Mashinada bo‘lgan yana bir o‘qituvchi hushiga kelgach, 7:30 da avtohalokat sodir bo‘lgani, ammo 8:10 largacha hech qanday yordam bo‘lmaganini bayon qiladi. Bilishimizcha, mashina pastlikka qulagan, tuman bo‘lgani uchun boshqa yo‘lovchi ulovlar buni payqamagan. Balki birinchi yordam ko‘rsatilganda ikki sonning hayoti saqlab qolingan bo‘larmidi?!
Qalbni tirnaydigan armonlar ko‘pchilikka tinchlik bermayotgani aniq. Ular ishlagan, o‘qigan maktab o‘qituvchilari, o‘quvchilari, ularni tanigan bilgan har bir insonning yuragida og‘ir dard qoldi, alam qoldi. Boyaqish onayizorlarning fig‘oni falaknida zir titratdi. Yaqinda turmush o‘rtog‘idan ayrilgan, farzandlari uchun yashab kelayotgan, qizini avaylab-asrab o‘stirgan mushtipar onaning faryodiga dosh berish qiyin.
Turmush qurganiga hali ko‘p bo‘lmagan, endigina 25 bahorni ko‘rgan, 2 yashar qizaloqning onasi, og‘iroyoq ma’suma ayolning ohu-dodiga chidab bo‘lmaydi…
Holat yuzasidan Nurota tuman xalq ta’limi bo‘limiga murojaat qilganimizda har ikki oilaga ham qonunchilikda belgilangan tartibda ma’naviy, moddiy yordam ko‘rsatilishini ta’kidlashdi. Halokatga uchragan mashinada omon qolgan yana bir o‘qituvchiga “Ta’lim fidoyisi” ko‘krak nishoni berilibdi. Ha, ta’limga fidoyilik, ishiga sidqidildan yondashish, doimiy faollik o‘qituvchilarimizni hech qachon tark etmasin. Bu kabi ayanchi hodisalar hech kimning boshiga tushmasin. Xalq ta’limi mutasaddilaridan o‘qituvchilarga ham, o‘quvchilarga ham qulaylik yaratish maqsadida fan olimpiadalarini issiq kunlarda tashkil etish, baxtsiz hodisa va ko‘ngilsizliklar yuzaga kelmasligi uchun olimpiada kunlari qatnashchilarga yetarli sharoitlar yaratilishini so‘raymiz.
Niginabonu SHUKUROVA