Sochigacha yo‘l olis
Alo-oo! Sovuq, gaz, elektr yo‘q deysizmi? Ey, qo‘ying shu osmondagi gaplarni. Ota-bovangiz gaz, svet yoqib yashaganma? Muncha tannozlarday dod solasiz? Uyat bo‘ladi, chidang, sabr qiling... Gazet-mazet deganlarini o‘qiysizlarmi, o‘zi? (Esim qursin, majburiy obuna deb gazetni boykot qilganingiz yodimdan chiqibdi!)
Aytmoqchi, atom istansiya qurmoqchimiz. Yo‘q, bomba emas! Istansiya! Svet beradigan. O‘n-o‘n besh yil o‘tar-ov... Ungacha pensiyaga chiqib ketasiz, xavotir olmang. Maktab sovuq dedingizma, allo?
Ha, eshitayapman, qishloqda tappi, tezak, qiy, g‘o‘zapoyaga qiron kelmagandir? Chechang bermaydi? “Bir kamim maktabingga o‘tin berishim qoluvdi” dedima? Bo‘masa, o‘quvchilarga ayting. Tappiga — 5, tezakka — 5, qiyga — 4, g‘o‘zapoyaga — 4 qo‘ying. Ish bitadi-qo‘yadi.
Malimjon, sizga tilpon qilishimdan maqsad, anovi Do‘ngqishloqlik o‘ris tili malimi Toshpo‘lat maxsumni taniysiz-a... O‘tgan yili bir to‘yda ko‘rdim. Yoshi saksondan besh-oltita oshsayam jigitday juripti ukkag‘araning uli.
Huv sizlar doim yomonlaydigan 70–80-yillarda Toshpo‘lat domla maktabdan oyiga 310 so‘m olarkan (shu paytlar kolxo‘z raisi Do‘syorov 240 so‘m oylik olgan. Bir xalta un 12, bir kilo semiz qo‘y go‘shti 3 so‘m bo‘lgan).
Har yili yozda Toshpo‘lat malim otpuskada hayo-huv deb Sochi, Yalta degan tomonlarga ucharkan. Bilet puli 52 so‘m ekan. Qora dengizda cho‘milib qaytarkan. Odam bolasi bir o‘rgansa, yomon bo‘larkan-da... Toshpo‘lat malim naq 17 marta har yili o‘sha taraflarga ketarkan (ora-sirada chechani ham olib borgan). Ishonmasangiz, o‘zidan, yana ishonmasangiz, Bahoroy momodan so‘rang. Ro‘zg‘ori yengil bo‘lgan dedingizma? Eshiting, naq 11 bola. 8 o‘g‘il, 3 qiz. Mana sizga yaxshi dam olishning isboti!
Endi, malimjon, sizga zvanit qilishimning sababi, yaqinda malimlarning oyligi oshdi, deb eshitdim, muborak bo‘lsin! Qishdan eson-omon chiqib olsangiz, balki siz ham Sochi, Yalta degan joylarga borishni ixtiyor etarsiz. Tilpon qilsangiz, jon-jon deb o‘zim kuzatib qo‘yaman (balki meni ham olib ketarsiz).
Allo! Eshitdingizma? Nega jim bo‘lib qoldingiz? Antenna ketdima? Demak, svet yo‘q, hey o‘sha svetni o‘chirganning otasining jiligiga...
Malimning mardikor shogirdi
O‘rolboy QOBIL