Qani edi, bizdan ham adib chiqsa...
Iste’dodli adib Hakim Sattoriyning gazetada kuyinchaklik bilan yozgan maqolasini o‘qib, xayolimga quyidagi fikrlar keldi. Axir, Kasbi Qashqadaryo vohasidagi eng iqtisodiy barqaror tumanlardan biri bo‘lish bilan birga, bu zamindan adabiyotimizda “Mabdayi nur”, “Kimyo” kabi o‘lmas dostonlar qoldirgan Mashrabi soniy — Hofiz Ro‘ziboy Mashrab, O‘zbekiston Xalq shoiri Normurod Narzullayev, atoqli adabiyotshunos olim Begali Qosimov, iste’dodli shoir Ikrom Otamurod kabi ko‘plab ijodkorlar yetishib chiqqan.
Ular bilan kasbiliklar har qancha faxrlansalar arziydi. Biroq birgina faxrlanish bilan ish bitmaydi-da... Balki ularning hurmatini joyiga qo‘yish, lozim payti qo‘llab-quvvatlash ham kerak. Shu o‘rinda bir necha yil avval atoqli moziyshunos olim marhum Poyon Ravshanov bilan bo‘lib o‘tgan bir suhbat yodimga tushdi. O‘shanda Poyon domla afsus va nadomat bilan degandi: “Men qo‘limdan kelgancha o‘nlab qadimiy maskanlarning tarixini yozdim. Ammo hech kim (tuman rahbarlari) o‘zingiz tug‘ilib voyaga yetgan Qamashining ham tarixini yozib bering, deb bir og‘iz aytmadi. Bilasiz, ijod ahlining ko‘ngli ozgina nozik bo‘ladi. Men buni jon dilim bilan bajargan bo‘lardim, afsus”. ... Endi maqoladagi adibning beminnat taklifi “qiynab” qo‘ygan maktab direktoriga kelsak. Ko‘rinib turibdiki, bu direktor ham bugungi kunda ilm maskanlarimizni boshqarayotgan rahbarlarning tipik vakili (hammasi emasdir). Axir tepadagi “kattasi”ning “Men gazeta o‘qimayman” degan gapini, ozgina o‘zidan qo‘shib, “kitob ham” deb tushungan-da... (Kitob muallifi maktabning sobiq o‘quvchisi bo‘lsa, bo‘libdi-da, Nobel mukofoti sohibi bo‘lmaydimi!). Agarda (soliq, moliya, XTB yoki hokimlik va boshqa...) bir qo‘ng‘iroq yoki ishora bo‘lganida boshqacha bo‘lardi. O‘shanda adibni maxsus taklifnoma bilan chaqirishib, guldasta-yu non-tuzlar bilan kutib olish bilan birga, kitobini ham maqtab-maqtab, dastxatlar yozdirib olib qolishar, ketar chog‘i cho‘ntagiga bir nimani tiqishtirgan ham bo‘lishardi, ehtimol.) Yana bir gap: axir o‘sha maktabda ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlar, ona tili va adabiyot muallimlari ham bo‘lsa kerak-ov... Ular “direktor bova, keling, begona emas, o‘zimizdan chiqqan ekan, ozgina tashvish bo‘lsa o‘zimiz ko‘taramiz, o‘quvchilar ham tanishib, xursand bo‘lishadi, qolaversa ish rejamizda ijodkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazish degan gaplar bor”, deb aytishga jur’at qilisholmabdi-da...
Ha, asar yozish oson ish emas, buni ham qo‘lidan kelgan qiladi. Ijodkor ko‘pincha asarlarining xamirturishini yurtdoshlarining hayotidan oladi (Axir Shukur Xolmirzayev Boysunni, Murod Muhammad Do‘st Galatepani, Nazar Eshonqul Tersotani har bir asarida mehr bilan tasvirlagan). Yaqinda deng, bir tanish maktab direktorining ijodkorlarning maktabga jalb etilishi borasidagi fikrlari bilan qiziqdim. Bilsangiz, yozuvchi, shoir deganlari g‘alati odamlar bo‘lishadi. Hech “tinch” yurishmaydi. Doim falonchixonlik o‘tkazaylik, kutubxonani boyitaylik, deb boshni qotirgani-qotirgan. Bizning maktabda ham bittasi bor edi. Pensiya yoshini bahona qilib bir amallab qutulgandik. Agar qaytsa, yana bosh og‘rig‘i bo‘larkan-da...
Qaysi bir adib, menimcha, fransuz yozuvchisi Balzak bo‘lsa kerak, “adiblar qishloqda tug‘ilib, Parijda o‘ladilar”, deb yozgani hozir yodga tushdi. Endi akamiz Hakim Sattoriyga taklif: hech ham xafa bo‘lmang. Axir, eskilar “Oldingda oqqan suvning qadri yo‘q”, deb bekorga aytmagan. Bilsangiz, qishlog‘imizda bir emas, uchta maktab bor. Mehmon bo‘lib keling (Yangi kitoblaringizdan olib kelish yodingizdan chiqmasin). Allo, deb qo‘ysangiz, o‘zimiz kutib olamiz. Qani edi, bizning chekka qishlog‘imizdan ham adib chiqsa, zo‘r bo‘lardi-da... Nima dedingiz?!
O‘rolboy QOBIL