Shuncha dissertatsiya himoya qilinmoqda lekin nega rivojlanish sust?
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekistonning yangi taraqqiyot davrida ta’lim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2020-yil 6-noyabrda qabul qilingan farmonida qayd etilishicha, “So‘nggi yillarda mamlakatda ta’lim-tarbiya tizimining sifati va samaradorligini oshirish, bog‘cha tarbiyalanuvchilari, o‘quvchi va talaba yoshlarda zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni shakllantirish, ta’lim tizimlari hamda ilm-fan sohasi o‘rtasida yaqin hamkorlik va integratsiyani, ta’limning uzviyligi va uzluksizligini ta’minlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, milliy ta’lim-tarbiya tizimining amaldagi holati uni zamon talablari asosida modernizatsiya qilish, yoshlarni yuksak bilim-ma’rifat egalari, jismoniy va ma’naviy sog‘lom insonlar etib tarbiyalash, ta’lim muassasalarining rahbar va pedagog xodimlari nufuzini oshirish, ularning samarali faoliyat yuritishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha izchil chora-tadbirlarni amalga oshirishni talab etmoqda”. Shu maqsadda “mamlakatimizda ta’lim-tarbiya va ilm-fan sohalarini takomillashtirish”, yurtimiz taraqqiyoti uchun yangi tashabbus va g‘oyalar bilan maydonga chiqib, ularni amalga oshirishga qodir kadrlarni tayyorlash, o‘qituvchi va pedagog xodimlar, ilmiy va ijodkor ziyolilarga bo‘lgan hurmat-e’tiborni yanada oshirish, o‘qituvchilarning kasbiy mahoratini rivojlantirish, tizimda xususiy sektor ishtirokini kengaytirish asosiy yo‘nalishlar etib belgilangan. Bunga erishish uchun Milliy o‘quv dasturini ishlab chiqish, xalq ta’limi xodimlari malakasini oshirish tizimini takomillashtirish, ularning faoliyatini, yutuqlarini hisobga olgan holda rag‘batlantirish, o‘quvchilarni kasbga yo‘naltirishni rivojlantirish kabi ishlarni amalga oshirish rejalashtirilgan.
Oliy ta’lim tashkilotlari oldiga esa 2030-yilgacha ulardan 2 tasi xalqaro reytinglarda birinchi 500 talik, 8 tasi – birinchi 1000 talik ichida bo‘lishlari kabi ulkan vazifalar qo‘yilgan.
Bu vazifalarni uddalash imkoniyatlarimiz qanday?
2014-yilda oliy o‘quv yurtlariga kirish imtihonlarida qatnashgan abituriyentlarning 72 foizi 80 baldan past baho olgandi. Bu ko‘rsatkich 2019-yilda qariyb 90 foizga yetdi. Natijada 70 baldan yuqoriroq baholanganlarni ham grant asosida qabul qilishga to‘g‘ri keldi. Bu maktablar va kollejlarda o‘qitish holati tashvishli ekanligini ko‘rsatadi. Bu to‘g‘risida ta’lim tizimi rahbarlariga aytsangiz, oliy o‘quv yurtlari diplomini olib kelganlar shunday ta’lim berishyapti, deydi. Chunki OO‘Y diplomiga ega, ammo diktantni yaxshi yozolmaydigan filologlar, yengil arifmetik masalalarni yecha olmaydigan matematiklar, oddiy fizik qonunlarni tushuntirib bera olmaydigan fiziklar, Yangi Zelandiya orolini Shimoliy muz okeanidan axtaradigan geograflar, ajriqning qaysi o‘simlik turiga kirishini bilmaydigan biologlar, sulfat kislotasi formulasini yozib bera olmaydigan ximiklarni maktab o‘qituvchilari orasida uchratish mumkin bo‘lib qoldi.
Bu boshqa kasb vakillariga ham taalluqli. Misol uchun, yuragi xuruj qilib qolgan odam kardiologiya markaziga kelsa, uni qimirlatmasdan davolash zarurligini bilmaydigan va tez yordam chaqirib, ko‘p profilli tez yordam markaziga jo‘natib yuboradigan, yuragi sust bo‘lsa ham urib turgani, nafas olishda qiynalmayotgani holda sun’iy nafas oldiruvchi IVLga ulab qo‘yadigan, davoni retseptda ko‘plab dorilar yozib berishda deb biladigan shifokorlar, qurgan uylari, ko‘priklari bitmasdan turib qulab tushadigan quruvchilar anchagina. Bularning yoniga ba’zi tuman rahbarlarining o‘z tumanlarida 200 mingdan ko‘p aholi bo‘lishiga, ularning anchayin qismi ishsiz ekanligiga qaramay, paxta terimiga viloyat markazidan yordamga odam chaqirishlarini ham qo‘shish kerak. Bu majburiy mehnat sifatida talqin qilinishi va mahsulotlarimiz eksportiga to‘sqinlik qilishidan tashqari, tuman uchun iqtisodiy jihatdan zararli hamdir; agar yordamga kelganlar tumanning 5000 t paxtasini terib bersa, tuman aholisi 5 mlrd so‘m daromaddan ajralib qoladi. Aholi daromadi tumanning ham daromadi-ku. Buning orqasida shahar tashkilotlari ko‘radigan zarar ham kattagina.
Ko‘rinib turibdiki, Prezident farmonini to‘la amalga oshirish uchun umumiy o‘rta va oliy ta’limdagi bu holatlardan chiqish choralarini tez amalga oshirish lozim.
Ta’lim tizimining eng katta kamchiligi maktab, kollej va OO‘Yning o‘zi bergan attestat, diplom, ulardagi baholar uchun mas’uliyat sezmasligidir. Shuning uchun ta’lim tizimini reabilitatsiya qilishni boshlang‘ich ta’lim, o‘rta maktab va kollejlardan boshlash kerak. Chunki, ta’kidlaganimizdek, ular bergan bilim o‘ta darajada sayoz.
Buni tuzatish uchun quyidagilarni amalga oshirish zarur:
1. Maktablarda va OO‘Ylarda dars sifatini nazorat qilish uchun maxsus Davlat inspeksiyasi tashkil etildi. Ammo hozirga qadar dars sifatida uning ta’siri sezilmadi. Aslida bu nazorat maktab rahbariyatining vazifasi. Shuning uchun har bir maktab, kollej (kasb-hunar maktabi) direktori va direktor o‘rinbosari o‘z ixtisoslik fanini chuqur, boshqa fanlarni maktab dasturi darajasida yaxshi bilishi lozim va o‘qituvchilarning o‘z sohasi bo‘yicha bilimi va qobiliyatini doimo nazoratda tutishi kerak. Bunda asosiy ko‘rsatkich o‘quvchilarning darslarni o‘zlashtirish darajasi bo‘lishi kerak. Uning ustidan Konstitutsiyamizning 41-moddasiga asosan ko‘ppog‘onali Davlat nazoratini o‘rnatish lozim: 1-pog‘ona — maktab (kollej, kasb-hunar maktabi) direktori tomonidan, 2-pog‘ona — tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri, 3-pog‘ona — viloyat XTB va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmalari boshliqlari, 4-pog‘ona — Xalq ta’limi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari, 5-pog‘ona — Prezident Adminstratsiyasi tomonidan amalga oshirilishi lozim. Har bir tekshiruv maktabning maxsus nazorat kitobida tekshiruvchilar tomonidan qayd etilishi zarur.
2. Oliy o‘quv yurtlariga qabul natijalarini maktablar va kollejlar bo‘yicha taqsimlab, ular asosida har bir maktab va kollej faoliyatiga baho berish mumkin (Chunki OO‘Yga qabul qilinmaganlar hujjat topshirganlarning 90 foizini tashkil etib, ularning test natijalari haqiqatga yaqin). Misol uchun, Namangan viloyatida 110 tacha kollej va akademik litsey, 600 tacha maktab bor deb hisoblasak, Namangan oliy o‘quv yurtlarida test topshirgan abituriyentlar sonini 60000 deb olinsa, har bir maktabga 100 nafardan abituriyent to‘g‘ri kelib, ulardagi dars sifatini va bilim berish bo‘yicha faoliyatini to‘la va xolisona baholash imkonini beradi. Bu ish Test markazi tomonidan o‘zidagi ma’lumotlar asosida tez bajarilishi va maktab jamoalariga hamda asosiy fanlar o‘qituvchilariga baho berishda va ustama tayinlashda asosiy ko‘rsatkich bo‘lishi mumkin edi. Bu esa maktablarda oliy ma’lumotli bo‘lsa-da, pedagogik qobiliyati sust o‘qituvchilarni aniqlash va zarur hollarda ishdan chetlatish imkonini beradi.
3. Maktablarda bilim berishdagi yana bir eng katta kamchilik – o‘quvchilarni qiziqtiradigan holatlar, jihozlar qariyb yo‘qligidir. Misol uchun, ilgari maktablarda meteorologik maydoncha bo‘lib, undan fizika, matematika, geografiya, biologiya fanlarini o‘tishda keng foydalanilar, o‘quvchilardan navbatchi qo‘yilib, ular kuzatish ishlarini bajarishar edi. Hozir laboratoriya jihozlari, texnik vositalar, ko‘rgazmali va o‘quv qurollari aksariyat maktablarda yo‘q hisobi. Maktablar faoliyatini yaxshilash uchun bu kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etish zarur.
4. O‘rta va oliy o‘quv yurtlarida dars sifatining pastligiga ta’sir etuvchi omillardan biri o‘qituvchiga beriladigan dars yuklamasidir. O‘qituvchiga 1 stavka dars yuklamasining 18–20 soatlik miqdori pedagogika, psixologiya va bolalar psixologiyasi fanlari asosida, ko‘p yillik tajribalar yordamida aniqlangan. Agar 1 stavka yuklama 20 soat bo‘lsa, o‘qituvchi har kuni 3-4 soatdan dars o‘tishi kerak. Qolgan ish soatlari darslarga tayyorgarlik, daftar tekshirish, tarbiyaviy va boshqa ishlarga sarflanadi. O‘qituvchiga 1,5-2 stavka dars yuklamasi berilsa, u har kuni 5–7 soatdan dars berishi kerak bo‘lib, qolgan ishlarga vaqt keskin kamayadi va bu dars sifatini susaytirmasdan iloji yo‘q. Ushbu gaplar oliy maktabga ham to‘la taalluqlidir.
5. Maktablarda va OO‘Ylarda o‘tiladigan predmetlar soni juda ko‘p. Bu holat 1-sinfdanoq boshlanib, unda “Alifbe” (“O‘qish kitobi”), “Yozuv” (“Ona tili”), “Matematika”, “Ingliz tili”, “Atrofimizdagi olam”, “Texnologiya”, “Tarbiya”, “Tasviriy san’at”, “Musiqa”, “Jismoniy tarbiya”, jami 10 ta fan o‘tilib, 6-7 yoshli bolaning asosiy predmetlarni o‘zlashtirishini o‘ta qiyinlashtiradi. Ayniqsa, oliy o‘quv yurtlarida ular juda maydalab yuborilgan; 4 o‘quv yili davomida 50 va undan ortiq fanlar o‘tilib, o‘zlashtirishga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ba’zan bir semestrda bir kursda o‘tiladigan fanlar soni 10 tadan ko‘p bo‘lib, talabalar ularni adashtirib ham yuradilar. 1950–1960-yillarda 5 yillik o‘qish davomida 25 ta fan (bir semestrda 2,5 tadan) o‘tgan edik.
6. Ta’limning hozirgi holatida darsliklar masalasi juda muhim. Bu borada “Xalq ta’limi” jurnalining 2015-yil 1-sonida “Darsliklar va ularda uchraydigan ba’zi kamchiliklar to‘g‘risida” maqola chiqargan edim. Unda darsliklarning o‘quvchilar yoshiga mos ravishda sodda va tushunarli bo‘lishi zarurligi ta’kidlangandi. Bu hozirgi kunda ham o‘ta dolzarb masala. Yaqqol misol: 9-sinf fizika darsligining 55-betida shunday yozilgan: “Issiqlik almashinish jarayonida jism olgan yoki yo‘qotgan ichki energiya miqdorini belgilovchi fizik kattalikka issiqlik miqdori deyiladi”. O‘quvchida “almashishda qatnashmagan issiqlik miqdorga ega emasmi?” degan savol tug‘iladi. Bunday misollarni juda ko‘plab keltirish mumkin. 9-sinf “Algebra” darsligi tarkibiga “trigonometriya” va “ehtimollar nazariyasi va matematik statistika”ning kiritilganligini umuman tushunish qiyin. Trigonometriya injenerlik va ixtirochilikda o‘ta muhimligi sababli u alohida fan sifatida 10-sinfda o‘tilar edi.
Eng achinarlisi shundaki, darsliklarimiz, misol uchun, Perelman darsliklari singari o‘ziga jalb qiladigan tarzda emas.
7. Oliy ta’limda esa darslik yetishmasligi, ko‘p predmetlar bo‘yicha yo‘qligi talabalarning o‘zlashtirishida katta qiyinchiliklar tug‘dirib keladi. 6 talabaga 1 darslik yetarli, deyish o‘zini oqlamadi. Darslikni gazeta qog‘oziga bo‘lsa ham arzon narxda chiqarib, sotish asosida har bir talabani ta’minlash oldingi davrda yaxshi natija berar edi.
Darsliklar ta’minotini yaxshilash uchun har bir oliy o‘quv yurtining o‘zida darsliklar yaratishni yo‘lga qo‘yish lozim. Buning uchun salohiyati bor professor-o‘qituvchilarga stavka yuklamalarining, misol uchun, 200 soati hisobiga darslik yozishni topshirish mumkin. Keyin OO‘Ylar bo‘yicha shu fan darsliklari tanlovida eng maqbulini, talabalar tomonidan o‘zlashtirilishi osonini tanlab olish mumkin.
8. Bilim olishga salbiy ta’sir etuvchi omillardan biri OTMlarda darslar, ayniqsa, ma’ruza darslarini 80 minut davomida uzluksiz o‘tish bo‘lib, darsning 2-yarmida talabalar diqqati keskin susayib ketadi. An’anaviy pedagogika 1 para darsni ikkiga bo‘lib o‘tishni katta sinovlardan so‘ng belgilaganini hisobga olib, shunday tizimga qaytish kerak.
9. O‘quvchi va talabalarning fanlarni o‘zlashtirish darajasi maktab va OO‘Y faoliyatining asosiy ko‘rsatkichi bo‘lishi kerak. Bu ko‘rsatkich talabaning barcha fanlardan, xususan asosiy fanlardan bilimi hamda rus va ingliz tillarida suhbatlasha olishi darajasiga asoslangan bo‘lishi lozim. Bunda ham pog‘onali (dekanat, rektorat, hokimlik, vazirlik, Prezident Adminstratsiyasi) nazorat tizimi zarur. Agar talabalarning bilim darajasi past bo‘lib, bu guruhning barchasiga xos bo‘lsa, o‘qituvchining bilimi va mahoratini tekshirish zarur. Ammo guruhdari 20–25 % talabalarning bilimi qoniqarli bo‘lsa hamda talabalar past ballar bilan o‘qishga qabul qilingan bo‘lsa, o‘qituvchilarni ayblash mumkin emas. 1-bosqichda bunday talabalar saralanishi va kursda qayta o‘qishga qoldirilishi kerak. Talabalar bilimining olgan bahosiga mosligi uchun shaxsiy javobgarlik fan o‘qituvchisi, kafedra mudiri, dekan, rektor va DAK raisi zimmasiga yuklatilishi lozim; agarda bitiruvchi bilimining diplomidagi baholarga munosib emasligi keyinchalik aniqlangan taqdirda ham ular javobgar bo‘lishlari kerak.
10. Hozirgi holatda malaka oshirish institutlari ham o‘z faoliyatini tanqidiy tahlil qilishlari lozim. Malaka oshirish institutlarini maktab o‘qituvchilariga doimo yelkadosh bo‘ladigan, ularning faoliyatini doimiy nazorat qilib boradigan, kamchiliklarni aniqlash va bartaraf etishda yaqindan yordam beradigan, fan va pedagogika yangiliklaridan muntazam xabardor qilib turadigan, zarur bo‘lgandagina malaka oshirishga o‘qituvchilarni chaqiradigan tashkilotga aylantirish zarur. Maktablarning o‘qitish borasidagi faoliyati uchun bu institutlar mas’ul bo‘lishlari lozim. Pedagogika hamda soha fani va metodikasi yutuqlarini maktablarda joriy etishni o‘z zimmalariga olishlari kerak. Hozir pedagogika sohasida ko‘plab dissertatsiyalar himoya qilinyapti-yu, ammo ularning maktab o‘qitish tizimida nafi sezilmayapti; test natijalari buning aksi bo‘lmoqda.
11. Malaka oshirish tizimi OO‘Y professor-o‘qituvchilari uchun ham o‘zini oqlagani yo‘q. Bu tizim soha fani professor-o‘qituvchilariga biror yangilik berishi qiyin. Uning acosiy vazifasi axborot va pedagogik texnologiyalarni takrorlashdan iborat bo‘lib qolmoqda. Hozircha bunday malaka oshirish natijasi talabalar bilimida sezilgani yo‘q. Mantiqan olganda OTM o‘qituvchisi o‘z malakasini o‘zi doimo oshirib borishi kerak. Agar u bunday qilolmasa, OO‘Yda o‘qituvchi bo‘lib ishlashi mumkin emas. Buni o‘qituvchining dars berish qobiliyatini aniqlab, rektorat hal qilishi kerak. Buning uchun o‘qituvchilarning har besh yilda tanlovdan o‘tish qoidasi ham mavjud.
12. O‘rta va oliy ta’limdagi o‘zlashtirishning o‘ta pastligiga noan’anaviy usullarga, ularni sinab ko‘rmay o‘tilganligi sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Aholisi dunyo aholisining 5 foizini ham tashkil etmagan yurt — Rossiyada bir necha asrlar davomida sinalgan an’anaviy usulda ta’lim olganlar hozir dunyoning Rossiyadan tashqari mamlakatlaridagi ilmiy xodimlarning 30 foizidan ko‘prog‘ini tashkil etishini ham hisobga olmadik. Bular an’anaviy usulda dars o‘tishga qaytish masalasini qayta ko‘rib chiqish zarurligiga to‘la asos bo‘la oladi.
13. Oliy o‘quv yurtlari oldiga 2030- yilgacha ulardan 2 tasi xalqaro reytinglarda birinchi 500 talik, 8 tasi birinchi 1000 talik ichida bo‘lishlari to‘g‘risida qo‘yilgan vazifa ilmiy-tadqiqot ishlarini keng rivojlantirishni talab qiladi. Buning uchun katta mablag‘ zarur. Bizda bu masala juda oqsoq holda. Misol uchun, Namanganda sug‘ormasdan paxta va sabzavot yetishtirish hamda bog‘ yaratish ishlari bo‘yicha tadqiqot ishlariga bir necha marta grant ajratishga ariza berildi. Bu ishning ahamiyati isbot talab qilmasdi. Ammo arizalarning hammasi javobsiz qoldi. Uni bajargan doktorantlar o‘z dissertatsiyalarini stipendiyalari hisobidan amalga oshirishdi. Bunday misollarni juda ko‘plab keltirish mumkin. Men bular to‘g‘risida “Namangan haqiqati” gazetasining 2019-yil 23-yanvar sonida bosilgan “Ixtiro va kashfiyotlar joriy etilmasa, undan mamlakatga nima naf?” nomli maqolamda o‘z fikrlarimni bayon etgan edim. Ammo maqolaga hech qanday reaksiya bo‘lmadi.
14. Ilmiy-tadqiqot ishlarini moliyalashtirishning asosiy manbasi Respublika davlat budjeti mablag‘lari hisoblanadi. Biroq u chegaralangan. Shu sababli bu tizimda, barcha davlat budjeti hisobidagi tizimlardagi kabi, korrupsiyani yo‘qotish qiyin. Bu borada ixtiro va ilmiy-tadqiqot ishlarini bajarishni xo‘jalik hisobi asosida yo‘lga qo‘yish imkoniyati ham bor. Buning uchun ularni joriy etuvchi tashkilot zarur. Ular ixtiro va ilmiy-tadqiqot ishlarini, ularni joriy etishdan kelgusida keladigan foydani hisoblab, banklardan olinadigan imtiyozli kredit hisobiga moliyalashtirishi lozim. Bunda ixtirochining huquqlari katta ahamiyatga ega. Tadqiqotchi olim yangiligini hayotga joriy etishdan yetarli darajada manfaatdor bo‘lishi kerak. Misol uchun, chet elda yaratilgan ixtironing har bir qo‘llanilishida ixtirochiga (uning merosxo‘rlariga), nashr etilgan kitobi sotilganda uning muallifiga (merosxo‘rlariga) muntazam ravishda gonorar kelib turadi. Bu qoidani qonun sifatida qabul qilish ixtirolarni va ularning joriy etilishini keskin ko‘paytiradi. Olimlarning g‘ayratini jo‘sh urdiradi. Uning ijrosi davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi va muhofaza etilishi kerak.
15. Ilmiy-tadqiqot ishlariga manba sifatida oliy o‘quv yurtlari talabalarini keng jalb qilish bilan birga, ulardan yig‘ilgan kontrakt mablag‘larining 10–15 foizini ajratish mumkin. Ma’lumki, bitiruv-malakaviy ish tizimi o‘zini oqlamay, ba’zi nopok o‘qituvchilar uchun qo‘shimcha daromad manbayi ham bo‘lib qoldi. Shu sababli ilmiy-tadqiqot ishlariga talabalarni keng jalb qilgan holda ularning faolligini va o‘qishga bo‘lgan qiziqishini oshirish maqsadida, har bir bitiruvchi oliy o‘quv yurti diplomini olishi uchun kam deganda bitta iqtisodiy yoki ijtimoiy samaraga ega ixtiro qilishini yoki o‘zi o‘tkazgan eksperiment natijalariga yoxud yetarli hajmdagi statistik ma’lumotlarga asoslangan ilmiy-tadqiqot ishini bajarishini shart qilib qo‘yish kerak. Agar bu ishga o‘qish davomida ulgura olmasa, unga diplom o‘rniga fanlardan olgan baholari ko‘rsatilgan ma’lumotnoma berish, ixtiro yaratganidan so‘nggina diplom berishni yo‘lga qo‘yish lozim. Chet ellarda bunday talab hatto kollej bitiruvchilariga nisbatan ham qo‘llaniladi. Natijada, ularda ixtirochilar ham, ixtirolar ham ko‘p.
16. Chet elda zarur bo‘lgan kasbga egaligi to‘g‘risida o‘rta yoki oliy ta’lim diplomi bo‘lmagan hamda rus yoki ingliz tilini bilmaganlarning chetga chiqishini taqiqlash lozim. Chunki til bilmagan va kasbi yo‘qlar xorijda O‘zbekiston to‘g‘risida yomon fikrlarning tarqalishiga sababchi bo‘ladi. Ko‘p hollarda zararli oqimlarga qo‘shilib ketishlari mumkin. Bunday taqiq o‘quvchi va talabalarni chuqur bilim olishga ham undaydi, ham majburlaydi.
Oliy ta’lim diplomini olishda bunday talabning qo‘yilishi talabaniig intilishini kuchaytirish bilan birga, ixtirolar va iqtisodiy samaraga ega ilmiy-tadqiqot ishlarining ko‘payishiga olib keladi. Ularning amaliyotga tatbiq etilishi esa Vatanimiz ravnaqiga katta hissa bo‘ladi. Eng asosiysi, fan, texnika va ishlab chiqarishning turli sohalarida bilimi va aql-zakovati bilan ishlab keta oladigan, ishlab chiqarishning yangi sohalarini yarata oladigan, biznesni rivojlantira oladigan oliy ma’lumotli mutaxassislarga ega bo‘lamiz.
17. Oliy o‘quv yurtlariga qabul eng mas’uliyatli masala bo‘lib, u to‘g‘risidagi fikrlarimni “Namangan haqiqati” gazetasining 2019-yil 23-yanvar sonida chop etilgan “OTMlarga qabul adolatli o‘tdimi?” nomli maqolamda bayon etgandim. Ma’lumki, attestat va diplomlardagi baholarga javobgar bo‘lmaganidek, qabul uchun ham javobgar yo‘q. Abituriyent Davlat test markazi tavsiyasi asosida OO‘Y buyrug‘i bilan o‘qishga qabul qilinadi. Birorta o‘zgarishni OO‘Y Davlat test markazi ruxsatisiz amalga oshirolmaydi. Natijada OTMga o‘ta bilimsiz, ba’zan esa familiyasini yoza olmaydiganlar ham kirib qoladi. OO‘Yning hatto yuqori ball olgan-u, o‘qishga kira olmagan talabalarni boshqa turdosh yo‘nalishlarga qabul qilish huquqi ham yo‘q. Umuman aytganda, bizda, butun Janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlarini rivojlantirgan kollejlar tizimi o‘zini oqlamaganidek, test tizimi ham o‘zini oqlamadi. U tasodifan o‘qishga kirish imkoniyatini kuchaytirib, maktabda bilim olishga bo‘lgan intilishni o‘ta susaytirib yubordi. Natijada maktabga, o‘qituvchilarga ishonch yo‘qoldi. Ularning bilim berishga bo‘lgan intilishlari susayib ketdi.
Shu asnoda OO‘Yga qabulni faqat maktab tavsiyasi bilan, attestatdagi baholarga qarab amalga oshirish ishonchliroq bo‘lmasmikan? Bunda maktabning, o‘qituvchilarning mavqeyi ko‘tariladi, qabulga javobgarligi oshadi, attestatdagi baholar sinovdan o‘tadi. Test tizimiga har yili sarflanadigan milliard-milliard xarajatlar tejab qolinadi.
Respublikamizda fan va texnikaning rivojlanishini susaytiruvchi bir omil bor. Hozirgi davrda falsafa doktori va fan doktori ilmiy darajalarini olish uchun ko‘plab dissertatsiyalar himoya qilinmoqda. Ammo ko‘p hollarda diplom qo‘lga tekkandan keyin ilmiy va ixtirochilik faoliyati butunlay susayib ketadi. Buning oldini olish uchun diplomlarning moliyaviy ta’sir davrini, misol uchun, besh yil qilib belgilash kerak. Shu davr ichida diplom egasi o‘z ilmiy darajasiga mos keladigan yangi bir ilmiy muammoni hal etishi, ixtiro qilishi, shogird sifatida falsafa doktori yoki fan doktori yetishtirishini shart qilib qo‘yish kerak.
Bu takliflarni amalga oshirish respublikamizni Janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlari, ayniqsa Xitoy, Janubiy Koreyadagi singari jadal taraqqiyotga olib kelishi hamda 2030-yilgacha 2 ta oliy o‘quv yurtimiz dunyoda birinchi 500 talik, 8 tasi esa 1000 talikdan o‘rin olishida asosiy omil bo‘lishi mumkin.
Umuman olganda, OO‘Yning vazifasi respublikamizni har tomonlama yetuk mutaxassislar bilan ta’minlashdir. Bu oliy ta’lim tizimida ishlaydiganlarning Vatan oldidagi muqaddas burchidir.
Yoshlarning Konstitutsiyamizning 41-moddasi asosida bilim olishini ta’minlashda, ularni o‘z qishlog‘i, yurti, Vataniga sadoqatli, mehnatsevar qilib tarbiyalashda ota-onaning javobgarligini Konstitutsiyamizda alohida modda bilan qayd etish lozim.
Bahodir KAMOLOV, NamDU professori, geografiya fanlari doktori