Halokat ostonasidagi millat ziyoxonasi
Halokat ostonasidagi millat ziyoxonasi
uni asrash uchun davlat milliy dasturi kerak
Sovet davrida ikkita kutubxonaga qatnab kitob o‘qirdik. Biri maktabimizda, ikkinchisi qishlog‘imiz klubida joylashgandi. Shundanmikan aholi tilida biri bolalar, ikkinchisi kattalar kutubxonasi deb atalar edi. Avval maktabdagi yoshimizga mos kitoblarni, balog‘at yoshiga yetgach klub kutubxonasidagi asarlarni
o‘qib ulg‘ayganmiz.
Bugunga kelib klubni bir tadbirkor sotib oldi va, albatta, kapitalistik bozor qonuniga asosan kutubxona iqtisodiy manfaat keltirmagani uchun undan voz kechdi(kutubxona hech bir mamlakatda daromad manbayi bo‘lgan emas, xato bo‘lsa tuzating).
Maktab kutubxonasining ahvoli esa... Ustiga-ustak yangilik tarafdorlari kutubxona nomini ARM(axborot-resurs markazi) tariqasida o‘zgartirishdi. “Kompyuter xotirasida elektron kitoblar mujassam bo‘ladi”,
deyishdi bilgichlar. Ularga savolimiz: birinchidan, ARMlarda kompyuterlar yetarlimi? Ikkinchidan, barcha kompyuterlar buzilmasdan ishlayaptimi? Uchinchidan, har bir maktabda ARM uchun elektr energiya muntazam yetkazilyaptimi? Agar savollarga vijdonan tasdiq javobi berilmasa, kitoblarning originali, ya’ni qog‘oz varianti
albatta kerak degan sobit xulosa kelib chiqadi!
Bunday payti odatda “axborot texnologiyalariga qarshi ekansan”, deya ta’na toshi otiladi. Ularga javobimiz: biz axborot texnologiyalaridan unumli foydalanishga harakat qilyapmiz! Lekin besh qo‘l barobar emasligini, qolaversa sharoit hamma joyda ham risoladagidek emasligini unutmasligimiz darkor!
ARM masalasiga boshqa qaytmaslik uchun yana bir fikr: ziyoxonaning nomi ARM emas, KUTUBXONA!!! Agar yangilik tarafdorlariga bu nom “eskilik sarqiti” bo‘lib tuyulsa, unda MILLAT ZIYOXONASI, deya atalishi darkor. Kutubxona yoki ziyoxonaning esa o‘z
axborot-resurs markazi bo‘lsin! Shunda adolatli bo‘ladi. Xorijdan ulgu oladiganlar uchun asos: AQSH, Olmoniya kabi eng rivojlangan davlatlarning muhtasham kutubxonalarida bo‘lganimizda ularda ARMning kutubxonasi emas, balki kutubxonaning ARMlari borligiga amin bo‘ldik.
Rost, sovet davridagi maktab kutubxonalarida sovet mafkurasiga xizmat qiladigan kitoblar ham bo‘lardi, lekin aksar badiiy adabiyotlarning ezgulik tashishi ham haqiqatligini tan ola bilish chin ziyolining burchidir.
Xo‘sh, mafkura uchun demaylik mayli, bugungi kutubxona nega uchinchi Renessans g‘oyasi ro‘yobi uchun, boshqacha aytganda, millatni ma’nan yuksaltirish orqali davlatni rivojlantirishga xizmat qilmasligi kerak?
E’tibor berilyapti-ku, desangiz biz ham e’tiroz bildirmaymiz. Yurtimiz rahbari bir necha marta mahallalardagi kutubxonalarni borib ko‘rgani oynayi jahonda ko‘rsatildi.
Faqat bu ish tizimli ravishda, muntazamlik
nazarda tutilgan holda amalga oshirilmayapti! Ma’naviyat masalasi doimiy e’tiborni talab qilishi bugun jamiyatda sodir bo‘layotgan noxush voqea-hodisalar ko‘payganligidan ma’lum bo‘lib qoldi. Buning uchun maktab kutubxonalarini kitob hamda ularning elektron nusxalari bilan ham ta’minlashning “Uchinchi Renessans ma’naviy poydevorini yaratish” DAVLAT MILLIY DASTURI qabul qilinishi davr talabidir.
Nega DAVLAT dasturi? Negaki, dasturga asosan har yili davlat budjetidan muntazam mablag‘ ajratilib, kitob xarid qilish, kutubxonachilar maoshini ko‘tarish, kutubxonada aholining barcha qatlami uchun sifatli xizmat ko‘rsatish davlat(uchta hokimiyat)ning zimmasi va nazoratida bo‘ladi.
Nega MILLIY dastur? Negaki, millatning ziyoli tadbirkorlarini jalb etib, ularning ko‘magida kutubxonani qo‘shimcha adabiyotlar bilan boyitish ishlari yo‘lga qo‘yiladi. Muhimi, kitob mutolaasi milliy harakatga aylantiriladi. Bugun kitobxonlikka berilayotgan Prezident sovg‘asi, hokim va boshqa muassasalar mukofotlari uchun tanlov, musobaqalar ham ana shu dastur doirasida amalga oshaveradi.
Kutubxonalar kitob bilan ta’minlansa birinchi navbatda, budjet mablag‘i uchun “kurash” boshlanadi. Mablag‘ni taqsimlaydigan vazirliklar, hokimiyat
vakillarining (kitobga qiziqmasa-da, uning ma’naviy foyda-zararini tushunmasa-da) “aytgani aytgan” bo‘ladi. O‘z-o‘zidan korrupsion tizim “paydo bo‘ladi”.
Millat ravnaqiga salbiy ta’sir etadigan bunday holatlarning oldini olish maqsadida barcha vakolat xalq orasida obro‘-e’tiborga sazovor bo‘lgan, halol, o‘z fikriga ega bo‘lgan ziyolilar – adiblar, olimlar, madaniyat xodimlaridan iborat nufuzli Hay’atga
beriladi. Prezident farmoni asosida tashkil etiladigan jamoatchilik Hay’ati uch oyda yoki yarim yilda bir marta to‘planib, chop etilgan, takror aytamiz, biror nashriyotda bosmadan chiqqan kitoblarni kutubxonalarga tavsiya etish uchun o‘zaro fikrlashadi va ochiq ovoz berish yo‘li bilan tanlanadi. Hay’atning ko‘p ovoz olgan xulosasi asosida tavsiya etilgan kitoblar ommaviy axborot vositalarida muntazam yoritib boriladi. Bu tavsiya mablag‘ “sohiblari” (vazirlik, hokimlik) uchun majburiy bo‘ladi va ular qo‘shimcha adad chop etish uchun nashriyotlar bilan shartnoma imzolaydilar.
Bunda, birinchidan, barcha maktab kutubxonalari mazmunli kitoblar bilan boyiydi. Ikkinchidan, nashriyotlar o‘z mahsuloti sifatini oshirishga harakat qiladi. Uchinchidan, budjetdan ajratiladigan mablag‘ to‘g‘ri sarflanadi. Eng asosiysi, tanlangan kitoblar mutolaasi uchinchi Renessansni vujudga keltiradigan millat tarbiyasiga xizmat qiladi.
Kutubxonaning axborot-resurs markazi to‘liq ishlagan taqdirda ham boshqa bir muammo hal etilmaydi. U ham bo‘lsa kutubxonalarning davriy nashrlar bilan ta’minoti masalasidir.
Maktablarda ta’lim-tarbiya sohasini yoritadigan gazeta va jurnallarning zaruratini manqurt rahbargina inkor etadi. “Biz inkor etmayapmiz, majburiy obunaga qarshimiz xolos”, deydigan rahbarlarga esa bir e’tirofimiz va bir savolimiz bor: muallimni uchar “matbuot tarqatuvchilar”ga majburiy pul to‘lashdan ozod qilganingiz uchun rahmat, lekin unga metodik jihatdan ko‘mak beruvchi kutubxonada saqlanadigan nashrlar ta’minoti uchun nima tadbir qo‘lladingiz?
Hozir maktablarga ijodkorlar orasidan safarbar etilgan “Ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchi”lardan birining e’tiroficha, ta’lim muassasasi kutubxonasiga “Yangi O‘zbekiston” va “Ishonch” gazetalarigina borayotgan ekan. Mazkur gazetalarning zaruratiga shubha yo‘q!
“Ma’rifat” va boshqa ta’lim nashrlari qani? Shuning uchun davlatimiz rahbarining xavotiri juda o‘rinlidir:
“Ayting-chi, o‘qituvchi o‘z ustida ishlashi, bilim va mahoratini oshirishi uchun qo‘shimcha metodik yordamni qayerdan oladi? Albatta, shu sohaga oid kitob va qo‘llanmalardan, maxsus pedagogik nashrlardan oladi.
Afsuski, biz keyingi yillarda “majburiy obuna” bahonasida ixtiyoriy obunani ham yo‘q qildik. Buning natijasida maktab va oliygohlarning o‘qituvchi va domlalari o‘zlari uchun zarur bo‘lgan gazeta va jurnallardan ajralib qoldi”.
Prezident nutqidagi vazifalarni bajarish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilanadi, odatda. Lekin aynan matbuot nashrlariga kelganda yumaloq yostiq chora belgilandi. Vazirlar Mahkamasida o‘tkazilgan majlis bayonida (2020-yil 12-oktabr) vazirlik va hokimliklarga “obuna uchun mahalliy budjetning orttirilgan qismidan mablag‘ ajratish” chorasini ko‘rish topshirildi. Ommaviy axborot vositalarining xabariga ko‘ra, ba’zi tumanlarda mahalliy budjetning orttirilgan qismidan hokim uchun zamonaviy yengil mashina xarid qilingani ma’lum bo‘ldi...
Prezident tanqidi ayrim rahbarlarga kor qilmay qoldi chog‘i. Ustiga-ustak bor imkoniyatlar ham kunpayakun qilindi. Masalan ta’lim muassasalarining obunasini tashkil etish, uzoq hududlardagi ehtiyojmand qatlamning qo‘shimcha adabiyot va ta’lim nashrlariga bo‘lgan talabini qondirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 25-yanvardagi “Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini aniq yo‘naltirilgan tarzda qo‘llab-quvvatlashning 2002-2003-yillarga mo‘ljallangan dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 33-qarorining 5-bandiga asosan “Qishloq joylarda ishlaydigan o‘qituvchilarning axborot bilan ta’minlanganligini yaxshilash uchun O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Moliya vazirligi 2002-yil 1-yanvardan boshlab (qishloq joylardagi) umumta’lim maktablari, akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarining kutubxona fondi o‘ntagacha turdagi gazeta va jurnallarga, asosan respublika ommaviy axborot vositalariga mahalliy budjet mablag‘lari hisobiga majburiy obuna qilinishini ta’minlash” belgilangan edi.
Bu qaror ham O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini
joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2020-yil
27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni”ga asosan) 87-sonli Qarori bilan o‘z kuchini yo‘qotdi.
Bu kabi harakatlar kimdir atay va qasdma-qasd matbuot nashrlari tomiriga bolta urayotganini bildirmaydimi? Buning zararli oqibatini rahbarlar qachon tushunib yetadilar?
Tarixdan bir misol keltiramiz. Ulug‘ ma’rifatparvar bobomiz Mahmudxo‘ja Behbudiy muharrirligidagi “Samarqand” gazetasida(1913-yil 32-son) “70 millionli Amerika xalqi 22882 jarida va majalla o‘qishadi. Biz Turkiston nufusi onlardan 8 daf’a oz bo‘lsak-da, ilm borasida 3000 daf’a ozdurmiz. Bu dunyo ahlidan biz turkistonlilar beilm va vahshiy(yovvoyi — H.S. )dirmiz”, deydi. Yevroosiyo mamlakatlari, jumladan, Fransiyada 8940 ta, Olmoniyada 8050 ta, Angliya va Yaponiyada 6 mingdan ziyod, Italiyada 3 mingdan, Shveysariya va Gollandiyada bir yarim mingga yaqin gazeta borligi va ular katta adadlarda chop etilishi ularning rivojlanishiga xizmat qilayotganini ta’kidlaydi. Bu gapning aytilganiga 100 yildan oshdi!
Bugun Behbudiy sanab o‘tgan o‘sha paytdagi gazetxon aholisi bor davlatlar taraqqiyotini qiyoslang. Nashrlarni muntazam o‘qish, yangiliklardan boxabar bo‘lish, zamon taqozo etgan raqobatga tayyor turish u yurtlarni rivojlangan davlatlar qatoriga olib chiqmadimi?! Buni tushunib yetadigan rahbarlar qachon tug‘iladi?! Umid bormikan?!
Umidni bolalardan boshlaylik unda! Bola ona qornidan kitob o‘qishga tayyor holda tug‘ilmaydi. Har qanday kitobni o‘qitishdan avval gazeta va jurnalni varaqlatib, kichik-kichik she’r-u hikoya, xabar va mulohazalarni o‘qitib, mutolaaga, albatta, mustaqil fikrlashga o‘rgatiladi. Bu harakatimiz bilan qishloqdagi internet tarmog‘iga ulanish u yoqda tursin, telefon olishga qurbi yetmaydigan oilalar farzandlariga mutolaa madaniyatini shakllantirgan, o‘ylashga, fikrlashga, o‘z yo‘lini topishga safarbar qilgan bo‘lamiz. Bu masalada “Gulxan”, “G‘uncha” jurnallari, “Tong yulduzi”, “Klass” gazetalari va boshqa nashrlarga “bozor talabidan kelib chiqib kunlaringni ko‘ringlar”, deyish mutlaqo noto‘g‘ridir. Yana bir bor ta’kidlaymiz: bolalarimizni OAVning barcha turlaridan foydalanishga, fikrlash, bahs madaniyatini shakllantirishga, munosabat bildirishga, ularda ishtirok etishga o‘rgatishimiz shart. Ijtimoiy tarmoqda qo‘yilayotgan masala(post)larga berilayotgan izohlarga e’tibor qarating – fikrlab, muammoga chuqurroq kirish kerak bo‘lgan paytda qisqa va lo‘nda haqoratga o‘tiladi. Nega? Chunki fikrlash, bahslashish odobi, ko‘nikmasi yo‘q! Bu sifatlarning bari kitob o‘qish orqali tarbiyalanadi.
Qonun chiqaruvchi (“Xalq so‘zi”), Ijro hokimiyati (“Yangi O‘zbekiston”) muassisligidagi gazetalar juda kerak, inkor etmaymiz. Shu bilan birga aholida siyosiy madaniyatni shakllantirish uchun partiyalar kurashi aks etgan “XX1 asr”, “Milliy tiklanish”, “O‘zbekiston ovozi”, “Adolat”, “Oila va tabiat” kabi partiya nashrlari ham kutubxonalarda bo‘lishi o‘ta zarur. Ayniqsa, saylov payti har bir siyosiy partiyaning o‘ziga xosligi va boshqasidan farqini xalq o‘qib bilishi, o‘ziga yoqqan partiya safiga kirib hokimiyat uchun kurashishni o‘rganishi o‘ta muhim masaladir. O‘rgatishni o‘ziga ep ko‘rmagan hukumatning “xalqimiz siyosiy kurashga tayyor emas”, deyishini rivojlanishning bu bosqichida mutlaqo kechirib bo‘lmaydi. Aks holda jahon hamjamiyati nazarida kulguga qolishda davom etamiz...
To‘g‘ri, hayot faqat siyosiy kurashlardan iborat emas. Insonni, avvalo, adabiyot tarbiyalashi kerak. Adabiyot qalbni pok saqlaydi, fikrlashga undaydi. Falsafiy qarashlar esa tafakkurni charxlaydi, dunyoqarashni kengaytiradi. Shu bois “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”, “Kitob dunyosi” gazetalari, “Yoshlik”, “Sharq yulduzi”, “Jahon adabiyoti”, “Tafakkur”, “Ma’naviy hayot”, “Mushtum” jurnallari har bir ta’lim muassasasi kutubxonalariga bir donadan bo‘lsa-da, yetkazilishi kerak.
Tahliliy, dolzarb va tanqidiy maqolalari bilan o‘quvchilarga manzur bo‘layotgan “Hurriyat”,
“Jamiyat”, “Oila va jamiyat”, “Yoshlar ovozi”,
“Nuroniy”, “Darakchi” kabi gazetalar ham maktab kutubxonasida bo‘lishi darkor.
(Albatta, bu tanlov muallifniki. Taklifimiz shuki, kutubxona uchun qanday nashrlar tanlanishi ham yuqorida ta’kidlangan Hay’at zimmasida bo‘ladi).
Natijada nashrlarning iqtisodiy salohiyati oshadi, ular o‘rtasida ijobiy raqobat kuchayadi. Raqobat esa mazmunli va dolzarb maqolalar ko‘payishiga sabab bo‘ladi. Tanqidiy maqolalardan rahbarlar hushyor tortadi, qadamini o‘ylab bosadi. Korrupsiya chekinadi, rivojlanish bo‘ladi. Jamiyatdagi munozarali masalalar o‘rtaga tashlanadi, ahvol tushuntiriladi, zarurat tug‘ilganda xalq hukumatga, albatta, yordamga keladi!
Millat ziyoxonasini halokatdan asrasak, u millatni taraqqiyotga eltadi!
Oddiy fuqaro va saylovchi sifatida “Uchinchi Renessans ma’naviy poydevorini yaratish” davlat milliy dasturini Oliy Majlis qonun darajasida qabul qilishi, yangi saylanadigan Prezidentning bosh vazifalaridan biri va uning nazoratida bo‘lishi shartligi taklifini bildiramiz.
Halim SAIDOV,
filologiya fanlari doktori,
“Mehnat shuhrati” ordeni sohibi
“Hurriyat” gazetasining 2021-yil 20-oktabr kungi sonidan .