KASABA UYUSHMA FAOLLARI MUNOSIB RAGʻBATLANTIRILMOQDA
Paxtaobod tumanidagi Barkamol avlod bolalar maktabi faollar zalida odatdagidek maktabda mehnat qilayotgan xodimlarni ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy manfaatlarini himoyalashga qaratilgan maktab ma’muriyati va kasaba uyushma qo‘mitasi o‘rtasida 2021-2023 - yillar uchun tuzilgan jamoa shartnomasini 2022 - yilda bajarilishi bo‘yicha umumiy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Umumiy yig‘ilish seminar tarzida tumandagi barcha ta’lim muassasalari boshlang‘ich kasaba uyushma qo‘mita raislari ishtirokida bo‘lib o‘tdi. O‘quv seminarini ta’lim va fan xodimlari kasaba uyumasi Paxtaobod tuman kengashi raisi A.Shamshidinov barcha ishtirokchilarni bahor bayrami bilan qizg‘in tabriklab, kirish so‘zi bilan ochib berdi.
Shundan so‘ng maktab ma’muriyati va kasaba uyushma qo‘mitasi o‘rtasida 2021-2023-yillarga mo‘ljallangan jamoa shartnomasini 2022 yilda bajarilishi bo‘yicha maktab direktori Qudratilla Nozimjonov hamda boshlang‘ich kasaba uyushma qo‘mitasi raisi Marg‘ubaxon Soyipova hisobot berib o‘tdi.
Mazkur jamoa shartnomasi ish beruvchi bilan xodimlar o‘rtasidagi mehnatga oid, ijtimoiy-iqtisodiy va kasbga oid munosabatlarni tartibga soluvchi normativ hujjat hisoblanib, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi, “Aholi bandligi to‘g‘risida”, “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”, “Kasaba uyushmalari to‘g‘risida”, “Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida”, “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonunlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, O‘zbekiston kasaba uyushmasi Federatsiyasi va O‘zbekiston Ish beruvchilar Konfederasiyasi o‘rtasida tuzilgan Bosh jamoa kelishuv, O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi bilan O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi o‘rtasida tuzilgan Tarmoq jamoa kelishuvi va boshqa huquqiy va me’yoriy hujjatlarga asoslanib ish beruvchi va xodimlarning huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish masalalaridagi hamkorligi to‘g‘risida tuzilgan.
Shartnoma imzolangan kundan kuchga kiradi. Belgilangan muddat tugagach, shartnoma taraflar yangi shartnoma tuzguncha yoki amaldagi shartnomani o‘zgartirguncha, to‘ldirguncha amalda bo‘ladi.
Mazkur shartnoma ish beruvchiga va maktabning mehnat shartnomasi asosida ishlayotgan barcha xodimlariga, shu jumladan jamoa shartnomasi kuchga kirganidan keyin ishga qabul qilingan hamda o‘rindoshlik asosida ishlayotgan xodimlarga ham tatbiq etilishi yana bir bora eslatib o‘tildi.
Hammamizga ma’lumki, 2022-yil 28-oktabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 798-sonli Qonuni imzolandi, ushbu kodeks 2023-yil 30-apreldan kuchga kiradi.
Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarni va ular bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan ijtimoiy munosabatlarni tartibga solish sohasida ijtimoiy sheriklik imkoniyatlarini kengaytirdi.
Ma’lumki, jamoa shartnomasi boshlang‘ich darajadagi ijtimoiy sheriklikning eng muhim hujjati hisoblanadi va unga Mehnat kodeksining alohida bobi bag‘ishlangan.
Jamoa shartnomasi tashkilotda yoki yakka tartibdagi tadbirkorda yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarni va ular bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi hamda xodimlar tomonidan o‘z vakillari orqali va ish beruvchi tomonidan tuziladigan mehnat to‘g‘risidagi huquqiy hujjatdir.
Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi kuchga kirishi munosabati bilan joylarda jamoa shartnomalari ham yangilanadi va shu o‘rinda jamoaviy muzokaralar olib borish va jamoa shartnomasi loyihasini tayyorlash uchun ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha maxsus komissiya tuziladi.
Demak ta’lim muassasalari o‘rtasida jamoaviy muzokaralar jarayoni boshlandi.
O‘quv seminari yakunida ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Paxtaobod tuman kengashi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining 2020-yil 14-dekabrdagi 54-q/q sonli hamda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi Kengashi Rayosatining 2020-yil 14-dekabrdagi 01-16-s sonli qo‘shma qarorlariga asosan 10 nafar faol o‘qituvchilarga joriy yilning 2-3-choragi davomida sog‘liklarini tiklash uchun sihatgohlarda bepul yo‘llanma sertifikatlari berlidi.
A.SHAMSHIDINOV ,
Paxtaobod tuman bo‘linmasi kengashi raisi