KONSTITUSIYA – INSON QADRI KAFOLATI
KONSTITUSIYA – INSON QADRI KAFOLATI
Bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barcha sohadagi islohotlar xalqchil va demokratik tamoyillarga asoslangan yangi O‘zbekiston davlatini, erkin fuqarolik jamiyatini barpo etishga qaratilgandir.
2022-yilning «Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili» deb e’lon qilinishi ham yurtimizda inson qadri, uning manfaati hamisha yuqori o‘rinda turishi kerak degan xalqparvar g‘oyaning uzviy davom etishida alohida ahamiyat kasb etdi. Yangi O‘zbekistonning 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasida 7 ta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha “Inson qadri uchun – 100 ta maqsad” belgilab olinganligi ham bejiz emas. Zero, inson qadrining ulug‘lanishi, har kimning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarining ta’minlanishi xalqchil demokratik davlatning asosi bo‘lib hisoblanadi.
Prezidentimiz Sh.Mirziyoyevning ta’biri bilan aytganda, inson qadri – har bir fuqaroning tinch va xavfsiz hayot kechirishi, uning fundamental huquq va erkinliklarining ta’minlanishidir.
Inson qadri har bir fuqaro uchun munosib turmush sharoiti va zamonaviy infratuzilmaning tashkil etilishi, malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish, sifatli ta’lim, ijtimoiy himoya tizimi, sog‘lom ekologik muhitning barpo etilishida namoyon bo‘ladi.
So‘nggi yillarda respublikamizda ilk bor faoliyati yo‘lga qo‘yilgan yangi tizim – Xalq qabulxonalari hamda Prezidentning virtual qabulxonasi tom ma’noda xalq ovozini, jamoatchilik fikrini aks ettiradigan, uning manfaatlarini ko‘zlaydigan tuzilmaga aylanib bormoqda.
“Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, degan da’vat respublikadagi barcha tashkilot va muassasalarning kundalik faoliyatiga aylanmoqda.
Ijtimoiy siyosat mamlakatimizda davlat siyosatining eng muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib kelmoqda. Bugungi kunda xalq farovonligini, odamlarning hayot darajasini har tomonlama oshirish, buning uchun yangi ish o‘rinlari, daromad manbalarini yaratish, kambag‘allikni qisqartirish, qishloq va shaharlarimizni obod qilish iqtisodiy strategiyamizning eng muhim yo‘nalishlari hisoblanadi. Yuqoridagilardan ham ko‘rinib turibdiki, yurtimizda amalga oshirilayotgan barcha islohotlar markazida inson omili birinchi o‘ringa qo‘yilmoqda.
Biz barpo etayotgan erkin fuqarolik jamiyatida amalga oshirilayotgan barcha islohotlarning tashabbuskori fuqarolarimizdir. Xalqimizning farovonligini ta’minlashga xizmat qiladigan “Yangi O‘zbekiston – xalqchil va insonparvar davlat” g‘oyasi, shuningdek, fuqarolik jamiyatining asosiy sharti bo‘lmish inson qadr-qimmatini ta’minlanishi albatta qonuniy asosda mustahkamlanishi lozim. Shu bois amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarimizni yangi pog‘onaga ko‘tarish maqsadida barcha fuqarolar Asosiy qonunimizni takomillashtirishga borasida o‘zlarining takliflarini bermoqdalar.
Ilgari amal qilib kelgan “davlat – jamiyat – inson” tamoyilini “inson – jamiyat – davlat” deb o‘zgartirish, uni milliy qonunchiligimiz va huquqiy amaliyotimizda mustahkamlash, shuningdek, “Inson qadri uchun” degan ustuvor tamoyilni to‘la ro‘yobga chiqarish maqsadida respublikamizda Konstitusiyamizni zamon talablariga mos ravishda yangilash yuzasidan Konstitusiyaviy komissiya tuzildi.
“Jamiyat — islohotlar tashabbuskori” degan g‘oya asosida o‘z faoliyatini olib borayotgan Konstitusiyaviy komissiya keng jamoatchilik vakillari va fuqarolarimiz tomonidan bildirilgan barcha takliflarni sinchkovlik bilan o‘rganib, tahlil qilmoqdalar. Bugungi kunda O‘zbekistonda Konstitusiyaviy komissiya faoliyati yangiliklari va fuqarolardan taklif qabul qilish platformasi – meningkonstitutsiyam.uz portaliga 48 mingdan ziyod takliflar kelib tushgan.
Shu o‘rinda biz ham inson huquqlarining yanada to‘liqroq ta’minlanishi borasida Konstitusiyaning tegishli moddalariga quyidagi takliflarni berishni maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz:
- hech kim biron-bir muayyan ishni bajarishga majburlanishi mumkin emas. Majburiy mehnat faqatgina sud qarori bilan ozodlikdan mahrum qilingan taqdirdagina ruxsat etiladi;
- turar joy daxlsizdir. Tintuvlar faqat sudya tomonidan, kechikish xavfi tug‘ilganda esa qonunlarda ko‘rsatilgan boshqa organlar tomonidan belgilanishi mumkin;
- O‘zbekiston fuqarolarini fuqaroligidan mahrum qilish mumkin emas. Fuqarolikni yo‘qotish faqat qonun asosida amalga oshiriladi;
- barcha mualliflar, ixtirochilar, olimlar va san’at vakillarining intelluktual huquqi himoya qilinadi.
Respublikamizda amalga oshirilayotgan konstitusiyaviy islohotlar Vatanimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligini yanada yuksaltirishga xizmat qilishiga ishonch bildiramiz.
Nodira Rasulova,
O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi
universiteti dosenti, tarix fanlari nomzodi