Konstitutsiyada o‘qituvchining maqomini alohida belgilash shartmi?

O‘qituvchining maqomi konstitutsiyaviy darajada muhimmi? Ustozlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish alohida konstitutsiyaviy kafolatlarni talab qiladimi? Bu boshqa kasb vakillari ahamiyatini pasaytirib qo‘ymaydimi?
Ushbu savollar yuzasidan Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti xodimi Anvar EMINOV fikr bildirdi.
– Shu kunlarda umumxalq muhokamasi uchun e’lon qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi keng jamoatchilik tomonidan qizg‘in muhokama qilinmoqda, – deydi Anvar EMINOV. – Xususan, Konstitutsiya loyihasining 41-moddasida pedagog xodimlarning maqomini har jihatdan mustahkamlash, ularning huquqlari, sha’ni va obro‘-e’tibori davlat himoyasida ekanini belgilovchi qoidalar haqida bahs-munozaralar bo‘lmoqda. Ularda ishtirok etayotgan aholining bir qismi ushbu masalani Konstitutsiya darajasida emas, balki alohida qonun bilan tartibga solish kerak, chunki o‘qituvchi maqomining Asosiy qonunda alohida belgilanishi boshqa kasblarga nisbatan kamsitish sitfatida qabul qilinishi mumkin, degan fikrlar bildirilayotganiga guvoh bo‘layapmiz.
Keling, ushbu taklif haqiqatan ham dolzarbligini va boshqa kasb vakillarini nega kamsitmasligini ko‘rib chiqaylik.
O‘qituvchi kasbi uzoq tarixiy ildizlarga ega, aslida bu kasbni boshqa kasblarning “onasi” deb atash mumkin. Har bir insonning o‘sib-ulg‘ayishida unga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatadigan ustoz va muallimning alohida o‘rni bor. Inson qaysi kasbni etagini tutmasin, uning kamolotga erishuvida ustoz pedagoglarning hissasi katta. Eng buyuk mutafakkirlar ham ustozlar tarbiyasi bilan kamolga erishgan. Mashhur shoirimiz Abdulla Oripov e’tirof etganidek:
Muallim haqida so‘zim ushbudir,
Muallim kamolot ichra ko‘zgudir.
O‘qidim Gerodot, tarixni ko‘p bor,
Forobiy, Danteni takror va takror.
Barini o‘qidim, lol qoldi aqlim,
Bariga ustozsan o‘zing, muallim.
Alisher qalbiga solgan sehr-fayz,
Sensan, ey muallim, ustoz Abul-Lays.
Buyuk Temur sendan topgandir ta’lim,
Sen shundoq, aziz zot, aziz muallim.
Albatta, barcha kasb vakillari o‘qituvchilar tufayli tayyor kadr sifatida shakllanadi, tegishli bilim va ko‘nikmalarni, xoh maktabda, xoh o‘rta maxsus ta’lim dargohida yoki oliy o‘quv yurtida bo‘lsin, biz o‘qituvchilardan olamiz.
Shuning uchun o‘qituvchiga g‘amxo‘rlik barcha sohalarda kadrlar tayyorlash borasida muvaffaqiyat kaliti hisoblanadi.
Konstitutsiyada o‘qituvchining maqomini mustahkamlash ta’lim sohasidagi qonun hujjatlarida belgilangan huquqiy me’yorlarni uyg‘unlashtiradi. O‘qituvchining maqomini oshirmay turib, ta’lim sifatini oshirib bo‘lmaydi. Ta’lim sifatini oshirmay turib esa, malakali mutaxasislarni tayyorlab bo‘lmaydi.
O‘z navbatida, o‘qituvchi maqomi bilan bog‘liq bunday qoidalar bir qator xorijiy davlatlar konstitutsiyalarida mustahkamlab qo‘yilgan. Masalan, Janubiy Koreya Konstitutsiyasida o‘qituvchilarning maqomi qonunlarda aks ettirilishi kerak bo‘lgan asosiy masala sifatida belgilangan. Malayziya Konstitutsiyasida o‘qituvchilarning maqomi va tayyorgarligi masalalari milliy (federal) miqyosda berilgan.
O‘qituvchi maqomini Konstitutsiya darajasida belgilash, ularning kasbiy faoliyati daxlsizligi va davlat himoyasida bo‘lishi pedagog kadrlarning salohiyatini rivojlantirish bilan birga mamlakatimiz ta’lim tizimining yuksalishiga xizmat qiladi.