O‘qituvchilarga tushlik vaqti ajratilsa...
O‘qituvchilarga tushlik vaqti ajratilsa...
“Nonushtani do‘sting bilan tan о vul qil, kechki ovqatni dushmaningga uzat va faqat tushlikni o‘zing yegin”, degan naqlni xalqimiz xo‘p bilib aytgan. Ya’ni, ertalab yengilroq taom yeyish, uyqu oldidan hech narsa yemaslik va tushlikda kaloriyali ovqat iste’mol qilish salomatlik uchun foyda.
Yon-atrofimizda ovqatlanish tartib-qoidalariga bee’tibor qaraydigan zamondoshlarimizni uchratamiz. Kimlardir vaqt tanqisligi va ish ko‘pligini ro‘kach qilsa, kimlardir loqaydligi tufayli b u tartibga bo‘ysunmaydilar. Biroq kasb taqozosi bilan tushlik uchun alohida vaqt ajratolmaydigan yoki ikkinchi nonushta-yu kechki ovqat bilan kifoyalanib qo‘yadiganlar ham bor. Masalan, maktab o‘qituvchilarining aksariyati darslarning ketma-ketligi va 15 daqiqalik katta tanaffusdagina tamaddi qilishga imkon topishgani sabab har doim ham me’yorida tushlik qila olishmaydi. Ba’zilar bunda fan o‘qituvchisining o‘zini – ko‘p dars soati olganlikda ayblashsa, boshqalar ayni kunning peshin payti tushlik uchun 30 daqiqa vaqt ajratilishini istashadi. Ya’ni, kunning birinchi yarmida dars o‘tgan pedagog biroz dam olib, ovqatlanib ikkinchi navbat darslariga kirmasa, auditoriyani jamlab olish uchun o‘zida kuch topolmay qoladi.
Fikrimga misol tariqasida chet tilidan dars beradigan o‘qituvchi qo‘shnining umumta’lim maktabidagi ishidan bo‘shab, xorijiy tilga ixtisoslashgan xususiy maktabda faoliyat yuritgani haqida to‘xtalmoqchiman. U o‘z ishidan mamnunligi, dars soatlari ilgarigidan bir necha soat ko‘p bo‘lishiga qaramay, charchoq bilmay ishlayotganini ta’kidladi:” O‘qituvchi uchun ish jarayoni asosan soat 8:00 da boshlanadi. U odatda tushlikka qadar har 5 daqiqalik oraliq bilan sinfdan-sinfga kiradi. Umumta’lim maktabida darslarimiz ertalabki smenaning oxirgi soatlari va ikkinchi smena uchun birinchi soatlarga to‘g‘ri kelsa, tushlikda ikki burda luqma yeyishga ulgurishimiz ham muammo bo‘lardi, tinkamiz qurib qolardi, ochig‘i. Nodavlat ta’lim muassasasida tushlikka 45 daqiqa vaqt ajratilgan va maktab hisobidan ovqatlanish tashkil etilgan. Mana shu fursat biz, o‘qituvchilar uchun to‘rt-besh soatlik charchog‘imizni yengadigan va kunning ikkinchi yarmida o‘quvchilarga saboq berish — aqliy mehnat qilish uchun quvvatga ega bo‘ladigan daqiqalardir”.
Aslida kishi qaysi kasbda faoliyat yuritmasin, tushlikning vaqtida iste’mol qilinishi qanchalik muhim va taomnomada qanday mahsulotlar bo‘lishi kerak, degan savol tug‘iladi. Bu borada mutaxassis tavsiyasiga quloq tutdik.
— Tushlikning to‘yimli bo‘lishi, uglevodlarga boy bo‘lishi hatto parhezdagi insonlar uchun ham kerak, chunki bunday mahsulotlar kishiga energiya va kuch beradi, — deydi Toshkent shahridagi 30-oilaviy poliklinika amaliyot shifokori Dilnoza Ashurova. — Kun tartibidagi ushbu paytda to‘yimli ovqat suyuq-quyuq dimlama, sho‘rva, manti, chuchvara asosan organizmdagi toliqish va tonusni yaxshilaydi. Bu ayniqsa aqliy mehnat bilan band bo‘lgan kishilarga taalluqlidir. Tushlikni soat 12:00 dan 15:30 ga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida yeyishga harakat qilish lozim, boisi aynan mana shu payt organizmda hazm qilish jarayonini yaxshilaydigan fermentlar faol bo‘ladi. Natijada organizmda oziq moddalar oson so‘rilishi imkoni yuqori bo‘ladi. Aksincha, tushlik qilmaslik yoki yengil tanovul, shoshmashosharlik bilan ovqatlanish hazm qilish jarayonini izdan chiqaradi va bu gastrit, oshqozon yarasi, vazn ortishi yoki selyullitga olib kelishi mumkin. Shu bois tushlik vaqtini o‘tkazib yubormang, vaqtingiz bo‘lmagan taqdirda o‘zingiz bilan yong‘oq, meva yoki sabzavotlar olib yuring. Agar ishtahangiz bo‘lmasa, taomnomani ko‘zdan kechirib, yengilroq nonushta qilishga intiling.
Olmazor tumanidagi 224-umumta’lim maktabidagi tajriba aynan mutaxassis-shifokorning maslahatlariga mos keladi. 2017-yildan buyon davom etayotgan ushbu namunali tashabbus shuki, muassasada maktab xodimlari uchun o‘z vaqtida bepul ovqatlanish shart-sharoiti yaratilgan.
— Oshxonaning maxsus joyida fan o‘qituvchilari, umuman muassasa xodimlari uchun homiylar ko‘magida bepul tushlik joriy etilgan, — deydi maktab direktori o‘rinbosari Akbar Yorbozorov. — Avvallari ayrim holatlarda o‘qituvchining puli kam bo‘lsa, kam kaloriyali tushlik uning salomatligiga ta’sir etishi mumkin edi. Ba’zida uyidan ovqat olib kelgan o‘qituvchi maktabdagi umumiy oshxonada o‘tirib ovqatini yeyayotganda bolalar oldida o‘zini noqulay his etardi. Ikkinchidan, agar u o‘zi bilan birga ovqat olib keladigan bo‘lsa, oshxonadagi bir chekkada yoki xonasida qandaydir sabab qiyin sharoitda ovqatlanishiga to‘g‘ri kelardi. Maktabda bepul tushlik joriy etilgach, bunday xijolatomuz vaziyatlar bartaraf etildi. Aksincha, jamoadagi ittifoq yanada tiklanib, o‘qituvchilar kechga qadar to‘garaklarda faol dars o‘ta boshlashdi.
Maktabda tushlik uyushtirilishining yana bir e’tirofli tomoni — bu yerda hattoki ayrim uzoqdan qatnaydigan va qo‘shimcha to‘garaklarda ishtirok etadigan o‘quvchilarga ham bepul ovqatlanish imkoniyati berilgan. Bu tajriba judayam foydali ekani allaqachon o‘z isbotini topdi. Faqat tushlik mablag‘lari tartibli sarflanishi maqsadida ro‘yxat shakllantirilgani ham homiylik hisobi va maxsus fondning maqsadli ishlatilganini ko‘rsatishga qaratilgan. Maktab ma’muriyati bundan keyin ham aynan shu tizimni davom ettirish niyatida. Bu sa’y-harakatlarning barchasi muassasadagi ta’lim sifati va pedagogning yaxshi dars o‘tishi uchun xizmat qilishiga aminmiz.
— Biz tushlikda bir oila bo‘lib ovqatlanamiz, ovqat maktab hisobidan beriladi, — deydi “Ziyo-zukko umumta’lim maktabi” NTM. — Maktabimiz Xalqaro islom akademiyasi qoshida tashkil etilgan bo‘lib, dars jarayoni 08:30 dan 18:00 gacha davom etadi. Darslar davlat ta’lim standartlari asosida o‘tiladi. Ertalabki birinchi soat darsdan keyin boshlang‘ich sinf o‘quvchilari nonushta qilishadi. Har kuni maktabda o‘qituvchi-yu o‘quvchi uchun 12:00 dan 13:00 gacha tushlik vaqti bo‘ladi. Nafaqat sinf rahbari va yordamchi pedagoglar o‘z o‘quvchilari, fan o‘qituvchilari hamkasblari bilan birgalikda ovqatlanishadi, balki bu vaqtda o‘quvchilarimizga dasturxonga o‘tirish odobi ham o‘rgatiladi. Ular taomga kattalar qo‘l uzatgandan so‘ng yeyishni boshlashga odatlanishgan. Qolaversa, tushlikdan keyin dasturxondan qanday tartibda turish qoidasi hamda duo qilish odati ham singdirib boriladi.
Nodavlat ta’lim muassasalarida o‘qituvchi uchun yaratilgan sharoit ko‘proq xorij, jumladan, Gruziya, Germaniya va Kanada ta’lim maskanlaridagi kun tartibini tuzish tajribasiga tayanilgan. Masalan, Germaniyada oddiy ish kuni 8 soatni tashkil qiladi, bu muayyan sharoitlarda 10 soatgacha uzaytirilishi mumkin. Agar ish kuni 6 soatdan 9 soatgacha bo‘lsa, xodim kamida 30 daqiqa tushlik tanaffus qilish huquqiga ega. Bu tanaffus aynan ta’lim xodimlariga tegishlidir. Boshqa soha vakillariga ish vaqti uchun minimal tanaffus 45 minut. O‘qituvchi o‘z istagidan kelib chiqib tanaffusni bir necha qismlarga bo‘lishi mumkin, har biri kamida 15 daqiqa bo‘lishi kerak. Xodim uzluksiz 6 soatdan ortiq ishlamaydi. Ish tugagandan so‘ng, xodim ishdan kamida 11 soat bo‘sh vaqtga ega bo‘lishi
kerak. Rossiyada esa Mehnat kodeksining 108-moddasida har bir xodimga, xususan, xalq ta’limi xodimlariga tinchgina dam olish va ovqatlanish imkoniyati kafolatlangan. Buning uchun rahbariyat tomonidan 30 daqiqadan kam bo‘lmagan, lekin 2 soatdan ko‘p bo‘lmagan vaqt ajratilishi mumkin. Boshqa maktablarda esa ushbu chegaralar doirasidagi bunday tanaffus qancha davom etishi muassasada qabul qilingan ichki mehnat qoidalariga bog‘liq. Ushbu tanaffus ish vaqtiga kiritilmaydi.
Har bir davlat, har bir muassasadagi qonun-qoidalar, tartiblar va tashabbuslar qanday bo‘lmasin, mehnat qilayotgan insonning qadrini belgilab beradi. Xalqchil so‘zlaganda, sihat-salomatlik boylikdan yaxshiroqdir. Bu boylikni asrash uchun tanovul qilayotgan taomning sifati va vaqti-soati katta ahamiyat kasb etadi. Demak, farzandlarimizning bilimli bo‘lishi, ertangi taqdirini ishonib topshirganimiz — o‘qituvchilar kun tartibida ham bu qoidalar ishlasa, ya’ni dars jadvali tuzilayotganda tushlik uchun muayyan vaqt qat’iy belgilansa nur ustiga nur bo‘lardi.
Shoira BOYMURODOVA,
“Ma’rifat” muxbiri