O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga MUROJAAT TA’LIM VA TARAQQIYOTNING TAYANCH NUQTASI
Muammo. Butun insoniyat tafakkuri, saviyasi va salohiyati shiddat bilan rivojlanayotgan bir paytda mamlakatimizda avlodlar almashinuvi natijasida yetishib kelayotgan yosh avlod misolida xalqimizning tafakkuri, aqliy va ma’naviy salohiyati yildan-yilga pasayib, umumiy saviyasi tushib bormoqda. Bu yangi O‘zbekiston istiqboli, millatimiz uchun katta xavf sifatida yuzaga chiqayotir. Agar uning oldi olinmasa, mamlakatimiz yuz yillar davomida tuzatib bo‘lmaydigan fojialar girdobida qoladi.
Muammo alomatlari. Yoshlar orasida bilimsizlik, savodsizlik odatiy holga aylandi. Mamlakatimiz miqyosida diniy mutaassiblik kundan-kunga avj olmoqda. Bu jaholat, ekstremizm va radikal kayfiyatning kuchayishiga sabab bo‘layotir. Oilalardagi ma’naviy qashshoqlik va tarbiyasizlik, jinsiy zo‘ravonlik, gender diskriminatsiya, ayniqsa, bolalar qotilliklari muttasil sodir bo‘lmoqda. Fuqarolar orasida ijtimoiy toqatsizlik avj olmoqda. Ming yillar davomida shakllangan milliy madaniyatimizga putur yetmoqda. Yoshlar orasida ishsizlik kuchaymoqda, boqimandalik kayfiyati avj olib, kambag‘allik o‘sib borayotir.
Muammo sababi. Mamlakatimizda davlat va hukumatning sa’y-harakatlari bilan ta’lim olish imkoniyatlari kengaytirilgani sari o‘qitish sifati yuksalmayapti, balki orqaga qarab ketmoqda. Yoshlar orasida bilim va savod me’yoriy holat bo‘lishi o‘rniga ayrimlaridagina uchraydigan noyob fazilat tusini olmoqda. O‘qituvchilarning orasida ham talab darajasidagi savodlilar kamayib bormoqda. Har qanday ishlab chiqaruvchi yetishtirgan mahsulotidan manfaatdor bo‘lishiga zid ravishda o‘qituvchi mehnatining natijasi bo‘lgan o‘quvchi(talaba)larning o‘zlashtirish ko‘rsatkichlaridan manfaatdorligi nol darajaga tushib qoldi. O‘qituvchilik esa ortiq havas qilib bo‘lmaydigan kasbga aylanib bo‘ldi.
Muammo yechimi. Ta’lim sifati uchun o‘qituvchi mas’uliyati va javobgarligini belgilash muammo yechimining tayanch nuqtasidir. Ta’limning barcha bo‘g‘inida o‘qituvchi mehnat staji, diplomi (til bilish darajasi va malaka sertifikati) asosida emas, ta’lim oluvchining o‘zlashtirish ko‘rsatkichi asosida munosib ish haqi olishi, rag‘batlantirilishi, zarur hollarda jazolanishi lozim. Aniq o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari tizimli va avtomatik ravishda (qo‘l boshqaruvi asosida emas) mehnatga haq to‘lanishi, moddiy va ma’naviy rag‘batlarga yagona asos bo‘lishi lozim. Buning va o‘quvchi(talaba)lar bilimini baholashning mustahkam qonuniy asoslari ishlab chiqilishi hamda ularning aniq ishlashi va nazoratining ta’minlanishi – yuqorida zikr etilgan muammoning yagona yechimidir.
Baxtiyor MENGLIYEV,
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat O‘zbek tili va adabiyoti universiteti professori