“ONLAYN MEHR KO‘RIB KATTA BO‘LDIM!”
Farg‘ona viloyatining oila va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha mas'ullaridan olgan ma'lumotlarimizga qaraganda 2022-yilning dekabr oyi hisobotlarida viloyatdan 32 ming nafar xotin-qiz chet elga ish izlab chiqib ketgan.
Ularning asosiy qismi Rossiya, Turkiya, BAA, Hindiston davlatlarida turli ishlarda ishlab, oilasi va bolalaridan uzoqda yashamoqda.
Migrant ayollarning taqdiri tushunarli. Ularning har biri haqida alohida chiqishlar qilish, hikoyalarini eshitish mumkin.
Ammo bizni o‘ylantiradigan, hammani bezovta qiladigan yana bitta mavzu bor. Bu – migrant ayollarning farzandlarining taqdiri.
Bu haqda ham yuzlab hikoyalar aytish mumkin. Agar ota chet elga ishlash uchun ketsa, buni tushunsa bo‘ladi. Har holda ona bu yerda bolalari bilan birga bo‘ladi, ularni oq yuvib, oq taraydi. Ota yuborgan pulni tejamkorlik bilan ishlatib, otaning mehrini ham bolaga bildirib turadi. Ammo, lekin, biroq....
Nega ayollar chet ellarga ish izlab ketyapti, nega ular yillab o‘z bolalari bilan faqat aloqa vositalari orqali gaplashib, bolalarini katta bo‘layotganligini uzoqdan kuzatib turibdi?
Bu yerda bobo-buvisi, akasi, opasi, tog‘ayu xolasi qaramog‘ida qolgan bolalar nimani o‘ylaydi ularning orzulari qanday, bolalar o‘z kelajagini qanday tasavvur qiladi?
Shu savollarga javob topish maqsadida biz onasi va otasi Rossiyaga, Turkiyaga ishga ketgan bolalar bilan gaplashdik. Ba'zilari o‘z hikoyalarini aytib berishni istashmadi, ba'zilari bunga rozi bo‘lishdi.
5-6 yoshli bolajonlar faqat “ayamni sog‘indim, tezroq kelishini istayman” degan javobni bergan bo‘lsa, katta sinflarda o‘quvchi bolalarning fikrlari sal boshqacharoq chiqdi.
– Ismimni yozmang, – dedi onasi va dadasi Rossiyaga ishlash uchun ketgan 10-sinf o‘quvchisi Z. – Agar internetga chiqib ketsam, hamma ustimdan kuladi. O‘rtoqlarimdan uyalaman. To‘g‘risi, ota-onam bilan birga yashashni, ularni har kuni “tirigini” ko‘rishni istayman. Ularni deyarli ko‘rmasdan katta bo‘lyapman. Ular o‘z mehrlarini menga “onlayn” tarzda hadya etmoqdalar. 2012-yilda men hali maktabga bormasimdan Rossiyaga 2 yoshli ukamni olib ketishgan. Men esa buvim va bobomning qaramog‘ida qolganman. Buvim bog‘chada ham, 1-sinfga chiqqanimda ham hech kimdan kam qilmay yangi ko‘ylaklar, tuflilar, hamma narsani olib berardi. Shokolad ham, muzqaymoq ham bo‘lardi. Ammo dadam va ayamni rosa sog‘inardim.
Mana hozir 10-sinfda o‘qiyapman. Dadam va ayam haliyam Rossiyaning Nijniy Novgorod degan shahrida. Yaxshi pul jo‘natishadi, aytgan narsamni olib bervorishadi. Har kuni “Imo”da gaplashamiz. Ammo.... ayamga ham aytadigan gaplarim, sirlarim ko‘payib ketyapti. Buvim ham menga yaxshi qaraydi. Doim nima desam olib beradi. Rossa qattiqqo‘l. “Agar sening tarbiyangga qattiq turmasam, odob chegarasidan chiqib ketasan. Keyin hamma “ayasi va dadasi Rossiyada yurgani uchun, qizining tarbiyasiga buvisi e'tibor bermabdi” – deb meni ayblaydi”, – deydilar.
Uyda hamma ishni o‘zim qilaman. Kir yuvaman, uy supuraman, ovqat qilaman. Xullas bo‘sh vaqtim yo‘q. Kelajakda shifokor bo‘lmoqchiman. Buning uchun maktabdan tashqari biologiya va kimyo fanlaridan repetitorga boraman. Repetitor pulini ham ayam jo‘natadilar. Ayam doim menga “Yaxshi o‘qigin, men mana oliy ma'lumot ololmaganim uchun sovuqlarda ishlab yuribman. Agar maktabda yaxshi o‘qiganimda, oliy ma'lumot olardim. O‘qituvchimi, do‘xtirmi bo‘lardim. Issiqqina xonalarda chiroyli kiyinib, mazza qilib ishlardim” – deb ko‘p gapiradi. Shuning uchun hozir eng ko‘p vaqtimni biologiya va kimyoni o‘rganishga sarflayapman” – deydi Z.
– Bolalarniku dardlarini tingladik. Musofirlikda yurgan onalarning o‘z yurtida qolgan bolalari haqidagi o‘ylari qanday?
2010 yilda katta o‘g‘lim 5-sinfda edi. Qizim 4-, kichkina o‘g‘lim 2-sinfda o‘qirdi. Men pul topish, bolalarimning kelajagini yaxshilash uchun muhojirlikka chiqib ketdim. Katta o‘g‘lim otasida qoldi. Chunki o‘g‘il bolaga otaning tarbiyasi zarur edi. Qizim va kichik o‘g‘limni onamga qoldirdim. Uchchalasi ham Uchko‘prik tumanidagi 20-maktabda o‘qishgan. Moskvada ishlab yurib, uy oldim. Onam qarib qolgani uchun, o‘g‘il bola tarbiyasida qiynalmasin deb, kichik o‘g‘limni ham otasining qaramog‘iga jo‘natdim. Dadasining ko‘z oldida bo‘lgani yaxshi edi-da. Moskvada ishlasam ham, yuragim, butun borlig‘im farzandlarimda bo‘ldi. Bolalarimning o‘qituvchilari bilan muntazam telefon orqali bog‘lanib, ularning o‘qishi, odob-ahloqi, tarbiyasini surishtirib turdim. Ularning o‘qishini Moskvada bo‘lsam ham nazoratimga olgandim. Qizim maktabni tugatgandan keyin sinf rahbari, o‘qituvchilari yordami bilan Qo‘qon tibbiyot kollejiga o‘qishga kirdi. O‘sha yerda ham barcha o‘qituvchilari bilan aloqada bo‘lib turdim. Doimo “qizimning o‘qishi yaxshimi, odobi qanaqa, yurish-turishida o‘zgarish yo‘qmi, baholari pasayib ketmayapti” – deb so‘rab turardim. O‘qishdan tashqari Qo‘qon shahridagi tug‘ruqxonada amaliyot o‘tagan, ish o‘rgangan. O‘sha paytda ham unga ish o‘rgatgan hamshiralar bilan ham telefon orqali gaplashib turganman. Hozir qizim Farg‘ona jamoat salomatligini saqlash institutining 4-kurs talabasi. Turmushga uzatganman. Bir nafar farzandi bor. O‘g‘lim ham jismoniy tarbiya o‘qituvchisi. Kichkinam esa oliy ta'lim olishni istamayapti. U ustachilik qilaman, zo‘r hunarmand bo‘laman, – deydi. Unga ham oliy ta'lim olishi uchun barcha sharoitni yaratib berishimni, o‘zim uzoqda bo‘lsam ham, unga moddiy va ma'naviy ko‘mak berishimni qayta-qayta aytaveraman.
Hozirgacha bolalarimning eng og‘riqli savoli “Qachon kelasiz, sizni sog‘indik” degan ibora. Bu savolni ular har kuni berishadi. Har doim ular bilan ochiq-oydin gaplashishga harakat qilaman. Ularga har qanday muammo va tashvishlaringiz bo‘lsa aytinglar, mendan sir yashirmanglar, har qanday ishni men bilan maslahatlashib qilinglar” deyman. Ota-ona farzandini tinglashi, ularga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishi, darrov aybini topmasdan, yelkadosh bo‘lishi kerak. Bolalarimni hozir ham erkalataman, ularning yutuqlarini eshitsam, taqdirlayman. Farzandlarimga yoqadigan sovg‘alarni jo‘natib yuboraman. Ularga doimo dalda beraman.
Eng ko‘p qiynaydigan narsa sog‘inch. Bolalarimdan uzoqda bo‘lganim uchun ularning katta bo‘lganini, maktabdagi bitiruv oqshomlarini faqat rasmlaru videolarda ko‘rdim. Ularni har daqiqa sog‘inaman. Ammo menga bir narsa taskin beradi, muhojirlikda o‘tkazgan 13 yillik umrim behuda ketmadi deb, o‘ylayman. Uzoqda bo‘lsam ham farzandlarimga yaxshi tarbiya bera oldim. Baxtli onaman, – deydi Moskvada farroshlik qiluvchi Gulchehra Akbarova.
– Yuqorida aytganimizdek, bu mavzuga hali qaytamiz. Hali yaratilajak hikoyalar oldinda.
Sharifa MADRAHIMOVA, jurnalist.