SIFATLI TA’LIM — TARAQQIYOT GAROVI
SIFATLI TA’LIM — TARAQQIYOT GAROVI
2022-yilning 20-dekabr sanasida Prezidentimizning Oliy Majlis va xalqimizga navbatdagi Murojaatnomasini o‘zgacha hayajon va diqqat- e’tibor bilan tingladik. Bu oddiy murojaat emas, balki bajarilishi lozim bo‘lgan ishlarimiz, ayniqsa, inson qadr-qimmati oliy darajaga ko‘tarilganligi, shu bilan birga, ta’lim-tarbiyaga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilayotganligi hamda Uchinchi renessans davrining asosiy mezoni desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Murojaatnomada xalqimiz istiqboli hamda Yangi O‘zbekiston yoshlariga berilayotgan ta’lim-tarbiyaga e’tibor va g‘amxo‘rlik, o‘qituvchi hamda murabbiylarimizga beqiyos imkoniyatlar yaratish uchun har bir rahbar, har bir fuqaro mas’ul ekanligi bilan bog‘liq vazifalar aniq belgilab berildi.
Eng avvalo, bu yilga berilgan nomni butun xalqimiz, ayniqsa, yoshlar xursandchilik bilan kutib oldilar. Chunki respublikamizda 2023-yil – “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb e’lon qilindi. Yangi 2023 yilda ham yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, sifatli ta’limni yanada mustahkamlash bo‘yicha yurtimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar izchil davom etadi, albatta.
Murojaatnoma Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi harbiy xizmatchilari va kursantlarining ham ma’naviy, ham ijtimoiy-siyosiy bilimlarini oshirish, ularni ona Vatan ishongan va suyangan istiqbolli kadrlar sifatida tarbiyalashda dasturulamal bo‘lib xizmat qiladi.
Prezidentimiz 2023-yildagi ustuvor yo‘nalishlarga to‘xtalar ekanlar, ikkinchi yo‘nalishning dolzarb masalalariga alohida urg‘u berib o‘tdilar. Shu jumladan, birinchi navbatda, e’tibor Yangi O‘zbekiston uchun eng katta investisiya bo‘lgan ta’limni qo‘llab-quvvatlashga qaratilishini alohida ta’kidladilar.
“Najot – ta’limda, najot – tarbiyada, najot – bilimda. Chunki, barcha ezgu maqsadlarga bilim va tarbiya tufayli erishiladi”.
“Ma’rifatparvar jadid bobolarimizning bu so‘zlari deputat va senatorlarimiz, siyosiy partiyalar, mahalliy kengashlar, butun davlat apparati, keng jamoatchilikning amaliy harakatiga aylanishi kerak. Shu bois, maktablarda ta’lim sifati hamda jamiyatda o‘qituvchi kasbining nufuzini oshirish, muallimlarning sharoitlarini yaxshilash 2023-yildagi eng asosiy vazifalarimizdan biri bo‘ladi”, - dedilar davlatimiz rahbari.
Yurtboshimizning ushbu Murojaatnomasidan kelib chiqib, Akademiya jamoasi o‘z oldida turgan dolzarb vazifalarni belgilab oldi. Avvalambor, mamlakatimizda favqulodda vaziyatlarning oldini olish, sodir bo‘lganda oqibatlarini bartaraf qilish va yong‘in xavfsizligini ta’minlashga o‘z kuch - g‘ayratlarini safarbar etadigan professional yosh kadrlarni tayyorlash, sifatli ta’lim berish usullarini yanada mustahkamlash, yangi innovasion g‘oyalar va ilmiy ixtirolar asosidagi yangidan-yangi ilmiy ishlanmalarni sohaga keng tatbiq etish shular jumlasidandir.
Muhtaram Prezidentimiz ta’lim sifatini oshirish – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining yakkayu yagona to‘g‘ri yo‘li ekanligini alohida e’tirof etdilar. Yusuf Xos Hojib bobomiz aytganlaridek: “Zakovat bor joyda ulug‘lik bo‘ladi, Bilim bor joyda buyuklik bo‘ladi”. Shuning uchun ushbu sohada boshlagan islohotlarimizni davom ettirishimiz, ta’lim dargohlariga borib, o‘qituvchi va murabbiylar bilan ko‘proq muloqot qilib, o‘quv-tarbiya ishlari sifatini oshirish bo‘yicha ular qo‘ygan masalalarni birgalikda hal etishimiz kerak...
Muxtasar qilib aytganda, yangicha qarash, yangi g‘oya va yangi rejalargina davlatning istiqboli, jonajon Vatanimiz ravnaqi va xalqimizning farovonligiga dahldor amaliy natijalarni belgilab berishi aniq. Shu maqsadda biz yoshlarimizni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning ona yurtga mehri va sadoqatini oshirishga yanada ko‘proq ahamiyat berishimiz va bu yo‘lda sobitqadam bo‘lishimiz lozim.
Zero, sifatli ta’lim-tarbiya – taraqqiyot garovidir.
Choriyor XO‘JANOV,
O‘zbekiston Respublikasi
Favqulodda vaziyatlar vazirligi
Akademiyasi boshlig‘ining
o‘rinbosari, polkovnik