Yangi O'zbekistondagi yangi dunyoqarashlar debochasi
Toshkent viloyati Xalq ta’limi boshqarmasi “1-oktabr— O‘qituvchi va murabbiylar kuni” bayrami munosabati bilan 27-,28,29- sentabr kunlari “Siz doimo e’zozdasiz - Aziz Ustozlar!” aksiyasini e’lon qildi. Bu xayrli tadbirdan ko‘zda tutilgan asosiy maqsad, azaliy qadriyatlarimiz gultoji bo‘lgan mehr-oqibat, ustozlarga izzat-ikrom ko‘rsatish, muallim mehnatining qadr-qimmatini e’zozlash kabi umrboqiy tuyg‘ularni jamiyatimizda yana-da shakllantirish, yoshlarning ma’naviy dunyosini boyitishdir.
Ustoz va murabbiylar orzuqib kutayotgan bayram arafasida viloyatning barcha aholi vakillari va yoshlariga, shuningdek, korxona-tashkilotlari, davlat hokimlik idoralari rahbar va xodimlariga “Siz bugun ustozingizni ziyorat qildingizmi?” deya, eslatma berilayotgan bu xayriya tadbiri Yangi O‘zbekistondagi yangi dunyoqarashlarning debochasidir.
“Siz doim e’zozdasiz - Aziz Ustozlar!” tadbirining mazmun mohiyati yuksakligi shundaki, o‘qituvchining jamiyatdagi beqiyos o‘rni yana bir bor hammaga ibrat qilib ko‘rsatilmoqda. Bu mu’tabar kasb egalari haqida hazrat Alisher Navoiy o‘zining “Mahbub ul-qulub” asarida bunday deydi: “Insof bilan aytganda, har qanday irodali odamni ham birgina bola tarbiyasi charchatadi. Muallim bu kabi hollarda yuzlab mashaqqat chekadi. Shu jihatdan olganda, bolalarda uning haqqi ko‘p. Agar shogird ulg‘aygach, podshohlik martabasiga erishsa ham o‘z muallimiga qulluq qilsa arziydi. Binobarin, shogird shayx ul-islom va qozilik darajasiga ko‘tarilganda ham ustozi undan rozi bo‘lsa, Tangri taolo ham rozi bo‘ladi.
Haq yo‘lida kim senga bir harf o‘qitmish ranj ila,
Aylamak bo‘lmas ado oning haqqin yuz ganj ila”.
Xayrli tadbirda ishtirok etgan har bir fuqaro o‘zining birinchi o‘qituvchisi, murabbiysi, sinf rahbari hamda keyingi ta’lim dargohlaridagi mehribon ustozlari ziyoratida bo‘lishi, bu unitilmas daqiqalarni foto va vedio tasvir shaklida viloyat XTBsining maxsus botiga yo‘llashi lozim. Albatta, bu e’zozu-ikromlar aks ettirilgan lavhalar ijtimoiy tarmoq orqali keng jamoatchilikka havola etiladi.
Shu bois, xayriya kunlari viloyatdagi yuzlab umumta’lim maktablari o‘qituvchilari, ushbu sharafli kasbda uzoq yillar mehnat qilib, nafaqaga chiqqan ustoz va murabbiylar xonadonlariga bayram shodu-xurramliklari, e’zozu e’tibor shukuhi kirib borishi kutilmoqda.
Shodiyor MUTAHAROV,
(“Xalq so‘zi”).