Bir maktabda ikki til
G‘ayri tilni sa’y qiling bilgali yoshlar –
Kim, ilm-u hunarlar bilanki
ondin ayondur...
Ma’rifatparvar shoir Avaz O‘tar bundan bir asr muqaddam yozgan mazkur misralar bugun ham dolzarbligicha qolmoqda. Zero, til o‘rganish, o‘zga ellar tili, madaniyati, tarixiga e’tibor qaratish har bir millat taraqqiyotida muhim o‘rin tutadi.
O‘zbekistonning ochiqlik siyosati, dunyo bozoriga faol kirib borayotgani, turli sohalarda xalqaro hamkorlik ishlari kengayayotgani ham o‘z-o‘zidan xorijiy tillarni bilishga ehtiyojni oshirmoqda. Joriy yilning 6-may kuni davlatimiz rahbari boshchiligida chet tillarni o‘qitish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida tizimdagi muammolar atroflicha tahlil qilinib, ustuvor vazifalar belgilandi.
– Viloyatimizda bu borada bir qator ishlar amalga oshirilmoqda, – deydi Farg‘ona viloyat xalq ta’limi boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Abdujabbor G‘aniyev. – Jumladan, tuman-shaharlarning har biridan bitta maktab tanlab olinib, xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab maqomi berilmoqda. Ularda 146 nafar chet tili o‘qituvchisi faoliyat olib boradi, shundan 57 nafari oliy va birinchi toifali o‘qituvchilar bo‘lsa, milliy va xalqaro sertifikatga ega bo‘lganlar 24 nafar. Ushbu maktablarda xorijda chop etilgan kitob va darsliklar, ilg‘or o‘quv dasturlari hamda metodikalaridan keng foydalanish, fanlarni chet tilida o‘qitish yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilmoqda. Bu orqali xorijiy tillarni o‘qitish sifati o‘sishiga erishish mumkin.
Farg‘ona shahridagi 3-umumta’lim maktabida o‘quvchilarga ikkita chet tili – ingliz va fransuz tillari o‘qitiladi. Maktabda uzoq yillar davomida to‘plangan boy tajriba, shuningdek, yosh kadrlarning intiluvchanligi natijasida xorijiy tillarni o‘qitishda yuqori samaradorlikka erishib kelinmoqda. Bu borada maktabda uzoq yillardan buyon fidokorona mehnat qilib kelayotgan Xalq ta’limi a’lochisi Galina Xo‘jayevaning hissasi katta. U ko‘plab iqtidorli shogirdlar, xorijiy til mutaxassislarining sevimli ustozi.
Iqbolxon Nazarova Fransiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi taklifi bilan 2012-yili mazkur davlatga metodika va til o‘rganish stajirovkasiga borishga muyassar bo‘lgan. O‘shanda Fransiya ta’lim tizimining o‘ziga xos jihatlari – internet va axborot-kommunikatsiya jihozlarining ta’limdagi o‘rni beqiyosligi uning havasini keltirgan edi.
Shuni ta’kidlash kerakki, oliy ta’lim tizimida mutaxassislar tayyorlash masalasiga alohida e’tibor qaratiladi. Yangi o‘quv yilidan boshlab, chet tillari bo‘yicha qabul kvotalari soni 2 baravar ko‘paytirilib, 16 mingtaga yetkazilishi, davlat granti esa 3 baravarga oshirilishi ko‘zda tutilgan.
– Maktabimizda 1600 nafar o‘quvchi ta’lim oladi, – deydi o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Umidaxon Yunusova. – Oliy o‘quv yurtlari chet tili yo‘nalishiga qabul kvotalarining oshirilishi bitiruvchilar uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Jadal sur’atda rivojlanib, o‘zgarib borayotgan zamonaviy dunyoda ingliz tilini bilish allaqachon kundalik zaruratga aylanib ulgurgan.
– Sohadagi o‘zgarishlardan xabardor bo‘lib borishlari, yangi adabiyot va qo‘llanmalar sotib olishlari uchun har bir chet tili o‘qituvchisiga budjetdan 1 million so‘mdan mablag‘ ajratilishi belgilangani zimmamizga ulkan mas’uliyat ham yuklaydi, – deydi ingliz tili o‘qituvchisi Nilufar Nosirova. – Hozir chet tillarini o‘qitishning innovatsion usullarini amaliyotga tatbiq etish maqsadida Amerika Kengashi va Xalq ta’limi vazirligi hamkorligida ishlab chiqilgan ESN (English Speaking Nation) loyihasida tahsil olmoqdaman.
Yurtimizda yoshlarga berilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, xorijning mashhur universitetlarida tahsil olayotganlar soni kun sayin ortib bormoqda. Ayni paytda mazkur maktabni bitirgan Javohir Mahkamov, Muzaffar Abduahatov va Abbosbek Mo‘minov Koreyaning INHA universiteti xalqaro biznes va savdo yo‘nalishida, Sardorbek Mirzaahmedov esa AQShning Vebster universitetida o‘qimoqda. Bu talabalardan ustozlarining umidi katta.
Hayotjon BOYBOBOYEV