Bir asrlik noyob gerbariylar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 17-iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida institutning noyob ilmiy obyekti «Markaziy gerbariy» milliy ahamiyatga ega gerbariy deb tan olinishi va unga «Milliy gerbariy» nomi berilishi belgilab qo‘yildi.
Bugun ushbu ilmiy obyektda bir yarim millionga yaqin noyob gerbariy namunalari saqlanmoqda. Ular orasida bir asrga tengdosh o‘simliklar ham bo‘lib, ko‘rinishi, gullarining rangi, shakli, ildizi va barglari xuddi tabiatdagi asl holatidagidek oppoq varaqlarga muhrlangan.
Ilmiy obyektda gerbariylarning noyob namunalari maxsus shkaflardan joy oladi. Ular avvaliga taksonlarga ajratilib, turlari aniqlanadi. Keyin yaxshilab tikilib, maxsus yorliqlar (etiketkalar) yopishtiriladi. Jarayonda nomi aniqlangan gerbariylar raqamlangan shkaflardan biriga qo‘yiladi. Shu tariqa maxsus javon noyob gerbariylar bilan to‘lib boraveradi.
Gerbariylar faqatgina estetik zavq olish yoki go‘zallik uchun emas, balki tabiatda yo‘qolib ketgan yoki yo‘qolish arafasida turgan endem va kamyob, shuningdek, “Qizil kitob”ga kiritilgan o‘simliklarni saqlab qolish maqsadida to‘planadi. Ular uzoq yillar davomida o‘z ko‘rinishini o‘zgartirmay, insonlarda notanish o‘simlik haqida tasavvur uyg‘otadi.
Milliy gerbariyimiz mamlakatimizning bebaho boyligi hisoblanadi. U Xalqaro gerbariylar katalogiga kiritilgan noyob obyekt hamdir. 1993-yilning dekabr oyida UNESCO tomoidan Sankt-Peterburg shahrida gerbariylarga bag‘ishlab o‘tkazilgan birinchi xalqaro konferensiyada Milliy gerbariyimiz jahon ahamiyatiga ega gerbariy deya e’lon qilindi.
Ilmiy obyektda Turkmaniston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Qozog‘iston, Rossiya, Ukraina va boshqa xorijiy mamlakatlardan keltirilgan o‘simliklar gerbariylari mavjud. Noyob fondimizda Pomir, Tyan-Shan tog‘lari, Ugom, Chotqol, Turkiston tog‘ tizmalari, Qoraqum, Ustyurt sahrolari, Orololdi cho‘llari, Amudaryo, Sirdaryo va Zarafshon daryolari vodiylari, kanallar, ariq bo‘ylari, adirlardan XVIII asrdan to bugungacha yig‘ilgan gerbariylar namunasi saqlanmoqda.
Gerbariy o‘zi nima? Gerbariy — maxsus usul yordamida yig‘ib quritilgan o‘simlik kolleksiyasidir. Ulardan keng ma’noda ilmiy maqsadlar, xususan, hozirgi zamonning eng muhim muammolari bo‘lgan ekologiya hamda tabiat muhofazasi bilan bog‘liq masalalarni bartaraf etish, tabiiy o‘simlik xomashyolaridan oqilona foydalanish hamda «Qizil kitob»ga kiritilgan o‘simlik turlarini muhofaza qilishda foydalanish mumkin. Gerbаriyning ustida oltindek yaraqlab turadigan tillarang yorliq uning «pasporti» bo‘lib, unga o‘simlikning ilmiy va mahalliy nomlari, ekologiyasi, o‘sgan joyi, yili, oyi, kuni, gerbariy raqami, kim tomonidan yig‘ilgan va aniqlangani — barchasi batafsil yoziladi.
Milliy gerbariy noyob ilmiy obyektdagi maxsus raqamlangan javonlarda saqlanayotgan o‘simlik gerbariylarining nusxalari, turlarining barchasi maxsus parametrlar asosida ma’lumotlar elektron bazasiga kiritilgan. Obyekt 4 ta katta bo‘limdan iborat.
Birinchisi, Markaziy Osiyo gerbariysi bo‘lib, u 9 mingga yaqin turni o‘z ichiga oladi. Mazkur bo‘limda mashhur botanik olimlarimizning nomlari bilan bog‘liq turlar ko‘p uchraydi. Ular orasida xorijlik olimlar tomonidan yig‘ilib, yorliqlariga ingliz, nemis, rus, fransuz va lotin tillarida yozilgan o‘simlik namunalari ham bor. Bu yerdagi gerbariylarning aksariyati bir yarim asrdan ortiq vaqt davomida saqlanib kelinmoqda. 1900-yilda botanik olim B.Fedchenko to‘plagan gerba¬riylar shular jumlasidan. Ikkinchi, ya’ni umumiy gerbariy bo‘limida chet mamlakatlarda joylashgan institut xodimlari yig‘ib kelgan va 30 dan ortiq xorijiy davlatdan almashib olingan o‘n ming turdagi gerbariylar saqlanadi. Uchinchisi, tiplar bo‘limi javonlaridan Markaziy Osiyo va Qozog‘istondan yig‘ilgan 1500 ga yaqin yangidan kashf etilgan turlarning birinchi nusxalari joy olgan. To‘rtinchisi, almashtiriladigan gerbariylar bo‘limida 1400 dan ortiq turlar mavjud.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, so‘nggi yillarda ilmiy institut faoliyatini yanada kengaytirish, noyob gerbariylar turini ko‘paytirish borasida qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Yangi bo‘limlar tashkil etish rejalashtirilgan.
Marhamat MATVAFOYEVA, institutning «Markaziy gerbariy» noyob ilmiy obyekti laboratoriyasi xodimi, biologiya fanlari nomzodi,
Mamlakat MAHMUDOVA, O‘zMU “Botanika va o‘simliklar fiziologiyasi” kafedrasi o‘qituvchisi, biologiya fanlari nomzodi