Koinotning chegarasi qayerda?
Odamzod hamisha o‘zi uchun jumboq bo‘lgan narsalarni o‘rganishga intilishi orqali yangilik yaratadi, kashfiyotlar qiladi. Astronomiya sohasi ham shunday. Insoniyat yaralibdiki, osmon sirlarini ochish, cheksiz koinot ilmining oxiriga yetish, o‘zga sayyoralarda hayot bor-yo‘qligini bilishga intiladi. Ba’zan bunga shu qadar kirishib ketadiki, hatto tabiat mo‘jizalari oldida ojiz ekanini ham unutadi.
Istaymizmi-yo‘qmi, bizni “Yerning halqasi bormi?”, “Koinotning qaysi burchaklarida hayot bo‘lishi mumkin?” degan savollar muttasil qiziqtiradi. Rossiya janubidagi yetakchi oliy o‘quv yurtlaridan biri — Kuban universitetining optik astrofizika observatoriyasi mudiri Aleksandr Ivanov “AiF.ru” muxbiriga bergan intervyusida shu kabi oddiy va jumboqli savollarga oydinlik kiritdi.
— Nima uchun Oy xuddi tepamizda yaqin masofada turgandek juda katta ko‘rinadi?
— Bilasizmi, Oy o‘zining go‘zalligi bilan astronomiya sohasiga mutlaqo aloqasi bo‘lmagan kishilarni ham qiziqtirgani bois, ko‘pchilik menga shu savol bilan murojaat qiladi. Insonlar Yerning tabiiy yo‘ldoshi – Oyni kuzatganida, u osmondan xuddi sirli ravishda chiqadigandek tasavvur uyg‘otadi. Bu vaqtda uning gardishi ancha katta ko‘rinadi. Ammo bu hodisa hech qanday real fizik jarayonlar bilan emas, balki insonning miya faoliyatidagi o‘ziga xos xususiyatlar bilan bog‘liq. Aslida, Oy osmon gumbazi bo‘ylab harakatlanganida uning istalgan nuqtadagi burchak hajmlari bir xilligicha qoladi. Ammo uni xayolan yerdagi obyektlar bilan taqqoslashga urinish natijasida u xuddi kattalashgandek tuyuladi. Shunga o‘xshash holatni Quyosh bilan ham kuzatish mumkin.
— Nima uchun faqat Saturnning halqasi bor?
— Aslida, astronomiyadan yiroq kishilarning bunday o‘ylashi tabiiy hol. Biroq halqa boshqa sayyoralarda ham borligini soha vakillari yaxshi biladi. O‘tgan asrning 50-yillari sobiq ittfoq olimlari barcha gigant sayyoralar atrofida meteor bulutlar borligini taxmin qilgan. Ammo birinchi bo‘lib amerikaliklar «Pioner» nomli kosmik stansiyasini Yupiter sayyorasiga uchirdi va unda halqa borligini aniqladi. Gap shundaki, halqalar yorug‘likni yomon aks ettiradigan moddalardan iborat bo‘lgani bois, biz hatto Saturnning halqasini ham to‘liq ko‘rolmaymiz. U kosmosda million kilometr uzoqqa — Yerdan qaraganda ko‘z ilg‘amas masofagacha yoyilib ketgan. Uran va Neptun sayyoralarida ham shu holat. Yanada hayratlanarlisi, bizning sayyoramiz ham o‘z halqasiga ega. U yupqa, sezilmaydigan va chang ko‘rinishida, ammo u mavjud. Tadqiqotlarda aniqlanishicha, halqalarning barchasi tortishish xususiyati orqali sayyoralar orbitalaridan tutib qolingan kometa va meteordan hosil bo‘lgan moddalardan iborat. Aslida, Quyosh ham atrofidagi kometa, meteorit va asteroidlarning katta zaxirasini xuddi shu tarzda o‘ziga tortadi.
— Koinotning tomonlarigacha uchib borish mumkinmi?
— Bu bir tomondan oddiy, boshqa tomondan juda murakkab savol. Negaki, koinot bizdan shu darajada uzoqki, uni faqat mavjud eng katta teleskoplar yordamidagina ko‘rish mumkin. Olimlar koinotning tomonlari 15 milliard yorug‘lik yiliga teng deb taxmin qilmoqda, ammo bu hali oxirgi xulosa emas. Shunchaki, bizda hali ushbu chegaradan u yog‘ini ko‘rish imkoniyati yo‘q. Bu borada yangi ma’lumotlar olish uchun yanada kuchli teleskop yaratilishi zarur. Biroq har qanday holatda ham, hatto yorug‘lik tezligida harakatlanganda ham koinotning bizdan eng uzoqdagi qismlarigacha uchib borishning iloji yo‘q. U yerga yetib borish uchun fazo bo‘ylab soniyasiga uch yuz ming kilometr tezlikda harakatlanish ham kamlik qiladi. Soddaroq tushuntirish uchun bir misolni keltiraman. Buni oddiy insonlar bilmasligi mumkin, ammo Quyoshning yorug‘ligi Yergacha sakkiz daqiqada yetib keladi. Demak, uning porlaganini biz sakkiz daqiqa o‘tgach bilamiz. Ya’ni, biz aslida quyoshni u o‘tib ketganidan keyingina ko‘ramiz. Bizga yaqin Proksima sentavr yulduzlar turkumining yorug‘ligi Yergacha to‘rt yil, yirik galaktikalarniki esa ikki million yilda yetib keladi. Endi o‘zingiz o‘ylab ko‘ring, sayyoramizda bunchalik uzoq yashaydigan kosmonavtning o‘zi yo‘q. Yorug‘lik tezligidan ancha sekin uchadigan kosmik kemalar haqida-ku, aytmasam ham bo‘ladi.
— Quyosh nima uchun qishda Yerni isitmaydi?
— Quyosh qishda Yerni isitmaydi, degan fikr noto‘g‘ri. Bizda qish bo‘lsa, Yerning qarama-qarshi tomonida — yoz. Demak, yil fasllarining almashishi faqatgina vaqti-vaqti bilan o‘zgarib turadigan Yer o‘qining Quyoshga nisbatan qaysi burchakka og‘ishiga bog‘liq. Yozda Quyosh nuri Yer yuzasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tushadi va juda yaxshi isitadi. Qishda esa Quyosh bizdan pastda bo‘ladi va burchakdan yorug‘lik qiyaroq tushadi. Ya’ni, nur Yerga tegib o‘tishi hisobiga kamroq isitadi.
— Quyosh qanday botadi?
— Quyoshda har soniyada 300 ming tonna modda qiziydi. Bu bizga juda ko‘p bo‘lib tuyulishi mumkin, ammo kattakon yulduzimizning umumiy hajmi oldida bu arzimas narsa. Osmonda bir yulduz g‘oyib bo‘lsa, uning o‘rniga yanada yorqinrog‘i paydo bo‘ladi. Quyoshda esa bunday emas. U sekin kechadigan qobig‘ining kengayish jarayonidan keyingina qizil gigantga aylanadi. So‘ng qobiq qayta tiklanadi va uzoqlardan kuzatish mumkin bo‘lgan qizil tuman paydo bo‘ladi. Aniqrog‘i, Quyosh sekingina yo‘qlik sari botib boradi va undan faqat jigarrang yoki oq tusli mitti shafaq qoladi.
— Insoniyat Yerdan tashqarida hayot topa oladimi?
— Tadqiqotlarning bari koinotda shunchaki hayotning o‘zini emas, balki jonli hayotni izlashdan boshlangan. Sobiq ittifoqda astrobiologiya bilan shug‘ullanadigan maxsus katta laboratoriya bor edi. Unda Venera, Marsda hayot bor-yo‘qligini aniqlashga asoslangan jiddiy tadqiqotlar o‘tkazilgan. Biz bu sayyoralarning har tomoniga signallar yuborganmiz. Ammo hozirgacha hech qanday javob kelmadi. Biroq bu hech narsani anglatmaydi, chunki biz hali yetarlicha kutganimiz yo‘q. Taxminimizcha, Yerdan ellik yorug‘lik yili uzoqda hayot bor. Fazodan o‘lchaganda bu yaqin masofa, ammo sayyoramizdan yuborilgan signalning u yerga borib-qaytishi uchun yuz yil kerak. Axir, kosmosdan xuddi uyali telefonda gaplashgandek, darhol javob olishning iloji yo‘q-da?! Agar biz signalni 1960-yilda jo‘natgan bo‘lsak, demak, javob kamida 2060-yilda kelishi kerak. Bordi-yu, jonli mavjudotlar bizdan yuz yorug‘lik yili uzoqda yashasa, u holda, jo‘natish bilan bog‘liq muammolarni hisobga olmaganda, taxminan 20 yildan keyin ulardan javob olishimiz mumkin. Ammo koinotda hayotni izlash ma’nosiz, deb aytolmayman. Men bu borada 1 foizni misol keltirishni yoqtiraman. Gap shundaki, eng past ehtimolda ham bizning galaktikamizda yuz minglab, hatto millionlab tirik mavjudotlar yashaydigan sayyoralar bo‘lishi mumkin. Axir, koinotda minglab milliardlab galaktikalar borligi aniqlangan. Shunday bo‘lsa-da, jonli hayotni uzoqdan izlash shart emas. Hozirgacha hatto Quyosh tizimida Yerdan tashqari hayot borligi ehtimoli inkor etilmagan. Yoki Yupiter yo‘ldoshini olaylik, u yerdagi qalin muz qatlami ostida yashash sharoiti uchun to‘g‘ri keladigan okean aniqlangan. Yupiter va Venera sayyoralarining atmosferasida ham hayotning oddiy shakllari bor bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinadi.
— Osmonga qaraganda, sayyoralarni qanday qilib yulduzlardan farqlash mumkin?
— Quyosh tizimidagi ayrim sayyoralarni aniqlash juda oson. Masalan, Venera ertalab va kechqurun osmonda juda yorqin porlashi bilan ajralib turadi. Nuri darhol ko‘zga tashlanadi. Yupiter ham juda yorqin sayyora hisoblanadi. Ammo Quyosh tizimidagi boshqa sayyoralarni yulduzlardan farqlay olish uchun yulduzlar turkumini yaxshi bilish, yoki taxminan bir oy osmonni kuzatish kerak. Gap shundaki, yulduzlarning barchasi bir vaqtda botib, bir vaqtda chiqadi. Sayyoralar esa yulduzlar orasida harakatlanib yuradi va ulardan farqli, sekingina joyini o‘zgartirib turadi. Uzoq vaqt diqqat bilan kuzatilsa, sayyoralar joylashuviga ko‘ra, sakkiz raqamini hosil qilishini ko‘rish mumkin. Bu tasvir ularning Quyosh atrofidagi harakatini anglatadi. Yulduzlar va sayyoralarning osmonda turlicha «o‘ynab yurishi»dan boshqa umumiy biror so‘z aytish qiyin. Ushbu vizual effektlar ham faqat Yer shari atmosferasining xususiyatlariga bog‘liq holda paydo bo‘ladi.
— Bilamizki, Yer Quyosh atrofida aylanadi. Quyosh-chi, u joyida turaveradimi?
— To‘g‘ri, Yer Quyosh atrofini 365 kunda soniyasiga 30 kilometr tezlikda aylanib chiqadi. Ammo bu jarayonda bizning eng katta yulduzimiz — Quyosh ham joyida qotib turmaydi. U o‘zini tutib turadigan Quyosh tizimi sayyoralari va millionlab asteroidlar bilan birga Somon yo‘li galaktikamiz markazi atrofida soniyasiga 250 km tezlikda aylanadi. U shunday katta tezlikda harakatlanishiga qaramay, Somon yo‘li markazini to‘liq aylanib chiqquniga qadar salkam million yil vaqt o‘tadi. Nafaqat Quyosh, balki Somon yo‘li ham boshqa galaktikalar qatori aniq massa markazi atrofida aylanadi. Ularning barchasi, o‘z navbatida, megagalaktikada harakatlanadi. Bir so‘z bilan aytganda, osmon jismlarining barchasi nimaningdir atrofida aylanadi va bu koinotda mavjud tortishish kuchining ta’sirida ro‘y beradi.
— Pluton nima uchun sayyora nomidan mahrum etildi?
— Bu dramatik savolning javobi oddiy. Haqiqatan, 2006-yili Plutondan sayyora nomi olib tashlandi. Ammo bu ko‘pchilik taxmin qilganidek, uning hajmi bilan bog‘liq emas. Gap shundaki, Xalqaro astronomiya ittifoqi belgilagan qoidalarga ko‘ra, sayyoralarning o‘zi harakatlanadigan orbital trayektoriyasida boshqa obyektlar bo‘lmasligi kerak. Ular na Yer, na Venera, na Yupiterda bor. Merkuriy juda kichik bo‘lishiga qaramay, hatto uning orbitasida ham ortiqcha hech narsa yo‘q – top-toza. Shuning uchun ham u — sayyora. Ammo Plutonning orbitasida ko‘plab boshqa obyektlar harakatlanib yuradi. Hajm ahamiyatsiz, asosiysi, ularning shu yerda borligi. Shu bois, Pluton sayyora nomidan “mahrum etildi”. Biroq u yangi mitti sayyoralarga asos soldi. Endilikda bunday kosmik obyektlar uning sharafiga “plutonidlar” deb ataladi.
— Quyosh tizimidagi eng katta sayyora — Yupiterga uchib borish mumkinmi?
— Gigant sayyoralar — Yupiter, Saturn, Uran va Neptunga uchishning imkoni bor, biroq inson jismonan hech qachon ularga tushish uchun to‘g‘ri kelmaydi. Nihoyatda tezkor kosmik kemada ham buni amalga oshirishning iloji yo‘q. Negaki, bu sayyoralar atmosferasida katta kuch bilan — soatiga bir necha kilometr shamol tezligida bo‘ron ko‘taradi. Masalan, Yupiterda taxminan 400 yildan buyon uchta Yerga ham sig‘dirib bo‘lmaydigan gigant tornado bor. U boshqa gigant sayyoralar atmosferasiga ham favqulodda bosim tushiradi. Bunday sharoitda har qanday apparat bir lahzada yo‘q bo‘lib ketadi. Buning ustiga, u yerdagi bosimga odamzod dosh berolmaydi.
Iroda TOShMATOVA tarjima qildi.
-->