Buyuk mutaffakir ijodi dunyo olimlari nigohida
...Oddiy tasavvurda quyosh Sharqdan chiqib Gʻarbda botsa, uning nurlari Tokio yo Toshkent, Moskva yo Nyu-York shaharlarida boʻladimi, buyuk mutafakkir Alisher Navoiy hazratlarining muhtasham haykaliga albatta bir bor tushib oʻtishi tayin.
Bu Navoiy viloyatida oʻtkazilgan “Alisher Navoiy ijodiy merosining umumbashariyat maʼnaviy-maʼrifiy taraqqiyotidagi oʻrni” mavzusidagi III anʼanaviy xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasida navoiyshunos olimlar, tarixchi va professorlar tomonidan alohida taʼkidlangan fikrlar. Demak, Alisher Navoiyning merosidan, muazzam haykalidan kuch olgan oftob majoziy maʼnoda butun olamni maʼnaviyat yogʻdusi bilan munavvar etadi. Shundan boʻlsa kerak, butun dunyo uni sevib oʻqiydi, oʻganadi.
Navoiy shahridagi muhtasham Yoshlar markazida viloyat hokimligi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Fanlar Akademiyasi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Navoiy viloyat boʻlimi, Navoiy davlat pedagogika instituti hamkorligida tashkil etilgan anʼanaviy xalqaro anjumanda Ozarbayjon, Turkiya, Moʻgʻuliston, Qozogʻiston, Turkmaniston, Tojikiston, Afgʻoniston, Eron, Hindiston, Rossiya, Vengriya, Shvetsiya kabi 15 ga yaqin davlatdan 50 dan ortiq navoiyshunos olimlar, akademiklar, shuningdek, yurtimizning barcha viloyatlaridan ijodkor ziyolilar, maʼnaviyat sohasi mutaxassislari, faollar, talabalar ishtirok etdi, deb xabar beradi uza.uz.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Navoiy viloyatida anʼanaviy tarzda oʻtkazilayotgan xalqaro konferensiya milliy oʻzligimizni anglash, buyuk ajdodlar nomini tiklash, ularning nodir maʼnaviy merosini asrab-avaylash, oʻrganish va keng targʻib qilishga qaratilayotgan alohida eʼtibor ifodasidir.
– Oʻzbek, turkman, qozoq, qirgʻiz, turk, ozarbayjon azaldan bir oiladek yashab kelayotgan inoq xalqlardir, – deydi Ozarbayjon milliy akademiyasi Nizomiy Ganjaviy nomidagi adabiyot instituti professori, filologiya fanlari doktori Almaz Ulvi xonim. – Bu Alisher Navoiyning ezgulik, muhabbat, doʻstlik, adolat, tinchlik kabi goʻzal fazilatlar, maʼnaviy-axloqiy qadriyatlar toʻgʻrisidagi qimmatli gʻoyalari bilan uzviy bogʻliqdir. Shoir nomi bilan ataluvchi viloyatda bunday yirik anjumanning oʻtkazilishi buyuk soʻz sanʼatkoriga boʻlgan yuksak hurmat-ehtirom namunasidir.
Darhaqiqat, shoir butun umr xalqqa xizmat qildi, asarlarida ezgu gʻoyalarni targʻib etdi. Mutafakkir hayotini oʻrganar ekanmiz, umri davomida bunyodkorlik, yaratuvchanlik ishlarida shaxsiy ibrat koʻrsatganiga amin boʻlamiz.
– Alisher Navoiy asarlarida taʼlim va tarbiyaga alohida oʻrin ajratilgan, – deydi Bobur jamgʻarmasining Afgʻonistondagi vakili, yozuvchi Abdulloh Roen. – Men “Navoiyshunoslikning boshlanish oqimi Afgʻonistonda” nomli maʼruzamda ham turkiyda, ham forsiyda barobar ijod qilgan buyuk mutafakkir ijodining afgʻon zaminidan boshlangani, bu diyorda ilm-maʼrifat naqadar rivojlangani, dunyo tamaddunida ajdodlarimizning tutgan oʻrni xususida alohida toʻxtalib oʻtdim. Turkiy xalqlarning benazir shoiri Alisher Navoiyni oʻrganish va uning ijodini tadqiq qilish adabiyot shaydolari, umuman, maʼrifatli avlodning muqaddas burchi, desam aslo mubolagʻa boʻlmaydi.
Mamlakatimizda Alisher Navoiy nomidagi davlat stipendiyasi taʼsis etilgan 2009 yildan buyon Navoiy viloyatidan 34 iqtidorli talaba mazkur stipendiya sohibi boʻlgan. Viloyat miqyosida oʻtkaziladigan "Navoiylik yosh navoiyxonlar” koʻrik-tanlovining oʻtgan yilgi yakuniy bosqichida Karmana tumanidagi 4-umumiy oʻrta taʼlim maktabining 8-sinf oʻquvchisi Ibrohim Gʻafforov buyuk ajdodimiz gʻazallarini yod olish, ifodali oʻqish, matnning nasriy bayoni (yozma sharhi)ni yarata olish kabi shartlar boʻyicha bilim va mahoratini namoyish etib, gʻoliblikni qoʻlga kiritgan va unga Prezident sovgʻasi – “Spark” avtomobili berilgan.
Mazkur tanlovning joriy yilgi gʻolibi Karmana tumanidagi 28-umumtaʼlim maktabining 9-sinf oʻquvchisi Komila Hamroyevaga ham “Spark” avtomobili sovgʻa qilindi.
Navoiyni oʻrganish va uni targʻib etish bugun har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Buyuk mutafakkir asarlari turli tillarga mukammal tarjima qilinayotir.
Anjuman davomida navoiyshunoslar shoʻbalarga boʻlinib, shoir va mutafakkir ijodini oʻrganishda erishilgan yutuqlar va yechimini kutayotgan masalalar xususida soʻz yuritdi. Buyuk mutafakkir asarlarini dunyo tillariga tarjima qilish, oʻquvchilarga tushunarli, ravon tilda bayon etish xususidagi izlanishlar samarasi tahlil qilindi. Shoir ijodiga murojaat etib, falakiyot, pedagogika, tilshunoslik borasidagi boy tajribasidan unumli foydalanish bugungi kunning dolzarb vazifasi ekani taʼkidlandi.
Konferensiya doirasida Alisher Navoiyning hayoti va ijodiga oid koʻrgazma tashkil etildi. “Farhod” madaniyat saroyida taniqli sanʼatkorlar ijrosida sahna koʻrinishlari namoyish etildi, shoir gʻazallari bilan aytiladigan dilbar navolar yangradi.
Anjumanda Navoiy viloyati hokimi Q.Tursunov soʻzga chiqdi.