«Boburnoma»ning olmoncha tarjimalari
«Boburnoma» dunyoning ko‘plab tillariga tarjima bo‘lgan, ayrim chet tillarga qayta-qayta o‘girilgan. Jumladan, ingliz tiliga 7 marta, nemis tiliga 3 marta; ingliz tarjimonlari Jon Layden va Vilyam Erskinning inglizcha tarjimasidan 1828-yili A.Kayzer «Hindiston podshohi Zahiriddin Muhammad Boburning o‘zi chig‘atoy turkchasida bitgan eslashga arzigulik xotiralari. (Doktor Layden va V.Erskinning inglizcha tarjimasi asosida olmoncha qayta ishlangan)» nomi bilan tarjima qilib, Leypsigda chop etgan.
Bu tarjima ancha-muncha mazmuniy qisqartmalar bilan nashr qilingan. Keyingi olmoncha tarjimani Volfgang Shtammler Shveysariyaning Syurix shahridagi «Manesse» nashriyotida 1980-yili chop ettirgan. 1986-yili UNECKO tavsiyasi bilan bu tarjima qayta nashr qilingan. Biroq bu ikkinchi olmoncha tarjima fransuz tilidan, fransuzchasi forsiy tarjimadan o‘girilgan. Asardagi voqealar kitobxonga tushunarli bo‘lishi uchun noshir kitobga tarjimonning so‘zboshisi, o‘zbek olimasi Sabohat Azimjonovaning “Bobur Transaksoniyada”, afg‘on tadqiqotchisi Abdulhay Habibiyning “Bobur Afg‘onistonda” va “Kobuldagi Bobur bog‘ida tiklangan maqbaraga yozilgan bitiklar” mavzusidagi maqola-yu ma’lumotnomasini, hind tarixchisi Mohibbul Hasanning “Bobur Hindistonda” sarlavhali kirish so‘zini ilova qilgan.
2018-yilga kelib, olmoniyalik Hamid Dalov asarni Sabohat Azimjonovaning qisqartirilgan ruscha tarjimasi orqali olmon tiliga qayta o‘girgan va uning Berlindagi «Pro BUSSINES GmbH» nashriyoti tomonidan 2016-yili chop etilgani ma’lum bo‘ldi. Bu kitobni topganim hamon muallifni izlab, uni 2018-yili mart oyida Germaniyadagi Olmon-O‘zbek ilmiy jamiyati tomonidan har yili o‘tkaziladigan Navro‘z bayrami munosabati bilan Frayburg shahriga taklif qildim va kitob taqdimotini o‘tkazdik. Unda Frankfurtdagi o‘zbek konsulxonasi xodimlari ham ishtirok etdi. Men “Boburnoma”ning birinchi olmoncha tarjimasi bilan tanish bo‘lganim uchun uchinchi tarjimaga beixtiyor qiziqib, ularni qiyoslay boshladim. Biroq ish oson kechmadi, chunki uchalasi ham vositachi tillar orqali tarjima qilingan. Xo‘sh, bu uch tarjimaning muqobilligini aniqlash uchun qaysi nashr asos bo‘lishi kerak — Boburdan qolgan qo‘lyozmami yoki uning ora til tarjimalarimi? Bir qaraganda, Volfgang Shtammler tarjimasi muqobilligini aniqlashga fransuzcha tarjima, Hamid Dalov tarjimasiga ruscha tarjima asos bo‘lishi kerakday. Amalga oshirilgan tarjimalarga “Boburnoma”dan xabari bor kishi daf’atan nazar tashlaganda, XVI asrda yashagan Boburning tarixiy shaxslar, realiyalar va narsa-hodisalarga bergan tavsifiga nisbatan lingvistik va ekstralingvistik nomuqobil holatlari ko‘zga tashlanadi.
Albatta, bir maqolada asarning uch xil olmoncha tarjimasi qiyosiy tahlilini berishning iloji yo‘q. Shu sababli biz Boburning Alisher Navoiy shaxsi va ijodiga bildirgan munosabati aks ettirilgan matnlarnigina muxtasar qiyoslashga urindik. Muallif Husayn Boyqaro atrofidagi shaxslar bilan birga buyuk Navoiyni ham eslab, quyidagicha fikr bildirgan: “Yana, Alisherbek Navoiy edi, begi emas edi, balki musohibi edi, kichikligida hammaktab ekandurlar. Xususiyat bisyor ekandur. Bilmon, ne jarima bila Sulton Abusa’id mirzo Hiridin ixroj qildi. Samarqandga bordi, necha yilkim, Samarqandta edi. Ahmad Hojibek murabbiy va muqavviysi edi. Alisherbekning mizoji nozuklik bila mashhurdur. El nazokatini davlatining g‘ururidin tasavvur qilur edilar. Andoq emas ekandur, bu sifat anga jibilliy ekandur. Samarqandta ekanda ham ushmundoq nozuk mizoj ekandur.
Alisherbek naziri yo‘q kishi edi. Turkiy til bila to she’r aytubturlar, hech kim oncha ko‘p va xo‘b aytqon emas...”.
Dastavval shuni aytish lozimki, asarning asliyati tili va bayon uslubi Bobur zamondoshlari, Alisher Navoiy tili va uslubiga nisbatan biz — hozirgi o‘zbeklarga ancha yaqin ekan. Bobur prozasi va poeziyasi sintaksisi g‘oyat sodda va shaffof, leksik ma’nolari tushunarli. Ona tilini yaxshi bilgan tarjimon deyarli qiynalmaydi.
Asar tarjimasiga kelsak, bu uchala tarjima ham katta mashaqqat talab qilgani ko‘rinib turibdi. Mutarjimlarning asosiy diqqat-e’tibori asar muallifi va bosh qahramoni obrazini qayta gavdalantirishga qaratilgan. Tahlilda dastavval milliy koloritni aks ettiruvchi lisoniy birlik vazifasini o‘tovchi realiylar, ya’ni xos so‘zlar o‘girmasi o‘ziga e’tiborni tortadi. O‘z tilida q harfi bo‘lsa-da bunga monand o‘zbekcha jarangdagi q tovushi yo‘qligiga qaramay, Shtammler o‘zbekona q, h kabi tovushli ismlarni aynan o‘zinikiday qayta tiklagan holda transliteratsiya qilgan, masalan, Qul Muhammad, Behzad kabilar. Chunonchi, kishi nomlari imlosida, masalan, asliyatdagi bitta so‘zdan iborat ismlar tarjimasida transliteratsiya qoidasi buzilishi — Alisherbek, Umarshayx, Mahmudxon, Xudoyberdi, Qutlug‘ Nigorxonim kabi antroponimlar Shtammler tarjimasida Ali Shir Beg, Umar Sheykh, Mahmud Khan, Khuday-Berdi, Qutluq Nigar Khanim kabi kishi nomlari o‘girmasida transliteratsion nomuqobilliklar ko‘p uchraydi.
Bu kabi qusurlar Dalov tarjimasida asliyatga ancha yaqinroq o‘girilgan, albatta. Masalan, Alischer, Navoi(Navai emas), Ahmad kabi. Mazkur matn kompozitsion jihatdan Boburning Husayn Boyqaro saltanati amirlari tavsifiga bag‘ishlangan bo‘lib, muallif dastlab Muhammad Burunduq barlos, keyin Muzaffar barlos, undan so‘ng amir Alisher Navoiy tavsifiga o‘tib, “Yana Alisherbek Navoiy” deb davom etadi. Shtammlerda esa: Alisher Navoiyni oldingi amirlarga qarshi qo‘yganday so‘z boshlangan: Ali Shir Navai hingegen war weniger ein Beg als vielmehr der Freund des Mirza (ya’ni, Ali Sher Navoiy esa beklikdan ko‘ra ko‘proq Mirzoning do‘sti edi. Ularning bolalik paytida ularga birga dars o‘tilgan va o‘shandayoq ular yaxshi do‘st bo‘lishgan, deyilgan (ta’kid bizniki — X.R.).
Tarjimalardagi jiddiyroq masala, bu — Boburning Navoiyga munosabatining noto‘g‘ri talqiniga sabab bo‘luvchi tarjimaviy holatlar haqida. G‘arb sharqshunosligida Hazrat Navoiy shaxsi va ijodiga ayrim chalkash, hatto g‘ayriilmiy fikr-mulohaza-yu munosabatlar mavjud. Ana shunday munosabatlarning paydo bo‘lishi va shakllanishida, bizningcha, ayrim tarjimalarning ham “xizmati” bo‘lgan. Boburnoma tarjimalariga kelsak, asarning inglizcha tarjimalarini maxsus tadqiq etgan G‘aybulla Salomov va Ne’matulloh Otajonov o‘zlarining «Jahongashta «Boburnoma» asarida quyidagi fikrlarni aytishgan: “Boburning nomidan ingliz tarjimonlari Jon Layden va Vilyam Erskin hamda Lyukas Uayt King janoblari quyidagi “Of that number is an imitation of the Epistles of Moulana Abdul Rahman Jami, which he parly wrote and partly collected”da imitation, ya’ni taqlid so‘zini qo‘llab, tarjimada buyuk Navoiyni Nizomiy Ganjaviy va Fariduddin Attorning taqlidchisiga aylantirib qo‘yishgan. An’anaviy javob, javobiya, nazira yoki tatabbu sira ham taqlid emas”.
Gap shundaki, Bobur birgina o‘rinda taqlid iborasini ishlatgan bo‘lsa (ya’ni, faqat munshaot yaratishda Navoiyning Jomiyga taqlid qilgani), tarjimonlar hamma joyda Navoiyni Nizomiy va boshqa Sharq adiblarining taqlidchisi sifatida talqin qilaverganlar. Oqibatda “Navoiy — taqlidchi” degan gap Ovrupoga tarqalib, Navoiy uchun taqdirga aylanib qoldi va “Navoiyning G‘arbdan ajralib qolishidan ko‘ra, butun ma’rifatli G‘arb o‘zini Navoiydek ulkan bir mutafakkirdan mahrum etdi” (G‘.Salomov).
Bu gapda achchiq haqiqat bor, chunki bu g‘ayriilmiy tendensiya hozirgacha G‘arbdagi ayrim o‘zbekshunoslarning ongidan joy olib turibdi. Chunonchi, bugun ham ayrim o‘zbekshunos G‘arb olimlari Navoiyni o‘zbek adibi sifatida tan olmaydilar, uni uyg‘ur millatiga mansub demoqchi bo‘ladilar. Biroq xayriyatki, “Boburnoma”ning olmon tarjimonlari V.Shtammler va H.Dalov inglizlar qilgan xatoni takrorlamay, Navoiy “Xamsa”ni Nizomiyga javob tarzida bitgan, faqat bir ma’noda, aynan munshaotda Navoiy Jomiyga xos tarzda bayon qilgan, deb o‘girishgan. Inglizlar aytgan Imitation, ya’ni taqlid haqida esa hech gap yo‘q.
Yana bir matn borki, unda Bobur yozgan: “Avoyil muhrdor edi, avosit bek bo‘lub, necha mahal Astrobodta hukumat qildi, avoxir sipohiliqni tark qildi”. Tarjimon Shtammler esa bu parchani quyidagicha o‘girgan: “Zuerst war er Siegelbewahrer, dann in seinen mittleren Jahren wurde er Beg und war einige Zeit Statthalter von Astrabad. Spдter, in seinen reiferen Jahren, gab er das Kriegshandwerk auf “(Stammler, S.418), ya’ni u avval muhrdor edi, o‘rta yoshida Astrobodda noib edi, keyinchalik kechgan yetuklik yillarida askarlik hunarini tashladi”, deb inglizlarning xatosini takrorlagan. Afsuski, fransuzchadan o‘girgan nemis Shtammlerning xatosi ruschadan ag‘dargan olmon o‘zbegi Hamid Dalov tarjimasiga ham o‘tib ketibdi... Sabab barcha tarjimonlar sipoh so‘zining asosiy ma’nosi amaldor ekanini bilolmagan. Ushbu matnni tabdilda “u umrining oxirgi yillarida amaldorlikni o‘zidan soqit qilgan”, deb, olmonchada“ Er hat spдter seine regierende Tatigkeit aufgegeben” tarzda o‘girsa bo‘lardi.
Xurram RAHIMOV, professor