Lolashunos
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Botanika instituti direktori, biologiya fanlari doktori, akademik Komil Tojiboyev lolashunos olimdir. Uning bu yo‘nalishdagi ilmiy izlanishlariga bir qur nazar tashladik.
Milliy g‘urur hissi
Dunyo ilm-fanida gullar sarvari — lolaning yuzdan ortiq turi aniqlangan. Shundan o‘ttiz to‘rttasi yurtimiz qir-adirlarida o‘sadi.
— Bu juda katta ko‘rsatkich, — deydi Komil Tojiboyev. — Men mutaxassis sifatida yana ikkita lola turi Ohangaron tumani tog‘ hududida va Farg‘ona viloyati adirlarida o‘sishini bilaman va ular bo‘yicha ham tadqiqotlar olib borish rejalashtirilgan. Markaziy Osiyoda aniqlangan 74 lola turidan qariyb yarmi ona zaminimizda o‘sishining o‘zi O‘zbekiston lolalar vatani ekanini tasdiqlaydi. Bu jihat dunyo olimlari, xususan, Gollandiya, Yaponiya, Koreya va boshqa yevropalik mutaxassislar tomonidan e’tirof etilib, qiziqishlari ortishiga sabab bo‘layotir. Lolalarni tadqiqot obyekti sifatida tanlashimga “Nega bizdagi tabiat boyliklarini xorijliklar kelib o‘rganishi kerak? O‘zimiz-chi?” degan ichki bir nido turtki bo‘ldi. Ana shu ishtiyoq bilan yelkamga fotoapparatni ilib, Toshkent viloyatidan to Qoraqalpog‘istonning eng chekka hududlarigacha borib qir, adirlarni kezib chiqdim.
Olim lola (Tulipa L.) turlarining tabiatdagi populyatsiyasi, zamonaviy holati, ularni xaritalash, muhofaza qilish ustida izlanishlar olib borar ekan, har bir turning piyozi rivojlanishidan tortib, gullashi, xazon bo‘lish davrini sinchiklab o‘rgandi, gerbariylar yig‘di. Tadqiqotlarning ilk samarasi sifatida hammualliflar jamoasi tomonidan 2005-yilda chop etilgan “G‘arbiy Tiyonshon lolalari” (Tyulpani Zapadnogo Tyan-Shanya) asari keng jamoatchilik e’tiborini tortdi. 2009-2010-yillarda “O‘zbekiston lolalari” mavzusida davlat innovatsion loyihasini boshqargan olim 2010-yili o‘zbek, rus, ingliz tillaridagi “O‘zbekiston lolalari” kitobini nashr ettirdi. Bu tadqiqotlar davomida u fan uchun yangi bo‘lgan ikkita lola turini kashf etdi. Londondagi KYeW qirollik Botanika bog‘i ma’muriyati tomonidan 2016-yilda chop etilgan “Dunyo lolalari” deb nomlangan yirik fundamental asarga Komil Tojiboyevning ilmiy maqolalari kiritilishi sababi ham uning tadqiqotlari xulosasi har tomonlama asosli va tabiiy manbalarga tayanilganida edi.
— 2013-yili yevropalik bir guruh yetakchi olimlar nufuzli ilmiy jurnallardan birida lolalar mavzusiga bag‘ishlangan yirik maqola e’lon qildi, — deydi akademik. — Undagi ma’lumotlar aynan lolalarning kelib chiqish markazida tadqiqotlar olib borayotgan biz, o‘zbek mutaxassislari nuqtayi nazaridan ancha yiroq edi. Negaki, dalillar botanika bog‘lari va kolleksiyalarda o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga asoslangan. Bunday sharoitda changlanish jarayonida o‘simlik xususiyatlari bir-biriga o‘tishi tufayli, garchand shakl-u shamoyili saqlanib qolsa-da, irsiy jihatdan o‘zgargan bo‘lishi mumkin. Biz bildirgan xulosa va tadqiqotlar natijalarining ustun va afzalligi esa to‘plangan ma’lumotlar lolalarning tabiatda o‘sib turgan birlamchi manbalaridan olinganida edi.
Dunyo botanika fanidagi yirik maktablar asoschilarining fikriga qarshi turganimiz sabab ham Yevropadagi ko‘pgina jurnallar maqolamizni rad etdi. Nihoyat 2015-yili Shvetsiyadagi yetakchi ilmiy nashrlardan birida chop ettirishga muvaffaq bo‘ldik. Qarangki, 2016-yili Koreyada bo‘lib o‘tgan xalqaro anjumanda so‘zlagan ma’ruzamdan so‘ng o‘sha avtoritet fikr sohiblari “Ehtimol biz yanglishgandirmiz”, deya tan olishdi.
Nufuzli minbardan yangragan bu iqror, avvalo, O‘zbekiston ilm-faniga berilgan yuksak baho, qolaversa, izlanishlarimiz mukammal tarzda olib borilayotgani va har tomonlama mufassal ma’lumotlar bazasi yaratilayotganining tasdig‘i sifatida bizni juda ruhlantirdi.
“Gulbarra” izlab...
Akademik izlanishlari davomida yillab lolalar olamida yashadi, desak mubolag‘a bo‘lmas. To‘g‘ri, ungacha ham ustozlar dilga rohat, ko‘zga quvonch, ruhiyatga orom ulashuvchi ko‘klamning bu suluv kelinchagi tadqiqi ustida anchagina ishlar qilishgan. Balki shu boisdir, uning ilk urinishlariga e’tiroz bildirilgan, “Mavjud dalillargina takrorlanadi...”, deguvchilar ham bo‘lgandi. Ammo aksariyati “Qizil kitob”dan o‘rin olgan bu noyob o‘simlik turlari chalkashtirib yuborilgan, uzuq-yuluq ma’lumotlar bilangina kifoyalanilgan o‘rinlar kam emasligini sinchkov yosh olim anglab turardi. Bunday qat’iy xulosaga kelish, nuqtai nazarini rivojlantirish uchun esa u mamlakatimiz va xorijiy davlatlarda chop etilgan mavzuga oid adabiyotlarni hijjalab o‘qidi, tahlil qildi. Kezi kelganda yurtimizdagi lolazorlarni poy-u piyoda, kerak bo‘lsa, tizzalab aylanib chiqdi. Har bir chechak bilan so‘zlashdi, sirlashdi.
— Maqsadim fanga faqat yangilik olib kirishgina emas, balki lola — O‘zbekistonning, o‘zbek xalqining o‘simliklar misolidagi iftixori ekanini har bir yurtdoshimizga anglatishdir. Qolaversa, ona tabiatimiz bag‘rida oqdan to‘q qizilgacha bo‘lgan barcha politra va gammalarda uchraydigan, hatto gulg‘unchaligidan umri poyoniga yetguncha turli ranglarga kiruvchi kamyob bu gulga iqlim va boshqa o‘zgarishlarning ta’siri, muhofaza qilinishi, qo‘riqlash tizimining yo‘lga qo‘yilgani va undan oldingi hamda keyingi holati, asrab-avaylab avlodlarga yetkazish kabi masalalarga oydinlik kiritish edi, — deya hikoya qiladi Komil Tojiboyev.
— 1970-yillari Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanidagi Tolli dovoni atrofidan topilib, “O‘zbekiston lolasi” deya fanga kiritilgan o‘simlik xususida biz tadqiqotlar olib borguncha “Qizil kitob”da bayon etilgan bir necha qaydlardan boshqa ma’lumot, hatto rangli tasviri ham yo‘q edi. Shunchalar kamyob va nozik ekanidan yillik yog‘in miqdori, xususan, fevral oyidagi ob-havo sharoiti uning navbatdagi gullash mavsumiga u yoki bu darajada ta’sir etardi. Ikki yil ketma-ket uni izlab borib topolmay qaytdim. Tasavvur qiling: Toshkentdan Qarshi, so‘ng Dehqonobodga, u yerdan hamma mashina ham dovon tomonga qatnayvermaydi. Xususiy avtomashina egalarini buyurtma beraman. Horib-tolib borsam, lolaning nishonasini topaman yoki yo‘q! Uchinchi safarimda ne ko‘z bilan ko‘rayki, u shunday chiroyli gullab turibdi, beixtiyor mijjalarimda yosh aylandi. Anchagina termulib o‘tirdim. So‘ngra tasvirga tushirib, bir necha piyozlarini namuna sifatida kavlab oldim. Shundan buyon poytaxtimizdagi “Botanika bog‘i”da “O‘zbekiston lolasi”ni ko‘paytirib, o‘rganib kelyapmiz.
Komiljon Namanganda tug‘ilib voyaga yetgan. Uning biolog olim ekanini bilgan katta-kichik borki, davralarda tabiat ne’matlaridan so‘z ochadi. Shunday suhbatlardan birida: “Shu atroflarda mahalliy aholi “gulbarra”, deb ataydigan bir gul o‘sadi. Lekin qaysi turga mansub o‘simlik ekanini hech kim bilmaydi...”, deb qolishdi.
— Bu gapni eshitib yuragim “jizz” etdi, — so‘zida davom etadi olim.
To‘raqo‘rg‘on, Chust, Pop tumanlariga tutash adirlarni yana har yili bahorda aylanib chiqa boshladim. Gohida maysalarni barmoqlarim bilan silab, yon-verini sermalab ko‘raman. “Gulbarra” topgandek bo‘laman-u, gohi gullarini allaqachon to‘kkan, gohida chorva mollari yemishiga aylangan bo‘ladi. Bir ko‘klam, ikkinchi, uchinchisi... meni dog‘da qoldirib, yoz fasliga tutashib ketaveradi. Nihoyat, 2009-yili oilam hamrohligida yo‘lga chiqdik. Farzandlarim kichkina edi o‘shanda. Mashina so‘qmoq yo‘lga yetganda u yog‘iga yayov yurishga to‘g‘ri keldi. Biroz yurgach, birdaniga nigohlarim to‘q sariq chechakka tushdi. Hayrat-u hayajonimni yashirolmay hayqirib yubordim.
Shunda umr yo‘ldoshim o‘g‘lim bilan qizimning hayron bo‘layotgani, ko‘rib ularni bag‘riga bosgancha: “Xudoga shukr, dadangiz izlaganini yana topdi...”, deya qutlaganini dilbandlarim anchagacha aytib yurishdi. (Tadqiqotlarimning har bir mahsulini oilam ana shunday shodlik bilan qarshi olishini his etish menga kuch-quvvat, ishonch berib turadi-da!) Kamdan-kam o‘simlikda uchraydigan holat — hali ochilmayin g‘unchaligidayoq butun borliqqa ta’zim qilgan misol bosh egib turadigan “gulbarra”ni yam-yashil baxmal ko‘rpa misol yastanib yotgan Uchqursoy qishlog‘i etagidagi adirdan topib kelganman...
Ustozga hurmat
Ming mashaqqat bilan kashf etilgan bu lola turini Komil Tojiboyev O‘zbekiston botanika fani taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shgan ustozlaridan biri Asadulla Sharipov nomi bilan atashga qaror qildi. O‘shanda domla hayot edi. Navqiron olim erishayotgan muvaffaqiyatlar bir yonu unga ko‘rsatilgan izzat-ikrom bir yon bo‘lib, shogirdini uzundan-uzoq duo qilgandi.
Insonning unib-o‘sishi, kamolotida kamtarinlik, xalqona til bilan aytganda, “oyoqning yerdan uzilmasligi” muhim. Komil Tojiboyev bugun garchand uncha-muncha kishi orzu qiladigan yutuqlarni qo‘lga kiritgan bo‘lsa-da, padari buzrukvori — botanik olim Sharobiddin Tojiboyevning: “Botanika olami katta ishtiyoq, ziyraklik va sinchkovlik, tabiatga muhabbatni talab etadi. Buning uchun qalb beg‘ubor, ziyrak va ona zamindek xokisor bo‘lishi kerak...” degan o‘gitlarini sira unutmaydi. Har tong ish kunini marhum akademiklar — Qodir Zokirov, Jo‘ra Kamolov, Ahror Muzaffarovning xonasiga ilingan suratlariga ehtirom bilan nazar tashlashdan boshlar ekan, respublikamiz botanika fanini yetakchi maktablar darajasiga yetkaza olgan shunday ustozlarning munosib davomchisi ekanidan faxrlanadi, ich-ichidan qarzdorlik hissini tuyadi. U mana shu maktab saboqlarini olib shakllandi, kamolga yetdi. Zero, fan oldida turgan masalalarni bir kishi hech qachon hal etolmaydi. Bir guruh bo‘lib ishlash esa ilmiy maktablar shakllanishi, nufuzi ortishiga xizmat qiladi.
Komil Tojiboyev yurtimiz o‘simliklari xilma-xilligini o‘rganishga bag‘ishlangan mavzularda tadqiqot olib borgan o‘ndan ortiq fan doktori va fan nomzodi tayyorladi. Ayni kunda ham o‘nga yaqin fan doktori va tadqiqotchilar dissertatsiyasiga ilmiy maslahatchi sifatida rahbarlik qilmoqda. Uning ilmiy faoliyati nafaqat Fanlar akademiyasi tizimi, balki O‘zbekiston Respublikasi ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, xususan, “Davbionazorat” inspeksiyasi hamda bir qator oliy o‘quv yurtlari bilan chambarchas bog‘langan. Uchta monografiya, yetmishdan ortiq ilmiy maqolalar muallifi bo‘lgan yosh akademik floristika va o‘simliklar taksonomiyasi yo‘nalishlari bo‘yicha respublikamiz va xorijlik olimlar orasida ham o‘ziga xos mavqe, hurmatga ega.
Oybuvi OCHILOVA