Akademik ilm-fan: tiklanish yo‘lidagi iztirob va sevinchlar
1943-yil. Ikkinchi jahon urushi ayni qirg‘inbarot pallaga kirgan. Nafaqat front, hatto mamlakat ichkarisida ham hayot tang ahvolda. Agar dushmanga qarshi barcha vositalar — jangchidan tortib, ozuqa, kiyim-kechak, zaxiradagi mablag‘gacha safarbar etilmasa, ahvol o‘ta qiyin bo‘lishi aniq edi.
O‘sha yilning sentabr oyida O‘zbekiston SSR Fanlar akademiyasi tashkil etildi. Rasmiy manbalarda “O‘zbekiston Fanlar akademiyasi tuzilganidan keyin uning oldidagi dastlabki asosiy vazifalar front ehtiyojlari uchun yangi resurslar qidirib topish, fashist bosqinchilaridan ozod qilingan rayonlar xo‘jaligini tiklashda yaqindan yordam berish, respublika iqtisodiyoti va madaniyatini yanada rivojlantirishdan iborat bo‘ldi... O‘zbekiston FA kengayib, mustahkamlandi, yangi ilmiy-tadqiqot markazlari paydo bo‘la boshladi”, deb ma’lumot berilgan.
Tarixning qaltis bir davrida tashkil etilgan ilmiy muassasa yillar o‘tib o‘ttizdan ortiq ilmiy-tadqiqot institutlarini o‘zida jamladi. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, bu ilm dargohi davlat tomonidan ajratilgan har bir mablag‘ni ortig‘i bilan qaytargan. Bu borada, ayniqsa, aniq fanlar bilan shug‘ullanuvchi institutlarning o‘rni alohida. SSSR parchalanib ketgach, Fanlar akademiyasida ham o‘zgarishlar yuz berdi. Bu davrda gumanitar fanlarga oid institut xodimlari uzoq yillar moddiy qiyinchiliklarga ro‘baro‘ bo‘ldi.
— Shunday davrlar bo‘ldiki, — deydi akademik To‘ra Mirzayev, — ayrimlar “Til va adabiyot ilmiy-tadqiqot instituti nima ish bilan shug‘ullanyapti, birov bilmaydi”, deyishgacha bordi. Shunday deganlarga qarata: bu institut ma’naviy mulk yaratadi, deya izoh berganlarim yodimda. Jumladan, o‘sha yillari institut ilmiy xodimlari tomonidan Oybekning yigirma jildlik asarlar to‘plami izohlari bilan akademik nashr sifatida tayyorlangan edi. Axir, ulug‘ yozuvchimizning sochilib yotgan asarlarini yaxlit holatga keltirish ish emasmi?! Yoki aytaylik, O‘zbekiston xalq shoiri, O‘zbekiston Qahramoni Abdulla Oripovning sakkiz jildligini nashr etdik. “O‘zbek xalq og‘zaki ijodi” to‘plamini 35 jildga mo‘ljallagan edik, 37 jild bo‘ldi. Hamid Olimjon, G‘afur G‘ulom va boshqa qator shoirlar asarlarining akademik nashri, Alisher Navoiy asarlarining avval 20 jildlik, keyin esa 10 jildlik katta hajmdagi to‘plamlari, Bobur, Amiriy, Husayniy, Ahmad Yassaviy hikmatlari va boshqa ko‘plab yozuvchi va shoirlarimizning ilmiy-tanqidiy asarlari aynan “grant” tizimiga o‘tilgan yillarda paydo bo‘ldi.
— “Grant” ham aslida davlat xazinasidagi pul. Faqat bu mablag‘ ilgari Fanlar akademiyasiga tushirilar va u yerdan institutlarga taqsimlanar edi, — davom etadi akademik. Grant tizimiga o‘tilgach, mablag‘ni Fan qo‘mitasi loyihalar asosida tarqatadigan bo‘ldi. Hozir bu vazifa Innovatsiya vazirligiga yuklangan. Bu ham davlatning puli! Surishtirib ko‘rsangiz, hozir davlat tomonidan fanga avvalgidan ham ko‘proq pul ajratilmoqda. Ammo bu pullar ilgari har doim ham o‘z egasiga borib yetmasdi. Men ham bir paytlar Fan qo‘mitasining a’zosi edim. O‘sha yillari grant ajratilishi ko‘zda tutilgan loyihalar — mavzular komissiya ko‘rib chiqishi uchun kitobcha shaklida bosmadan chiqarilar edi. Qo‘mitaning navbatdagi bir majlisiga to‘plandik. Maxsus komissiyadan o‘tgan loyihalarni kuzatib o‘tirib, ularning bitta-ikkitasi diqqatimni tortdi. Jumladan, Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi shunday loyihani tavsiya etgan edi: “Hozirgi zamon rahbarlarini tarbiyalashda Shayx Kosoniy ilmiy merosining o‘rni”. Bajaruvchilar qilib akademiyaning ikki nafar magistranti belgilangan. Birinchidan, Shayx Kosoniy G‘ijduvoniy yoki Xoja Ahror valiy kabi islom olamida taniqli shaxs emas. Ikkinchidan, nima sababdan ilmiy-tadqiqot institutlari xodimlari uchun ajratilgan grant mablag‘lari davlat budjetidan maosh olayotgan akademiya o‘qituvchi va magistrlariga berilishi kerak?! Boshqa bir tasdiqlangan loyiha esa Milliy universitetga qarashli edi. Mavzu: “Tasavvuf lug‘ati”. Loyiha rahbarlari kazo-kazolar... O‘zimni tutolmay so‘zga chiqdim. “Bular aslida Til va adabiyot instituti, Sharqshunoslik ilmiy-tadqiqot institutining mavzulari. Mamlakatda yuzdan ortiq o‘quv yurtlari mavjud. Ularda professordan tortib laborantgacha ish joyi tasdiqlangan va shunga muvofiq maosh oladi. Axir, grant mablag‘lari muqim maosh olmaydigan ilmiy-tadqiqot institutlarining xodimlari uchun emasmi?! Shu ishni ro‘yxatda birorta ham loyihasi tasdiqlanmagan Sharqshunoslik yoki San’atshunoslik instituti, Qoraqalpog‘iston ilmiy-tadqiqot markazlari xodimlari bajara olmaydilarmi?”, dedim. Oradan ikki kun o‘tib, “tepa”dan sim qoqishdi. “Majlisda aytgan gaplaringizda jon bor ekan, biz o‘rganyapmiz. Bu gaplarni boshqa joylarda aytib yurmang”, deb “iltimos” qilishdi. Keyingi majlisgacha esa men Qo‘mita a’zoligidan chetlatildim. Boyagi “Tasavvuf lug‘ati” esa dunyo yuzini ko‘rmay qolib ketdi. Albatta, bu bir necha yil oldingi gap. Ammo bugun ham o‘shanday ishlar takrorlanmayapti, deb kim ayta oladi?!
Keksa olimning kuyunib aytganlarini, o‘zi aytmoqchi, “o‘tgan ishga salovot”, deya gazetada chop etmasak ham bo‘lar edi. Ammo o‘sha hayot-mamotga aylangan grant mablag‘lariga ko‘z tikib, yarim stavkada bo‘lsa ham tirikchiligini amal-taqal o‘tkazgan va o‘tkazayotgan ilmiy xodimlarning sarobga aylangan orzulari va umri uchun kim tovon to‘laydi? U institutdan bunisiga, bu tashkilotdan unisiga yugurib, bola-chaqasiga bir tishlam non topish uchun qo‘liga ilingan “ish”ni bajarishga majbur bo‘lmadimi ular?! Keraksiz, siyqa mavzularning targ‘ibotchilariga aylanib qolmadimi bu ilmiy xodimlar? Katta maqsad bilan tanlagan mavzularini, iqtidorini, o‘y-xayollarini bozorning “kep qoling” degan shovqinlariga almashtirib yubormadimi, bu fan fidoyilari?!
Bu qanday yuz berdi?
Ma’lumki, SSSR parchalangach, o‘zaro aloqalar uzildi. Boshqa joylarda kuzatilganidek, ilmiy-tadqiqot institutlarining ham loyihalari, ilmiy tavsiyalari hech kimga kerak bo‘lmay qoldi. Hamma o‘zi bilan o‘zi bo‘lib, bozor iqtisodiyotining etagini tutib ketdi. Eslasangiz, kosmonavtlar skafandri ham birinchi Toshkentda yaratilgan. Yoki bo‘lmasa, paxta terish mashinalarining eng yangi modellari asosida Kibernetika instituti xodimlarining mehnati yotibdi. Vaqti kelib, skafandrlar Rossiya kosmonavtlariga kerak bo‘lmay qoldi. Buni qo‘ya turing, o‘zimizning paxtakorlar ham paxta terish mashinalaridan voz kechishdi. Axir, qishloq aholisini qandaydir yo‘l bilan boqish kerak edi-da. Ana shunday tushkunlikni boshqa ilmiy-tadqiqot institutlari ham boshdan kechirdi.
Nima qilish kerak? Shuncha katta ilmiy zaxiraga ega bo‘lgan o‘ttizdan ortiq dargohni tarqatib yuborish yaramaydi. “Yo‘li” shu bo‘ldiki, ular oliy o‘quv yurtlariga “eksport” qilindi. Aytaylik, Falsafa va huquq instituti ikkiga bo‘linib, huquq qismi Toshkent davlat yuridik universitetiga, falsafa qismi esa Milliy universitetning falsafa fakultetiga, Iqtisodiyot instituti Toshkent davlat iqtisodiyot universitetiga, Sharqshunoslik ilmiy-tadqiqot instituti Sharqshunoslik institutiga, til va adabiyot instituti esa O‘zbek tili va adabiyoti universitetiga qo‘shib yuborildi. Afsuski, bu tadbir yana o‘nlab boshqa muammolarni keltirib chiqardi.
— Ilmning, olimning mavqeyi tushib ketdi, — deydi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori ilmiy-tadqiqot institutining bo‘lim boshlig‘i, filologiya fanlari nomzodi Rahmatilla Barakayev. — Bugungi oliy o‘quv yurti bitiruvchisining olim bo‘lishiga hali yetti-sakkiz qovun pishig‘i bor. Ilmiy dargohlarni yoshartirish kerak, deymiz, ammo kelayotgan yoshlar ilmga tayyor emas. Endilikda til tarixi bo‘limida bitta odam qoldi. Chunki bu bo‘limda ishlash uchun arab, fors tillarini mukammal bilish zarur. Shevashunoslik bo‘limimiz butunlay yo‘q bo‘ldi. Bu bo‘lim ishlashi uchun joylarga, jumladan, qo‘shni respublikalarga va hatto boshqa chet davlatlarga ilmiy ekspeditsiyalar uyushtirish lozim. Buning uchun esa mablag‘ kerak.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 30-dekabrdagi mamlakatimizning yetakchi ilm-fan namoyandalari bilan bo‘lgan uchrashuvi hamda respublikada ilm-fanni rivojlantirish sohasida qabul qilgan qator farmon va qarorlari bilan akademiya yana jonlana boshladi. Fanlar akademiyasi tarkibidan chiqib ketgan aksar ilmiy-tadqiqot institutlari yana o‘z maqomini egalladi. Ularning moddiy va ma’naviy ahvolini yaxshilash borasida choralar ko‘rilmoqda. Jumladan, bugungi kunda institutlarning boshqaruv apparati grantdan ulush olmaydi, ularga davlat budjetidan mablag‘ ajratilmoqda. Bungacha grant mablag‘larining choragi direktordan tortib farroshgacha bo‘lgan xodimlarga sarflanar edi. Endilikda bu mablag‘ ham ilmiy xodimlarning o‘ziga tegadi.
Hatto ayrim institutlar, masalan, O‘zbek tili, adabiyoti va folklori institutida o‘sha 20 foiz hisobiga qisqartirilgan ish joylari tiklanmoqda yoki yarim shtatda ishlayotgan xodimlar uchun to‘la ish joylari tashkil etilmoqda.
— Bir narsa yodimdan chiqmaydi, — deydi akademik To‘ra Mirzayev. — Bir paytlar Amerikada chop etiladigan “Nyu-York tayms” gazetasi “Bizning SSSR yadro bombasidan emas, uning o‘rta maktablaridan xavfimiz bor”, deb yozgan edi. Bu gapimdan To‘ra aka sovet davrini qo‘msayapti, degan fikrga kelmang, tag‘in. Nima bo‘lgandayam, sovet davrida o‘rta maktablarda savodxonlik kuchli edi. Shu ma’noda 11 yillik ta’lim tizimiga qaytganimiz yaxshi bo‘ldi. Olimlar qaerdan keladi? Maktabdan. Ana o‘shalarning bittasi ilm bilan shug‘ullansa, boshqasi o‘zi o‘qigan maktabda dars beradi. Yaxshi, iqtidorli o‘quvchilarni tarbiyalaydi. Jarayon shunday davom etadi. Maktabni nazardan qochirmaslik zarur.
— Yana bir muammo shuki, — deydi Rahmatilla Barakayev, — na o‘rta maktabda, na oliy o‘quv yurtlarida o‘zbek tili va adabiyotidan barqaror darsliklar bor. Respublikada shunday darsliklar tayyorlaydigan markaz huquqini ilmiy-tadqiqot institutlariga berish kerak. Hozirdagidek har bir oliy o‘quv yurtining o‘zi uchun darslik tayyorlab, nashr etish tajribasini tugatish lozim. Tajribadan o‘tgan, yillar sinoviga dosh bergan barqaror darsliklarsiz ahvolni yaxshilab bo‘lmaydi. Masalan, N.Mallayev, V.Abdullayev, G‘.Karimovning mumtoz adabiyot tarixi darsliklarini olaylik. Bir nechta avlod ana shu darslikni o‘qib ta’lim olgan. Uyog‘ini so‘rasangiz, Yoqubjon Is’hoqov, Bahodir Sarimsoqov kabi navoiyshunos olimlar ham o‘sha darslikdan “chiqqan”. Yoki N.Karimov, B.Nazarov, U.Normatovning 1999-yili chop etilgan “XX asr o‘zbek adabiyoti” darsligini oling. O‘sha kitob hozir yo‘q. Yana bir misol.
Izzat Sultonning “Adabiyot nazariyasi” darsligi 1938-yilda chop etilgan edi. Mazkur qo‘llanma muallif tomonidan yil sayin takomillashtirildi va shu kunga qadar o‘qitib kelinmoqda. Bugun adabiyot nazariyasi bo‘yicha undan barqaror darslik yo‘q. Borlari esa pichoqqa sop bo‘lmaydi. Shu narsa e’tiborliki, Izzat Sultonning bu darsligi Markaziy Osiyo respublikalaridagina emas, Afg‘oniston va Uyg‘uristonda ham o‘qitilar ekan. Yaqinda Shinjon Uyg‘ur avtonom milliy okrugidan kelgan bir olim, biz ham shu kitobni o‘qib, mulla bo‘lganmiz, deb qoldi.
Demak, “Adabiyot nazariyasi” darsligi butun turkiyzabon xalqlarga adabiyotning mohiyatini anglatishga xizmat qilgan. Bizga ana shunday darsliklar kerak, aslida.
Filologiya fanlari nomzodi Zuhriddin Isomiddinov esa akademiya institutlarining kutubxonalarini ham tiklash kerak, deb hisoblaydi.
— Fanlar akademiyasi tizimida ilgari har bir institut va mustaqil laboratoriyaning o‘z kutubxonasi bo‘lar edi, bugun ular yo‘q, — deydi olim.
Olimning bu mulohazalari qayta qurish yillari bo‘lib o‘tgan bir suhbatni yodga soldi. “O‘lkamizda o‘tmishda yuz bergan urushlar, turli g‘alayonlar, adolatsizliklar ko‘pgina qimmatli qo‘lyozmalarning xorijiy mamlakatlarga olib ketilishiga sabab bo‘ldi. Ular hozir ham yevropa va Osiyodagi ayrim mamlakatlar kutubxonalarining ko‘rki bo‘lib turibdi.
Ikkinchidan, qo‘lyozmalar ustida malakali ish olib boradigan mutaxassislar yetishmagani bois ko‘plab nodir asarlar hanuz o‘rganilmay yotibdi. Agar qadimiy qo‘lyozmalarning mazmunini o‘rganish bugungi sur’atlarda borsa, O‘zFA Sharqshunoslik instituti fondlaridagi qo‘lyozmalarni o‘rganish va nashr etishning o‘ziga kamida 400 yil kerak bo‘ladi...”, degan edi O‘zbekiston SSR Fanlar akademiyasining o‘sha paytdagi (1986-y.) vitse-prezidenti Erkin Yusupov.
Bir so‘z bilan aytganda, ilmiy muassasalarda, kutubxonalarda sarg‘ayib yotgan qo‘lyozma asarlar — madaniy merosimizning 9 foizi ham keng xalq ommasiga yetib borgan emas, haligacha...
Xalqimiz qadimiy madaniy merosidan, xususan, yozuvidan ajralib qolganiga yaqinda bir asr bo‘ladi.
Eski o‘zbek yozuvidan voz kechib, nainki boy madaniy merosni chuqur va har tomonlama o‘rganishdan mahrum bo‘ldik, ayni paytda ona tilimizning jozibasi, shirasi, ohanglariga ham putur yetdi. Masalan, o‘zbek tilidagi unli harflar til oldi va til orqa fonemalarga ajraladi. Kirilchaga o‘tish bilan esa ana shu farq yozuvda ajratilmaydigan bo‘ldi. Chunki rus tilida unlilar bu xilda farqlanmaydi.
Bugina emas. She’riyatimiz go‘zal harf va so‘z o‘yinlaridan mahrum bo‘lib qoldi. Masalan, Navoiyning “Sa’d” so‘ziga muammosi bor:
Bu gulshan ichra yo‘qtir baqo guliga sabot,
Ajab saodat erur chiqsa yaxshilik birla ot.
Hikmatli so‘zga aylanib ketgan ushbu fard aslida muammo. Unda “Sa’d” so‘zi yashiringan. Fard e’tibor bilan o‘qilsa, so‘zning kaliti “saodat” so‘zida yashiringani ma’lum bo‘ladi. Agar “saodat” so‘zidan (alif) bilan (te) harflarini (ular qo‘shib yozilsa “ot” so‘zi hosil bo‘ladi) chiqarib tashlasak “sa’d” qoladi.
Zuhriddin domlaga ana shular haqida aytganimda, o‘ylanib, so‘z qotdi:
— Siz aytgan qo‘lyozmalarning saragini sarakka, puchagini puchakka ajratish uchun 400 yil bo‘lmasa ham, har holda vaqt kerak. Mutaxassis topish, o‘rgatish, yoshlarni o‘qitish mumkin.
Meni boshqa bir narsa xavotirga solyapti: bu — Erkin Yusupov aytgan xorijga chiqib ketgan va bugun ayrim aholining sandiqlarida po‘panak bosib yotgan qo‘lyozma asarlar. Davlatimiz tomonidan o‘sha yodgorliklarni sotib olish haqida qaror ham chiqarilgan. Ammo bu qaror haligacha ko‘ngildagidek bajarilgani yo‘q. Buning uchun har ikki tomon — sotuvchi va sotib oluvchilar orasidan tom ma’nodagi homiylar, xalqaro til bilan aytganda, metsenatlar chiqmayapti.
Darhaqiqat, madaniy merosimizni, jumladan, qadimiy qo‘lyozmalarimizni o‘rganishga davlat qachon sharoit yaratib berar ekan, deb qo‘l qovushtirib o‘tiraversak, ko‘p narsani yutqazamiz. Mana, masalan, ulug‘ bobomiz Ahmad Hodiy Maqsudiy hazratlari tomonidan yozilgan “Muallimi soniy” kitobi butun turkiyzabon xalqlarga Qur’oni karimni tushunishda haligacha asqotmoqda. Bugungi yoshlarning ko‘pi bu kitobni biladi, demak ular istasa, qadimiy qo‘lyozmalarni ham o‘qiy oladi. Tilimiz tarixini o‘rganish, shevalarimizning betakror jozibasini tadqiq etish, umuman yurtimizda fan-texnika taraqqiyotini ilgarigi mavqeyidan ham yuksakka ko‘tarish uchun hali imkoniyatlar bor.
Yoqubjon XO‘JAMBERDIYEV