Mеndеleуеv kim bo‘lgan?
Bundan roppa-rosa 150 yil muqaddam mashhur rus olimi Dmitriy Ivanovich Mendeleyev insoniyat tarixidagi eng muhim kashfiyotlardan biri – kimyoviy elementlar davriy jadvalini yaratdi. Bugun dunyoda o‘xshashi yo‘q jadvalning kashf etilganiga bir yarim asr to‘lishi munosabati bilan Birlashgan Millatlar Tashkiloti 2019-yilni “Kimyoviy elementlar davriy jadvali xalqaro yili” deb e’lon qildi.
Mendeleyevni ko‘pchilik kimyogar olim, kimyoviy elementlar davriy jadvalining ixtirochisi sifatida yaxshi taniydi. Ammo nafaqat kimyogar, shu bilan birga fizik, geolog, iqtisodchi, meteorolog, ixtirochi va yana ko‘plab sohalar bilimdoni bo‘lgan Mendeleyev Rossiyaning XIX asr, balki butun tarixi davomidagi eng taniqli olimi hisoblanadi.
Dmitriy Ivanovich Mendeleyev 1834- yilning 8-fevralida Tobolsk shaharchasida oilada kenja — o‘n yettinchi farzand bo‘lib dunyoga keldi. Bolaligida juda sho‘x bo‘lgan bo‘lajak olim turli qiliqlari bilan shaharchadagi odamlarni bezor qilardi. Maktabga ham zo‘r-bazo‘r borar, hatto birinchi sinfda ikki yil qolgandi. Gimnaziyada esa kimyo fanidan “uch” bahoga o‘qigan.
Mendeleyevlar oilasi katta bo‘lishiga qaramay, risoladagidek kun kechirardi. Oilaboshi shahardagi Tobol nomidagi gimnaziya va bilim yurtida direktor bo‘lib ishlardi. Uy bekasi Mariya Dmitriyevna esa favqulodda aqlli va g‘ayratli ayol bo‘lgan.
Oila boshlig‘ining vafotidan so‘ng ahvol og‘irlashdi. Ro‘zg‘orning barcha tashvishi Mariya Dmitriyevnaning yelkasiga tushdi. Ayol shaharda kun ko‘rishga qiynalgach, farzandlari bilan qishloqqa ko‘chib bordi. U yerda bir muddat ukasining shisha ishlab chiqaradigan zavodida ishladi, ammo oradan bir yil o‘tar-o‘tmas zavod butkul yonib ketdi.
Mariya farzandlari, ayniqsa, o‘g‘li Mitenkaning tabiiy fanlarga qobiliyatini payqagach, ularni universitetda o‘qitish uchun Moskvaga ketishga qaror qildi. Dimitriy Mendeleyev Peterburgdagi pedagogika institutiga o‘qishga kirdi. U oliy o‘quv yurtiga qabul qilinganidan bir necha hafta o‘tib, bolalarning boshiga og‘ir judolik tushdi — onalari Mariya Dmitriyevna vafot etdi. Mendeleyev xotiralarining birida ilmga bo‘lgan qiziqishini qo‘llab-quvvatlagani, yetarlicha bilim olishi uchun bor kuch-g‘ayratini ayamagani uchun onasidan bir umr minnatdor ekanini yozdi.
Mendeleyev universitetda o‘qib yurgan kezlaridayoq ilm bilan shug‘ullana boshladi. 1865-yili “Suvning spirt bilan birikishi” mavzusida yoqlagan doktorlik dissertatsiyasi olim sifatidagi ilk salmoqli qadamlaridan bo‘ldi. Keyinchalik, u shu mavzuda ko‘plab tadqiqotlar olib bordi.
Nomini jahonga tanitgan, “kimyoning asosi” bo‘lgan davriy jadval ustida ish boshlaganida Mendeleyevni bir masala – kimyoviy elementlarni qanday qilib yaxlit tizimga solish mumkinligi chuqur o‘ylantirardi. Olimga ayrim elementlarning xususiyatlari bir-birinikiga nihoyatda o‘xshashligi ma’lum edi. Shunchaki, ularni guruhlarga birlashtirish qolgandi. Biroq qanday qoidalar asosida?
Mendeleyev bu savol boshini og‘ritgan birinchi va yagona kishi emasdi. Undan oldin ham ko‘plab mashhur kimyogarlar turli elementlarning fizik va kimyoviy xususiyatlari bir-birinikiga o‘xshashligini qayd etgan. Ular orasida shved olimi Lensen, ingliz kimyogarlari Nyulends va Odling, nemis olimlari Gmelin va Meyer bo‘lgan. Ular hatto o‘z jadvallarini tuzishgan, biroq ularning hech biri mukammal bo‘lmagan. Ularda ko‘plab elementlar chetda qolib ketgan.
Mendeleyev ishni barcha elementlarni xususiyat va atom og‘irligi bilan birga alohida varaqlarga yozib chiqishdan boshladi. So‘ng ularni turli kombinatsiyalarga terib chiqdi. Biroq elementlarning ko‘pi hali kashf etilmagani bois, ularning atom og‘irligi ham ma’lum emasdi. Shunga qaramay, olim masalaning yechimini topdi. U elementlarning asosiy ko‘rsatkichi atom og‘irligi ekanini aniqladi. Shunga ko‘ra, u avval bu borada izlanish olib borgan boshqa olimlardan farqli, elementlarni ularning atom og‘irligi o‘sib borishiga ko‘ra joylashtirdi va xususiyatlar belgilangan vaqt oralig‘ida takrorlanganiga guvoh bo‘ldi.
Mendeleyev yaratgan davriy jadvalning asosiy xizmati shundaki, unda hali kashf etilmagan elementlarning xususiyati ham oldindan aytilgandi. Ya’ni, elementning o‘zi yo‘q, ammo uning xususiyatlari ma’lum va jadvalda unga joy ajratilgan! Gap shundaki, izlanuvchan olim elementlarning xususiyatlari va atom og‘irligini o‘rganish jarayonida unga ma’lum bo‘lmagan boshqa elementlar ham borligi hamda ular qachonlardir kashf etilishiga ishonardi. Va u haq bo‘lib chiqdi. Oradan bir necha yillar o‘tib, mashhur kimyogarning izdoshlari galiy, skandiy va germaniy elementlarini kashf etishga erishdi. Ammo Mendeleyev tabiatda ulardan tashqari yana sakkizta elementning borligini bashorat qilgandi. Jadvalda ham ularning o‘rni doim bo‘lgan.
Kimyoviy elementlar jadvalining aniq yaratilish sanasi ma’lum emas. Olim jadvalni tushida ko‘rgani bilan bog‘liq gaplar ham qanchalik haqiqat yoki afsona ekani noma’lum. Aslida, bu gapni Mendeleyevning do‘sti, professor Inostransev o‘ylab topgan, degan taxminlar bor. Uning aytishicha, bir vaqtlar mashhur kimyogar u bilan choy ichayotib, “Yoqimli tonglarning birida uyqusiz o‘tgan kechadan so‘ng biroz dam olish uchun divanga o‘tirib, ko‘zim uyquga ketdi. Va men tushimda davriy jadval namunasini aniq ko‘rdim”, degan. Inostransev bu voqeani o‘z talabalariga qayta-qayta aytib berishni yoqtirardi. Tush va jadval haqidagi gaplar shu tarzda tarqalgan. Bu borada Mendeleyevning o‘zi “Go‘yoki men jadvalni tushimda ko‘rgan emishman. Bu juda kulgili-ku! Axir, men bu qonunni yaratish ustida 20 yil ishladim!” degan edi. Biroq olimning hazil-mutoyibaga moyilligi borligini hisobga olsak, jadvalni tushda ko‘rish haqidagi afsona ikki do‘stning o‘zaro hazili ekani ehtimoldan xoli emas.
Mendeleyevning kimyoviy elementlar davriy jadvali yaratilganidan to bugunga qadar asosiy fan qonuni sifatida tan olinadi. O‘tgan 150 yil mobaynida davriy sistemaning yuzlab namunalari taqdim etildi. Ammo ularning hech biri Mendeleyev jadvali o‘rnini bosolmadi.
Olim faoliyati haqida gap borganida, davriy jadval bilan cheklanishning iloji yo‘q. U ko‘plab sohalarda yangilik yaratib, ilm-fan taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shdi. Bir joyda harakatsiz o‘tirishni sira xushlamaydigan bu inson turli tadqiqotlar, ekspeditsiyalarda faol qatnashdi. Boy ilmiy tajribasi yordamida Uraldagi sanoatning inqiroz holatini baholab berib, ushbu strategik muhim hududga ekspeditsiya tashkil qildi. Bemor bo‘lishiga qaramay, unda o‘zi ham ishtirok etdi. Keyinroq admiral Makarov bilan dunyodagi birinchi arktik muzyorar kemasi qurilishida qatnashib, Arktikaga ekspeditsiya tashkillashtirdi va birinchilardan bo‘lib Shimoliy dengiz yo‘lini o‘rganishni boshlab berdi.
U “Professorning faqat talabalarga dars o‘tib, o‘zi ilmiy izlanishlar qilmasligi, oldinga intilmasligi jamiyatga nafaqat foydasiz, balki ziyon hamdir”, deb hisoblardi. O‘zi ham doim nazariyani amaliyotga tatbiq etish ustida bosh qotirar, shu maqsadda zavod, fabrikalarga ko‘p borardi. Izlanishlari natijasida neft qazib olishni o‘rgandi. Og‘irlikning aniq nazariyasini yaratdi. O‘rmonlarni saqlab qolish, ifloslangan hududlarni tozalash bo‘yicha qator ekologik loyihalar taklif qildi. Demografiya, ekologiya, mamlakatlarning rivojlanishiga doir dolzarb maqolalar yozdi.
Mendeleyevning eng katta xizmatlaridan biri — havo sharini yaratgani bo‘ldi. Doim atmosferaning yuqori qatlami, ob-havo o‘zgarishlarini o‘rganishga qiziqqan olim havoda harakatlanadigan qurilma yaratish uchun bir necha yil umrini sarfladi. O‘sha kezlari hatto Yevropada ham havo qurilmalari hali ommalashmagan, faqatgina 1783-yili fransuzlar — Jozef-Mishel va Jak-Etenn Mongolfe, 1861—1863-yillarda angliyalik Jeyms Glesher atmosferada tadqiqot o‘tkazish maqsadida bir necha marta havoga ko‘tarilgandi, xolos. Mendeleyev atmosferaning yuqori qatlamiga ko‘tarilish uchun stratostat (stratosferada uchadigan aerostat) loyihasini ishlab chiqdi. Biroq barcha uning bu g‘oyasini imkonsiz deb hisoblab, hech kim bu loyihani amalga oshirish uchun mablag‘ berishni istamadi.
1887-yilning avgustida quyoshning to‘liq tutilishi haqida shov-shuvli xabar tarqaldi. Olimlar uni Germaniyadan to Rossiyaning sharqiy chegaralari bo‘lgan hududda ko‘rish mumkinligini ma’lum qildi. Dunyo ahli bu g‘aroyib hodisani ko‘rishni intizorlik bilan kutayotgan bir paytda Mendeleyev o‘zining dalahovlisida qishloq xo‘jaligi ishlari bilan band edi. To‘satdan unga Peterburgdan xat keldi. Taqdir hazilini qarangki, maktubda imperatorga qarashli rus texnika jamiyati uni olim sifatida o‘zi yaratgan havo sharida osmonga ko‘tarilib, quyosh tutilishi hodisasini ilmiy o‘rganishga taklif etgandi. Kutilmagan xabardan boshi osmonga yetgan 53 yoshli kimyogar o‘ylab o‘tirmay, darhol yo‘lga tushdi.
Mendeleyev 1887-yilning yozida nihoyat havo sharida uchuvchi Kovanko bilan taxminan 100 km masofaga uchishga muvaffaq bo‘ldi va yanada mashhur bo‘lib ketdi. Sharda ikki kishi bo‘lgani bois, u bulutlardan yuqoriga ko‘tarilolmagan bo‘lsa-da, olim tarixda birinchi bo‘lib aerostat yordamida quyosh tojini kuzatishga erishdi. Ushbu parvozi uchun aeronavtika xalqaro komiteti Mendeleyevni medal bilan taqdirladi.
Mendeleyev bir vaqtlar sanoat josusligida ham qatnashgan. 1890-yili olimga dengiz vaziri Nikolay Chixachyov tutunsiz porox tayyorlash sirlarini topishda yordam berishini so‘rab, murojaat qiladi. Chunki bunday poroxni sotib olish ancha qimmatga tushardi. Buyuk kimyogar unga topshirilgan vazifani a’lo darajada uddalab, porox ishlab chiqarish sirini topdi va ikkita tutunsiz porox tayyorlab berdi.
Mendeleyevning ko‘plab g‘aroyib qiziqishlari bor edi. U bo‘sh vaqtlari jomadon yasashni yoqtirardi. Bu hunarni u Simferopoldagi Qirim urushi vaqtida yopiq gimnaziyada o‘qituvchilik qilgan vaqtlari o‘rgangan. Bekor o‘tirishni sira xushlamaydigan olim doim o‘ziga turli mashg‘ulotlar topar, ko‘pincha kitoblarni muqovalab, kundalik hayotda asqotadigan kichik buyumlar yasardi. U, ayniqsa, xaltalar yasash ishqibozi edi.
Boy pedagogik tajribaga ega mashhur kimyogar turli yillarda Simferopol o‘g‘il bolalar gimnaziyasida, Rishel litseyida, keyinroq Sankt-Peterburg universitetida tabiiy fanlardan dars berdi. Olim 1500 dan ortiq ilmiy ishlar qoldirdi. U nafaqat ilm-fan fidoyisi, balki yetti farzandning sevimli otasi ham edi. Biroq ularning bari turli davlatlarda yashagani bois, Rossiyada Mendeleyev avlodlari qolmagan.
Turli sohalar taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk kimyogarga nima uchun Nobel mukofoti berilmagani hanuzgacha ko‘pchilikni qiziqtiradi. Aslida, Mendeleyev nomi bir necha bor Nobel mukofotiga tavsiya qilingan, ammo uni olish olimga nasib etmadi. Birinchi gal — 1905-yili mukofot nemis organik kimyogari Adolf Bayerga berildi. Oradan bir yil o‘tib, mukofotga yana Mendeleyev nomzodi qo‘yildi, biroq Shvetsiya qirolligi fanlar akademiyasi bu safar uni ftorni kashf etgan fransuz olimi Anri Muassanga berishga qaror qildi. 1907-yilda esa mukofot ikki kishi — italiyalik kimyogar Stanislao Kanitstsaro va Dmitriy Ivanovich Mendeleyevga berilishi haqida gaplar tarqaldi. Biroq baxtga qarshi, Mendeleyev 1907-yilning 2-fevralida 72 yoshida vafot etdi.
Aslida, olimning yaratgan kashfiyotlari, olib borgan tadqiqotlari, ilmiy izlanishlari har qanday mukofotdan ustunroq. Birgina kimyoviy elementlar davriy jadvalining o‘ziyoq Dmitriy Ivanovich Mendeleyev nomini tarix zarvaraqlariga abadiy muhrladi.
Iroda TOSHMATOVA tayyorladi.