Iqlim o‘zgarishi inqiloblarga sabab bo‘ladimi?
Global iqlim o‘zgarishining oqibatlari ko‘p sonli ixtiloflar va ommaviy ko‘chishlarga ham sabab bo‘ladi. Yaqinda ilm-fan bu nazariyaning haqiqatga mos kelishini tasdiqladi.
Amaliy-tizimli tahlil xalqaro instituti olimlari tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot ilk bor iqlim o‘zgarishi va ortib borayotgan ixtiloflar, shuningdek, tabiiy oqibatlar tufayli yuzaga kelayotgan ommaviy ko‘chishlar o‘rtasida bog‘liqlik mavjudligini ko‘rsatib berdi. Mazkur institut Avstriyada joylashgan nufuzli ilmiy markazlardan biri bo‘lib, u dunyoning yetakchi olimlarini o‘zida jamlagan. Institut ekologiya, iqtisodiyot va ijtimoiy sohalarni birgalikda tadqiq qilish maqsadida AQSh va sobiq sovet ittifoqi tomonidan 1970-yillarda ta’sis etilgandi. Shundan beri jahonning 20 ga yaqin ilg‘or davlatlari ushbu loyihaga qo‘shilgan.
Xususan, e’lon qilingan tadqiqotda iqlim o‘zgarishi 2010—2012-yillari Tunis, Liviya, Suriya, Yaman va boshqa davlatlarda bo‘lib o‘tgan umumiy “Arab bahori” nomi bilan ma’lum xalq qo‘zg‘olonlarining boshlanishiga turtki bergan muhim omillardan biri bo‘lgani ta’kidlanadi. Haqiqatan ham xalq noroziligi keng ko‘lamli fuqarolar urushiga aylangan Suriyadagi holat bunga misol bo‘la oladi.
Mualliflar voqealarning bu yo‘sinda rivojlanib ketishiga ushbu hududdagi o‘rtacha havo haroratining ko‘tarilganini sabab qilib ko‘rsatishadi. Davomli qurg‘oqchilik va ichimlik suvi taqchilligi oqibatida Suriyada bir necha yil hosil yaxshi bo‘lmagan. Oqibatda qishloq aholisi ish va tirikchilik dardida shaharlarga ommaviy ko‘chib keta boshlagan.
Bu o‘z-o‘zidan mamlakatda salbiy urbanizatsiyani yuzaga keltirdi. Shaharlarda odamlar yashin tezligida ko‘payib, turarjoy yetishmovchiligi, ishsizlik muammolari keskin ortgan. Mazkur omillar odamlardagi norozilik kayfiyatining yanada kuchayishiga turtki bergan.
BMTning 2018-yil noyabr oyida taqdim qilgan ma’lumotlarida 5,6 milliondan ziyod suriyaliklarning vatanidan qochib chiqqani, yana 6 millionga yaqin odam mamlakat ichida ko‘chib yurishga majbur bo‘layotgani aytiladi. Aynan shunga o‘xshash holat Afrika davlatlari, jumladan, Sahroyi Kabirning janubiy mintaqalarida ham kuzatilayotganini ta’kidlash o‘rinli.
So‘nggi vaqtlarga qadar olimlar iqlim o‘zgarishi va migratsiya o‘rtasidagi sabab-oqibat bog‘liqliklarini o‘rganishga jiddiy e’tibor qaratmay kelayotgan edi. Gap shundaki, bir omil boshqasining yuzaga kelishiga sabab bo‘layotganini isbotlash uchun o‘ta qat’iy va jiddiy ilmiy dalillar talab etiladi.
Mualliflar buning uchun bir qancha tadqiqotlarni umumiylashtirib, yagona manzarani hosil qilishga harakat qilganlar. Boshlanishiga ular 2006—2015-yillar davomida boshpana so‘rab, butun dunyo bo‘ylab 157 davlatda qochoqlar tomonidan berilgan arizalar sonini o‘rganib chiqdi. So‘ng qochoqlarning asl vatanida ro‘y bergan iqlim o‘zgarishining dinamikasi jadvalini tuzdi. Iqlim o‘zgarishining asosiy ko‘rsatkichi sifatida yog‘ingarchilik miqdorining tushib ketishi va parlanish hajmi olindi.
Qurolli ziddiyatlarning soni va ko‘lami esa Shvetsiyada joylashgan Uppsala universiteti 1946-yildan beri yuritib keladigan qurolli inqirozlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasiga tayanib o‘rganildi. Tadqiqotchilar tomonidan ishlab chiqilgan ilmiy modelda qochqinlarning asl vatani va ular kelgan mamlakat orasidagi masofa, har ikkala davlatdagi aholi soni, ulardagi siyosiy vaziyat, etnik va diniy guruhlar hamda boshqa omillar ham hisobga olindi.
Pirovardida, tadqiqot natijalari 2006—2015-yillar davomida iqlim o‘zgarishi migratsiya darajasi va yo‘nalishiga katta ta’sir etganini ko‘rsatdi. Kuchli qurg‘oqchiliklar esa mavjud qurolli ziddiyatlarni yanada kuchaytirgani, qurbonlar sonining keskin ortishiga sabab bo‘lgani aniqlandi. Ammo tadqiqotchilar o‘rtadagi sabab-oqibat bog‘liqliklari bevosita emas, balki bilvosita ekanini ta’kidlaydi. Sodda qilib aytganda, iqlim o‘zgarishi bevosita ommaviy ko‘chishlarni keltirib chiqarmaydi, balki ijtimoiy norozilikning kuchayishiga turtki beradi. Uning ortidan inqirozlar va majburiy-ommaviy migratsiya yuzaga keladi.
Davlatni uquvsizlarcha boshqarish va qoniqarsiz demokratiya darajasi sharoitida iqlim o‘zgarishi osongina qurolli ziddiyatlar va cheklangan resurslar uchun kurashni yuzaga keltirishi mumkin. Iqlim o‘zgarishi muammosi dunyoni o‘yga cho‘mdirayotgan bir paytda prezident Donald Trampning AQShni 2015-yilgi Parij kelishuvidan olib chiqish haqida qarori dunyo bo‘ylab keskin qoralandi. Parij kelishuviga ko‘ra, 188 ta mamlakat, jumladan, unga imzo chekkan O‘zbekiston ham global harorat oshishini odatdagidan 2 gradusdan pastroq ushlab turishga rozi bo‘lgan va hatto 1,5 gradusga tushirishga intilishlarini aytganlar.
BMTning Jahon meteorologiya tashkilotiga ko‘ra, AQShning bu kelishuvdan chiqib ketishi joriy asr oxirigacha global haroratni 0,3 gradusga oshirishi mumkin. Trampning da’vo qilishicha, Parij kelishuvi Amerikada millionlab ish o‘rinlari yo‘qolishiga sabab bo‘lgan. Parij kelishuvi amerikaliklarga qimmatga tushdi, ammo Xitoy va Hindiston kabi raqib iqtisodiyotlar uchun osonroq shartlar qo‘yildi, Parij kelishuvi AQShga 3 trillion dollarga tushadi, deb aytadi Donald Tramp.
Ayni damda Tramp jahon hamjamiyati bilan o‘zga shartlar asosida yangi iqlim kelishuvini muhokama qilishga tayyor ekanini aytdi, ammo ko‘plab davlatlar buni tezda rad etdilar. Iqlim o‘zgarishi yoki boshqacha aytganda, global isish darajasi dunyodagi sanoat zavodlari, transport, qishloq xo‘jaligi kabi sohalarning atmosferaga chiqarayotgan gaz chiqindilariga bog‘liq. Ma’lumotlarga qaraganda, Yer yuzidagi gaz chiqindilarining 25 foizi AQShdan chiqadi.
NASAga ko‘ra, 1880-yildan beri jahondagi o‘rtacha harorat 0,8 gradusga oshgan. O‘sishning uchdan biri 1975- yildan keyingi davrga to‘g‘ri keladi.
Isib borayotgan dunyoni halokatga yuz tutishdan asrash uchun global isish darajasini 2 gradusdan pastda ushlab turish g‘oyasi ilk bor 1975-yili AQShlik iqtisodchi Uilyam Nordhauz tomonidan ilgari surilgan edi. Biroq 1990-yillarga qadar biror davlat atmosferaga chiqarilayotgan parnik gazlarini cheklash masalasiga jiddiy e’tibor qaratmadi. Nihoyat, 1990-yillar o‘rtasida Yevropa davlatlari ikki darajali cheklov bo‘yicha qo‘shma bitimlarni imzoladi. 2010-yilga kelib esa iqlim isishi muammosi BMTning asosiy siyosatidan biriga aylandi.
Ammo kichik orol davlatlar va dengiz sathidan uncha balandda joylashmagan mamlakatlar ikki darajali cheklov siyosatidan norozilik bildira boshladi. Bunday davlatlar agar iqlim isishi bundan ham past darajada ushlab turilmasa, muzliklarning erishi ortidan ko‘tarilgan dengiz suvi ularning hududini bosib ketishi mumkinligini ta’kidlaydi.
2009-yili Daniya poytaxti Kopengagen shahrida iqlim isishi bo‘yicha chaqirilgan sammitda iqlim o‘zgarishidan eng ko‘p zarar ko‘rishi mumkin bo‘lgan davlatlar belgilangan cheklov yanada past darajada bo‘lishi zarurligini ilgari surdilar. Sammitda ishtirok etgan mamlakatlarning hammasi ham bu talabga quloq tutmadi va natijada yig‘ilish samarasiz yakun topdi.
Shunday bo‘lsa ham, bir yarim darajali g‘oya izsiz yo‘qolib ketmadi. 2015-yili Parijda bo‘lib o‘tgan muzokaralar davomida fransuz diplomatlari mazkur g‘oya bo‘yicha boy va kambag‘al davlatlarni murosaga keltirishga urindilar va bu harakat ish berdi. Olimlar global isishni atigi yarim darajaga pasaytirish katta ijobiy natijalarni olib kelishi mumkinligini ta’kidlaydi.
Olimlarning maxsus hisobotida bir yarim va ikki darajali cheklovlar o‘rtasidagi farq dunyoga qanchalik ta’sir qilishi mumkinligi yuzasidan ayrim muhim raqamlar keltirilgan. Ularning asosiylari quyidagicha: dengiz suvining ko‘tarilishi tufayli o‘z uyidan ajralishi mumkin bo‘lgan odamlar soni 10 millionga kamayadi, 2 million kvadrat kilometr abadiy muzlik erishdan saqlab qolinadi, suv taqchilligidan qiynalayotgan dunyo ahli soni 50 foizga kamayadi, yoz faslida Arktikada muzliklar erishini atigi bir foizli cheklov ostida ushlab turishga muvaffaq bo‘linadi, iqlim o‘zgarishi tufayli jonzotlarning qirilib ketishi 50 foizga kamayadi.
Global isishni bir yarim darajadan pastda ushlab turish juda mushkul masala, deydi mutaxassislar. Agar hozir insoniyat qo‘lida mavjud barcha imkoniyatlar ishga solinganda ham bu maqsadga 2040-yilga boribgina erishish mumkinligi bashorat qilinadi. Iqlim isishini 1,5 gradusdan pastda saqlash hozirgi kun uchun erishib bo‘lmas maqsaddek ko‘rinayotgan bo‘lsa-da, ko‘plab davlatlar iqlim o‘zgarishi muammosiga endilikda jiddiy qaramoqda. Britaniya hukumati yaqin kelajakda «atmosferaga parnik gazlari chiqarishni nol darajaga kamaytirish bo‘yicha qonun» qabul qilish masalalarini o‘rganayotganini xabar qilgan.
Ayrim ekologlar esa global isishga qarshi yangi texnologiyalar yoki milliardlab daraxt ko‘chati o‘tqazish bilan kurashish shart emasligini ta’kidlaydi. Agar biz hozir atmosferaga chiqarilayotgan parnik gazlarini keskin qisqartirsak va oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish uchun tabiiy muhiti buzilgan yerlarni qayta tiklasak yoki go‘sht iste’mol qilishni kamaytirsak, shuning o‘zi bir yarim darajali maqsadga erishishda yetarli bo‘larkan. Shundan so‘ng havo toza bo‘ladi, semizlik darajasi ham pasayadi. Tabiiy muhiti vayron qilinib, sanoatlashtirilgan dunyodan ko‘ra shunisi yaxshiroq.
Abduvali SOYIBNAZAROV, siyosiy sharhlovchi