Ilm-fan rivoji uchun ilmiy kadrlar tayyorlash tizimini tubdan o‘zgartirish zarur
Bu borada xorijiy, xususan, Germaniya tajribasiga tayanish foydadan xoli bo‘lmaydi. Chunki bu mamlakatda doktorantura innovatsiya yaratuvchi va yosh mutaxassisning o‘z kasbiy faoliyatini boshlashga asos soluvchi ta’lim, fan va tijorat o‘zaro tutashgan tizim mavjud.
Taraqqiyot zamirida ilm-fan turishi hech kimga sir emas. Shu bois ilmiy kadrlar sifatini oshirish dolzarb ahamiyatga ega.
Biroq, bugungi kunda oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash tizimining sifati va samaradorligi zamon talablariga javob bermayapti. Shu bois ilmiy-tadqiqot faoliyatida yoshlarning intellektual salohiyatini har tomonlama namoyon etish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida ilg‘or xorijiy mamlakatlarning mazkur sohadagi amaliyotini hisobga olgan holda amaldagi qonun hujjatlarini takomillashtirish zarurati paydo bo‘ldi.
Ilmiy kadrlar tayyorlash borasida boshqa xorijiy davlatlarga qaraganda Germaniya tajribasi o‘ziga xos jihatlari bilan ajralib turadi. Ma’lumotlarga qaraganda, Germaniyada oliy o‘quv yurtlarining soni 400 mingdan ortiq.
Bolonya tizimi joriy etilishi munosabati bilan hamda ta’lim standartlarini birxillashtirish talablaridan kelib chiqib Germaniya kadrlarni tayyorlashning ikki pog‘onali tizimiga: bakalavriat va magistraturaga o‘tdi. Besh yillik o‘qish o‘rniga talabalar uch yil bakalavriatda, ikki yil magistraturada tahsil oladi.
Germaniyada oliy ta’limdan keyingi ta’lim talabgorning dissertatsiya ishini yakunlab, diplom olishi bilan nihoyasiga yetadi. Fan doktori ilmiy darajasini olishda doktorantura muhim o‘rin tutadi.
An’anaviy nemis modeliga ko‘ra, doktorantlar (Promovierende) ilmiy rahbarlarni oliy o‘quv yurtining professor-o‘qituvchilari tarkibidan (Doktorvater yoki Doktormutter) o‘zlari izlaydilar va ularning murabbiyligi ostida dissertatsiya ustida ishlaydi. Germaniya tajribasi bu borada mamlakatimizdagi mavjud amaliyot bilan juda o‘xshash.
Ilmiy maktablar asosan kooperatsiyaviy (ishni birgalikda va mehnat taqsimoti asosida tashkil etish formasi) tusiga ega bo‘lib, ilmiy maktablar faoliyatlarini ilmiy-tadqiqot muassasalari yoki ishlab chiqaruvchilar bilan birlashgan holda olib boradi. Bu amaliyot tadqiqotchilarni bevosita fan bilan mashg‘ul bo‘lishlari uchun keng imkoniyat beradi. Germaniyada mazkur tizim yosh olimlarga mehnat bozoriga kirish uchun qulay sharoit yaratib berishi bilan alohida ajralib turadi.
Ma’lumotlarga qaraganda, Germaniyada doktorantlarning 83 foizi ish beruvchilar bilan mehnat munosabatlariga kirishgan bo‘lib, ularning 76 foizi universitetlarda, birinchi navbatda, tabiiy fanlar bo‘yicha, 8 foizi ilmiy-tadqiqot muassasalarida, qolganlari esa sanoat sohasida faoliyat olib boradi.
Tadqiqotchilarga maxsus dastur asosida tizimli va samarali rahbarlikning amalga oshirilishi doktorlik dissertatsiyalarini uch yilda himoya qilish imkonini beradi.
Bir so‘z bilan aytganda, Germaniyada doktorantura innovatsiya yaratuvchi va yosh mutaxassisning o‘z kasbiy faoliyatini boshlashga asos soluvchi ta’lim, fan va tijorat o‘zaro tutashgan institut hisoblanadi.
Yana bir jihatni ta’kidlash lozimki, Germaniyada akademik bozor juda shaffof: doktorantura, ilmiy rahbar, bo‘sh joylar, ilmiy-tadqiqot muassasalari va fondlar haqida saytlarda erkin ma’lumotlar olish, onlayn tizimi orqali barcha savollarga javob olish imkoni yaratilgan. Shuning uchun ham bugungi kunda Germaniya dissertatsiya ishlari himoyasi bo‘yicha boshqa davlatlar ichida yetakchi hisoblanadi (bir yilda 25 000). Bitta professorga o‘rtacha 9 nafar doktorant (Promovierende) to‘g‘ri keladi.
Mamlakatimizda esa 2017-2018-yillarda falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasida tasdiqlangan ishlarning soni 1 ming 136 tani, fan doktori (DSc) esa 466 tani, jami 1 ming 602 tani tashkil etgan.
Germaniyada 29 foiz doktorant tabiiy fanlar sohasida tadqiqot ishi bilan shug‘ullanadi, 22 foiz doktorant injenerlik sohasidagi fanlardan dissertatsiya tayyorlaydi, 19 foiz doktorant filologiya va madaniyatshunoslik, 18 foizi ijtimoiy fan, iqtisod va huquq sohasida ilmiy ish bilan shug‘ullanadi.
O‘zbekistonda 2017-2018-yillarda eng ko‘p dissertatsiya himoya qilingan fan tarmoqlarini texnika fanlari (295 ta), tibbiyot fanlari (264 ta), filologiya fanlari (161 ta), qishloq xo‘jalik fanlari (145 ta) va iqtisodiyot fanlari (117 ta) tashkil etgan.
Xorijiy davlatlar tajribasidan kelib chiqib hamda ilmiy kadrlarni tayyorlash borasida mamlakatimiz amaliyotida mavjud bo‘lgan muammolarni bartaraf etish maqsadida quyidagi masalalarga e’tibor qaratish maqsadga muvofiq bo‘lar edi:
Birinchidan, Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 22-maydagi qarori bilan tasdiqlangan “Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’limga qo‘yiladigan Davlat talablari”ning 9-bandida falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun mustaqil izlanuvchilikka ikki yildan kam bo‘lmagan ilmiy-pedagogik stajga yoki aniq ilmiy yutuqqa (ixtiroga patent yoki mualliflik guvohnomasi) ega bo‘lgan shaxslar rasmiylashtirilishi belgilangan. Ilmiy-tadqiqot bilan shug‘ullanish istagini bildirgan va huquqni qo‘llash amaliyotida muayyan tajriba to‘plagan shaxslarni ilmiy faoliyatga jalb etishni kuchaytirish maqsadida, bizningcha, mustaqil izlanuvchilikka rasmiylashtirishdagi ushbu talabni bekor qilish maqsadga muvofiq.
Hozirgi kunda oliy o‘quv yurtlari va ilmiy-tadqiqot muassasalariga ishlab chiqarishdan ajralmagan holda ilmiy-tadqiqot ishi bilan shug‘ullanish istagini bildirib, mustaqil izlanuvchi sifatida rasmiylashtirish uchun murojaat qilayotgan soha xodimlari ko‘pchilikni tashkil etmoqda. Aksariyat soha xodimlari magistr darajasiga ega bo‘lib, oliy o‘quv yurtida magistratura yo‘nalishida tahsil olish davomida kalendar ish rejasi asosida ilmiy-tadqiqot va pedagogik ishlar bilan ham shug‘ullangan.
Bundan tashqari, soha xodimlari hozirgi kunda ham nufuzli yuridik oliy o‘quv yurtlarida mehnat daftarchaga belgi kiritilmagan holda soatbay, ayrim hollarda esa alohida reja asosida talaba va tinglovchilarga ularning amaliy ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan ma’ruza va amaliy mashg‘ulotlarni olib bormoqda. Biroq ularni mustaqil izlanuvchi sifatida rasmiylashtirish jarayonida falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasi uchun mustaqil izlanuvchilikka belgilangan ikki yillik ilmiy-pedagogik ish stajini belgilashda muayyan muammolar yuzaga kelmoqda.
Ikkinchidan, qaror bilan tasdiqlangan “Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim to‘g‘risida”gi nizomning 15 va 40-bandiga ko‘ra, oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari talabgorlarning mustaqil izlanuvchilikka hujjatlarini qabul komissiyasi tomonidan 15-sentabrdan 15-oktabrgacha bo‘lgan davrda qabul qilinishi belgilangan.
Germaniya va boshqa davlatlar tajribasidan kelib chiqqan holda mustaqil izlanuvchilarni oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalariga biriktirish uchun belgilangan yuqoridagi muddatni bekor qilish vaqti keldi. Chunki doktorantura va tayanch doktoranturaning doktorantlaridan farqli ravishda mustaqil izlanuvchilar uchun nazariy-metodologik dastur ishlab chiqish talab etilmaydi. Mustaqil izlanuvchi uchun dissertatsiya mavzusi bo‘yicha tasdiqlangan shaxsiy rejaning mavjud bo‘lishi talab etiladi. Qolaversa, aksariyat davlatlar (Rossiya, Qozog‘iston va boshq.) tajribasida mustaqil izlanuvchilarni qabul qilish bir yilda 2-3 marotaba amalga oshirilib, uning aniq muddatini muassasaning o‘zi hal etadi va muqaddam bu kabi amaliyot mamlakatimiz tajribasida ham mavjud bo‘lgan.
Uchinchidan, “Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim to‘g‘risida”gi nizomning 8-bandida fan doktori bir vaqtning o‘zida uchtadan ko‘p bo‘lmagan izlanuvchilarga ilmiy rahbar va maslahatchi bo‘lishi mumkinligi, ilmiy unvoni bo‘lgan fan nomzodi yoki falsafa doktori (PhD) bir vaqtning o‘zida faqat bir nafar tayanch doktorantga va mustaqil izlanuvchiga ilmiy rahbar etib biriktirilishi mumkinligi belgilangan. Ilmiy rahbar va maslahatchi bo‘lishdagi ushbu cheklov ayrim sohalarda fan doktori va ilmiy unvoni bo‘lgan fan nomzodi yoki falsafa doktorlarining (PhD) yetarli emasligi sababli ilmiy-tadqiqot bilan shug‘ullanish istagida yurgan ko‘plab tadqiqotchilar uchun bir qator muammolarni keltirib chiqarmoqda.
To‘rtinchidan, huquqning yangi ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar natijalarini amaliyotda izchillik bilan joriy qilish, fan yutuqlarini amaliyotga, qonunchilik jarayoniga tatbiq etishga keng sharoit yaratish maqsadida respublikamizdagi oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan ishlab chiqarish tashkilotlari, davlat organlari o‘rtasida mavjud aloqalarning sifatini oshirish, bir so‘z bilan aytganda, yosh olimlar uchun mehnat bozoriga kirish uchun qulay sharoit yaratish, oliy ta’limdan keyingi ta’lim instituti amaliyotga yo‘naltirilganligini ta’minlash mexnizmlarini ishlab chiqish zarur.
Muzaffarjon Mamasiddiqov, yuridik fanlari doktori, professor