So‘zning tug‘ilishi
Bolaligimda, o‘tgan asrning 70—80-yillari “Gayduklar” degan badiiy film televizor orqali ko‘p namoyish etilardi (“gayduk”– rus tilida, aslida “hayduk”). Filmni ruminlar ishlagan, tafsilotlari hozir esimda yo‘q, lekin film bolqon xalqlarining turklarga qarshi kurashi, hayduklik harakati haqida edi, adashmasam. Hayduklik, aslida, g‘irt qaroqchilik, o‘g‘rilik, boylarni, xususan, Bolqon yerlaridagi Usmonli davlati mulozimlarini talon-toroj qilishdan iborat bir hodisa edi, keyinchalik unga xalq ozodlik harakati tusi berilgan. XVII–XIX asrlarda bu harakat butun Bolqon bo‘ylab keng yoyilgan, hatto armanlarning Usmonli davlatini buzishga qaratilgan, dastlab nomi “Fidayi” bo‘lgan harakatini ham keyinchalik “hayduklar harakati” deb atashgan.
Xo‘sh, to‘rt asr davomida Usmonli imperiyasiga qarshi kuchlarni birlashtirib kelgan bu so‘zning asl ma’nosi nima? Ushbu o‘rinda bizni mazkur harakat emas, balki “hayduk” so‘zining o‘zi qiziqtiradi.
“Hayduk” atamasi dastlab XVII asrda Majoriston(Vengriya)da paydo bo‘ldi”, — deyiladi F.Pavlenkovning 1907-yili chop etilgan “Slovar inostrannix slov, voshedshix v sostav russkogo yazika” lug‘atida. Usmonli turklarni Majoriston yerlaridan haydash harakatiga nisbatan dastlab “hajdu” (“hayduv”) deyilgan. F.Pavlenkovga ko‘ra, keyinchalik “hajdu” — “yakka piyoda askarga nisbatan ham ishlatilgan”. Bu atama majorcha “podani haydash” ma’nosidagi “hajt” (“hayt”) o‘zagidan yasalgan. “Hajdu” keyinchalik “hayduk” shaklida rumin, bolgar, polyak, serb va boshqa tillarga o‘tgan.
Ko‘rinib turibdiki, “hajdu” (“hayduv”) tilimizdagi aynan shu ma’nodagi “haydov, haydamoq” fe’li bilan shaklan deyarli bir xil. Bu shunchaki o‘xshashlikmi yoki ular o‘rtasida umumiylik bormi?
“Majorcha-ruscha lug‘at”ni (“Magyar-orosz szуtbr”) kuzatganda, “hajt” o‘zagidan yasalgan qator so‘zlarni ko‘rish mumkin. Xususan, “hajt” so‘ziga mazkur lug‘atda berilgan asosiy izohlarni o‘qiymiz (ruschadan tarjima): “hajt – 1. haydash, quvish, haydab kirgizish, kirgizish...; ~ja a teheneket – mollarni yaylovga haydash; ~ja a nybjat – podani haydash... va hokazo”.
Mazkur o‘zakdan yasalgan yana bir so‘z: “najtas” (o‘qilishi: “haytash”). Bu so‘z ham o‘zbekcha “haydash” ma’nosida, ayni paytda, majorchada “t” tovushi bizning “d”ga yaqin talaffuz qilingani uchun “najtas” o‘zbekcha “haydash”ga yaqin eshitilarkan. Xususan, “mashinani haydash” ham lug‘atda shu fe’l bilan ifodalangan. Mana bu so‘zlar esa: “jobbra hajtas” — “o‘nggra haytash” deb o‘qilib, o‘zbekcha “o‘ngga haydash” ma’nosini bildirarkan. O‘xshashlikni qarang.
Ammo bu o‘xshashlikni chuqurroq mushohada etish uchun majorlarning kelib chiqishi, ularning tili haqidagi eng umumiy ma’lumotlar xususida to‘xtalmaslikning iloji yo‘q.
Majorlar Attila avlodimi?
Ma’lumki, major tili fin-ugor tillari oilasiga kiradi, shu bilan birga, major tilida juda ko‘p turkiy so‘z-o‘zaklar borligi manbalarda qayd etilgan. Ko‘pchilik mutaxassislar fikriga ko‘ra, majorlarning etnogenezida ugorlar, turkiy qabilalar, qisman alanlar va boshqa qavmlar ishtirok etgan. Attila qarorgohi hozirgi Majoriston hududida bo‘lganligi uchun majorlarni xunlarning avlodi deb qarash mavjud.
Ko‘pchilik tarixchilar, xususan, L.Gumilyev o‘zining “Xunnu xalqi tarixi” kitobida Ovro‘po xunlari ugor qabilalari bilan aralashganini yozadi. L.Gumilyevga ko‘ra, eramizning II asrida syanbilar (protomongollar) dohiysi Tanshixay xunlarning bir qismini hozirgi Xitoy yerlaridan Volga daryosigacha quvib kelgan. Volgagacha asosan erkaklar yetib kelgan, so‘ng ular ugorlar bilan aralashib, oradan yuz yil o‘tib, Ovro‘po xunlari maydonga kelgan. Amerikalik tarixchi N.Ryazanovskiy shunday yozadi: “O‘sha paytdagi ishonchli manbalarning guvohlik berishicha, xunlarning tarkibida turkcha gapiruvchi qavmlar, ularga qo‘shilib kelgan ugor va mongollar (protomongol. — A.H.) bor edi” (N.V.Riasanovsky. Histoire de la Russie. Paris. 2005.26-b.).
Ammo Ovro‘po xunlari dohiysi Attila o‘limidan keyin (453-yil) Xunlar imperiyasi inqirozga yuz tutgach, xunlarning asosiy vorisi sifatida majorlar emas, bulg‘orlar maydonga kelgan. O‘sha davrlarda Qora dengiz shimolida yashagan turkcha gapiruvchi qavmlar “bulg‘orlar” deyilgan. VII asrda mazkur bulg‘or turklarining Qora va Azov dengizlari, Kavkaz tog‘lari shimolidagi ulkan yerlarni, hozirgi Ukraina hududini o‘z ichiga olgan Buyuk Bulg‘oriya davlati paydo bo‘ldi. Keyinchalik Buyuk Bulg‘oriya boshqa bir turkiy davlat Hazar xoqonligi ta’sirida ikkiga bo‘linib, ularning bir qismi Volga daryosi bo‘ylab shimolga — o‘zlarining qadimiy makonlari tomon, ikkinchi qismi g‘arbga — hozirgi Bolgariya yerlari tomon ketgan. Shimolga ketgan bulg‘or turklari avlodlari: bugungi chuvashlar, boshqirdlar, tatarlar, kavkazdagi qorachoy-bolqarlar bo‘lishsa; g‘arbga ketib, slavyanlashgan bulg‘or turklari avlodlari bugungi bolgarlar va makedoniyaliklardir. “Turkiy qavmlar tarixi” kitobi muallifi Hasan Ato Abushiy mazkur bulg‘or turklarini “ug‘ir-bulg‘or qavmlari” deb ataydi. Abushiyga ko‘ra, bulg‘orlar tarkibidagi mazkur ug‘ir (ugor) qavmlari bugungi majorlarning ajdodlaridir. Xullas, hozirda “protobulg‘or (protobolgar) tili” deganda qadimgi bulg‘or turklarining tili, ya’ni turkiy til tushuniladi.
“Etymological Dictionary of the Altaic Languages” kitobi hammuallifi Anna Diboning fikriga ko‘ra, protobulg‘or tiliga eng yaqin til bugungi kunda chuvash tili hisoblanadi. “Ovro‘poda esa eng ko‘p protobulg‘or so‘z-o‘zaklarni major tilidan topishimiz mumkin. Major tilida 400 atrofida eski bulg‘or tilidan o‘tgan o‘zak so‘zlar bor”, — deydi olima. Ammo majorlar keyingi davrlarda ham turkiy xalqlar bilan muntazam aloqada bo‘lgan va turkiy so‘zlar major tiliga keyingi davrlarda ham o‘zlashgan. “Turkiy qavmlar tarixi” asari muallifi Hasan Ato Abushiy yozadi: “Majorlar-vengrlar tabi’at va urf-odat jihatindin oto taraflari — turklarg‘a juda yaqin o‘ldiklari kabi, til jihatindin ono taraflari — fin — vog‘ullarga yaqin qolmishlar. Shu ilaki, tillarinda turkchag‘a nisbatan fincha so‘zlar ko‘brakdir” (H.A.Abushiy. TQT. Cho‘lpon. 1993. 107-b.).
Xo‘sh, ushbu o‘rinda bizning tadqiqot obyektimiz bo‘lgan majorcha “hajt” (“hayt”) so‘zi turkiy so‘zmi yoki ugorchami? Turkshunoslar e’tirofiga ko‘ra, qadimgi bulg‘or turklari tiliga eng yaqin til bugungi kunda chuvash tili ekan, bu o‘zakni dastlab chuvash tilidan izlab ko‘rish lozim, deb o‘ylayman. Chuvash tilidagi matnlarni, she’rlarni kuzatganda, chuvashcha “ayta” so‘zi o‘zbekcha “hayda” ma’nosida faol ishlatilishini ko‘rish mumkin. Chuvash tilida ham “t” tovushi “d”ga yaqin talaffuz qilingani bois “ayta” — “ayda” kabi eshitilarkan.
Bu so‘z nafaqat chuvash tilida, balki qadimgi bulg‘or turklari avlodlari hisoblanmish boshqa qavmlar, xususan, boshqirdlarda — “”, tatarlarda — “”, qorachoy-bolqarlarda — “xayda”, qozoqlarda – “ayda”, bolgarlarda — “xayde” shakllarida mavjud bo‘lib, bir xil ma’noda, ya’ni o‘zbekcha “hayda”, “qani, ketdik” ma’nolarida ishlatiladi. Rus tiliga ham bu so‘z turkiy tillardan “ayda” shaklida o‘tgan.
Maks Fasmerning «Etimologicheskiy slovar russkogo yazika» lug‘atida rus tilidagi “ayda” so‘ziga shunday izoh beriladi: “Aydа — gaydа — mejd., vrajayet vosklitsanie, podgonyayushee jivotnix, vost.-russk., sib. takje adя, ukr. gaydа — to je. Iz tat.: aida, aida “ponukayushiy, podgonyayushiy okrik”, tur. “haida”. Tarjimasi: “Aydа — gaydа — hayvonlarni haydash uchun ishlatiladigan xitob, xalqaro so‘z. Sharqiy rus tili, sibirliklar tilida, shuningdek, “adya” shaklida ham qo‘llaniladi, ukraincha “gaydа” ham shu so‘z. Bu so‘z tatarchadan olingan. Tatarchada: “aida”, “aida” – (hayvonlarni) hay-haylab, chu-chulab haydash uchun ishlatiladigan hayqiriq”. Turkchada “haida”.
Ko‘rinib turibdiki, Maks Fasmerning “ayda” so‘ziga bergan izohi yuqorida keltirilgan majorcha “hajt”, “hajdu” so‘zlariga berilgan izoh bilan deyarli bir xil va o‘ylaymanki, mazkur misollar ularning bir o‘zakdan ekanligiga yetarli dalil bo‘la oladi.
Ma’lumki, o‘tmishda turkiy xalqlarning aksariyati ko‘chmanchi bo‘lib, asosan chorvachilik bilan shug‘ullangan. Uzzukun chorvaning ortidan yurgan yoki ot ustida umri kechgan ajdodlarimizning hayvonlarni haydash, otini qichash uchun “hayt-huyt” kabi xitoblarni boshqa so‘zlardan ham ko‘proq ishlatganligi tabiiy hol. Menimcha, ana shu xitobdan keyinchalik (“hayt” + “-lash”) “haydash” fe’li yasalgan (“qo‘l”+ “-lash” — “qo‘llash” kabi, “qo‘llamoq”ning o‘tmishda “qo‘ldamoq” shakli ham qo‘llanilgan).
Ushbu turkiy xitobning ukrain tilidagi aks-sadosi ham diqqatga sazovor: “gaydar” (“haydar”) – qo‘yboqar, cho‘pon; “gaydarka” – cho‘ponning tayog‘i; “gaydey” yoki “gayday” – molboqar, podachi. Mazkur o‘zakdan yasalgan yana bir muhim ukraincha so‘z — “gaydamak”dir.
Gaydamaklar
XVII asrda bolqon yerlarida hayduklar harakati avjida bo‘lgan bir paytda hozirgi Ukraina hududida, Dnepr va Dnestr daryolari oralig‘ida kazaklarning gaydamaklar harakati paydo bo‘ldi. Hayduklik usmonli turklariga qarshi harakat bo‘lgan bo‘lsa, gaydamaklik asosan polyak shlyaxtalarini haydashga qaratilgan harakat edi. Ma’lumki, o‘rta asrlarda hozirgi Ukraina yerlari Polsha qirolligi va Litva knyazligiga qaram edi. Gaydamaklar (ukraincha: “gaydamaki”, “aydamak” ham deyilgan) ham asosan hayduklar singari boylar, mulozimlarning mulklariga hujumlar uyushtirishgan, talon-toroj qilishgan, qator xalq qo‘zg‘olonlari gaydamaklar nomi bilan bog‘liq, xususan, XIX asr avvalida Ustim Karmelyuk boshchiligidagi qo‘zg‘olon vakillari ham o‘zlarini gaydamaklar deb atashgan.
Ko‘rinib turibdiki, “gaydamak” – turkcha “haydamak” fe’lining ukraincha shakli va barcha manbalarda uning turkcha ekanligi qayd etilgan. Gaydamaklar o‘zlarini “erkin kazaklar” deb ham atashgan. Ayni paytda, bu atamani ular usmonli turkchasidan yoki biror-bir turkiy qavmdan o‘zlashtirishmagan. Balki “kazak” degan etnonimning o‘zi turkiy: “ajralib chiqqan”, “erkin”, “immigrant”, “qochoq” ma’nolaridagi “qazoq” so‘zidan bo‘lgani kabi, turli millat vakillari quramasidan paydo bo‘lgan kazak nasli o‘zagini ham dastlab turkiy qavmlar vakillari tashkil etgan (Bobur ham “Boburnoma”da “qazoq bo‘ldik” iborasini ko‘p ishlatadi). Keyinchalik kazaklar butunlay slavyanlashib ketgan bo‘lishsa-da, ularning tillarida “yasovul”, “ataman”, “do‘mbira”, “kosh”, “kuren” (taqqoslang: “kosh”, “kuren” – o‘zbekchadagi “ko‘ch-ko‘ron”) kabi ko‘plab turkiy so‘zlar saqlanib qolgan. Shu bois “gaydamak” ham ularning turkiy etimologiyaga ega o‘z so‘zlari edi.
Alqissa, birgina so‘z bizga o‘tmishda ajdodlarimiz “hayt-huyt” deb ot choptirib, chorva haydab o‘tgan izlarni ko‘rsatadi. Kavkazorti, Qora dengiz shimolidagi yerlar, Sharqiy Ovro‘poda azaldan turk tilli elatlar mavjud bo‘lgan. Eramizdan oldingi davrlarda Sharqdan mazkur hududlarga kelgan skif va sarmatlarni gapirmaylik, chunki ularning kelib chiqishi bahsli, agar xunlardan keyingi davrni olsak, ulardan keyin bu hududlarga kelgan avarlar, qipchoqlar, bajanaklar(pecheneglar) Ukraina va bolqon xalqlari ummoniga singib ketdi. Bajanaklarning bugungi avlodlari gagauzlar hamda majorlarning bir tarmog‘i ham majorlashgan bajanaklar ekanligi aytiladi. Ya’ni, majorlar tarkibiga keyingi davrlarda ham turkiy guruhlar kelib qo‘shilgan. Shu bois mazkur xalqlar tillarida juda ko‘p turkiy so‘zlar bo‘lishi tabiiy hol. Abushiyga ko‘ra, fin-ugorlar ham turklar bilan bir ildizga ega, faqat ular Oltoy guruhidan oldinroq ajralib chiqqan. Aslida, mishor tatarlarining nomi “mishor” hamda “major” bir ism, deydi Abushiy.
bbc.com/uzbek dan olindi.
Abduvohid Hayit, filologiya fanlari nomzodi