Amir Temur qo‘shinlarining tarkibi va tuzilishi
Dunyo tarixi haqida gap ketganda Amir Temur nomi bevosita tilga olinadi. Janglarda Amir Temur tuzgan qo‘shinining jangovor tartibi va harbiy hiylalari nafaqat o‘tgan asrlar davomida, balki hozirgi kunda ham qo‘llanilishi buyuk sarkarda harbiy san’atni mukammal o‘zlashtirganidan dalolat beradi.
Amir Temur qo‘shinlari asosan piyoda va otliq askarlardan tashkil topgan bo‘lsa-da, aksariyat hollarda piyodalar ham uzoq cho‘l safarlarida otlar bilan ta’minlanar, otliq askarlarning katta qismi piyoda tartibda jang qilishga ham o‘rgatilgan edi. Ular kamondan zarb bilan bexato otish lozim bo‘lgandagina otdan tushib, piyoda jangchilarga aylanardilar.
Otliq askarlar oddiy va saralangan jangchilarga bo‘linib, yengil va og‘ir otliq qo‘shinni tashkil etgan. Bundan tashqari, Sohibqironning xos navkarlari ham bo‘lgan.
Uning lashkarlari tarkibida asosiy askarlardan tashqari, yana quyidagilar mavjud bo‘lgan: 1) pontonchilar (ko‘chma ko‘priklar qurish ishlari bilan shug‘ullanuvchilar) va kemachilar (ular asosan Amudaryo va Sirdaryoda kemachilik bilan shug‘ullanuvchi kishilardan tanlab olingan; 2) naftandozlar (yunon olovini otuvchilar); 3) qamal qilish mashinalari va tosh otuvchi qurollar bilan ishlashni biladigan jangchilar. (Amir Temur qamal qilgan ko‘plab qal’alarning shunday qurollardan mohirona foydalanish natijasida qo‘lga kiritilgani qo‘shinning bu turi juda katta malakaga ega bo‘lganidan dalolat beradi. Bu buyuk Temur yunonlar va rimliklar qal’alarni ishg‘ol qilish uchun qo‘llagan usullarni yaxshi bilganini ko‘rsatadi. Amir Temur Boyazidga qarshi jangda grigoryan olovini otuvchi moslamalarni fillar ustiga o‘rnatib qo‘llagan); 4) Sohibqiron tik qiyaliklarga chiqa oladigan, tog‘li hududdagi janglarga ko‘nikkan, tog‘ aholisidan tashkil topgan maxsus piyoda qismga ega bo‘lgan. Bu qism jangchilari Amir Temurga daralar, tog‘ yo‘llari va tog‘larda joylashgan qal’alarni ishg‘ol qilishda katta yordam bergan.
Sohibqiron Amir Temur urush boshlashdan avval oddiy otliq askarlar yoki yengil otliqlardan kamon, sadoq (o‘q-yoyi bilan), qilich, arra, bigiz, igna, taroq, arqon, bolta, o‘q uchun 10 ta poynak, qop, mesh (daryodan o‘tish hamda suv olib yurish uchun ishlatiladigan charm qop) va 2 ta otga ega bo‘lishni talab qilgan. Bundan tashqari, har 18 kishiga kigizdan ishlangan o‘tov olinishi shart bo‘lgan.
Saralangan jangchilar yoki og‘ir otliqlar dubulg‘a, qalqon, qilich, kamon va o‘q-yoy bilan qurollangan. Ularning har biri 2 ta ot va har 5 kishi bitta o‘tov olishi shart bo‘lgan (saralangan jangchilarning qurol-anjomlari ko‘p joyni egallagan hamda ular maxsus xizmatkorlarga ega bo‘lgan). Shuningdek, gurzi, oybolta, shamshir bilan qurollangan maxsus jangchilar bo‘linmasi ham mavjud bo‘lib, ular otlarining ustiga yo‘lbars terisidan yopinchiq yopganlar.
Manbalarda keltirilishicha, Amir Temur qo‘shinlari o‘nliklar, yuzliklar, mingliklar, tumanlar (10 ming yoki 12 ming jangchidan iborat qo‘shin) va boshqalarga bo‘lingan va ularga o‘nboshi, yuzboshi, mingboshi va amirlar boshchilik qilganlar. Amirlar 12 darajaga bo‘lingan. Ular turli qabilalarga boshchilik qilib, darajasi, qabila tomonidan berilgan jangchilar soniga bog‘liq bo‘lgan.
Harbiy unvon berish. Har bir o‘nlikda saralangan jangchilar orasidan mulohazakor va mard jangchi tanlab olinib, qolgan 9 jangchining roziligidan so‘ng o‘nboshi etib saylangan; o‘nboshilardan esa faoliyati va qobiliyatiga qarab yuzboshi saylangan; 10 nafar yuzboshidan esa (harbiy ishlarda mohir va tajribaga ega amirlar farzandi yoki aslzodalar avlodidan bo‘lgan jasur kishilardan) mingboshi tayinlangan. Har bir boshliqning o‘rnini bosadigan yordamchisi bo‘lgan.
Maosh tayinlash. Pul munosabatlari bilan yaxshi tanish bo‘lmagan ko‘chmanchi xalqlar buyumlar qiymatini ot, qo‘y, tuya va boshqa narsalar bahosi bilan o‘lchaganlar. Shu tufayli Amir Temur jangchi maoshini shu jangchiga tegishli otning narxiga teng qilib belgilagan. A’lo darajadagi jangchi(bahodir)larning maoshi 2 tadan 4 tagacha ot narxiga teng bo‘lsa, yo‘lboshilar 10 ta jangchi oladigan maoshni, yuzboshilar 2 ta o‘nboshi oladigan maoshni, mingboshilar 3 ta yuzboshining maoshini olganlar. Tartibni buzgan jangchi o‘z maoshining o‘ndan bir qismidan mahrum etilgan.
Amirlar maoshi ularning darajasiga qarab ming va 10 minggacha ot narxi, Amir Temur avlodlariniki esa 12 minggacha ot narxi bilan belgilanib, ularga viloyat ham hadya etilgan. Ko‘rinib turibdiki, Sohibqiron bobomiz qo‘shin tuzish, ularni jang oldidan jangovar holatga keltirishda vaziyatni har tomonlama va to‘g‘ri baholagan, oqillik bilan qarorlar qabul qilgan. Buyuk sarkardaning qo‘shinlarni boshqarishga bunday jiddiy yondashishi uni doim g‘alabaga yetaklagan.
Amir Temur o‘zining “Temur tuzuklari” asarida shunday deydi: “...sardor aql-u tadbirkorlik bilan ish yuritib, shoshma-shosharlik qilmasin, chunki shoshqaloqlik shaytonning ishidir. Chorasi bo‘lmagan ishga kirishmasin, chunki undan qutulib bo‘lmaydi”.
O.MAQSUDOV, Qurolli Kuchlar akademiyasi “Harbiy san’at” kafedrasi katta o‘qituvchisi, podpolkovnik