Fizika dahosi — Albert Eynshteyn
Bundan roppa-rosa 140-yil muqaddam — 1879-yilning 14-mart sanasida Germaniyaning Ulm shahrida barcha yaxshi taniydigan, ammo nazariyalarini hamma ham tushunmaydigan daho, nisbiylik nazariyasi asoschisi Albert Eynshteyn dunyoga keldi.
O‘rtahol oilada tug‘ilgan Eynshteyn avvaliga diniy bilimlarni yaxshi o‘zlashtirdi. 12 yoshidan unda dunyoviy ilmni o‘rganishga qiziqish ortdi. Onasining tashabbusi bilan 6 yoshida skripka chalishni o‘rgandi va bu musiqiy qobiliyati umrining oxirigacha saqlanib qoldi.
Eynshteyn gimnaziyada yaxshi o‘qib, bilimlarni chuqur o‘zlashtirdi. Ammo bolaligidan rostgo‘y, haqiqatparvar bo‘lgani bois, ayrim o‘qituvchilarning bolalarga qilayotgan yomon muomalasi uning g‘ashiga tegar, ko‘pincha shu masalada ustozlari bilan bahslashib qolardi.
1894-yili Eynshteynlar oilasi Italiyaning Paviya shahriga ko‘chib ketdi. Albert esa 6-sinfni tamomlaguniga qadar Myunxenda – qarindoshlarinikida qoldi. 1895-yilning kuz oylari Shveysariyada biroz pul to‘plab, Syurixdagi oliy texnika bilim yurtiga kirish imtihonlarini topshirdi. O‘qishni tamomlash arafasida fizikadan dars ham berdi. So‘ng bilim yurti direktorining maslahati bilan Shveysariyadagi Arau maktabining bitiruv sinfida tahsil oldi. Bo‘sh vaqtlari Maksvellning elektromagnit nazariyasini o‘rgandi. 1896-yili maktabni a’lo baholarga tamomlab, politexnikumning pedagogika fakultetiga o‘qishga kirdi. Bu yerda u tibbiyot fakulteti talabasi – serbiyalik Mileva Marich bilan tanishdi. Ular keyinchalik oila qurib, uch farzandli bo‘lishadi.
1900-yili Eynshteyn politexnikumni tamomlab, matematika va fizikadan o‘qituvchilik qilish huquqini beradigan diplom oldi. Ammo u endi nafaqat ilm-fan, balki kun ko‘rish haqida ham bosh qotirardi. Ko‘pchilik professorlar bo‘lg‘usi olimning qobiliyatini yuqori baholagan bo‘lsa-da, hech kim unga ilmiy faoliyatini davom ettirishi uchun yordam berishni istamadi. 1901-yili Eynshteyn Shveysariya fuqaroligini oldi, biroq 1902-yilning bahoriga qadar doimiy ish topolmay, sarson bo‘ldi. Hatto maktabga o‘qituvchi bo‘lib ham ishga kirolmadi. Nochorlik sabab bir necha kunlab och qolgan vaqtlari bo‘ldi. Shunday vaziyatlarda orttirgan jigar xastaligi umrining oxirigacha azob berdi. Ammo har qanday holatda ham yosh olim fizikani o‘rganishdan aslo to‘xtamadi.
Qiyin kunlari sobiq kursdoshi Marsel Grossman Eynshteynning joniga ora kirdi. Nihoyat, u do‘stining yordami bilan Bern shaharchasidagi ixtirolarni patentlash federal byurosiga ekspert vazifasiga ishga qabul qilindi. Albert u yerda yaxshigina maosh evaziga ixtirolar bayonotiga ekspert xulosalarini yozish bilan shug‘ullanardi. Eng muhimi, unda nazariy fizika sohasini o‘rganish uchun ham bo‘sh vaqt qolardi.
1904-yildan Eynshteyn “Fizika solnomasi” nomli nemis ilmiy jurnalida ishlay boshladi. Nashrda olimning XX asr fizika fani rivojiga katta ta’sir ko‘rsatadigan uchta ishi chop etildi. Ammo o‘sha kezlari yosh fizikning nazariy tahlillari qanchalik muhim ahamiyatga ega ekanini hech kim, hatto uning o‘zi ham to‘la anglab yetmagandi. Vaholanki, ushbu uchta ish hajm jihatidan ulkan bo‘lmasa-da, mazmunan nihoyatda salmoqli edi.
Olimning birinchi maqolasi muallaq zarrachalarning harakati haqida bo‘lib, uni tajribadan o‘tkazib, statistik fizikaga tatbiq etish uchun ko‘p vaqt kerak bo‘lmadi. Ikkinchi — “Fotoeffekt haqida” nomli maqolasida Eynshteyn yorug‘lik tabiati haqidagi faraz to‘g‘risida so‘z yuritadi. Bu ish kvant nazariyasining asosi bo‘lib, avvaliga buni ko‘pchilik qabul qilolmadi. Biroq oradan bir necha o‘n-yil o‘tib, olimning bu boradagi fikrlari o‘z isbotini topdi. “Elektrodinamikaga harakatlanuvchi jismlar” nomli uchinchi maqola esa Eynshteynga mashhurlik olib kelgan nisbiylik nazariyasining debochasi edi. Yosh fizikning birin-ketin taqdim etgan uchta ishi sohada katta yangilik bo‘lib, ular e’lon qilingan 1905-yil ilm-fan tarixiga muhrlandi.
1907—1915-yillari Eynshteyn o‘zining mashhur gravitatsiya nazariyasi ustida ish olib bordi. U o‘z nazariyasi orqali tortishish maydoni va makon va zamon geometriyasi orasidagi chambarchas bog‘liqlikni isbotlashga urindi. Maqolalarida astronomik obyekt qancha yirik bo‘lsa, uning tortishish maydoni ham shuncha katta bo‘lishi, vaqt esa sekinlashishini bayon etdi. Umumiy nisbiylik nazariyasini yaratish uchun Nyuton davridagi mavjud zamon va makon haqidagi klassik tushunchalarni qayta ko‘rib chiqdi.
XVII asrda Nyuton butun olam tortishish qonuni jismlarning bir-biriga o‘zaro kuch ta’sirida tortishishini yozgandi. Ushbu olamshumul nazariya tufayli astronomlar sayyoralar harakatini hisoblab chiqish va koinot bilan bog‘liq boshqa ko‘plab kashfiyotlarni ochishga muvaffaq bo‘ldi. Biroq XIX asr o‘rtalariga kelib, Nyuton tenglamasida qayd etilmagan hodisa — Merkuriy sayyorasining o‘ziga xos harakatlanishi aniqlandi. Bu hodisa Eynshteynning “Fazo shaklga ega. U egri-bugrilik, past-balandliklardan iborat. Vaqt hamma uchun bir xil emas” degan g‘oyalarini asoslardi. Ammo Eynshteyn uzoq vaqtgacha xayolida aylanib yurgan bu fikrlarni ilmiy isbotlovchi asosiy “kalit”ni topolmadi. Uning nisbiylik nazariyasi birdan tan olinmadi, hatto tushunilmadi. Birinchi uch yillikda u faqat nazariy fizika sohasidagi tor doira kishilarinigina qiziqtirdi.
Kunlarning birida ingliz astrofizigi Artur Eddington inglizlar va nemislar urush tufayli yuzaga kelgan nifoq va qarama-qarshiliklarga qaramay, Eynshteynga maktub yo‘llab, uning nazariyalariga befarq emasligi, o‘zini qiziqtirayotgan bir savol yuzasidan olimning fikrini bilmoqchiligini aytib, Merkuriy nega boshqa sayyoralar kabi umumiy qoidaga bo‘ysunmasligini so‘radi. Eynshteyn xatni olib, savolni o‘qigach, birdaniga miyasida yorug‘lik paydo bo‘ladi va uni anchadan buyon qiynayotgan gravitatsiya nazariyasini asoslash yechimini topadi. Va bu boradagi fikrlarini maktub orqali Eddingtonga yubordi.
Merkuriy bilan bog‘liq hodisadan so‘ng 1919-yili ingliz astrofizigi Artur Eddington Eynshteynning nisbiylik nazariyasida ilgari surilgan qarashlarni ilmiy tekshirish maqsadida Atlantikadagi Prinsipi orollariga maxsus ekspeditsiya uyushtirdi. Shu yilning 29-mayida Eddington kutganidek to‘liq quyosh tutilishi sodir bo‘ldi. Bu fizik hodisa Eynshteynning “Quyoshga yaqin kelganida yulduzlarning yorug‘ligi bir tomonga og‘adi. Chunki fazo shaklga ega va u jismlarni o‘zi istagan chiziqda harakatlantiradi” degan farazlarini tekshirish uchun ajoyib imkoniyat edi. Artur Eddington jarayonda Quyosh tutilishiga oid 16 ta surat olib, ularni ingliz olimlari ishtirokidagi katta yig‘ilishda raqamlarni hisoblab chiqdi va mamnuniyat bilan Eynshteynning nisbiylik nazariyasi to‘la asosli ekanini barchaga ma’lum qildi. Ko‘pchilik ishonishni istamagan bu haqiqat o‘z isbotini topgach, Albert Eynshteyn hech bir olim erishmagan mashhurlikka erishdi.
Shundan so‘ng barcha nisbiylik nazariyasi haqida gapira boshladi. Olamshumul nazariya haqida barcha mamlakatlar gazetalarida bong urildi. Bu nazariyaning mazmun-mohiyati yoritilgan ommabop risolalar chop etildi. Jurnalistlar Eynshteyndan intervyu olish uchun navbat kuta boshladi. Fotomuxbirlar esa fizikning yorqin suratini tasmaga muhrlash uchun oylab uning yo‘lini poylardi. Ammo nihoyatda kamtarin, shuhratni xushlamaydigan va juda hazilkash Eynshteyn ularning bu harakatlarini shunchaki jilmayish bilan qabul qilardi. Hatto bir kuni xira fotoreportyorlardan birining “Kuling!” degan murojaatiga javoban yuzini burishtirib, tilini chiqarib suratga tushadi. O‘sha-o‘sha, buyuk olimning ushbu hazilomuz surati odamlar orasida juda mashhur.
Eynshteyn o‘z nazariyasi bilan Nyutonning tortishish qonunidagi ayrim kamchiliklarni to‘ldirdi. Uning nisbiylik nazariyasi XX asrda fizikaga oid qora tuynuk, katta portlashlar, vaqtning sekinlashishi va boshqa ko‘plab hodisalarni nafaqat tushunish, balki qayd etish va ilmiy asoslash imkonini berdi.
Ko‘pincha “Nisbiylik nazariyasini yaratishga qanday muvaffaq bo‘ldingiz?” deb savol berishganida, Eynshteyn hazil aralash jiddiylik bilan “Nisbiylik nazariyasini nega aynan men yaratdim? Har safar o‘zimga shunday savol berganimda, xayolimda bir javob aylanadi. Ya’ni, risoladagidek odam zamon va makon muammolari ustida umuman bosh qotirmaydi. Chunki unga bu haqida bolaligidayoq o‘ylab bo‘lgandek tuyuladi. Men intellektual jihatdan sekin rivojlanganman shekilli, zamon va makon haqidagi fikrlar mening xayolimni katta bo‘lganimdan keyin band etdi. Tabiiyki, mening muammo haqidagi o‘ylarim havaskor bolalarnikidan ancha chuqurroq”, deb javob beradi.
Eynshteyn o‘z davrining chinakam dahosi edi. Uni shunday atashganida, doim bolalarcha jilmayib qo‘yardi. Chunki u hech kimdan maqtov yoki mukofot kutmasdi, shunchaki, sevimli ishi — nazariy fizika bilan shug‘ullanardi. Nobel hay’ati arxivida yozilishicha, 1910—1922-yillarda mukofotning fizika yo‘nalishi bo‘yicha 60 marta Eynshteynning nomzodi ilgari surilgan. Nomzodlar orasida Lorens, Plank, Bor, Vin, Xvolson, De Xaaz, Laue, Zeeman, Kamerling-Onnes, Adamar, Eddington, Zommerfeld va Arrenius kabi mashhur fiziklar ham bo‘lgan. Ammo Shvetsiya qirolligi fanlar akademiyasi a’zolari har gal mukofot berishda inqilobiy nazariya muallifi nomzodini bir chetda qoldirgan.
Nihoyat, 1921-yili Eynshteynga Nobel mukofoti topshirildi. Biroq mukofot unga nisbiylik nazariyasi uchun emas, balki allaqachon tajribada sinalgan fotoeffekt kashfiyoti uchun berildi. Unga “nazariy fizika oldidagi xizmatlari uchun” jumlasi ham qo‘shimcha qilindi. Shvetsiya qirolligi fanlar akademiyasi kotibi Eynshteynga yo‘llagan maktubida mukofot uning fotoeffekt qonuni uchun berilayotgani, ammo olimning nisbiylik va tortishish nazariyasi bo‘yicha qilgan ishlari kelajakda o‘z isbotini topishi va sohaga tatbiq etilishiga ishonishini yozadi.
1929-yili dunyo ahli buyuk fizik — Eynshteynning 50 yoshga to‘lgani haqida jar solib, katta tantanaga aylantirdi. Ammo ortiqcha dabdabani sira xushlamaydigan yubilyar unga bag‘ishlangan tadbirlarda ishtirok etmadi va tug‘ilgan kunini o‘zining Potsdam yaqinidagi villasida eng yaqin do‘stlari — Tagor, Emmanuel Lasker, Charli Chaplin va boshqalar bilan nishonladi.
Eynshteyn doim Germaniyadan uzoqlashishga harakat qilardi. U bu yerdagi yovuzlik, qon to‘kilishiga toqat qilolmasdi. Shu bois, 1933-yili u Germaniyani tark etib, oilasi bilan AQShga ketdi. Tez orada fashizm jinoyatlariga noroziligini namoyon etib, nemis fuqaroligi hamda Prussiya va Bavariya fanlar akademiyasi a’zoligidan voz kechdi. Professor sifatidagi faoliyatini AQShdagi universitetlardan birida davom ettirdi.
Eynshteyn umrining so‘ngiga qadar kosmologiya muammolarini tadqiq etish ustida ishladi. 1955-yili olimning sog‘lig‘i keskin yomonlashdi. Olim do‘stlariga xotirjamlik bilan “Mening yerdagi vazifam tugadi”, dedi. Yaqinlarining xotirlashicha, Eynshteyn umrining so‘nggi kunlarida ham shifoxonadagi hamshiralar bilan tabiatiga xos tarzda hazillashishga kuch topolgan.
Buyuk olim, fizika dahosi va chin inson Albert Eynshteyn 1955-yilning 18-aprelida 77 yoshida o‘tgan hayotidan mamnun holda bu yorug‘ olamni tark etdi. Shon-shuhrat, ortiqcha shov-shuvni xushlamaydigan olimning dafn marosimi uning vasiyatiga ko‘ra, faqat eng yaqin do‘stlari ishtirokida o‘tkazildi. Umri davomida mazmunli va samarali hayot kechirgan Albert Eynshteynning fanga sadoqati va insoniy fazilatlari bugun ham barchaga o‘rnakdir.
Iroda TOShMATOVA tayyorladi.