Nanotexnologiyalar davriga tayyormizmi?
O‘tgan asrning qirqinchi yillarida avstriyalik iqtisodchi Jozef Shumpeterning aniqlashicha, sanoat inqilobi davrida har 50—60 yilda “uzun to‘lqin”lar hosil bo‘lgan. Bu to‘lqinlarning har birini “yangi iqtisodiyot” keltirib chiqargan. O‘sha davr oralig‘ida sanoat mahsulotlari hayotga ommaviy tatbiq etilgan. Bu esa dunyoni rivojlantirishga xizmat qilgan. 2006-yili amerikalik iqtisodchi Norman Puar Jozef Shumpeter nazariyasini axborot texnologiyalari inqilobi hamda XXI asr ma’lumotlarini kiritgan holda modellashtirdi (rasmga qarang).
Tarixga nazar solsak, har bir davrda qaysidir soha iqtisodiyotning lokomotivi bo‘lganini ko‘ramiz. Qolgan tarmoqlar shu sohaga monand rivojlangan. Masalan, 1771-yili to‘qimachilik sohasiga zamonaviy texnologiyalar tatbiq etila boshlandi. Natijada, 1800-yilga kelib, sohada iqtisodiy — yuksalish yuz berdi. Mahsulot narxi va sifati bo‘yicha aholi qatlamini keng qamrab oldi. Shu bois, ishlab chiqaruvchilar soni, bozor hajmi, raqobatbardoshlik va o‘z-o‘zidan mahsulot sifati ham shunga monand o‘sdi. 1853-yilga kelib to‘qimachilikdagi taraqqiyot to‘xtaydi va turg‘unlik boshlanadi. Faqat to‘qimachilikka tayanib, davlatning boyib ketish ehtimoli kamayadi.
Navbatdagi rivojlanish 1825-yildan buyon oyoqqa turib kelayotgan temir yo‘l sohasiga ko‘chgan. 1853—1913- yillari temir yo‘l kompaniyalari va shu infratuzilmaga ega bo‘lgan davlatlar iqtisodiy jihatdan ancha ilgarilab ketdi. 1913-yili bu boradagi taraqqiyot ham sekinlashadi. Temir yo‘l endi rivojlanayotgan davlatlarga taklif qilina boshladi. Markaziy Osiyo — Turkistonga ham aynan shu davrlarda ilk poyezdlar kirib kelgan.
Bu vaqtda AQShda 1886-yildan beri rivojlanib kelayotgan avtomobilsozlik sohasida inqilob ro‘y beradi. Ya’ni, 1913-yili AQShlik tadbirkor Genri Ford ilk bor avtomobillarni konveyerdan chiqara boshlaydi. Qo‘l mehnati orqali 9 soat-u 50 daqiqada ishlab chiqariladigan dvigatel endi 40 daqiqada tayyorlanadigan bo‘ldi. Konveyerda qo‘llanilgan texnologiyalar bo‘yicha bir dona avtomobilni yig‘ish uchun 2 soatdan kam vaqt sarflanar edi. Shu zaylda avtomobilsozlik davlat iqtisodining yetakchi tarmog‘iga aylanadi. Ammo 1969-yilga kelib, sanoat davri tugayotgani haqida ilk signal paydo bo‘ldi.
1939-yildan beri bir maromda rivojlanib kelayotgan axborot texnologiyalari 1969-yilga kelib ilk kompyuter bilan axborot davri eshigini ochib berdi. Mana bugun kompyuter, noutbuk, smartfon va dasturiy mahsulotlar hayotimizning ajralmas qismiga aylandi. Iqtisodiy jihatdan ulkan kompaniyalar ham aynan shu sohada. Birgina “Fecebook” ijtimoiy tarmog‘ining narxi minglab og‘ir texnikasi va ko‘plab karyerlari bo‘lgan tog‘-kon sanoati kombinatlarinikidan ancha qimmat. “Apple” kompaniyasining yillik daromadi O‘zbekistonning yalpi ichki mahsulotidan ancha katta. Yoki “WhatsApp” dasturi sotilishidan tushgan foyda 18 yil paxta yetishtirib, sotishdan topilgan daromadimizdan ko‘p.
Endi savol tug‘iladi. Qanday qilib ular bunday foydaga erishmoqda? Biz ham shu sohani rivojlantirib, ular bilan raqobatlasha olamizmi? Yo‘q, raqobat qilolmaymiz. O‘sha sohada “keskin yuksalish” boshlanganda ularning infratuzilmasi, kadrlari va asosiysi, ongi o‘sha yangilikka tayyor edi. To‘g‘rirog‘i, ular o‘sha “iqtisodiy portlash”ni o‘zlari yaratdi. Endi ular ishlab chiqaruvchi, biz esa iste’molchimiz. Aniq ishonch bilan aytish mumkinki, o‘zimizning “Artel” hech qachon “Apple” yoki “Samsung” bilan raqobatlasholmaydi. Chunki “Artel” o‘zi texnologiya yaratish darajasida emas. Hali yurtimizda texnologiya yaratish uchun fanga milliardlab pul tikishga tayyor kompaniyalar shakllangani yo‘q. Chunki bu miqdorda kelib turgan foyda ham yo‘q. Raqobatda yutqazib bo‘lingan.
Hozir mamlakatimiz sanoati uchun chetdan keltirilayotgan texnologiyalar aslida eskirgan. Misol uchun, LED yoritkich vositalarini ishlab chiqarish texnologiyasi yurtimizga keltirilib, sanoatga tatbiq etilayotgan bir davrda rivojlangan davlatlar OLED texnologiyasini joriy qila boshladi. Bizga OLED kirib kelgan vaqtda esa xorijliklar undan ham mukammal texnologiyalar bilan dunyo bozoridagi mavqeyini yanada mustahkamlab oladi. Biz doimiy iste’molchi bo‘lib qolaveramiz. Yangi texnologiyalarni esa to uning o‘rniga yanada yangisi paydo bo‘lmaguncha, raqib tomonga biror-bir ishlab chiqaruvchi berib qo‘ymaydi. Shu sababli, bizning kompaniyalar uchun yagona bozor bu — ichki bozordir.
Rasmdan anglagan bo‘lsangiz kerak, 2025-yildan boshlab nanotexnologiyalar sohasida “bum”, ya’ni zudlik bilan yuqori bosqichga ko‘tarilish yuz berishi kutilmoqda. Bundan ikki yil oldin Turkiyaning yetakchi ilmiy markazida bo‘lganimda, qiziq gapni eshitdim. Turklar bugungi mikroelektronika kabi sohalarda raqobat qilolmasligini tushunib, barcha kuch-e’tiborini nanotexnologiyaga yo‘naltirgan. Ular kutilayotgan “bum”ga ulgurmoqchi. Dunyodagi tendensiyani kuzatsak ham, shunga amin bo‘lamiz. Nanomateriallar bo‘yicha olinayotgan patentlar shuni ko‘rsatadiki, Singapur kabi davlatlar allaqachon vaziyatga tayyor bo‘lib kutib turibdi.
Xo‘sh, tayyor bo‘lish uchun nima qilish mumkin? Eng avvalo, universitetlarda galstuk va davomat kabi mayda masalalarni chetga surib, eng zamonaviy texnologiyalar asosida dars berish orqali kadrlar tayyorlay boshlash zarur. Xalqaro va mahalliy ekspertlar tomonidan kelajakda raqobatlashishimiz mumkin bo‘lgan dolzarb sohalarni aniq belgilab olib, maqsadli davlat dasturlari asosida yirik investitsiya kiritish darkor. Ilmiy markazlarga yangi ilmiy yo‘nalishlarda tadqiqot o‘tkazish uchun infratuzilma va yirik miqdorda mablag‘ ajratish kerak. Rivojlangan mamlakatlar safiga qo‘shilib, ular bilan raqobat qilmoqchimizmi, xuddi ulardek texnologiyalarga sarmoya kiritish lozim. Nanotexnologiyalar bo‘yicha start-ap kompaniyalar shakllana oladigan maksimal sharoit yaratish va ular duch kelishi mumkin bo‘lgan to‘siqlarni ko‘rib chiqish, shuningdek, bu kompaniyalarga davlat ko‘maklashuvini yo‘lga qo‘yish kerak.
Bularni amalga oshirish uchun innovatsion iqtisodiyotni jadal rivojlantirish, ya’ni islohotlarni aynan mulk daxlsizligi, mustaqil sud tizimi, sog‘lom raqobat, monopoliya va korrupsiyaga qarshi kurash bilan boshlash maqsadga muvofiq. Bu islohotlar innovatsion iqtisodiyot uchun mustahkam asos bo‘lishi zarur. Shundagina real sektor ilmiy ishlanmalarni hayotga tatbiq qilib, kapitalga aylantira oladigan muhit paydo bo‘ladi. Qo‘shimcha ravishda quyidagilarni taklif qilmoqchiman:
— birinchi davrda chet ellik mutaxassislarni tanlov asosida jalb qilib, ulardan maksimal foydalanish va milliy kadrlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish;
— tanlab olingan har bir yo‘nalish bo‘yicha yangi zamonaviy ilmiy markazlar ochib, eng yangi texnologiya va metodlar asosida ishlaydigan qurilmalarni xarid qilish;
— maqsadli davlat dasturlaridan tashqari, ilm-fanning moliyalashtirilishini bir necha barobarga, masalan, YIMning 2-3 foizigacha (hozir 0,16 foiz) oshirish kerak. Va asosiysi, ong va dunyoqarashni o‘zgartirish shart.
Xullas, nanotexnologiyalar davriga tayyormizmi?
Rustam ASHUROV, t adqiqotchi