To‘qson dovon oshgan dargoh
Buyuk o‘zbek olimi T.N.Qori Niyoziy nomi bilan ataladigan O‘zbekiston Pedagogika fanlari ilmiy-tadqiqot instituti 1929-yili Samarqand shahridagi respublika maorif xalq komissarligi tasarrufida faoliyatini boshlab, 1931-yili Toshkent shahriga ko‘chirildi va bir nechta mustaqil institutlarga bo‘lindi.
O‘tgan asrning 30-yillaridayoq institutda o‘zbek tili va adabiyotidan o‘quv-metodik qo‘llanmalar, dasturlar, darsliklar yaratildi. Bu ishda, ayniqsa, A.Sa’diy, A.Avloniy, H.Olimjon, Oybek, Uyg‘un, M.Shayxzoda, O.Sharofiddinov kabi yozuvchi, tilshunos va adabiyotshunos olimlar jonbozlik ko‘rsatdi. 1934-yilda esa ilk bor institutda Oqilxon Sharofiddinov tomonidan “Alifbe” kitobi yaratildi va chop etildi. Shu yili tashkil etilgan ilmiy kutubxona bugunga qadar minglab pedagog kadrlarga ilm nurini tarqatmoqda.
1939-yildan O‘zbekiston Maktablar ilmiy-tadqiqot instituti deb yuritilgan muassasaga 1946-yili “O‘zbekiston Pedagogika fanlari ilmiy-tadqiqot instituti nomi berildi va 7 sho‘badan iborat deb tasdiqlandi. Yillar o‘tgani sayin xalq ta’limini qayta qurish va rivojlantirish talabi tufayli institutda yangi bo‘limlar ochildi, tadqiqotlar ko‘lami kengayib, yuqori malakali ilmiy kadrlar tayyorlashga e’tibor ortdi. Natijada 1960-yili institut qoshida aspirantura, 1994-yili doktorantura tashkil etildi. Bugungacha mazkur bo‘limlar respublikamizning ilmiy pedagog kadrlari salohiyatini oshirishga munosib hissa qo‘shmoqda.
24 nafar ilmiy xodim bilan faoliyat boshlagan va hatto fan nomzodi ilmiy darajasidagi mutaxassisi bo‘lmagan institutda mustaqilligimizning ilk yillari 83 nafar ilmiy xodim faoliyat olib bordi. 19 nafar fan doktori, 34 nafar fan nomzodi, 18 nafar tajribali ilmiy xodimdan iborat jamoada fan arboblari, Respublikada xizmat ko‘rsatgan o‘qituvchi va xalq ta’limi xodimlari, hukumat mukofotlari sohiblarining borligi ushbu dargohning yuksak ilmiy salohiyatidan darak beradi.
1938-yili institutda metodika hamda pedagogika masalalari bilan shug‘ullanuvchi bir nechta bo‘lim tashkil etildi. 1996-yildan esa fan doktori ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiyalar himoyasi bo‘yicha ixtisoslashgan kengash faoliyat ko‘rsata boshladi. Kengash ishiga 1996—1999-yillari institut direktori, tarix fanlari doktori, professor I.Tursunov, 1999-yildan institut direktorining ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, pedagogika fanlari doktori, professor R.Jo‘rayev rahbarlik qildi. 1996—2000-yillar oralig‘ida ixtisoslashgan kengashda 86 ta dissertatsiya himoyasi o‘tkazilib, shulardan 17 tasi doktorlik, 69 tasi nomzodlik dissertatsiyalari hisoblanadi.
1967-yili Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan O‘zbekiston Pedagogika fanlari ilmiy-tadqiqot institutining Qoraqalpog‘iston filiali tashkil etilib, unda qoraqalpoq tili va adabiyoti, boshlang‘ich ta’lim metodikasi, rus tilini o‘qitish metodikasi sho‘balari faoliyat boshladi.
Mustaqillik yillari institutda olib boriladigan ilmiy tadqiqotlar ko‘lami kengaydi. Ayniqsa, so‘nggi yillarda institut xodimlari milliy ta’lim islohotida ko‘zda tutilgan uzviylik va uzluksiz ta’lim tizimining nazariy hamda amaliy masalalarini to‘la qamrab olgan yirik muammolar bo‘yicha keng qamrovli ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirmoqda. Bu tadqiqotlar pedagogika nazariyasi va tarixi, psixologiya, yangi pedagogik texnologiyalarning nazariy asoslari, pedagogik menejment, ta’limni boshqarish, ta’lim-tarbiya jarayonini dasturlashtirish, ta’lim mazmuni va strategiyasi, davlat ta’lim standartlari, xususiy didaktika, milliy istiqlol g‘oyasi va ma’naviyat asoslari kabi pedagogikaning dolzarb muammolarini hal etishga qaratilgan.
Aytish joizki, O‘zbekiston Pedagogika fanlari ilmiy-tadqiqot instituti uzoq yillar davomida yuqori malakali ilmiy pedagog kadrlarni tayyorlovchi yirik ilm-fan maskani bo‘lib kelmoqda. Ushbu dargohda A.Zunnunov, N.G‘aybullayev, E.Seytxalilov, R.Mavlonova, M.Toyirova, P.Mag‘zumov, E.Choriyev, E.Turdiqulov, Q.Abdullayeva, R.Hasanov, V.Tokareva, A.Ostrovskiy, V.Andriyanova, U.Begimqulov, R.Jo‘rayev, E.G‘oziyev, Sh.Sharipov, D.Sharipova, I.Stirkas, E.Yangiboyeva, X.Yo‘ldoshev, Sh.Yunusova, Y.Abdullayev, R.Yo‘ldoshev, R.Safarova, X.Ibragimov, O‘.Tolipov, M.Inoyatova, M.Divanova, S.Turg‘unov singari xodimlar pedagogika fani va ta’lim tizimining rivojiga munosib hissa qo‘shgan.
Institutda 2015—2017-yillari 17 ta davlat granti asosida 5 ta fundamental, 10 ta amaliy, 2 ta yosh olimlar loyihalari bo‘yicha ko‘plab fan doktorlari, fan nomzodlari va ilmiy xodimlar pedagogikaning dolzarb muammolari ustida izlanish olib bordi. Mazkur loyihalar 2016-yili qayta tashkil etilgan 5 ta ilmiy laboratoriya — Umumiy pedagogika, Ta’lim menejmenti, Ta’limda innovatsion texnologiyalar, Ijtimoiy-gumanitar ta’lim muammolari, Aniq va tabiiy fanlarni o‘qitish muammolari laboratotiyalari tarkibida birlashtirilgan.
Shu yilning aprel oyi holatiga ko‘ra, institutda 2 ta fundamental, 2 ta innovatsion loyiha amalga oshirilmoqda. Shuningdek, 2019-yildan institutda “Umumiy o‘rta ta’lim maktablarining tabiiy (fizika va biologiya) fanlari uchun yangi avlod elektron o‘quv-metodik qo‘llanmalarini yaratish va o‘quv jarayoniga joriy etish”, “Umumiy o‘rta maktablarida shaxmat fani bo‘yicha 3D interaktiv o‘quv-metodik qo‘llanmalarini yaratish va joriy qilish” bo‘yicha 2019-2020-yillarga mo‘ljallangan yangi innovatsion loyihalar faoliyat boshladi.
Bir so‘z bilan aytganda, o‘zining shonli va murakkab rivojlanish yo‘li, sharafli tarixiga ega, buyuk allomalarga beshik bo‘lgan O‘zbekiston Pedagogika fanlari ilmiy tadqiqot instituti bugun uzluksiz ta’lim-tarbiya tizimini nazariy jihatdan qurollantirish, ilmiy-metodik qo‘llanmalar bilan ta’minlashdek ulug‘ maqsad yo‘lida og‘ishmay, ildam qadam tashlamoqda.
Norbek TAYLOQOV, T.N.Qori Niyoziy nomidagi O‘zbekiston Pedagogika fanlari ilmiy-tadqiqot instituti direktori, pedagogika fanlari doktori, professor