Komil Tojiboyev: “O‘zbekistonda botanika fanining rivojlanishi bir necha yillar orqada qolib ketdi”
Bugungi suhbatdoshimiz — mamlakatimiz o‘simlik olamini tadqiq qilishga o‘zining ulkan hissasini qo‘shayotgan, ko‘plab botaniklarning ustozi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Botanika instituti direktori, biologiya fanlari doktori, akademik Komiljon Tojiboyev.
— Avvalo, intervyu berishga rozilik berganingiz uchun katta rahmat. Fan olamiga qanday kirib keldingiz? Ustoz(lar)ingiz haqida gapirib bersangiz.
— Fan olamiga kirib kelishimda oilamning o‘rni benihoya katta. Botanika olamidagi kashfiyotlar egasiga aylanishim otam — NamDU professori Sharobiddin aka Tojiboyevning orzusi edi. Shuning uchun bolaligimdan meni bu fanga maqsadli yo‘naltirib, o‘qib-izlanishimga shart-sharoit yaratib berdi. Otamdan bir umr minnatdorman.
Shuningdek, bugungi darajaga erishishimda professorlar — O‘rinboy Hasanov, Toshxonim Rahimova, O‘g‘ilshod Allanazarova, Furqat Hasanov kabi ustozlarning ham ta’siri kuchli bo‘lgan. Ulardan, avvalo, ilmga sadoqat, o‘z kasbiga hurmat, kasbni ardoqlash va, eng muhimi, ilm yo‘li mashaqqatli, lekin sharafli ekanini, bu boradagi barcha qiyinchiliklar vaqti kelib hurmat-e’tibor, obro‘, qator ilmiy yangilik va kashfiyotlar bilan o‘rin almashishini o‘rganganman. Aynan ustozlarimdan olganlarimni hozir shogirdlarimga o‘rgatishga harakat qilyapman.
— Hozirgi kunda botanika fanining zamonaviy eng dolzarb ilmiy masalalari nimalardan iborat?
— Botanikaning tarkibiy qismi hisoblangan flora, o‘simliklar sistematikasi va geografiyasi men tadqiqot olib borayotgan yo‘nalishlar hisoblanadi. Ayni paytda bu yo‘nalishlarda klassik tadqiqot uslublaridan zamonaviy izlanishlarga o‘tish jarayoni ro‘y bermoqda. Shunday bo‘lsa-da, ilg‘or fan uslublari fundamental bilimlarga to‘la asoslanadi. Tabiiy floralarni tadqiq etish, undagi turlar tarkibini o‘rganish, xususan, tabiiy va antropogen omillar ta’sirida ro‘y berayotgan o‘zgarishlarni aniqlash va floraga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan mavjud omillar majmuasi saqlanib qolgan taqdirda, kelgusidagi jarayonlarni bashorat etish keng ko‘lamda olib borilayotgan tadqiqotlarga kiradi. Hozirgi kunda milliy tabiiy geografik hududlar kesimida va hatto qit’alar darajasida muvaffaqiyatli olib borilayotgan qator loyihalar bor. Ular orasida Flora of Pan-Himalaya (Himolay va unga yondosh bo‘lgan hududlar florasi), qit’alar darajasida olib borilayotgan tadqiqotlar orasida Flora of North America loyihasi alohida ahamiyatga ega. Bu loyiha doirasida Shimoliy Amerika mintaqasidagi tabiiy sharoitda o‘sayotgan barcha o‘simliklar xilma-xilligi o‘rganiladi. Loyiha 1993-yildan boshlangan va Meksikaning shimolidan tortib to Grenlandiyagacha bo‘lgan hududdagi 20 mingdan ortiq o‘simliklarni ilmiy ravishda o‘rganishni o‘z ichiga qamrab olgan. U ayni kunlarda davom etayotgan faoliyat bo‘lib, ma’lumotlarning aksar qismi eFloras internet tarmog‘ida e’lon qilinmoqda. Yana bir mashhur loyiha Atlas Flora Europea bo‘lib, unda o‘simliklar sistematikasi va nomenklaturasining eng so‘nggi yutuqlari asosida Sharqiy va G‘arbiy yevropadagi 30 dan ortiq mamlakatlar hududi florasini tadqiq etish ko‘zda tutilgan.
Markaziy Osiyo davlatlari orasida aynan O‘zbekiston botanika maktabi milliy floraning zamonaviy nashrlarini yaratish borasida muvaffaqiyatli faoliyat olib bormoqda. Jahon amaliyotidan ma’lumki, bu kabi tadqiqotlar davomiylik (uzoq yillik izlanishlarni talab etadi), kuchli salohiyatga ega bo‘lgan ishtirokchilar tarkibi (turli o‘simlik oilalari yetuk monograf olimlarni talab etadi) va moliyaviy manbalarga muhtoj. Bu omillar hozirgi kunda Botanika institutida mujassam. 2017-yildan beri “O‘zbekiston florasi”ning dastlabki ikki jildi chop etildi va navbatdagi ikki jildi nashrga tayyorlandi.
Keyingi yillarda tobora jadal sur’atlar bilan rivojlanayotgan yo‘nalishlardan biri o‘simliklar xilma-xilligi va ularning o‘sish muhitini saqlab qolishga qaratilgan tadqiqotlar hisoblanadi. Chunki bu yo‘nalish yil sayin dolzarblashmoqda. Kishilik jamiyatining tez rivojlanishi atrof-muhitga, xususan, o‘simliklar olamiga o‘z ta’sirini o‘tkazmoqda. Ayni vaqtda tabiiy landshaftlar va yer shari bo‘ylab o‘rmon maydonlarining qisqarishi, tabiiy o‘tloqlarning inqirozga uchrashi, kamyob va yo‘qolib borayotgan o‘simliklar ro‘yxatining kengayishi zamonaviy botanika fanining eng muhim masalalaridan biri bo‘lib turibdi.
— Botanika fanining kelajagini qanday tasavvur qilasiz?
— Botanikaning ayrim yo‘nalishlari, jumladan, o‘simliklar xilma-xilligini elektron hujjatlashtirish, molekulyar-genetik tadqiqotlar, inqirozga uchragan tabiiy landshaftlarni tiklash, kamyob va yo‘qolib borayotgan o‘simliklar populyatsiyalarini qayta tiklashga qaratilgan tadqiqotlar rivoj topadi deb tasavvur qilaman. Bundan tashqari, ekotizimlarning eng muhim komponentlaridan biri hisoblangan va oziq-ovqat mahsulotlari orasida muhim o‘rin tutadigan o‘simliklarni o‘rganuvchi fan sifatida kun sayin dolzarblashayotgan, oziq-ovqat tanqisligining oldini oluvchi fan sifatida rivojlanishini ko‘z oldimga keltiraman.
— Botanika bo‘yicha hozir eng kuchli ilmiy maktab(lar) qayerda joylashgan?
— Bu fan yo‘nalishlari bo‘yicha eng rivojlangan ilmiy maktablar asosan yevropa va AQShda. Ular orasida Qirollik Kyu botanika bog‘i (Angliya), Milliy tabiat tarixi muzeyi (Fransiya), Nyu-York botanika bog‘i (AQSh), Missuri botanika bog‘i (AQSh), Leyden botanika instituti (Niderlandiya) kabilarni alohida ta’kidlash lozim. Osiyo mintaqasidagi botanika muassasalari orasida Kiota botanika bog‘ini (Yaponiya) aytish mumkin. So‘nggi yillarda esa xitoydagi botanika institutlari, ayniqsa, botanika bog‘lari jadal rivojlanmoqda. Ular orasida Pekin botanika instituti, Kunming botanika institutini misol tariqasida keltirish mumkin.
— Bu fan bo‘yicha zamonaviy tendensiyalarni o‘zida ifodalovchi qanday ilmiy jurnallar, axborotnoma va saytlarni tavsiya etasiz?
— Tavsiya etish mumkin bo‘lgan internet resurslari juda ham ko‘p. Bu yo‘nalishga kirib kelayotgan yosh mutaxassislarga www.upni.org, www.theplantlist.org, www.catalogueoflife.org, www.gbif.org sayti bilan ishlashni, bundan tashqari, nomlari yuqorida qayd etilgan ilmiy muassasalarning saytlari bilan muntazam ravishda tanishib borishni tavsiya etaman. Shuningdek, olimlarning xalqaro ResearchGate portali ham foydali manba. Ilmiy maqolalarni chop etish uchun esa SCI bazasiga kiritilgan barcha jurnallar birdek foydali.
— Botanika fanidan o‘zbek tilidagi oliy ta’lim darsliklari, ilmiy adabiyotlar masalasi qay ahvolda? Qanday yutuq va muammolar mavjud?
— O‘zbek tilidagi darsliklarning deyarli barchasi zamonaviy talablarga javob bermaydi, deb hisoblayman. Hozirgi kunda ta’lim tizimida qo‘llaniladigan darsliklar, xususan, botanika bo‘yicha ta’lim beradigan manbalar fanning yutuqlarini aks ettirgan holda va, eng muhimi, o‘quvchining bu boradagi bilimini shakllantiradigan, dunyoqarashini kengaytiradigan va mulohaza eta olish qobiliyatini rivojlantiradigan bo‘lishi lozim. Barcha darajadagi botanika darsliklarining umumiy kamchiligi mahalliy flora turlari yoki O‘zbekiston o‘simliklar qoplami bo‘yicha yetarli ma’lumot bera olmasligidadir. Oddiy misol, maktab, litsey o‘quvchilari, hatto universitet talabasi atrofimizni o‘rab turuvchi va eng keng tarqalgan o‘simliklarning lotincha nomlarini bilmaydi. Vaholanki, bu talaba bilishi lozim bo‘lgan eng muhim jihatlardan biri! Buni tushunish uchun esa meditsina institutining bitiruvchi talabasi odam organizmi a’zolarining lotincha (ilmiy) nomlarini bilmasligi bilan qiyoslash mumkin! Bu esa botanika bo‘yicha ta’limdagi eng katta yutqizishlardan biri, deb hisoblayman.
Biroq men tegishli mualliflarni tanqid qilmoqchi emasman. Chunki bu talablar bo‘yicha darsliklar yozish, ularni chop etish va dars berish bo‘yicha mas’ullar orasida o‘zim ham borman!
— Bu fan bo‘yicha o‘zingiz o‘zbek tiliga zudlik bilan tarjima qilinishi zarur, deb hisoblagan va o‘zbek mutaxassislariga amaliy-nazariy yordam berishi mumkin bo‘lgan biror xorijiy nashrni (kitob, lug‘at va hokazo) aytolasizmi?
— Bunday nashrlar juda ham ko‘p. Aynan biror-bir nashrni zudlik bilan tarjima qilish va u asosida o‘qitish kerak, deb hisoblamayman. Bizda qo‘llaniladigan darsliklar, avvalo, mahalliy flora vakillarini ham hisobga olishi zarur. Masalan, yovvoyi o‘suvchi lola (Tulipa L.), piyoz (Allium L.), gulsafsar (Juno Tratt.), moychechak (Gagea Salisb.) turkumlarining birlamchi kelib chiqish markazi O‘rta Osiyo, xususan, O‘zbekiston hududi hisoblanadi. O‘zbekistonda lolaning 34 turi o‘sadi. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha biz maydoni jihatdan bir necha barobar katta bo‘lgan Qozog‘istondan (36 tur) keyin ikkinchi o‘rinda turamiz. Biroq, mavjud adabiyotlarga qarasak, bizda lolaning faqat ikki-uch turi bordek taassurot uyg‘onadi.
— O‘tmishga qaytib, o‘zingiz istagan faqat bir buyuk olim bilan gurunglashish imkoni berilsa, siz qaysi olim bilan suhbatlashishni istardingiz va undan nimani so‘ragan bo‘lardingiz?
— Ilmiy faoliyatim davomida zamonamizning qator buyuk olimlari bilan uchrashish, ular bilan hamsuhbat bo‘lish baxtiga erishganman. Ulardan hayotim va faoliyatim uchun zarur juda ham ko‘p jihatlarni o‘zlashtirganimni alohida ta’kidlashim mumkin. Men uchun o‘zbek botanik olimlari orasida alohida hurmatga sazovor, katta maktabning asoschisi bo‘lgan akademik Qodir Zokirov bilan suhbatlashishni tanlagan bo‘lardim. Bu olim sobiq sovet ittifoqi davrida ham vatanparvarlik bilan o‘zbek olimlarining sha’ni va obro‘si uchun kurashgan. Agar taqdir taqozosi tufayli akademik Zokirov bilan uchrashganimda undan, avvalo, haqiqiy olim, yirik kashfiyotlar egasi, ko‘plab va munosib shogirdlarning mehribon ustozi, fan sohasida hurmatga sazovor asarlarning muallifi, el-yurt koriga yaraydigan inson bo‘lish kabi sharafli va ayni paytda sermashaqqat mas’uliyatni uddalashda nimalardan ilhom olgansiz, nimalar sizga kuch-quvvat bag‘ishlagan, deb so‘ragan bo‘lardim.
— Ilmni puxta egallash uchun kishida, eng avvalo, qaysi jihatlar bo‘lishi kerak deb o‘ylaysiz? Ilmni egallash uchun biror narsadan voz kechish shartmi?
— Ilm egallash, eng avvalo, ko‘p mutolaani talab etadi. Undan so‘ng esa fikr yuritish, o‘ylash, masalani qo‘yish va uning yechimini topishga harakat qilish ko‘nikmalarini shakllantirish hamda rivojlantirish kerak. Ba’zan ilm egallash uchun juda ko‘p narsalardan voz kechishga to‘g‘ri keladi. Hozirgi kunda men bilan ishlayotgan, jahon botanika fani rivojiga katta hissa qo‘shayotgan olimlarning aksariyatida shaxsiy hayot deyarli ikkinchi darajaga tushgan, desam mubolag‘a bo‘lmasa kerak. Ularning televizor ko‘rish, ayniqsa, badiiy filmlar tomosha qilish, ayrim ko‘ngilochar tadbirlarda ishtirok etish imkoni deyarli yo‘q. Lekin shuni alohida ta’kidlashim lozimki, ularning ilmiy mehnatlari natijalaridan ayni vaqtda yuz-minglab olimlar, ilmiy tadqiqotchilar, shu fanni o‘rganishni boshlagan talabalar bahramand bo‘lib turishibdi. Bu esa har bir ilm odami yetishishi mumkin bo‘lgan ulkan sharaf deb hisoblayman.
— O‘zbekistonliklardan ilk Nobel mukofoti sohibi qaysi sohadan chiqadi deb o‘ylaysiz?
— Aniq fanlardan birida bo‘lishini taxmin qilaman.
— Faningizga oid eng muhim deb hisoblagan 5 asarni sanab bering.
— Florashunoslik, o‘simliklar geografiyasi va sistematikasida men erishgan yutuqlarda quyidagi asarlarning o‘rni beqiyos deb o‘ylayman: R.V. Kamelinning “Florogeneticheskiy analiz yestestvennoy flor gornoy Sredney Azii” (1972), M.G. Popovning “Osnov florogenetiki” (1963), akademik y.P.Korovinning ikki jilddan iborat bo‘lgan “Rastitelny pokrov Sredney Azii i yujnogo Kazaxstana” (1961–1962), Z.P.Bochansevaning “Tyulpan” (1962) va A.D.Hallning “The genus Tulipa” (1940) asarlari. Markaziy Osiyo o‘simliklari xilma-xilligini o‘rganadigan mutaxassis uchun bu asarlarni o‘zlashtirish birinchi shartlardan hisoblanadi. Badiiy adabiyotlarga kelsak, men uchun romanlarning romani atoqli adib Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar”i hisoblanadi. Shuningdek, hozirgi kunda ham Chingiz Aytmatovning asarlarini maroq bilan o‘qiyman.
— G‘arbiy Tyanshan tog‘ tizmasi florasini tadqiq etgansiz, tadqiqot davomida yangi o‘simlik turlari va soyabonguldoshlar oilasiga mansub Kuramosiadum nomli yangi turkumni kashf etishga muvaffaq bo‘ldingiz. Bundan kelib chiqadiki, yurtimiz florasida hali kashf etilishini kutayotgan o‘simliklar anchagina. Bu borada tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilganmi? Yurtimizning qaysi mintaqasi florasi hali to‘la-to‘kis o‘rganilmagan?
— O‘zbekiston hududini tabiiy flora turlari yetarli darajada o‘rganilmagan hududlar qatoriga kiritish mumkin. Bu borada ayni paytda Botanika institutida tizimli tadqiqotlar olib borilmoqda. Masalan, keng ko‘lamli tadqiqotlar bilan Zarafshon tizmasining g‘arbiy tarmoqlari, Hisor tizmasining g‘arbiy qismi, Surxon-Sherobod vodiysi, Qizilqum cho‘lida olib borilayotgan izlanishlarni misol sifatida keltirish mumkin. Hali o‘z kashfiyotchilarini kutib turgan va botanika fani uchun noma’lum bo‘lgan o‘simlik turlari talaygina. Nisbatan kam o‘rganilgan va flora tarkibi juda ham qiziqarli bo‘lgan hududlarimiz sifatida, eng avvalo, Bobotog‘ tizmasini, To‘palang, Sangardak daryolari havzalarini aytish mumkin.
— Ilmiy tadqiqotlaringiz natijasi o‘laroq, O‘zbekiston o‘simliklari ro‘yxatiga yangi turlar qo‘shildi. Shular haqida qisqacha aytib bering. Shu vaqtgacha nechta yangi turni fanga kiritishga muvaffaq bo‘ldingiz?
— Men olib borgan tadqiqotlarning bir qismi O‘zbekiston florashunosligida hozirgacha bo‘shliq bo‘lib kelayotgan masalalarga bag‘ishlandi. Bularning birinchisi O‘zbekiston florasining zamonaviy ro‘yxatini shakllantirish edi. Chunki 1962-yili “O‘zbekiston florasi”ning so‘nggi – 6-jildi chop etilib, unda mamlakatimiz hududida o‘suvchi 3663 turdagi yovvoyi o‘simlik keltirilgan bo‘lsa, 2000–2010-yillarga kelib ularning haqiqiy soni 4300 dan ortiqligi ayon bo‘ldi. Biroq, 1980–1990-yillargacha hal etilishi lozim bo‘lgan masala, ya’ni O‘zbekiston florasining yangi ro‘yxati va uning asosida olib borilishi lozim bo‘lgan zamonaviy tadqiqotlar turli sabablarga ko‘ra oqsamoqda edi. Shuning uchun guruhimiz bu bo‘shliqni to‘ldirish maqsadida ko‘p yillik tadqiqotlar olib bordi. Ularning samarasi sifatida O‘zbekiston florasi uchun yangi 200 dan ortiq o‘simlik turlari ilk bor qayd etildi. Ular orasida 15 dan ortiq turlar fan uchun yangilik sifatida kashf etildi. Yangi topilgan turlarning aksariyati yovvoyi lolalar, piyozlar va gulsafsarlarga mansub. Umuman olganda esa, Osiyo mintaqasining turli qismlaridan 20 ga yaqin yangi turlarni kashf etish baxtiga muyassar bo‘lganman.
— Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvda O‘zFA Botanika instituti qoshidagi milliondan ortiq namunaga ega Gerbariy markazidan ilmiy-turistik maqsadda foydalanish mumkinligi haqida aytgan edingiz va buni o‘shanda Prezident ham ma’qullagan edi. Mana shu ishning taqdiri nima bo‘ldi?
— Institut qoshidagi Markaziy gerbariyga “O‘zbekiston Milliy gerbariysi” maqomi berildi. Gerbariy binosi to‘liq ta’mirdan chiqarildi. 2019-yilda Milliy gerbariyga dunyoning 10 dan ortiq davlatlaridan olimlarning ilmiy tashrifi kutilmoqda. Biroq, shunday bo‘lsa-da, 1,5 mln.dan ortiq gerbariy namunalariga ega bo‘lgan va Markaziy Osiyo o‘simliklari bo‘yicha dunyoda eng yirik hisoblangan bu bebaho boyligimiz o‘z obro‘siga yarashadigan sharoitni kutib turibdi.
— O‘zbek botanika fani oldidagi muammolar nimalardan iborat? Ilmiy tadqiqotga kirib kelayotgan yosh avlod bu borada aynan nimalarga e’tibor berishi kerak?
— Bir qator obyektiv va subyektiv omillarga ko‘ra, O‘zbekistonda botanika fanining rivojlanishi bir necha yillar orqada qolib ketdi. Ayni kunlarda institut olimlari, xususan, O‘zbekiston Milliy gerbariysida faoliyat olib borayotgan mutaxassislarning oldida turgan vazifa ana shu yo‘qotishlarning o‘rnini to‘ldirish va hozirgi kunda olib borilayotgan tadqiqotlarning natijalariga asoslangan holda rivojlanish vazifalarini shakllantirishdan iborat. Botanika instituti shu kunlarda o‘tish davrini boshdan kechirmoqda, avlodlar almashinuvi ro‘y bermoqda. Oxirgi uch yil davomida institutga ishga qabul qilingan yoshlar ilmiy salohiyatning 49 foizini tashkil etdi. Ularning muvaffaqiyatli ilmiy faoliyatiga juda ko‘p narsalar bog‘liq. O‘rni kelganda ta’kidlash lozimki, eng iqtidorli yosh mutaxassislarimiz xorijning qator yetakchi ilmiy muassasalarida tajriba oshirib qaytmoqda. Bir qator yosh olimlarimiz esa Janubiy Koreya, Xitoydagi ilmiy muassasalarda faoliyat olib bormoqda va aynan ular institut yoshlarining lokomotivi hisoblanadi.
— O‘zbekistondagi turli OTM biologiya yo‘nalishida tahsil oladigan talabalar, magistrlar, doktorantlar Botanika instituti bilan birgalikda nimalar qilishi mumkin?
— Institut O‘zbekistonda tabiiy flora xilma-xilligini o‘rganish, saqlab qolish va tabiiy zaxiralaridan unumli foydalanish yo‘nalishi bo‘yicha yetakchi ilmiy tadqiqot muassasasi hisoblangani uchun respublikamizdagi barcha OTM talabalari, yosh o‘qituvchilari bilan bu borada birgalikda ishlashimiz, ilmiy maslahatchi va ko‘makchisi bo‘lishimiz mumkin. Bu sohaning rivojiga hissa qo‘shish istagidagi barchani safimizga qabul qilishga tayyormiz. Buning uchun esa ulardan mustahkam bilim, xorijiy tillarni va kompyuter sirlarini puxta o‘zlashtirish talab etiladi. Birgalikda O‘zbekiston florasini dunyoda eng mukammal o‘rganilgan floralar qatoriga olib chiqishimiz mumkin.
— Ayni vaqtda o‘zbek botanika fanida ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi kadrlar masalasi qay holatda? Ilmga yoshlarni jalb qilish ishlari institutda qanday yo‘lga qo‘yilgan?
— Fanlar akademiyasining Botanika institutida ishlash istagini bildirayotgan yoshlar safi ancha keng. Biroq o‘tgan 3-4 yildagi tajribaga asoslanib aytish mumkinki, biz suhbatlashgan yoshlarning deyarli 80 foizi institut talablariga javob bermaydi. Afsuski, institut xodimi bo‘lish istagidagi yoshlarning aksariyati chet tillarni bilmaydi. Fanlar akademiyasiga qarashli ilmiy-tadqiqot muassasasi xodimi bo‘lish uchun kamida bitta chet tilini bilish talab etiladi. Ishga qabul qilishga to‘sqinlik qiladigan keyingi holat kompyuter savodxonligi darajasi bilan bog‘liq. Hozirgi kunda oliy ta’lim dargohining bitiruvchisi MS Word, MS Exceldan tashqari bir qator dasturlarda ishlay olish imkoniyatiga ega bo‘lishi uchun hamma zarur sharoitlar bor. Biroq talabalarimiz ko‘pincha o‘zlashtirilishi mumkin bo‘lgan bilimlarning minimal darajasi bilan cheklanmoqda. Shunday bo‘lsa-da, ilmiy tadqiqot muassasalarini yoshlar bilan muntazam to‘ldirib borish zarur. Eng yaxshi, eng bilimlilarni kutib tursak, vaqtni boy berib qo‘yishimiz mumkin. Shuning uchun bu muammoni hal etish yo‘lida institut bazasida bajarilayotgan loyihalarga, O‘zbekiston Milliy gerbariysining ilmiy faoliyatiga OTM bakalavr va magistrlarini jalb etish amaliyotini boshladik. Hozirgi kunda 10 ga yaqin yoshlar loyihalarning to‘laqonli ishtirokchisi sifatida faoliyat olib bormoqda va talabalik davridan boshlab mutaxassis sifatida shakllanmoqda.
— Avlodlar to‘qnashuvi — keksa avlod joy bo‘shatmaydi, yoshlar chorak, yarim stavka yuklamali vazifada ishlashni xohlamaydi. Bunga qanday yechim taklif qilgan bo‘lardingiz?
— Buning uchun hozirgi kunda Botanika institutida qo‘llanilayotgan amaliyotni joriy etishni taklif qilaman. Unga ko‘ra, har yili ilmiy xodimlar o‘z kategoriyalariga ko‘ra belgilangan talablarni bajarishi lozim. Bu talablarni bajara olmagan olim yoshidan qat’i nazar, shakllantirilgan ichki raqobat qonunlariga bo‘ysunishga majbur. Ishlab turgan tizim esa keksa avlod olimlari yoki yosh avlodni ajratmaydi. Eng muhim ko‘rsatkich – bu ilmiy natijalar!
Keyingi yillardagi islohotlarning samarasi, ya’ni institut ma’muriyati, laboratoriya mudirlari va laborant lavozimlarini bazaviy moliyalashtirish tizimiga o‘tilishi, ilmiy loyihalar budjetining bir necha barobar oshgani, bajarilayotgan loyihalar sonining ortishi chorak, yarim stavkada ishlayotgan olimlarning sonini keskin qisqartirdi. Bundan tashqari, agar xodim yoshidan qat’i nazar, o‘z sohasining ustasi bo‘lsa, hech qachon chorak va yarim stavkada qolib ketmaydi. Bu esa o‘z-o‘ziga baho berish orqali emas, balki ochiq va ravshan natijalarning tahlili asosida aniqlanishi kerak.
— Ajoyib suhbat uchun tashakkur, ustoz. Suhbatimiz so‘ngida botanika bo‘yicha tahsil olish va kelajakda uning mutaxassisi bo‘lishga qaror qilgan yoshlarga maslahatlaringiz?
— Men yoshlarga hayotda, ilmda o‘z oldimga qo‘ygan shiorni maslahat bergan bo‘lardim, ya’ni MAQSAD-HARAKAT-INTIZOM. Botanik olim bo‘lish uchun alohida ajralib turadigan jihatlar shart emas. Lekin bu yo‘nalishning o‘ziga xos talablari ham bor. Bu o‘simliklarni o‘rganishga mehr qo‘yish, uzoq muddatli dala ekspeditsiyalarining mashaqqatlariga chidash va hokazo. Shu o‘rinda ilm yo‘lidagi muvaffaqiyatning eng asosiy mezonlaridan biriga alohida to‘xtalmoqchiman. Bulardan biri chet tillarni o‘zlashtirish hisoblanadi. Fan rivoji alohida bir mamlakat chegarasida amalga oshmaydi. Ilm cho‘qqilarini egallash ilg‘or adabiyotlarni mutolaa qilish, xorijiy hamkasblar bilan doimiy muloqotda bo‘lish, muntazam ilmiy raqobatni talab etadi. Bularning bari esa xorijiy tillarni mukammal o‘zlashtirishni talab qiladi.
Xitoydagi Janubi-g‘arbiy universitet doktoranti Baxtiyor SHERALIYEV suhbatlashdi.