Hammasi hurmatdan boshlanadi
Juda qiziq ziddiyat. 25-aprel kuni Ukraina Oliy Radasi “Ukrain tilining davlat tili sifatidagi faoliyatini ta’minlash” to’g’risida qonun qabul qildi. Qonundan asosiy maqsad ukrain tilining obro’sini oshirish, rivojlantirish, yagona rasmiy til sifatidagi maqomini amalda ta’minlash. Unga ko’ra har bir fuqaro ukrain tilini bilishi va barcha rasmiy doiralarda ukrain tilida faoliyat yuritilishi majburiy etib qo’yildi, prezidentdan tortib shifokorgacha. Ushbu vazifa bajarilishi uchun hududlarda ukrain tilini bepul o’qitish markazlari tashkil etiladigan bo’ldi; hatto Ukraina fuqaroligini olmoqchi bo’lganlar oldin ukrain tilidan imtihon topshiradilar endi. Qonun kuchga kirgandan 3 yil o’tgach esa keltirilgan til normalarini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlikka tortish boshlanadi. Masalan, hujjatlar ustida ishlash, ommaviy axborot vositalari, reklama, madaniyat va ta’lim sohasidagi tilga doir xatoliklar va qonunbuzarliklar uchun turli miqdorda) jarimalar belgilangan. Bir gap bilan, ukrain tilini hurmat qilinishini ta’minlash, undan ommaviy foydalanish, savodxonlik masalalariga to’xtalish orqali rus tilini cheklash maqsad qilingan.
Tabiiyki, jahon hamjamiyatida qonunni tilning himoyasi sifatida emas, taqiq va inson huquqlarining buzilishi sifatida baholayotganlar talaygina. Ukraina davlat rahbarlaridan biri ukrain adibasi Lina Kostenkoning “Millatlar infarktdan o’lmaydi, ulardan oldin tilini tortib olishadi…” jumalalarini keltirarkan, “Oldimizdagi asosiy vazifa — asrlik yoppasiga ruslashtirish davrini boshdan o’tkazgan ukrain tilining taraqqiyotini ta’minlash. Bunda rus va boshqa tillarda so’zlashuvchi insonlar huquqlari ham o’ta muhim va Yevropa tajribasiga asoslanib ishlab chiqilgan qonun ularga aslo futur yetkazmaydi” deya qonunga imzo chekkandi. Qisqa qilib aytganda, hozir Ukraina qonunning asl mohiyatini to’g’ri talqin qilib berish va uning inson huquqlariga daxl qilmasligini isbotlash bilan ovora.
Oradan besh kun ham o’tmay, bir qator o’zbek ziyolilari rus tilini davlat tili darajasiga ko’tarish uchun qator beo’xshov sabablarni tahlilga tortib “Rus tili bizga begona emas” nomli maqola chop etishsa! Xuddi uyushtirilgandek. Maqolani o’qib, unga hammualliflik qilayotganlarni ko’rasan-u ustingdan muzdek suv ag’darilgandek bo’ladi. O’ylay boshlaysan, O’rta Osiyo davlatlari ichida milliy o’zlikni anglash haqida eng ko’p bong urgan sening yurting bo’lsa-yu, yana o’sha davlatlar orasida sening “ziyoli”laring birinchilardan bo’lib rus qardoshlari tili va madaniyatini begona qilmay qo’ysa, o’zligini “buyuk rus madaniyati” aro qidirib qolsa, qanday ajoyib paradoks-a.
Birinchi sabab sifatida “bugun ham aholining sezilarli darajada katta qismini rus tilida so’zlashuvchilar tashkil etishi” ko’rsatilgan va kamchilikning manfaatlarini ham inobatga olish demokratiya tamoyillaridan, deyilgan. Avvalo, ular “kamchilik” atigi 30-40 yilning ichida “aksariyat” degan so’zi bilan almashishini yaxshi biladi. Masalan, shunday oilalarni bilamiz: ularning o’zi rus tilida tahsil olgan, o’zbekchalari yaxshi. Lekin farzandlarini rus tilida o’qitishgani bois oilada rus tilida gaplashishadi, farzandlar o’zbek tilini eshitsa qisman tushunadi, lekin gapirmaydi. Endi ularning umuman o’zbek tilida gapirmaydigan ota-onalari bor nabiralari (mening tengdoshlarim)ning ahvolini tasavvur qilavering. Maqolaning mualliflari nevaralari va undan keying avlodlari haqida qayg’urayotgan bo’lsa ne ajab?
Tariximizning o’sha qora kunlaridan ma’lum, barcha ilmiy anjumanlar, tadqiqot ishlari, himoyalar, jamoat tadbirlari rus tilida olib borilgan. O’sha elita qatlamimiz keyinchalik farzandlari ham o’zlariga o’xshab qiynalmasligi uchun ularni rus maktablarida o’qitib, rus tilida gapirib katta qilgan. Qancha atoqli adiblarimizning farzandlari o’zbek tilini bilmaydi. Bugun ularning ham o’z mantig’i bor, Qodiriyni bilmasa bilmabdi, Tolstoyni biladi, Dostayevskiyni biladi. Dahshat shundaki, ana shu ziyolilardan ibrat olayotgan oddiy aholi orasida ham rus tiliga ziyolilikning sharti, belgisi sifatida qarash allaqachon boshlangan. Masalan, mening 9ta qo’shni uka-singillarim, o’zimning jiyanlarim rus maktabalarida o’qiydi…
O’zbekiston mustaqillikka erishgandan keyin bundan buyog’iga hammasi o’zbek tilida bo’ladi degan faraz bilan, ayrim ruslar ham farzandlarini o’zbek maktablariga berishni boshlagani, o’zlari ham o’zbek tilini o’rganishga kirishganini ko’pchilik o’sha kunlarni ko’rganlar tasdiqlaydi. Masalan, qo’shni rus opamiz o’g’li Vladimirni shunday fikrlar bilan o’zbek maktabiga berganini aytib bergandi. Lekin bizning o’sha ziyoli qatlamimizning o’zi birinchilardan bo’lib farzandlarini ham ruslashtirishda davom etdi, o’zbek tilini tan olmadi. Bugun esa o’zbek tilida so’zlay olmaydigan, eshitganining yarmini tushunmaydiganlar kam emas, o’z tilidan oriyat qilish, tushunsa, gapira olsa ham, rus tilini muloqot tiliga aylantirib olish tendensiya darajasiga ko’tarilyapti. Artistlardan tortib, olimlargacha. O’z tilingni, madaniyatingni o’zing hurmat qilmasang, boshqadan hurmat kutishing mantiqsizlikmasmi?
Qanday tadbirga bormang, salom-alikdan keyin “davramizda o’zbek tilini tushunmaydigan do’stlarimiz borligi uchun rus tilida nutqimni davom ettirsam” degan gap eshitasiz. Rus tilini bilmaslik — ayb, o’zbek tilini bilmaganlar uchun rus tilida gapirish — demokratik tamoyil hisoblanyapti. Jadidlarimizdan Xoji Muin “So’z, qaror va ish” maqolasida “turkiy til davlat tili deb e’lon qilinganiga uch yil bo’ldi, lekin ko’p mahkama va idoralarda hanuz rus tili hukm farmoyishidadir… bu uch yarim yilliq inqilob zamonida buyruq, qarordan boshqa jiddiy va foydali biror ish qila olmag’on ekanmiz” degan gaplari uchun ishdan bo’shatilgan edi. Hukmron doiraning manfaatlariga, puxta siyosatidagi “davlat tili”ga jiddiy zarar edi bunday maqolalar, negaki. Buguunchi? baralla rus tilini davlat tili maqomiga ko’tarishni muhokama qilayotganlarga ham bormi shunday chora?
2014-yilning 17-mart. Uzoq tarix emas, unutish uchun. Qrim muxtoriyati aholining 82,71 foizi ishtirok etgan referendumda, saylovchilarning 95,7 foizi (!) muxtoriyatning Federatsiya subyekti sifatida Rossiyaga qo‘shilishini yoqlab ovoz berganini e’lon qildi. Mayli, 60 foiz aholini Ukrainadagi notinch vaziyat, shovinistik siyosat majbur qildi deganda ham, 90 foizdan ortiq butun boshli xalqning o’z ixtiyori bilan boshqa mamlakat muxtoriyatiga qabul qilinishni yoqlashi tagida o’rganilishi shart bo’lgan sabab yotmaydimi? Vaziyatga ayrim siyosatchilar tomonidan berilgan “hech qanday qurol ishlatmay, qo’shib oldi, avtonomga aylantirdi” qabilidagi sharhi qanchalik to’g’ri edi, buning tub mohiyati, sabab va oqibatlari ostida kuchli yashirin siyosiy qurol bor emasmidi? O’shalardan birlamchisi til emasmidi?
Bugun Rossiya “dunyoning qayerida bo’lmasin har bir rus xalqiga mansub shaxs bizning himoyamizda” demayaptimi? Ukraina shuning uchun ham til haqidagi qonun uchun ham butun dunyo hamjamiyati bilan kurashmayaptimi? Davlat tilimizni hurmat qilishni boshlashimiz uchun bizning ham boshimiz shu devorga urilishi shart emasku. Maqolani o’qiysan-u qo’rqib ketasan kishi, Alloh asrasin, bizning boshimizga shunday kun tushsa, kim kafolat beradi “Ruslar bizga begona emas” sarlavhali maqolalar chiqmasligiga?
Maqolada ota-onalar bolasini rus tilidagi maktablarga berishni ixtiyor etayotgani, lekin rus maktablar soni kamayib ketganidan nolinadi. Aslida, ta’lim rus tilida olib boriladigan maktablar tizimlarini ham o’zgartirish kerak. O’zgartirilmasa, ularning soni bundan ham kamaytirilishi kerak. Hech qanday xorijiy til millatning kelajagi, bolaning ayni shakllanish davrida o’zbek tili orqali tabiatiga quyiladigan xalqimizning go’zal madaniyati, o’z millati va qadriyatlariga hurmat va mehrdan mosuvo qilmasligi, o’z ona tili o’rniga o’zlashtirilmasligi shart! Shusiz ham, til madaniyat tashuvchi vosita. O’zlari rus tilida qiynalgani uchun farzandlarini ta’lim rus tilida olib boriladigan maktablarga bergan, keyinchalik o’z farzandining ko’ngliga yo’l topolmay, gapini tushuntirolmay qolgan ota-onalar ayta oladi tilning qadriyatlar orasida qanday to’qnashuvlar hosil qilishi mumkinligini. Bekorga aytishmagan, “ikkinchi tilni bilding, demakki, ikkinchi qalbing ham bor” deb. “Men qattiq ushlayman, tarbiyasi buzilmaydi, o’zbek tilida oqsamaydi” deb o’ziga va’dani bergan ota-onalarning va’dalari ustidan chiqqanlarini ko’rdikmi hech? Demak, ta’lim rus tilida olib boriladigan maktablarimiz bunga yo’l qo’ymayapti.
Mashhur tatar yozuvchisi, publisisti Rabit Batulla “Tatarlar nega yo’qolib ketyapti” nomli maqolasida shunday yozgan edi: “… o’shanda Stalin o’zining puxta rejasini amalga oshirgan edi — tatarlarni millat deyishni taqiqlab qo’ydi. Uning fikricha, Rossiyadagi ruslardan aholisi soni jihatidan ikkinchi o’rinda turuvchi tatarlar “millat” deb atalish huquqiga ega emas, tatarlar faqat “xalq” edi… 1917-yildan keyin tatar millatini yanada katta xavf — repressiya butunlay oyoq-qo’lsiz qilib qo’yadi — deyarli barcha dindorlar, yozuvchi, siyosatchilar qatag’onga uchraydi. Tatar ziyolilari azaldan kamida 5-6 ta tilni — tatar, turk, fors, arab, rus va yana qaysidir yevropa tilini bilgan. 30-yillarga kelib esa, ana shu til biluvchi ziyolilar qatlaminining katta qismi “yo’qotildi”. Qolgan ziyolilar fashistlar bilan bo’lgan urushda halok bo’ldi. Masalan, ellikdan ortiq tatar yozuvchilari frontdan qaytib kelmagan. Bugun tatar ziyolilari bir tilni biladi, xolos — rus va tatar. Lekin, taassufki, ular tatar tilini ham mukammal bilmaydi — begona tilning so’zlari bilan loyqalangan, buzilgan tilda so’zlashadi va yozadi. Endi rostdan ham tatarlarni millat deb atab bo’lmaydi. Tatarlar oddiy “avom” darajasiga tushib bo’ldi…” Millatning “millat” deb sharaflanishini xalqning ulug’ qadriyat darajasidagi o’z ona tiliga ega bo’lishi va sog’lom ziyolilari bilan belgilanar ekan, millat sifatida qayerga ketyapmiz o’zi deb o’ylaysan, beixtiyor. Biz ham bir kun “O’zbeklar nega yo’qolib ketyapti?” deb o’kinib yozmasimizdan, xulosa chiqaraylik, tilimizni hurmat qilaylik, hurmat qilishlarini talab qilaylik.
Parvina Omonova