O‘zbekistonlik va xorijlik geograflar hamkorligi
Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti Geografiya va tabiiy resurslar fakultetida “O‘zbekiston va Rossiyada geografiya fani: umumiy muammolar, hamkorlik imkoniyatlari va istiqbollari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazilmoqda.
Yoshlar ittifoqi Toshkent shahar kengashi “Madaniyat saroyi” kichik zalida boshlangan anjumanda Rossiya, Polsha, Xitoy, Qozog‘iston, Tojikiston, Serbiya, Gruziya kabi 10 dan ortiq mamlakatlardan yetuk mutaxassislar va olimlar ishtirok etmoqda.
Ochilish marosimida O‘zMU rektori Avazjon Marahimov va boshqalar geografiya fanini rivojlantirish, sohadagi ayrim muammolarni hamkorlikda hal etish, bu borada xalqaro hamkorlikda amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalar samarasi haqida atroflicha so‘z yuritdilar. Konferensiya doirasida O‘zbekiston Geografiya jamiyati raisi vazifasini bajaruvchi, professor Fazliddin Hikmatov, Rossiya ijtimoiy geograflar assotsiatsiyasi raisi, professor Aleksandr Drujinin, Serbiya Geografiya jamiyati raisi, professor Rayko Gnyato, Tbilisi davlat universiteti professori Iosif Salkuvaze, Polshaning Poznan universiteti professori Tadeush Striyakevich, tojikistonlik professor Xolnazar Muhabbatov, Qozog‘iston Milliy universiteti professori Asima Koshim va boshqa olimlarning ma’ruzalari katta qiziqish bilan tinglandi.
Anjumanda soha mutaxassislari geografiyaning dolzarb masalalari, umumbashariy muammolar va ularning yechimlari yuzasidan fikr almashdi. Jarayonda O‘zbekiston Milliy universiteti Rossiya ijtimoiy geograflar assotsiatsiyasi, Moskva davlat universiteti, Rossiya Federatsiyasi Oltoy davlat universiteti kabi oliy o‘quv yurtlari bilan ikki tomonlama shartnomalar imzolab, hamkorlik aloqa-larini o‘rnatdi. Shuningdek, Gruziyaning Tbilisi universiteti, Tojikiston Respublikasining Dushanbe davlat universiteti, Polsha Respublikasining Poznan universiteti kabi oliy o‘quv yurtlari bilan shartnoma imzolash to‘g‘risida kelishib olindi.
Iroda TOSHMATOVA