Milliy metodika taraqqiyoti yo‘lida
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida “Global ta’lim va milliy metodika taraqqiyoti” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi. Unda respublikamizning ko‘zga ko‘ringan metodist-professorlari, umumta’lim maktablarida faoliyat yuritib kelayotgan amaliyotchi-o‘qituvchilar hamda talabalar ishtirok etdi.
Konferensiyani filologiya fanlari doktori Abdulhay Sobirov ochib, anjumanning milliy ta’lim tizimini rivojlantirish yo‘lidagi ilk odimlardan biri ekanligi haqida gapirib, bu borada xorijiy innovatsiyalardan foydalanish tajribasini yo‘lga qo‘yish zarurligini alohida ta’kidladi.
Filologiya fanlari doktori, professor Samixon Ashirboyev milliy ta’lim tizimi faoliyatiga tanqidiy baho berdi. Olim O‘zbekiston ta’lim tizimi turg‘unlik bosqichini boshidan kechirayotgani, mavjud fan dasturlari eski davrning qiyofasini aks ettirish uchun xizmat qilayotganligi, metodika sohasida qilingan va qilinayotgan ba’zi ishlar hech qanday amaliy ahamiyatga ega emasli-
gini aytib o‘tdi. Shundan so‘ng so‘zga chiqqan ma’ruzachilar ham ustozning fikrlarini davom ettirib, ta’lim tizimida mavjud eng katta kamchiliklardan biri o‘qituvchi va o‘quvchilar orasida hali-hanuz hokim-tobelik munosabatining hukmron ekanligi hamda unga chek qo‘yib, o‘quvchilarni ta’lim tizimida alohida subyekt sifatida shakllantirish lozimligini aytib o‘tdilar.
Anjuman davomida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi mutaxassislari pedagogika, metodika sohalarida amaliy faoliyat olib borayotgan maktab va litsey o‘qituvchilari hamda ona (o‘zbek) tili, adabiyot darsliklarining mualliflari ham ta’lim sifatini ko‘tarish, erkin va zamonaviy fikrlay oladigan o‘quvchilar qatlamini shakllantirish borasidagi nazariy va amaliy takliflari bilan o‘rtoqlashdi.
Konferensiya yakunida mutaxassislar respublika miqyosida hamkorlik pedagogikasini yo‘lga qo‘yishga kelishib oldi. Viloyatlardagi oliy ta’lim muassasalarida ham “Til va adabiyot o‘qitish metodikasi” kafedralarini tashkil etish, fan dasturlari va darsliklarini yaratishni muvofiqlashtirib turuvchi tashkilot faoliyatini yo‘lga qo‘yish kabi takliflar bildirildi.
Humoyun QUVONDIQOV