Tabiatni o‘zgartirayotgan megaloyiha: Xitoy daryosining burilishi
Bir paytlar “Sibir daryosining burilishi” nomi bilan mashhur bo‘lgan loyiha amalga oshirilmay, qog‘ozda qolib ketdi. Garchi loyiha nomi shunday atalsa-da, unda daryoni burish emas, balki Ob va Irtish suvlari oqimining bir qismini boshqa joyga yo‘naltirish haqida gap boradi. Mutaxassislar ushbu g‘oya yordamida qurg‘oqchil hududlarni suv bilan ta’minlash, sug‘oriladigan yer maydonlarini kengaytirish va paxta ekiladigan zonalarni yaratishni rejalashtirgan. Ammo ekologlar bu fikrning qator salbiy oqibatlarini sanab, vahima ko‘targach, uzoq muhokamalardan so‘ng loyiha to‘xtatildi.
1950-yillarda AQShda ham xuddi shunday loyiha ishlab chiqildi. Unda mutaxassislar Alyaska va Kanadaning shimoli-g‘arbidagi daryolar suvini Kanada, AQSh va Meksikadagi qurg‘oqchil hududlarga yo‘naltirishni ko‘zda tutgan. Biroq bu ish ham davlat rahbarlari tomonidan tasdiqlanmagan.
Xitoy esa har galgidek boshqalar o‘ylagan g‘oyani ikir-chikirigacha o‘rganib, uni o‘zida muvaffaqiyatli amalga oshirdi. Mamlakatdagi eng yaxshi muhandislar suv bilan to‘la janubiy daryolar suvini shimoldagi qurg‘oqchil hududlarga o‘tkazish loyihasini ishlab chiqdi. U 2002-yili har tomonlama tadqiq etilganidan so‘ng davlat maslahatchilari muhokamasida ma’qullandi.
Ma’lumotlarga qaraganda, quruvchilar loyiha asosida ishni allaqachon boshlab yuborgan va u asrimizning o‘rtalariga kelib tamomlanishi aytilmoqda. Shu vaqt davomida mamlakatning sharqiy, markaziy va g‘arbiy qismlari bo‘ylab janubdan shimolga tomon cho‘ziladigan uchta katta kanal qaziladi. Natijada to‘rtta asosiy daryo — Yanszi, Xuanxe, Xuayxe va Xayxe bir-biri bilan o‘zaro bog‘lanadi.
62 milliard AQSh dollaridan ko‘proq mablag‘ sarflanishi ko‘zda tutilgan “Xitoy daryosining burilishi” loyihasi dunyodagi eng keng ko‘lamli muhandislik ishi bo‘lishi kutilmoqda.