Megaloyiha: Mamontlar “diyori”ni tiklash
Yer yuzidagi so‘nggi muzlik davri(taxminan 15 ming yil oldin tugagan)da sayyoramizning sezilarli qismi serhosil yaylovlar bilan qoplangan. Ulardan eng yirigi — Mamontlar dashti hozirgi zamonaviy Ispaniyadan Kanadagacha va Arktikadan Xitoyga qadar cho‘zilgan. Ushbu katta hududda millionlab hayvonlar — mamont, bizon (Shimoliy Amerika yovvoyi qoramoli), jundor karkidon, bug‘u, bo‘ri, yo‘lbars va boshqalar yashagan. Yeguliklar mo‘l, o‘tlar gurkirab o‘sgan diyorda barcha hayvonlar uchun ozuqa yetarli bo‘lgan.
Ammo muzlik davri oxiriga yetib, bu yerga ilk ibtidoiy odamlar ko‘chib kela boshlagach, o‘lkada hayvonot dunyosi kamayib ketdi. Odamlar kun kechirish uchun jonivorlarni ovlay boshladi. Bu jarayon tezlashgani sari ekologik zanjir izdan chiqib, bioharakat sekinlashdi. Serhosil tuproqli yaylovlar qisqarib ketdi. O‘t-o‘lan va boshoqli o‘simliklar o‘rnini sekin o‘suvchi lishayniklar (suv o‘tlari bilan yagona organizm hosil qilib yashovchi zamburug‘) egalladi. Oxir-oqibatda “yashil vodiy” qisqa vaqtda giyoh o‘smaydigan tundraga aylandi.
O‘tgan asrning oxirlarida rossiyalik ekolog Sergey Zimov o‘txo‘r hayvonlar yashaydigan yashil diyorni qayta tiklash g‘oyasi bilan chiqdi. U ilk tajribani 1988-yiliyoq boshlab yubordi. 1996-yili esa Yoqutistonning shimoli-sharqiy qismida yirik loyiha — “To‘rtlamchi davr bog‘i”ni yaratdi. Hozir bog‘ning umumiy maydoni 20 kv km.ga yetgan bo‘lib, unda 8 turdagi yirik hayvonlar — shimol bug‘usi, yoqut tulpori, los (bug‘ular oilasiga mansub butoq shoxli hayvon), zubr, qo‘tos, ho‘kizqo‘y (qoramol va qo‘y belgilariga ega bo‘lgan sutemizuvchi hayvon), qalmoqlar sigiri va qo‘y yashaydi.
Olimlarning hisob-kitobiga ko‘ra, ushbu loyiha Arktikaning Rossiya qismidagi ekologik muhitni o‘zgartirib, global isish jarayonini to‘xtatishga yordam beradi. Mutaxassislar, shuningdek, Arktikaning barcha hududida yaylov ekotizimini qayta tiklash orqali global isishga qarshi samarali kurashish mumkinligini ta’kidlamoqda.