Zamonaviy startaplar
Yaqinda internet manbalaridan birida o‘qib qoldim: juda qisqa muddatda ommalashib ketgan va bugun og‘irimizni yengil qilishga ko‘maklashayotgan “Telegram”ning yaratilishi uchun ikki hafta yetarli bo‘lgan ekan. To‘g‘ri, g‘oya ancha oldin tug‘ilgan. Ammo bu startapning hayotimizga kirib kelishiga uncha ko‘p vaqt ketmagan. Aytishlaricha, aka-uka innovatorlar ikki hafta davomida uyqu nimaligini bilishmagan. Balki bu lofdir. Lekin shunisi aniqki, ular o‘z maqsadi yo‘lida harakat qilmasdan uyquga do‘st tutinib, bekorchi ishlarga vaqt sarflaganida bugun 200 milliondan ortiq foydalanuvchisiga ega, yiliga milliard dollarlab foyda keltirayotgan tarmoqning asoschisi bo‘lmas edi.
Bugun “Telegram” haqida ham, uning hayotimizdagi o‘rni to‘g‘risida ham yozmoqchi emasmiz. Keling, bugun o‘zimizning startaplar to‘g‘risida gaplashamiz. Avvalo, startap so‘ziga to‘xtalsak. So‘nggi yillarda qulog‘imizga tez-tez chalinayotgan “startap” so‘zi inglizchadan tarjima qilinganda “jarayonning boshlanishi” degan ma’noni bildirar ekan. Soddaroq aytganda, o‘zimizning tadbirkorlik atamasiga egiz, faqat mazmuni sal boshqacharoq: startap, soddaroq aytganda, biznesning istalgan turini bozorga avval foydalanilmagan uslubda, qonun doirasidan chiqmagan holda taqdim etishdir. Xo‘sh, yosh izlanuvchilarimizning startaplariga bugun qay darajada e’tibor qaratilmoqda? Qanday loyihalar amalga oshirilmoqda? Shu kabi savollarga javob topish maqsadida Innovatsion rivojlanish vazirligi mas’ul xodimlariga murojaat qildik.
Ilk ilmiy loyihalar akseleratori nima?
Bu yaqinda vazirlik huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazida final bosqichi bo‘lib o‘tgan yirik loyihaning nomi. Bu tadbir ilmiy yo‘nalishdagi mutaxassislarni moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Bunda ishtirokchilarga asosan investor qidirish va topishga ko‘mak beriladi.
— Startaplarning aksariyati IT bilan bog‘liq bo‘lib, shu paytgacha ilmiy izlanish olib borayotgan yoshlarimiz bir chetda qolib ketayotgan edi, — deydi Innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari Azimjon Nazarov Ilmiy loyihalar akseleratorining ochilish marosimida so‘zlagan nutqida. — Negaki, ularning loyihalarini muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun zamonaviy laboratoriyalar yetishmasdi. Zarur materiallar ham ancha mablag‘ talab etar edi. Jahon tajribasi shuni ko‘rsatadiki, bugun tabiiy fanlar sohasidagi yuqori texnologik startaplar eng daromadli va tez sur’atlarda o‘suvchi segmentlardan biridir. Bu o‘rinda Ilg‘or texnologiyalar markazi negizida ilmiy startaplar uchun akselerator tashkil etish ayni muddaodir. Ushbu tashabbus o‘tgan yilning iyul oyida hukumatimiz tomonidan ham qo‘llab-quvvatlangan edi...
— Markazimiz o‘tgan yili vazirlik tarkibiga kiritilgach, Innovatsion startap-akselerator va startap-inkubator tashkil etilgandi. Ilmiy loyihalar akseleratori o‘tgan yili kuzda o‘z ishini boshlagan bo‘lsa, unga 130 ta ariza kelib tushdi. Shulardan 28 tasi saralab olindi. Akselerator ishining olti oyi davomida finalgacha 17 jamoa qoldi, — dedi Ilg‘or texnologiyalar markazi direktori Shahlo Turdiqulova.
Xullas, olti oy davomida 17 jamoa o‘z ustida ishladi, izlandi, zamonaviy laboratoriyalarda tadqiqotlar olib bordi. Qolaversa, jamoa a’zolari loyiha tashkilotchilari tomonidan o‘tilgan seminar-treninglarda ishtirok etib, biznes asoslari, soliqqa tortish tizimi, biznesni rejalashtirish, korxonaning tashkiliy-huquqiy shakli kabi mavzularda bilim va malakasini oshirdi. Natijada bir qancha jiddiy va dolzarb innovatsion g‘oyalar dunyo yuzini ko‘rdi: og‘iz bo‘shlig‘i shilliq pardasi onkologik kasalliklarini erta tashxislash, kumush nanozarralarini qo‘shgan holda upa ishlab chiqarish, ipakdan steril tikuv materiallarini ishlab chiqarish, glyukoza miqdorini monitoring qilish kabi loyihalar mamlakatimiz ilmiy salohiyati yanada oshishiga xizmat qiladi.
Yana bir loyiha yoshlarni chorlamoqda
Startap loyihalari tanlovi — vazirlikning startaplarni qo‘llab-quvvatlovchi va hayotga tatbiq etishga ko‘maklashuvchi yana bir loyihasi. Vazirlik mutasaddilarining aytishicha, shu kunlarda tanlovning ikkinchi turi uchun hujjatlarni qabul qilish jarayoni kechmoqda va u 21-iyungacha davom etadi.
— Startap loyihalari tanlovining birinchi turiga 170 ishtirokchi hujjat topshirgan bo‘lsa, shulardan 17 nafarining loyihalariga grant ajratildi, — deydi vazirlik xodimi Nigora Adizova. — Bu yilgi tanlov ham loyihaning innovatsionligi, texnik jihatdan mukammalligi, muhofaza qiluvchi hujjatlarning mavjudligi, loyiha moliyaviy ta’minotining rejalashtirilayotgan ishlarga muvofiqligi, marketing rejasi kabi tamoyillarga asoslangan holda o‘tkaziladi. Shu tamoyillarga javob bera olgan va ekspertlar tomonidan ma’qullangan ishlar tanlovning keyingi bosqichlariga o‘tadi.
Kimlar ariza berishi mumkin?
Startapchilar uchun “Telegram” tarmog‘ida maxsus ochilgan @minstartup kanali orqali tanlovda ishtirok etishni xohlovchilar grant haqida to‘liq va aniq ma’lumot olishlari mumkin. Ushbu manbada keltirilishicha, bu tanlovga ilmiy-tadqiqot muassasasi xodimi, oliy ta’lim muassasasi xodimi yoki talabasi, xususiy korxona vakili, yakka tartibdagi tadbirkor, fermer yoki mustaqil tadqiqotchilar hujjat topshirishi mumkin. Loyihalar quyidagi sohalar bo‘yicha bo‘lishi lozim: qishloq xo‘jaligi, tibbiyot va biotexnologiyalar, farmatsevtika, energetika, IT-texnologiyalar, geologiya va geofizika, fizika va kimyo, to‘qimachilik va yengil sanoat, turizm va boshqalar. Bundan tashqari, ishtirokchilar, avvalo, bozor hajmi, auditoriya va raqobat muhitini puxta o‘rganishlari kerak. Shundan keyin ular uchun tashkil qilingan seminar-treninglarda olgan bilimlarini umumlashtirib, yurtimizda avval qo‘llanilmagan texnologiya, mahsulot yoki xizmat turini yo‘lga qo‘yishga qaratilgan kreativ loyiha yaratishlari talab etiladi.
Startaplar start olyaptimi?
Bu savolga javob topish uchun loyihaning birinchi turida grant yutib olgan va loyihalar ustida ishlayotgan tadbirkorlar faoliyati bilan ham qiziqdik.
— “Topinamburdan shifobaxsh biologik faol qo‘shimchalar ishlab chiqarish va eksportga yo‘naltirish” nomli loyiha bilan qatnashib, loyihaning birinchi turida grant sohibi bo‘lgan edim, — deydi “Paradise flora” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori Zilola Mo‘minjonova. — Bu startapning asosiy maqsadi respublikamizda yetishtirilayotgan va tabiiy holda o‘sayotgan 50 dan ortiq turdagi dorivor o‘simliklardan inson organizmi uchun zarur bo‘lgan vitaminlar, makro va mikroelementlar olish hamda 10 dan ortiq biologik faol qo‘shimchalar ishlab chiqarishdir. Tayyor mahsulotning asosiy qismi eksport qilinadi. Olinadigan biologik faol qo‘shimchalarning ko‘proq qandli diabetga chalingan bemorlarga foyda keltirishi loyiha qiymatini yanada oshiradi, nazarimda. Bu tadbirkorlik faoliyatining 2019-yil uchun umumiy hajmi taxmiman 1 mlrd 382 mln 600 ming so‘mni tashkil qiladi. Shundan 680 mln 600 ming so‘mi vazirlik tomonidan moliyalashtirildi. Startap doirasida mahalliy aholi vakillari uchun 20 ta doimiy va 30 dan ortiq mavsumiy ish o‘rinlari yaratish ko‘zda tutilgan...
Bugun farmatsevtika dunyodagi eng taraqqiy etgan va inson hayotida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan sohalardan biriga aylandi. Ammo kimyoviy dori sanoati qanchalik rivojlanmasin, odamlarning tabiiy davolash vositalariga talabi hech qachon kamaymaydi. Qolaversa, bizning unumdor yerlarda quyosh taftidan bahra olib ungan o‘simliklarning ta’sir kuchi yuqori bo‘ladi. Shu jihatlarni o‘ylab, Zilolaning startapi ko‘p yillar davomida insonlar salomatligi yo‘lida xizmat qilishiga umid qildik.
— “Texnika olamiga ilk qadam” nomli startapimizning asosiy maqsadi — turli o‘yinchoqlar, yig‘ma konstruktorlar orqali bolalarda robototexnika, fizikaga qiziqish uyg‘otish, — deydi Turin politexnika universiteti huzuridagi “Avtosanoat innovatsiya” markazi direktori Abdulhafiz Ozodov. — Hozir bolalarni texnika olami bilan tanishtiruvchi konstruktorlar, asosan, chetdan keltirilmoqda. Biz esa ana shunday konstruktorlarni o‘zbek tilida, sodda va tushunarli qilib ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydik. O‘z-o‘zidan mahsulotning tannarxi import o‘yinchoqlarga qaraganda arzon bo‘ladi. Bu esa bolalarning texnikaga bo‘lgan qiziqishini oshirib qolmay, ota-onalarning cho‘ntagi uchun ham foydali, menimcha...
Savdogarlik, tadbirkorlik xalqimiz uchun kecha yoki bugun paydo bo‘lib qolgan tushuncha emas. Buyuk ipak yo‘li ibtidosidan to shu kungacha tadbirkorlik faoliyati turli shakllarga kirdi, sayqallandi va bugun mamlakatimiz rivoji uchun xizmat qiluvchi omillardan biriga aylandi. Endi esa startap yo‘nalishi taomilga kirib, tadbirkor tafakkurida keskin burilish yasadi. Demak, o‘z biznes tafakkurini o‘zgartirolgan tadbirkor yangidan yangi startaplarga quchoq ochaveradi.
Sohiba MULLAYEVA,
“Ma’rifat” muxbiri