Qodiriy, Cho‘lpon va Fitrat asarlari olmonchada
O‘zbekiston taraqqiyotidagi yangi davr mamlakat uchun g‘oyat xayrli boshlandi. Yurtimizda kechayotgan ijobiy o‘zgarishlar, aholi kayfiyatidagi ko‘tarinkilik, dunyo bilan hamnafaslik va hamqadamlik turli jabhalarda o‘zini namoyon qilmoqda. Jahonda o‘zbek xalqi va uning madaniyatiga qiziqish kundan kun ortmoqda. Ushbu qiziqishlarning bir ko‘rinishi milliy adabiyotimizga nisbatan, o‘zbek tilidan o‘zga tillarga, jumladan, olmon tiliga o‘girmalarda ham namoyon bo‘lmoqda.
Ma’lumki, Olmoniya universitetlarida turli yillari, ayniqsa, Ikkinchi jahon urushidan so‘ng turli universitetlarda o‘zbek tili va adabiyoti o‘qitilayotganiga ancha bo‘lgan. O‘tgan asrning 60-yillari Berlinda o‘zbek tili va adabiyotidan dars bergan Doris Shuls xonim va u yaratgan dastlabki nemischa-o‘zbekcha lug‘at olmonshunoslarga yaxshi tanish. Ayni paytda Berlindagi Humboldt nomidagi universitetda ham Markaziy Osiyo seminari doirasida o‘zbek tili va adabiyoti bo‘limi ishlab turibdi va unga professor Ingeborg Baldauf rahbarlik qilmoqda. Shu bo‘limda asli tojikistonlik Barno Oripova ismli muallima ham ko‘p yillardan buyon o‘zbek hamda tojik tillari va adabiyotidan mashg‘ulotlar olib boradi. O‘tgan yili kuzda shu muallimaning nafaqaga chiqishi munosabati bilan “Abdulla Qodiriy und seine Zeit” (Abdulla Qodiriy va u yashagan davr) nomli Barno Oripovaga yubiley tuhfasi sifatida tayyorlangan tarjima va talqinlar to‘plami nashrga tayyorlanib, 2018-yil oxirida Potsdamdagi “Edition tethis” nashriyotida chop etildi.
To‘plamga O‘zbekistonning “Do‘stlik” ordeni sohibi professor Ingebog Baldauf so‘zboshi yozib, jumladan, shunday degan: “Ushbu risolaning asosida Barno Oripovaning sho‘ro davri buyuk o‘zbek adiblari, hammasidan avval Abdulla Qodiriyga moyilligi va qiziqishi mujassam. Ana shu e’tiqod va hayratni u hamkasb xonimlar va talabalarga yuqtirish istagida. Mabodo kimdir oldingi davr shoirlari, hikoyanavislari, dramaturglari va publitsistlari asarlari bilan tanishgan va xufiyona tarjima qilishga uringan bo‘lsa, Barno opa shunday odamlarga o‘zi qiziqqan o‘sha dastlabki ijodkorlarni dam-badam eslatar va ularning u yoki bu asarini tarjima qilishga undar, yoki mavjud tarjimalar ustida yangitdan ishlashga da’vat etar edi. Mana endi Barno Oripovaning 2018-yili kuzda nafaqaga chiqishi bizga yakuniy turtki berib, yillar davomida g‘aladonlarimizni to‘ldirib yotgan katta-kichik badiiy tarjima loyihalarimizni yakunlashga sabab bo‘ldi. Barno opaning ko‘p yillik akademik muallim sifatidagi lisoniy mehnati va hamkasbimiz sifatidagi faoliyati uchun minnatdorlik ramzi o‘laroq bu yubiley nashrimizni jamlab, chop etishga tayyorladik. Chunki bulardan aksariyatining yuzaga kelishiga opaning tashabbusi va faol ishtiroki sabab bo‘lgan. Bu loyihalar va tarjimalarni biz Abdulla Qodiriy va uning ayrim mashhur zamondoshlari hamda safdoshlari haqida o‘qiganmiz, fikrlashganmiz va tarjima qilganmiz”. Ushbu kirish so‘zlaridan keyin Baldauf xonim o‘zbek adabiyotining uch buyuk siymosi hayoti va ijodi, bizga tanish va notanish katta-kichik asarlari haqidagi o‘zining kuzatuv va xulosalarini, umumlashmalarini qayd etgan. Olimning qaydlarida shu paytgacha qilingan tarjimalarning nomlari ham asliyatdagidek ifoda etilgan. Jumladan, sobiq GDRning Berlindagi “Kultur und Fortschritt” nashriyoti 1968-yili Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlari”ni “Die Liebenden von Taschkent”, ya’ni “Toshkentlik oshiqlar” nomi bilan e’lon qilgan. Tarjima asarning ruscha variantidan olmonchaga o‘girilgan. Olmoncha tarjimada asar mazmuni imkon qadar qayta tiklangan bo‘lsa-da, unda ko‘plab jiddiy va juz’iy uslubiy hamda transliteratsion xatolar bor. Asliyatdagi milliy kolorit buzilgan holatlar nihoyatda ko‘p. Bu nuqsonlarni o‘z vaqtida tarjimashunos olimlar — G‘aybulla Salomov, Sharif Ro‘ziyev, Ra’no Fayzullayeva o‘z tadqiqotlarida jiddiy lingvomadaniy tahlil orqali ko‘rsatib o‘tgan. Ruscha tarjima esa sobiq sho‘ro senzurasi chig‘irig‘idan o‘tgan o‘zbekcha matndan ag‘darilgan. Ana shu holatlar, ya’ni asarning mavjud olmoncha tarjimasi til osha va siyosat osha olmon kitobxoniga yetib kelganini aniqlab o‘rganib chiqqan Barno Oripova asarning yangi tarjimasini tayyorlaganiga kamina guvohman. Bu qayta, to‘ldirilgan tarjima yaqin kelajakda dunyo ko‘zini ko‘rishiga, tarjimada asar nomi professor Baldauf so‘zboshida yozgani va Barno Oripova qayta tarjima qilganidek, asliyatdagi kabi “Die vergangenen Tage” nomi bilan chop etilishiga umid qilaman.
Endi bu tarjima kitob mundarijasiga ko‘z yugurtirsak. Undagi dastlabki matn “Uloqda” (Abdulla Qodiriy) hikoyasining Anna-Luize Krayvanger o‘girgan olmoncha tarjimasi bo‘lib, unga Olaf Gyunterning “O‘yindan so‘ng degani undan oldingi o‘yin degani” nomli ko‘pkariga bag‘ishlangan esdaliklari ilova qilingan. Muallif o‘zi kuzatgan Ohangaron tumanida bo‘lib o‘tgan ko‘pkari misolida Qodiriy asarini mazmunan to‘ldirishga uringan. Qolaversa, ilovada muallifning yana bir esdaligi — Mozor aka degan lo‘lining hayoti va uning uloqdagi qahramonligi bilan bog‘liq xotiralari berilgan. Navbatdagi tarjima Abdurauf Fitrat qalamiga mansub “Manfaat” hikoyasi bo‘lib, uni 1913-yili “Oyina” jurnalida bosilgan forsiy matndan Tomas Loy olmonchaga o‘girgan. Navbatdagi tarjima Fitrat Istanbulda yozgan “Hayot va uning mazmuni” nomli esse bo‘lib, uni ham forschadan Tomas Loy olmonchaga ag‘dargan. Bu tarjimalarga ilova tarzida tarjimonning “Abdurauf Fitrat va uning dastlabki nazariy tadqiqotlari” nomli maqolasi berilib, unda olim ijodining ayrim qirralariga munosabat bildirilgan. Keyingi tarjima Cho‘lponning “Yorqinoy” dramasi bo‘lib, undan oldin tarjimon Ingeborg Baldaufning tarjima haqidagi “Cho‘lpon va uning ertakona “Yorqinoy” dramasi” nomli kirish so‘zi berilgan. Uning izidan Abdulla Qodiriyning “Jinlar bazmi” asari tarjimasi (Aziz Merhan olmonchaga o‘girgan asar va asl matni haqida Zigrid Klaynmixelning “Abdulla Qodiriy va Hamid Ismoil o‘rtasida o‘zbek adabiyotida jinlar mavzusi” nomli maqolasi keltirilgan. Maqolada yozilishicha, Abdulla Oripov ham bu mavzuga qo‘l urib, haj safari taassurotlari ostida “Jinlar bazmi” nomli she’r yozgan. Kitobda shu she’rning asli va tarjimasi berilgan. Maqola muallifining nigohi shu mavzu doirasida Bahrom Ro‘zimuhammadning ham shu ruhdagi she’riga tushgan.
“Abdulla Qodiriy va u yashagan davr” kitobidan o‘rin olgan asarlar qatorida Abdurauf Fitratning “Tirilish” nomli asari va uni tojik tilidan o‘girgan Luts Rjejakning asar haqidagi maqolasi, Shokir Sulaymonning “Isyon xudolarga” asarining Ingeborg Baldauf o‘girmasi, Mo‘minjon Muhammadjon o‘g‘lining “Jasur yozuvchi” asari, A.Qodiriyning “Bizning maymunlar” hikoyasi (Ayfer Durdu tarjimasida), adibning “Obid ketmon” asaridan olingan “Ikkilanish” bo‘limining Barno Oripova rahbarligidagi jamoaviy tarjimalari ham bor. Endigi vazifamiz — shu yangi tarjimalar tajribasi va tarjimonlarning bevosita tarjima mahoratini ilmiy tadqiq etishdan iborat.
Yana kitob so‘zboshisiga qaytamiz. Unda chop etilgan tarjimalar, maxsus izohlar va ilovalar, eng muhimi, asliy matnlarga tanqidiy munosabatdagi maqolalar yonma-yon joylashtirilgan. Bunday tarjima nashri ayni paytda o‘quv-didaktik vazifani ham bajaradi, yosh tarjimonlarni badiiy tarjima sirlariga qiyosiy chog‘ishtirish orqali oson oshna qiloladi. So‘zboshi Baldauf xonimning quyidagi so‘zlari bilan yakun topgan:
“Ushbu kitobdan maqsadimiz tanlangan qisqa matnlar yoki ularning qismlarini olmoncha tarjimada taqdim etish, basharti bu matnlarning paydo bo‘lish davri kontekstini aniqlash oson bo‘lmagan taqdirda ularga izohlar berish orqali tarjimalarni o‘qishli qilishdan iborat. Bu tarjimalar ayrimlari bevosita Barno Oripova ishtirokida amalga oshgan bo‘lsa, boshqalariga u dalda va turtki bergan.
Suyukli Barno Oripova xonim, biz ushbu tarjima va izohlarga da’vat qilganingiz uchun Sizga rahmat aytamiz! Markaziy Osiyo seminaridagi ko‘p yillik muallimlik va hamkasblik faoliyatingiz uchun minnatdorlik bildiramiz!”.
Va albatta, biz o‘zbek ziyolilari ham Barnoxon Oripovaga Berlindan turib o‘zbek adabiyotiga ko‘rsatgan e’tibori, uning tarjimalari va tashviqotiga baholi qudrat qo‘shgan hissasi uchun tashakkur aytamiz!
Xurram RAHIMOV, professor