Ilmiy unvonlar berishda OAK aralashuviga chek qo‘yish kerak
Shu yil 31-may kuni Milliy matbuot markazida Oliy attestatsiya komissiyasi rahbariyati tomonidan o‘tkazilgan “Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish tizimini yanada takomillashtirish choralari” mavzusidagi matbuot anjumanida mazkur tizimda kutilayotgan o‘zgarishlar to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Unga ko‘ra, ilmiy unvonlar berishni oliy ta’lim muassasalari (OTM) va ilmiy-tadqiqot muassasalari (ITM) ixtiyoriga o‘tkazish, doktoranturada chet tilidan malakaviy imtihon olishni bekor qilish, dissertatsiyalarni Ziyo.net va OAK veb-saytlariga joylashtirish, dissertatsiyalar natijalarining impakt faktorli, retsenziya qilinadigan xalqaro jurnallarda chop etilishini yo‘lga qo‘yish hamda OAK va ilmiy kengashlar orasidagi yozishmalarni elektron hujjat aylanish tizimi orqali amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Bu xususda bir necha mulohaza va takliflar bildirishni joiz deb topdim. Birinchidan, ilmiy unvonlar berishni allaqachon OTM va ITM ilmiy kengashlari ixtiyoriga o‘tkazish kerak edi. Chunki haqiqiy vaziyatni chuqur o‘rganmasdan OAK tomonidan OTM taklifini qaytarish holatlari uchrab turadi. Buni OTMning o‘zida professor unvoniga OAK tasdiqlaganlarni o‘zaro solishtirish natijasi ham yaqqol ko‘rsatadi. Bir necha falsafa doktori (fan nomzodi) dissertatsiyasini muvaffaqiyatli yoqlaganlarning ilmiy ishiga rahbarlik qilgan, ammo professor unvoniga OAK tomonidan tasdiqlanmaganlar bilan bir qatorda, birorta oliy toifali mutaxassis tayyorlamagan bo‘lsa-da, OAK tasdiqlagan professorlar mavjud. Professorlikka nomzodlarni davlat grantlari bo‘yicha bajarilayotgan ishlarda oldin qatnashgan-u, hozir qatnashmayotgani yoki darslik muallifi emasligi sabab OAK rad etgan holatlar ko‘p uchraydi. Shuning uchun ilmiy unvonlar berishni OTM ilmiy kengashlari ixtiyoriga o‘tkazishni tezlatib, jarayonga OAKning aralashuviga chek qo‘yish kerak.
Ikkinchidan, OAKning professor unvonini falsafa doktori (fan nomzodi) (13-modda) va fan doktoriga (12-modda) berish talablari qariyb bir xil. Farqi — falsafa doktoriga d band bo‘yicha 2 nafar magistrga ilmiy rahbarlik qilish va j band bo‘yicha 3 ta o‘quv qo‘llanmasi nashr ettirish talabi qo‘shimcha qilingan. Bu doktorlik dissertatsiyasini yoqlamay, professor unvonini olishga intiluvchilar sonining ko‘payishi va fan rivojlanishining susayishiga olib keladi.
Uchinchidan, dissertatsiyalar natijalarining impakt faktorli, retsenziyali jurnallarda chop etilishini talab qilish o‘rinlimikan? OAK mas’ul xodimi Eldor Bozorov bergan ma’lumotga qaraganda, bunday jurnallar bilan OAK shartnoma tuzgan. Shartnoma nima uchun kerak?
Dissertant bitta maqolani chop ettirish uchun bu jurnallarga 100 AQSh dollari atrofida pul to‘lar edi. Agar o‘tgan yillarda ming nafar dissertantimiz 100 dollardan to‘lagan bo‘lsa, bu O‘zbekistonning 100 ming dollar mablag‘i o‘zgalar cho‘ntagiga tushdi degan gap. OAKning oxirgi ro‘yxatiga kiritilgan ba’zi jurnallarda maqola chop ettirish oldida bu holva. Misol uchun, AQShning “Nature and Science” jurnalida chop ettirish uchun maqolaning bir betiga 150 AQSh dollari to‘lash kerak. Bunga zarurat bormi? Yo‘q! Bu faqat bizda qilingan ishlar to‘g‘risida chet elliklarning xabar topishiga imkon beradi, xolos. Fanimiz yutuqlarini xorijda yoyish uchun shu kabi jurnallarni yurtimizda tashkil etish kerak.
Obro‘li, retsenziyali xalqaro jurnallarda chop etish uchun maqola qabul qilingan taqdirda ham, uning nashrdan chiqishi 1-2 yilga cho‘ziladi. Bu dissertatsiyani o‘z vaqtida yoqlashga to‘sqinlik qiladi. Buning ustiga, bunday jurnal tahririyati muallif bilan shartnoma tuzib, maqolani nashriyotning mulki deb belgilaydi. Bu esa respublikamiz intellektual mulkini “kambag‘allashtiradi”. Buning o‘rniga o‘zimizda obro‘li ilmiy jurnallar tashkil qilsak, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bir paytlar “Geliotexnika” va “Химия природных соединений” jurnallari AQSh nashriyotlari tomonidan ingliz tiliga tarjima qilinib, nashr etilardi. “Химия природных соединений” 2019-yil 1-aprel holatiga ko‘ra, Scopus ro‘yxatida turibdi. Bunday jurnallarni ko‘paytirish lozim. “O‘zbekiston FA ma’ruzalari” jurnalining bu ro‘yxatda yo‘qligi juda ajablanarli. Nega ingliz tilida nashr etiladigan ilmiy jurnallarimiz deyarli yo‘q?
Hozir O‘zbekistonda nashr qilinadigan qariyb hamma ilmiy jurnallar mualliflar mablag‘i hisobiga, 1,5 intervalda, 14 shriftda terilgan, 1 bet uchun 20 ming so‘mdan to‘lov asosida chiqarilmoqda. Taqdiri mualliflar mablag‘iga bog‘liq bo‘lgan jurnalning maqolalar sifati va ahamiyatiga talabi ham yetarli bo‘lishiga ishonish qiyin.
Bizda impakt faktorli chet el jurnallarida chop etilgan maqola dissertatsiyani yuqori baholovchi ko‘rsatkich sifatida qabul qilinadi. Menimcha, bu to‘g‘ri emas. Chunki maqola dissertatsiyaning asosini tashkil etmasligi mumkin. Dissertatsiya fanga va amaliyotga qo‘shgan yangiligi bilan baholanishi kerak. Bahoni dissertatsiyani himoyaga yo‘llagan kafedra (ITI), ilmiy kengash seminari va ilmiy kengash berishi, ilmiy daraja nima uchun berilayotganini, fan va amaliyotga qo‘shilayotgan yangilik, uning ijtimoiy va iqtisodiy natijadorligi, qaysi sohada joriy etilishini aniq ko‘rsatib, xulosa berishi va bunga asosiy javobgar bo‘lishi lozim.
Bizda bu borada kamchiliklar ko‘p. Yuzlab dissertatsiyalar yoqlanadi, biroq yangi sanoat yoki fan tarmog‘i yoxud yo‘nalishi yaratilgani to‘g‘risida xabarlar ko‘zga tashlanmaydi. Buning ikkita sababi bor:
birinchisi, yoqlangan dissertatsiyalarning ilmiy-amaliy ahamiyati past darajadaligi va uni joriy etishning zarurati yo‘qligi;
ikkinchisi, dissertatsiyalar natijalarini, ixtiro va ratsionalizatorlik takliflarini joriy etishga e’tiborning yo‘qligi. Bundan iqtisodiyotimiz juda katta zarar ko‘ryapti. Birgina misol, Namangan davlat universiteti talabalari uylardagi ichimlik suvi jo‘mraklarini umivalnikdagi kabi ko‘tarsa, suv keladigan qilib o‘rnatish g‘oyasini matbuotda bir necha bor e’lon qilgan edi. Bu respublikamizda yiliga 0,5 mlrd kubometr ichimlik suvini tejab qolish imkonini beradi. Ammo berilgan taklif qog‘ozdan nariga o‘tmadi. Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin.
Bu borada “Ilmiy darajalar berish tartibi to‘g‘risidagi nizom”ning 11-bandida quyidagilarni o‘qiymiz: “Dissertatsiya natijalarining fanga, amaliyotga tatbiq etilgani, tashkilotlar tomonidan joriy etish uchun qabul qilingani yuzasidan asosli hujjatlar Ilmiy kengashda muhokama etilib, attestatsiya ishiga ilova qilinadi. Ushbu hujjatlar tashkilotlarning ilmiy-texnikaviy kengashlari tomonidan ko‘rib chiqilgan, ma’qullangan va ularning rahbarlari tomonidan tasdiqlangan bo‘lishi kerak”. Bu qanday bajarilyapti?
Avvalo, agar 11-band hozirgacha himoya qilingan dissertatsiyalar bo‘yicha bajarilgan bo‘lsa, xalq xo‘jaligining turli tarmoqlari rivojida sezilgan bo‘lardi.
Davlat grantlari bo‘yicha bajariladigan ilmiy-tadqiqot ishlariga alohida, ularni sinovdan o‘tkazishga alohida, joriy etishga alohida mablag‘ ajratilgani holda, bularning hammasini dissertatsiyasini o‘z mablag‘i hisobidan bajargan bitta dissertantning o‘zidan talab qilish insofdan bo‘lmasa kerak. Buning ustiga, bunday talab korrupsiyaga sabab bo‘lishi mumkin. Shuning uchun respublikamizda fan va texnika yutuqlarini joriy etuvchi tashkilot, balki xo‘jalik hisobida ishlaydigan tashkilotlar zarur. Balki bu vazifani OAK yonida fan-texnika yutuqlarini joriy etuvchi, shundan keladigan daromad, gonorar hisobiga yashovchi tashkilot tuzib, unga yuklash kerakdir. Chet ellarda chiqarilgan kitob uchun, har sotilganda muallifga, u olamdan o‘tib ketgan bo‘lsa, merosxo‘rlariga gonorar kelib turadi. Bu ixtirolarga ham taalluqli. Bizda ham dissertatsiyalardagi takliflarni, ixtirolarni shunday joriy etish, ularga e’tiborni kuchaytirib, saviyasini yuqori darajaga ko‘targan ma’qul.
Oliy attestatsiyadagi eng katta kamchiliklardan yana biri dissertatsiya himoyasiga ko‘p vaqt talab qilinishidir. Ilmiy kengash to‘g‘risidagi nizomda, dastlabki ekspertizadan o‘tkazishga falsafa doktori dissertatsiyasi uchun 2 oy, fan doktori dissertatsiyasi uchun 3 oy (33-modda), retsenzentlar ko‘rib chiqishi uchun mos ravishda 15 va 30 kun (36-modda), ilmiy seminarda muhokama uchun 1 va 2 oy(39-modda), ilmiy kengashda dissertatsiyani himoyaga qabul qilish uchun ilmiy seminar xulosasi olingandan so‘ng 1 oy (41-modda) muddat beriladi. Dissertatsiya himoyaga qabul qilingandan so‘ng 5 kun ichida dissertatsiya va avtoreferat loyihasi yetakchi tashkilot va opponentlarga yuboriladi. Ularning dissertatsiya bilan tanishib chiqish muddati nizomda belgilanmagan. So‘ng ilmiy kengash dissertatsiya himoyasi bo‘yicha zarur hujjatlarni OAKga yuboradi. OAK ularni 15 kun ichida ilmiy-texnik ekspertizadan o‘tkazib, talabga javob beradigan bo‘lsa, OAK veb-saytida himoya to‘g‘risida e’lon beradi. So‘ng avtoreferatni nashr etishga ruxsat beriladi (54-modda). Himoya e’lon chiqqandan so‘ng 40 kun ichida o‘tkazilishi kerak(56-modda). Bunday uzun yo‘l kerakmi? Bunga dissertatsiya mavzusini OAKda tasdiqlatish va shunga o‘xshashlarni qo‘shsangiz, uning himoyasi OAKning doimiy “qalpog‘i” ostida ekanini ko‘rasiz. Bu esa korrupsiyani qo‘zg‘aydigan yana bir holat.
Bu borada eski tartib afzal emasmi? Unda dissertatsiya himoyasi o‘tguncha OAKning aralashuvi bo‘lmasdi.
OAK tizimidagi ekspert kengashlariga berilgan vakolatlar ham korrupsion xavfli. Chunki uning tarkibida bir-ikki kishigina bo‘lib, ulardan birining xulosasi hal qiluvchi ahamiyatga ega. Eng xavflisi, ular kimligini soha vakillari yaxshi bilishadi. Balki “qoralovchi opponent” institutini joriy etish kerakdir. Lekin, qanday bo‘lganda ham, dissertatsiya bo‘yicha ular chiqargan qaror salbiy bo‘lsa, ishni Ilmiy kengashga qayta ko‘rib chiqish uchun qaytarish lozim. Ilmiy kengashning ikkinchi qarori hal qiluvchi bo‘lishi kerak.
Oliy toifali mutaxassislar tayyorlashda yana bir katta muammo bor. Bu ilmiy darajaga sazovor bo‘lganlarning sezilarli qismida ilmiy faoliyatning keskin susayib ketishi bo‘lib, bir necha yil davomida ularning faoliyatida ilmiy yangilik kuzatilmaydi. Buning oldini olish uchun falsafa va fan doktori diplomlarining ta’sir davrini, misol uchun, 5 yil deb belgilash zarur. Aslida bu OTM va ITMlar nizomlarida ko‘zda tutilgan, unga ko‘ra ular ilmiy va o‘qituvchilik lavozimlariga har 5 yilda tanlovdan o‘tishlari kerak. Shu davr ichida fan va amaliyotga yangilik kirituvchi ilmiy ishni bajarib yoki ixtiro qilib, falsafa yoki fan doktori dissertatsiyasining bajarilishiga rahbarlik qilib, o‘z ilmiy darajasiga loyiq ekanini isbotlay olsagina, diplom ta’sirini kelgusi 5 yillikka cho‘zib, ilmiy lavozimga saylanish qoidasiga to‘la rioya qilish lozim.
Bahodir KAMOLOV, NamDU “Ekologiya” kafedrasi professori, geografiya fanlari doktori