Mirzo Ulug‘bek nomidagi maktab-internatga ulkan zamonaviy teleskop o‘rnatildi
Shu yilning avgust oyi boshida Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktab-internati uchun Meade LX600 teleskopi sotib olindi.
Teleskop mutaxassis-astronomlar ko‘magida maktab binosining yuqori qismida maxsus qurilgan pavilyonga o‘rnatildi. Pavilyonning gumbazi, ya’ni yarimsfera shaklidagi tom qismi aylanadi va unda osmonni kuzatish uchun ikki tomonga ochiladigan maxsus tirqish-eshik mavjud.
Ushbu teleskop AQSHning yetakchi Meade Instruments firmasi tomonidan ishlab chiqarilgan. Meade LX600 teleskopining ko‘zgusining diametri 40 sm, fokus masofasi esa 325 sm bo‘lib, 140 ming osmon jismini o‘ta katta aniqlik bilan topa oladi. Teleskop GPS tizimi va Autostar II masofadan boshqaruv pulti bilan jihozlangan. Ushbu jihozlar yordamida teleskop to‘liq avtonom rejimda o‘zini-o‘zi sozlash va kuzatuvlarni dasturlash imkoniyatiga ega.
Teleskop yuqori sifatli optikaga ega bo‘lgan Shmidt-Kassegren sxemasiga ega bo‘lib, osmon jismlarini nazariy jihatdan 100-martadan 800-martagacha kattalashtirish imkoniyatiga ega. Uning yordamida Oy, sayyoralar va ularning yo‘ldoshlari, asteroidlar va kometalar, yulduzlar va ularning to‘dalari, tumanlik va galaktikalarni kuzatish mumkin.
Umid qilamizki, ushbu teleskop yordamida Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab-internat o‘quvchilari o‘zlarining Koinot haqidagi bilimlarini oshirish va tasavvurlarini kengaytirishda unumli foydalanadi.