25 nafar yosh olimga Prezident sovg‘asi — yangi uylar topshirildi
Qozoq xalqida bir maqol bor: dushmaning yerida bo‘lsa ham, uying bo‘lsin. Bu gapning haqiqatligini ijarama-ijara ko‘chib yurganlar yaxshi anglaydi. Ayniqsa, ilm qilaman, fan bilan shug‘ullanaman degan tadqiqotchi uchun kutilmaganda boshqa uy topish muammosi, u joydan-bu joyga zil-zambil yuklarni tashish kabi ovoragarchiliklar sillani quritadi. Bu kabi tashvish yo‘q deganda har ikki-uch oyda takrorlanaverishi esa oldinga qo‘yilgan buyuk maqsaddan chalg‘itadi, ortga chekinishga majbur qiladi. Buning oqibatida ko‘plab iqtidorli yoshlar iqtisodini tiklab, “vatan ichra vatan” qilish uchun o‘zini bozorga urdi. Kishi o‘z ishini sidqidildan bajarishi uchun unga eng avvalo xotirjamlik zarur. Oilaviy xotirjamlikni esa uy-joysiz, zarur ehtiyojlarni qoplaydigan oylik maoshsiz tasavvur qilish qiyin.
Bugun shunday mashaqqatlar ilm ahli yelkasidan ko‘tarilyapti, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Davlat rahbarining shaxsan o‘zi respublika ilm-fani rivojiga, akademiklar, yosh olimlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga bosh bo‘lyapti. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 20-iyuldagi “Fan va oliy ta’lim sohasi xodimlarining mehnat haqi miqdorini yanada oshirish, ilmiy va ilmiy-texnik faoliyat natijalari joriy etilishini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining 2-bandiga muvofiq shu yil 1-avgustdan Fanlar akademiyasi boshqaruv apparati xodimlari oylik maoshlari 2 barobar, 1-sentabrdan ilmiy-tekshirish institutlari muhandis-texnik xodimlari oyliklari lavozimi va ilmiy faoliyatidan kelib chiqib 30 foizdan 100 foizgacha oshirilyapti.
Eng asosiysi, yosh olimlarni birlamchi ehtiyoj — uy-joy bilan ta’minlash tizimining yo‘lga qo‘yilishi ilm-fanimizda so‘nggi yigirma yilning katta voqeasiga aylandi. Masalan, 2018-yil arafasida o‘zining fidokorona ilmiy faoliyati bilan akademik fan rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan, oliy ta’lim tizimida yoshlar ta’lim-tarbiyasi jarayonida faol ishtirok etayotgan hamda ilmiy-tadqiqot natijalari va innovatsion ishlanmalarni amaliyotga joriy qilishda salmoqli yutuqlarga erishayotgan Fanlar akademiyasining 40 nafar yosh olimlari, tadqiqotchilari hamda ilmiy izlanuvchilarga poytaxtimizning Sergeli tumanida yangi qurilgan arzon ipoteka uylari imtiyozli kredit asosida topshirildi.
O‘zR FA akademiyasi akademik S.Yunusov nomidagi O‘simlik moddalari kimyosi institutining Kumarinlar va terpenoidlar kimyosi laboratoriyasi katta ilmiy xodimi, kimyo fanlari nomzodi Sobirjon Nishonboyev ham uyli bo‘lgan 40 nafar yosh olimning biri. Yoshligidan kimyo va biologiya sohasiga qiziqishi kuchli bo‘lgan Sobirjon maktabni tugatib, 1996-yili Toshkent farmatsevtika institutiga o‘qishga kirdi. Mazkur dargohda asosan tabiiy va sintetik dori vositalarining yaratilishidan to ishlab chiqarilishi, standartlash hamda sifatini nazorat qilish bo‘yicha bilim oldi. Uni tabiiy birikmalar, ya’ni dorivor o‘simliklardan biologik aktiv birikmalarni ajratib olish va ular asosida dori vositalari yaratish kabi tadqiqotlar qiziqtirgani bois, ilmiy tadqiqot olib borish maqsadida O‘zRFA akademik S.Yunusov nomidagi O‘simlik moddalari kimyosi institutining aspiranturasida o‘qishni davom ettirdi. 2006-yili nomzodlik dissertatsiyasini yoqlab, hozirgi kunga qadar ushbu institutda o‘simliklar tarkibida uchrovchi biologik faol fenol birikmalarini tadqiq qilish bo‘yicha ilmiy ishlarini davom ettirmoqda.
— Yangi uy, ayniqsa, farzandlarimizning quvonchiga quvonch qo‘shdi, — deydi Sobirjon Nishonboyev. — Farzandlar haqida qayg‘urish, ularning kelajagini yaratishga imkon yaratish har bir yosh ota-onaning burchidir. Yurtboshimizning fan ahliga ko‘rsatayotgan e’tibori bois biz xotirjam va mamnunmiz. O‘ylaymanki, uy-joyi bor, oilasi tinch har bir ilmiy xodim o‘zining oldiga qo‘ygan maqsadiga albatta erishadi.
Bir umr dalada ishlab ro‘zg‘or tebratgan Qumrixon aya farzandi Abdug‘afforning ilmga tashna bo‘lib ulg‘ayayotganidan boshi ko‘kka yetardi. Shuning uchun ham charchoqlarini tez unutar, maktab tomon yo‘li tushganda o‘qituvchilardan dilbandi haqida iliq gaplarni eshitib, o‘g‘liga yanayam mehri iyar, o‘qishi uchun barcha sharoitlarni yaratishga harakat qilardi. Shu tarzda oradan yillar o‘tdi. Abdug‘afforning tirishqoqligi va mehnatsevarligi, onaizorining duolari kun kelib katta muvaffaqiyatlar eshigini ochdi. 2010-yili Abdug‘affor Hurmamatov “Markazdan qochma kuch maydonida tolasimon changlarning cho‘kish jarayonini jadallashtirish va seklon uskunalarini modernizatsiya qilish” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini yoqladi. Uning bu yutug‘idan boshi osmonga yetgan Qumri ayani doim bir narsa bezovta qilardi: o‘g‘li bola-chaqasini olib, dasta-dasta kitob-u qo‘lyozmalari bilan Toshkentning dam u, dam bu hududiga ko‘char, ba’zan sovuq qish kunlari ham boshpana izlab yurardi. Onaxon olim bolasining o‘z ustida ishlash, izlanish o‘rniga uy-joy muammosi bilan kurashib yashayotganidan kuyinar, shunda ham yaxshi kunlarga umid qilishardi. Bu gal esa onaxon farzandiga Sergeli tumanida qad rostlagan ko‘p qavatli yangi uylardan uch xonali kvartira berilganini eshitib, quvonganidan poytaxtga go‘yo uchib keldi.
— Uyimiz juda shinam, yonida maktab, bog‘cha bor, — deydi Abdug‘affor Hurmamatov. — Turmush o‘rtog‘im bilan O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Umumiy va noorganik kimyo institutida ishlaymiz. Yangi uyga ko‘chganimizdan so‘ng ko‘p o‘tmay, uchinchi farzandimiz dunyoga keldi. Bu qo‘shaloq yangilik onamni nihoyatda shodlantirdi. U kishi ezgu ishlar boshida turgan Yurtboshimizni uzoq duo qildi. Insonning ko‘ngli xotirjam bo‘lsa, ishida ham unum, baraka bo‘ladi, deyishadi. Ayni kunda institutdagi “Kimyoviy texnologiya jarayonlari va qurilmalari” laboratoriyasiga mudirlik qilish bilan birga, “Neft-gaz kondeksati aralashmalarini mexanik qo‘shimchalardan chuqur tozalash jarayonini takomillashtirish” mavzusida doktorlik ishi ustida izlanish olib boryapman.
Mana, ikki yildirki, bu e’tibor hanuz davom etyapti. Shu yilning 3-iyun kuni 25 nafar yosh olimga Prezident sovg‘asi sifatida tekinga yangi 1 xonali uylar topshirildi. Yosh olimlarga kalitlarni Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev taqdim etdi. Mamlakatimiz mustaqilligining 28 yilligini yangi uyda kutib olayotgan yosh olimlar orasida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Genomika va bioinformatika markazi tayanch doktoranturasida tahsil olayotgan Feruza Bobojonova, Naim Husainov va Jo‘rabek Norbekov ham bor. Yosh olim Naim Husainov markerlarga asoslangan seleksiya texnologiyasini qo‘llagan holda g‘o‘zaning vilt kasalligiga chidamli nav va liniyalarini yaratish ustida tadqiqotlar olib borayotgan bo‘lsa, Feruza Bobojonova kartoshkaning gen-nokaut texnologiyasi asosida yangi istiqbolli liniyalarini olish bo‘yicha tadqiqot olib bormoqda. Feruza Bobojonova 2014- va 2018-yillarning eng faol yosh olimi deb tan olingan.
— DNK barkodlash texnologiyasi yordamida mahalliy bug‘doy navlarining genetik pasportini ishlab chiqish bo‘yicha shug‘ullanyapman, — deydi Jo‘rabek Norbekov. — Mazkur pasport seleksioner olimlar yaratgan navlarining mualliflik huquqini himoya qiladi, olimlar tomonidan bilib-bilmay o‘simliklarning bir xil navlari yaratilishining oldi olinadi hamda navlarning xilma-xil bo‘lishiga xizmat qiladi. Prezidentimizning bu sovg‘asi biz kabi yosh olimlarning ko‘nglini tog‘dek ko‘tardi. Bu bir tomondan bizga bo‘lgan ishonch, ikkinchi tomondan ilm-fan bilan shug‘ullanish arafasida turgan yoshlar uchun namuna ham bo‘ldi. Kelgusida bu kabi e’tibor va g‘amxo‘rliklar, albatta, o‘z mevasini beradi.
Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozovning aytishicha, mazkur institutdan ham ikki nafar yosh olimga Prezident sovg‘asi sifatida tekinga uy berildi. Ulardan biri ikki farzandning otasi Javlonbek Yarashov institutning “Nazariy va qurilish mexanikasi” kafedrasi tayanch doktoranti. U 1985-yilda tug‘ilgan, oliy ta’lim muassasasining “Bino va inshootlar” ta’lim yo‘nalishini 2007-yilda tamomlab, shu institutning “Selga qarshi va o‘zanni rostlash inshootlari” mutaxassisligi bo‘yicha magistraturani 2009-yilda tugatgan. Javlonbek faoliyatini institutning “Nazariy va qurilish mexanikasi” kafedrasida assistentlik lavozimidan boshlagan. Hozir “Irrigatsiya gidrotexnika inshootlarini qurish va ulardan foydalanish” fakultetida dekan o‘rinbosari. Davlat ilmiy-texnika dasturlari doirasida “Bir jinsli bo‘lmagan strukturali gidrotexnika inshootlarini dinamik mustahkamlikka baholash va ularning nazariy asoslarini ishlab chiqish” mavzusidagi davlat grantida kichik ilmiy xodim sifatida ilmiy-tadqiqot ishlarida qatnashib kelmoqda. J.Yarashov “Gruntning qovushqoq-elastik va elastik-plastiklik xususiyatlarini hisobga olgan holda gruntli to‘g‘onlarning kuchlanganlik-deformatsiya holatlarini baholash” mavzusi borasida PhD dissertatsiyasi bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borib, hozirga qadar 30 dan ortiq ilmiy maqola chop ettirgan va yaratgan EHM dasturlari uchun O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi tomonidan 9 ta mualliflik guvohnomasini qo‘lga kiritgan. Ilmiy-tadqiqot ishlari natijalarini o‘quv jarayoniga tatbiq etish to‘g‘risida 2 ta dalolatnoma olgan. U 8 ta o‘quv-uslubiy ish muallifidir.
— Hech ikkilanmay ayta olamanki, byudjetdan moliyalashtiriladigan muassasalarda eng yuqori oylik OTM professorlariga beriladigan bo‘ldi, — degan edi Xalqaro press-klub tadbirida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari Sarvarxon Buzrukxonov. — Avvallari ilm ahlining ko‘pchiligi bu sohadan ketib qolgan edi, shu bilan birga yoshlar orasida ilmga intilish ham susaygandi. Professor yoki dotsentda ilmiy ish qilishga rag‘bat yo‘q edi, chunki ularning oylik maoshi assistentning maoshidan atigi 700 ming so‘m farq qilardi. Bugun esa OTM professori 6 717 000 so‘m maosh oladi. Taqqoslaydigan bo‘lsak, 2016-yil 1-oktabrida professorning maoshi
2 178 000 so‘m bo‘lgan, ya’ni 3,2 baravar oshgan. Bu o‘z-o‘zidan ilmga, ta’lim sifatini oshirishga rag‘bat uyg‘otadi.
Bu yil oxirigacha yana 50 ga yaqin yosh olimga uy berilishi kutilmoqda. Demak, shuncha oila baxtiyorlik hissi og‘ushiga cho‘madi. Shuncha olim xotirjam ilm dengiziga sho‘ng‘iydi. Bunday g‘amxo‘rlik va rag‘batni ko‘rib ulg‘ayayotgan oila farzandlari orasida buyuk kelajak olimlari kamol topadi.
Abror UMARQULOV