Dunyo adabiyoti durdonalari Jamol Kamol tarjimasida Turkiya va Ozarbayjonda chop etildi
Jaloliddin Rumiy jahon mumtoz adabiyotining atoqli namoyondasi sifatida "Bashariyat shoiri" deya shuhrat qozongan. Qariyb 8 asrki uning nomi tillardan tushmaydi, rumiyona satrlar dunyo xalqlari nazdida yashab kelmoqda. Jahon mumtoz adabiyotining ana shunday buyuk allomalaridan yana biri Ozarbayjon shoiri Nizomiy Ganjaviydir.
Bu allomalar qalamiga mansub asarlar – Jaloliddin Rumiyning "Masnaviyi ma’naviy"si, Nizomiy Ganjaviyning "Xamsa"si ular ijodining durdona asarlari sanalib, dunyo kitobxonlari tomonidan sevib mutolaa qilinadi.
Mazkur asarlar O‘zbekiston xalq shoiri Jamol Kamol tomonidan forsiydan o‘zbek tiliga mohirona tarjima qilingan.
Yaqinda mazkur tarjima asarlar – Jaloliddin Rumiyning "Masnaviyi ma’naviy"si Turkiyada, Shayx Nizomiy Ganjaviyning "Xamsa"si Ozarbayjonda o‘zbek tilida nashr etildi.
– Yaqinda Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonuni qabul qilinganining o‘ttiz yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Ushbu hujjat o‘zbek tilining nufuzi va xalqaro miqyosda yoyilishida ayni muddao bo‘ldi, – dedi Jamol Kamol. – Jaloliddin Rumiyning "Masnaviyi ma’naviy" hamda Nizomiy Ganjaviyning "Xamsa" asarlari Turkiya va Ozarbayjonda o‘zbek tilida ko‘p nusxada bosilishi ham ona tilimizning obro‘si ortishiga xizmat qiladi.