Yevropa tillari bilan yelkama-yelka
O‘tgan galgi maqolada o‘zbek tiliga o‘zlashgan sharqona so‘zlar haqida so‘z yuritgandik. Bu safar ham mazkur mavzuni davom ettirgan holda endi Yevropa tillariga yuzlandik. O‘zbek tilidagi o‘zlashgan so‘zlarning aksariyatini arab, fors-tojik tillaridan o‘tgan so‘zlar tashkil etsa-da, Yevropa xalqlari tillari xazinasidan olinganlari ham anchagina. Ularni ruscha-baynalmilal yoki xalqaro so‘zlar deb ataymiz.
Tilimizga lotin, ingliz, rus, nemis, fransuz, italyan va boshqa yevropa tillaridagi so‘zlar bir necha ming yillik dovonlarni oshib kirib kelgan. Shuning uchun mazkur maqolada o‘zbek tilining besh jildli izohli lug‘ati yordamida yuqorida nomlari qayd etilmagan tillarga oid ayrim so‘zlarni bir yerga jamlashga harakat qildik. Ular orasida biz kundalik hayotda qo‘llaydigan so‘zlar talaygina.
Shu o‘rinda bir gap. O‘zbek tili faqat boshqa tillardan so‘z oladi, degan fikrning noto‘g‘riligi o‘zingizga ham ayon. Bugun o‘zbek tili asosini tashkil etuvchi turkiy so‘zlarning anchasi boshqa tillar lug‘atini bezab turibdi. Birgina misol. Quyidagi so‘zlarning bari turkiy tildan rus tiliga tuhfa qilingan: chugun, tovar, kirpich, utyug, aliy, bumaga, topor, yarlik, bara, karakuli, arik, djugara, xirman, dengi, altin, izumrud, jemchug, bazar, kazna, chulok, karman, tulup, sarafan, kaftan, yapancha, tyubeteyka, xalat, kolbasa, kavardak, shurpa, plov, kumis, ayran, jir, arbuz, vishnya, uryuk, ayva, kumach, churek, xalva, alcha, injir va boshqalar.
RUMIN TILIGA MANSUB SO‘Z
Rumin tili — roman tillarining bolqon-roman guruhiga mansub, Ruminiya Respublikasining rasmiy tili. Roman tillari ichida ispan, portugal, fransuz va italyan tillaridan keyingi keng tarqalgan beshinchi til. Unda so‘zlashuvchilarning umumiy soni 25 millionga yaqin. Dastlabki davrlarda kirill alifbosidan foydalanilgan, 1860-yilda u lotin alifbosi bilan almashtirilgan.
BRINZA [brinza — pishloq] — asosan qo‘y sutidan, shuningdek, sigir, echki sutidan yoki ularning aralashmasidan tayyorlangan sho‘rtang pishloq.
VENGER TILIGA MANSUB SO‘ZLAR
Venger tili — fin-ugor tillari oilasining ugor guruhiga mansub til, Vengriya Respublikasining rasmiy tili. Leksikasida ko‘pgina turkiy va nemis tillaridan o‘zlashgan so‘zlar bor. XVII asrdan venger adabiy tili shakllana boshlagan. Venger tilida 14 million kishi so‘zlashadi. Yozuvi lotin alifbosi asosida.
GULYASH [hulaṣ] — mayda bo‘laklarga bo‘lib qovurilgan go‘shtga guruch, makaron yoki karam garniri qo‘shib tayyorlangan taom.
GUSAR [huszar] — Chor Rossiyasida va ayrim Yevropa mamlakatlarida: yengil qurollangan otliq askar.
FORINT [forint] — Vengriya davlatining asosiy pul birligi.
FIN TILIGA MANSUB SO‘ZLAR
Fin tili — fin-ugor tillari oilasidagi boltiqbo‘yi-fin guruhiga mansub til, Finlandiya Respublikasining rasmiy tili (shved tili bilan birga). Unda so‘zlashuvchilarning umumiy soni 5,5 million kishidan ortiq. XIX asrning 70-yillariga kelib hozirgi adabiy fin tilining asoslari yaratildi. 1919-yilda fin tili Finlandiyaning rasmiy tili deb e’lon qilindi. Mazkur tilning yozuvi XVI asrdan lotin grafikasi asosida.
KAMBALA [kampela] — ikki ko‘zi boshining bir tomonida bo‘lgan yalpoq dengiz balig‘i.
RUNLAR, runik yozuv [run — maxfiy narsa, sir] — Skandinaviya xalqlarining va boshqa ayrim xalqlarning tosh, metall buyumlar va shu kabilarda saqlanib qolgan qadimgi yozuvlari (ba’zi harflarning o‘xshashligiga qarab, qadimgi turkiy yozuv ham “runik yozuv” deb yuritiladi).
SAUNA [sauna — fin hammomi] — hammomning quruq, issiq havoli turi; fin hammomi.
TUNDRA [tunturi — o‘rmon(daraxt)siz baland tog‘, tepalik] — shimoliy yarimsharning yuqori kengliklaridagi o‘ta sovuq iqlimli o‘rmonsiz, yo‘sinlar, siyrak mayda o‘simliklar bilan qoplangan yerlar.
GRUZIN TILIGA MANSUB SO‘ZLAR
Gruzin tili — Kavkaz (iberg-kavkaz) tillari kartvel guruhiga mansub, Gruziya Respublikasining davlat tili. Unda 4 milliondan ortiq kishi so‘zlashadi. Gruzin tilida gruzin alifbosiga asoslangan yozuvdan foydalaniladi.
BORJOM[I] [Gruziyaning Borjomi shahri nomidan] — shifobaxsh mineral suv.
KEFIR — sigir sutidan maxsus tomizg‘i bilan ivitilgan chuchuk qatiq.
LARI — Gruziya Respublikasining asosiy pul birligi (1995-yildan).
TAMADA [tamadoba — to‘y, ziyofatga kattalik (boshchilik) qilish] — o‘tirishlarda, ziyofatda ichkilik quyib, qadah so‘zi (tost) aytuvchi; soqiy, kosagul.
UKRAIN TILIGA MANSUB SO‘ZLAR
Ukrain tili — hind-yevropa tillari oilasidagi slavyan guruhiga mansub sharqiy slavyan tillaridan biri, Ukraina Respublikasining davlat tili. So‘zlashuvchilarning umumiy soni — 46 million. Ukrain shoiri va rassomi Taras Shevchenko umumxalq so‘zlashuv tili negizida umummilliy adabiy ukrain tiliga asos solgan. Ukrain tiliga qadimgi rus yozuvi (kirillitsa) meros bo‘lib o‘tgan.
BRICHKA [ukraincha бричка < polyakcha bryczka, bryka < nemischa Birutsche — usti ochiq yengil arava] — to‘rt g‘ildirakli uzun arava.
BUBLIK [буба — shish, bo‘rtiq; suv ko‘pigi] — teshik kulcha.
JABRA [жабри — jag‘, jabra] — suvda hamda quruqlikda yashovchi ba’zi hayvonlarning nafas olish a’zosi.
JGUT [жгут — eshilgan pilik] — qon to‘xtatuvchi elastik rezina naycha yoki bint.
KROT [ruscha, ukraincha крот] — yer qazib, yer ostida yashovchi, hashoratxo‘r sutemizuvchi hayvon.
KRUPA [крупа — uvoq, burda; do‘l] — po‘sti tozalangan, oqlangan don; yorma.
ISLAND TILIGA MANSUB SO‘ZLAR
Island tili — hind-yevropa tillari oilasining german tillariga mansub g‘arbiy skandinav tillaridan biri, Islandiyaning davlat tili. Island tilida umumiy 320 mingdan ortiq kishi so‘zlashadi. Island tili deyarli shevalarga ega emas. Unda boshqa tillardan o‘zlashgan so‘zlar kam. XI asr oxiri va XII asr boshlaridan lotin alifbosi asosidagi yozuvda.
AKULA [hakall — baliqning bir turi] — dengizda yashaydigan yirik yirtqich baliq; nahang.
GEYZER [geysir — buloq, chashma] — vaqti-vaqti bilan yerdan favvora kabi otilib chiqadigan bug‘ va issiq suv.
POLYAK TILIGA MANSUB SO‘ZLAR
Polyak tili — hind-yevropa tillari oilasining g‘arbiy slavyan tillari guruhidagi til, Polsha Respublikasining rasmiy tili. So‘zlashuvchilarning umumiy soni 45 million kishidan ortiq. Yozuvi lotin grafikasi asosida.
BO‘LKA [bulka — kichikroq yumaloq non] — so‘zlashuv tilida: bug‘doy unidan tayyorlangan, ko‘pincha g‘isht shaklidagi uzunroq non.
FOLGA [polyakcha folga < lotincha folium — varaq, yaproq] — rangli metallar va qotishmalardan tayyorlanadigan, texnikada, yozuv va naqshni bosib (siqib) aks ettirishda, oziq-ovqat mahsulotlarini o‘rashda ishlatiladigan yupqa varaqlar.
GERB [polyakcha herb < nemischa Erbe — meros] — davlat, shahar, tabaqa, urug‘ va shu kabilarning bayroq, pul, muhr kabilarda tasvirlangan alohida farqli belgisi.
GETMAN [polyakcha hetman < nemischa Hauptmann — boshliq] — 1. XVI–XVII asrlarda Ukrainada: kazak qo‘shinlarining saylab qo‘yiladigan boshlig‘i; XVII–XVIII asrlarda: Ukraina hokimi. 2. XVI–XVIII asrlarda Polsha va Litvada: davlat harbiy kuchlarining bosh qo‘mondoni.
KARETA [kareta] — usti va yonlari yopiq to‘rt g‘ildirakli yengil arava.
KARTECH [kartecza] — 1. Ichi yumaloq petra bilan to‘ldirilgan, yaqin masofadagi dushmanni qirish uchun mo‘ljallangan artilleriya snaryadi. 2. Ov miltig‘i uchun mo‘ljallangan yirik sochma o‘q, yirik pitra.
KIY [kij — tayoq, hassa] — bilyard o‘yinida soqqalarni urib dumalatish uchun qo‘llaniladigan, uchi ingichka uzun tayoq.
KOSTYOL [kosciol] — polyaklarning katolik ibodatxonasi.
LUZA [polyakcha luza < fransuzcha blouse — ayollar ko‘ylagining bir turi] — bilyard stolining burchak va qirg‘og‘idagi olti teshikka osib qo‘yiladigan va sharlar urib tushiriladigan to‘rt xaltachalarning har biri.
METRIKA [polyakcha metryka < lotincha matricula — ro‘yxat] — tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma.
PAN [pan — janob] — 1. (tarixiy) Rossiya imperiyasi g‘arbida va Polshada katta yer egasi, pomeshchik. 2. Sharqiy Yevropaning bir qator mamlakatlarida erkaklarga hurmat yuzasidan murojaat qilganda, “janob”, “taqsir” ma’nolarida ishlatiladigan so‘z.
POCHTA [polyakcha pozcta < italyancha posta < lotincha positus — xat, xabar yetkazuvchi otliq chopar; bekat, stansiya] — 1. Xat, xabar, jo‘natma, gazeta-jurnal, hujjat, pul va shu kabilarni qabul qilib, tayinlangan kishiga yoki joyga yetkazib beradigan davlat aloqa muassasasi va shu muassasa joylashgan bino. 2. Shunday muassasa tomonidan yetkazib berilgan yoki olingan narsalar (xat, jo‘natma va shu kabilar).
POLKOVNIK [polkovnik] — podpolkovnikdan yuqori, general-mayordan quyi ofitserlik unvoni va shunday unvonga ega bo‘lgan harbiy kishi.
POVIDLO [povidla] — mayda to‘g‘ralgan yoki qirilgan, ezilgan xo‘l yoki rezavor mevani shakar bilan qaynatib tayyorlangan quyuq shirin taom, quyuq shinnining biri turi.
PROBA [polyakcha proba — tekshirish, sinash < lotincha probare — tekshirmoq, sinab ko‘rmoq] — 1. Qotishmaning muayyan massa ulushlari miqdorida qancha qimmatbaho metall borligini bildiruvchi raqam. 2. Shunday raqam (miqdor)ni ko‘rsatuvchi tamg‘a. 3. Modda, material, ovqat va shu kabilarning sinash, tekshirish, tahlil qilish uchun olingan bir qismi, namunasi.
RATUSHA [polyakcha ratusz < nemischa Rathaus < Rat — kengash] — 1. Ba’zi xorijiy mamlakatlarda va XVIII–XIX asrlarda Rossiyada: shahar o‘z-o‘zini boshqarish idorasi. 2. Yevropaning bir qancha mamlakatlarida shunday idora, organ joylashgan bino.
ROTA [polyakcha rota < nemischa Rotte — olomon; jangchilar guruhi] — odatda bir necha vzvoddan tashkil topgan, batalyon tarkibiga kiradigan harbiy bo‘linma, qism.
ROTMISTR [polyakcha rotmistrs < nemischa Rittmeister < Ritt — otliq askarlar otryadi + Meister — boshliq] — (tarixiy) Chor armiyasi va jandarmeriyasida: otliq askar ofitserlariga berilgan unvon (piyoda qo‘shinlardagi kapitan) va shu unvonga ega bo‘lgan shaxs.
TABLITSA [polyakcha tablica < lotincha tabula — taxta; jadval] — grafalarga batartib qilib joylashtirilgan va raqamlarda ifodalangan ma’lumot; jadval.
ZAMSHA [polyakcha zamsza < nemischa sӓmisch (Leder) — zemlyandiya (terisi)] — 1. Bug‘u, qo‘y va shu kabilarning terisini alohida usulda oshlash yo‘li bilan tayyorlanadigan, usti barxitsimon mayin charm. 2. Shunday charmdan tayyorlangan, tikilgan.
ZLOTIY [zloty] — Polsha Respublikasining pul birligi.
SHPAT [polyakcha szpat < nemischa Spat] — ishqoriy va ishqoriy-yer metallar tuzlarining izomorf aralashmasidan iborat minerallarning umumiy nomi.
SHPILKA [polyakcha szpilka < nemischa Spill — bino tomining ninasimon uchi; vertikal chig‘ir] — 1. Sochga to‘g‘nab qo‘yiladigan ayrisimon buyum. 2. so‘zlashuv tilida: xotin-qizlar tuflisining bigizsimon poshnasi va shunday poshnali tufli.
SHPONKA [polyakcha szponka < nemischa Spon — pona; mayda tarasha] — mashina va mexanizmlarda: detallarni biriktiruvchi qism.
ISPAN TILIGA MANSUB SO‘ZLAR
Ispan tili — hind-yevropa tillari oilasining roman tillari guruhiga mansub til, Ispaniya va Lotin Amerikasidagi 19 mamlakatning rasmiy tili. Unda 437 milliondan ortiq kishi so‘zlashadi. U jonli lotin tili asosida shakllangan, ko‘p dialektli, tarkibida arab tilidan o‘zlashgan so‘zlar anchagina. Yozuvi lotin alifbosi asosida. Ispan tili — BMTning olti rasmiy va ish yuritish tilidan biri.
ALLIGATOR [el lagarto — kaltakesak] — timsohlar turkumiga kiruvchi sudralib yuruvchi.
ANAKONDA [anaconda] — bo‘g‘ma ilonlar oilasiga mansub eng yirik ilonlar turi.
ANANAS [ananas] — 1. Ananaslar oilasiga mansub o‘tlar turkumi. 2. Shu o‘simliklardan ba’zisining yirik, cho‘zinchoq, xushbo‘y va shirali mevasi.
BANAN [ispancha bananо, banana < arabcha barmoq] — mevasi uzunchoq yirik, yeyishli, banansimonlar oilasiga mansub bo‘lgan ko‘p yillik tropik o‘simlik va uning mevasi.
DON [ispancha, italyancha don < lotincha dominius] — Ispaniyada va ispan tilida so‘zlashuvchi boshqa mamlakatlarda: erkak ismi oldidan qo‘yib, unga hurmat bilan murojaat qilishda qo‘llaniladigan so‘z; Italiyada: ruhoniylar va dvoryanlarning faxriy unvoni.
EMBARGO [embargo — taqiqlash, man qilish] — 1. Chet el tovarlarini yoki valyuta boyliklarini kiritish yoki shunday narsalarni mamlakatdan olib chiqib ketishni davlat tomonidan taqiqlash. 2. Chet davlatga qarashli kemalarning mamlakat portlariga kirishini davlat tomonidan taqiqlash yoki boshqa davlatga qarashli kemalar, yuklar, qurol-yarog‘larni vaqtincha to‘xtatib turish.
ESKUDO [ispancha-portugalcha escudo — gerb] — yevro joriy qilingunga qadar Portugaliyaning asosiy pul birligi.
GITARA [ispancha guitarra < yunoncha kithara — ud; chertma musiqa asbobi] — olti yoki yetti torli chertib chalinadigan musiqa asbobi.
INDIGO [ispancha indigo < lotincha indicus — hindiy, hindiylarga mansub] — ayrim o‘simliklardan yoki sintetik tarzda olinadigan ko‘k rangli bo‘yoq; nil bo‘yog‘i.
KAKAO [ispancha cacao < indeys tillaridan] — 1. Urug‘idan shokolad tayyorlanadigan doim yashil tropik daraxt; shokolad daraxti. 2. Shu daraxtning urug‘i va undan maxsus tayyorlangan kukun. 3. Shunday kukundan qo‘shib tayyorlangan ichimlik.
KANAREYKA [Canary — Kanar orollari nomidan] — chumchuqsimonlar turkumiga mansub, yovvoyi holda yashaydigan va sayroqiligi uchun xonadonlarda qafasda ham boqiladigan qushcha.
KAYMAN(LAR) [ispancha caiman < indeys tillaridan] — Markaziy va Janubiy Amerika suvlarida yashovchi alligatorlar (timsohlar) oilasiga mansub uchta turning umumiy nomi.
KOKOS [cocos] — tanasi halqa-halqa, bargi patsimon bo‘ladigan, baland bo‘yli doim yashil palma daraxti hamda uning juda katta yong‘oqqa o‘xshash mevasi.
KOLIBRI [colibri] — uzun qanotli, patlari rang-barang eng kichik qushlardan biri (asosan Markaziy va Janubiy Amerikada tarqalgan).
KORRIDA [corrida de toros — buqalar yugurishi, poygasi] — Ispaniya, Portugaliya, Janubiy Fransiya va Lotin Amerikasida qadimda paydo bo‘lgan buqa jangi (buqa bilan kurash olib boruvchi, uni o‘ldiruvchi kishilar “matador”, “torero” deb ataladi).
LAMA [ispancha lama < indeys tillaridan] — Janubiy Amerikada yashaydigan o‘rkachsiz kichikroq tuya (xonakilashtirilgan lamadan yuk tashishda, go‘sht va qimmatbaho jun olishda foydalaniladi).
MANDARIN [mandarin] — janubiy mamlakatlarda o‘sadigan bir turli sitrus o‘simligi va uning to‘q sariq rangli, terisi yupqa, xushbo‘y mevasi.
MERINOS [merinos] — qo‘yning nozik va oq yungli zoti.
MULAT [mulato] — oq tanli (yevropoid irqiga mansub)lar bilan negrlarning aralash nikohidan bo‘lgan avlod, nasl.
NEGR [ispancha negro < lotincha niger — qora] — qora irqqa mansub odamlarning ko‘p tillarda qabul qilingan nomi; Afrikaning tub aholisini tashkil etuvchi qora tanli xalq; zanji; habash.
NUTRIYA [nutrial] — suvda yashaydigan, qimmatbaho mo‘ynasi uchun fermalarda boqib ko‘paytiriladigan kemiruvchi hayvon.
PESETA [peseta < peso — vazn, bo‘lak] — Ispaniyaning asosiy pul birligi.
PESO [peso — vazn, bo‘lak] — Lotin Amerikasining bir qator mamlakatlarida hamda Filippinda asosiy pul birligi.
PLATINA [platina — kumush parchasi < plata — kumush] — Mendeleyev davriy sistemasining VIII guruhiga mansub kimyoviy element; qattiq, cho‘ziluvchan, yuqori haroratda eriydigan kulrang nodir metall.
PUMA [puma < indeys tillaridan] — Amerikaning tog‘ o‘rmonlarida yashovchi, mushuksimonlar oilasiga mansub yirtqich sutemizuvchi hayvon.
RANCHO [rancho] — Lotin-Amerikasida hovli-joy; G‘arbiy AQShda chorvachilik fermasi.
SAVANNA [sabana < indeys tillaridan] — Afrika, Janubiy Amerika, Shimoli-Sharqiy Avstraliya va Janubiy Osiyoda: o‘simliklarning tropik o‘rmonlar va sahrolar oralig‘ida tarqalgan mintaqaviy tipi; unda baland, bo‘liq o‘tlar orasida hakkam-dukkam yoki to‘p-to‘p daraxtlar hamda butalar o‘sadi.
SENYOR, senyora [senor, senora < lotincha senior — katta] — Ispaniyada: erkaklar va ayollarga hurmat bilan murojaat qilish shakli.
SILOS [silos — don saqlanadigan o‘ra] — chorva mollari uchun o‘t, makkajo‘xori, kartoshka, kungaboqar va shu kabilarning ko‘k poyalaridan maxsus yo‘l bilan tayyorlanadigan to‘yimli yem, ozuqa.
SOMBRERO [sombrero < sombra — soya, ko‘lanka] — asosan, Markaziy va Janubiy Amerikada tarqalgan, soyaboni keng shlyapa.
TANGO [tango] — to‘rt taktda o‘ynaladigan muloyim raqs va shu raqs musiqasi.
TOMAT [tomate] — pomidor suvi yoki pastasi.
TOREADOR, torero [toreador < toreo — buqa jangi < toro — buqa] — Ispaniya, Portugaliyada va Lotin Amerikasining bir qancha mamlakatlarida: buqalar bilan bo‘ladigan jangning asosiy, buqalarga halokatli zarbalar beruvchi ishtirokchisi.
TORNADO [tornado] — Shimoliy Amerikada bo‘ladigan quyun, girdoblarning nomi.
O‘zbekiston Milliy universiteti talabasi
Alisher EGAMBERDIYEV tayyorladi.